16.04.2025 | 09:25
529
KITOB VA XITOB
Bugun yurtimiz ko‘chalarini aylanib, yaqin o‘n yillar ichidagi o‘zgarishlar, misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlarni ko‘rib dil yayraydi. Poytaxtimizning dunyodagi boshqa rivojlangan shaharlar bilan bo‘ylashadigan zamonaviy qiyofasi, chiroy ochib borayotgan ko‘chalar, osmono‘par inshootlar – har biri o‘zgacha g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Turli savdo majmualari, dam olish maskanlarining ko‘payganini ayting, quvonmay bo‘ladimi? Kamiga xorijdan, qo‘shni davlatlardan kelayotgan sayyohlarning zig‘ircha e’tirofi ham quvonchingga quvonch qo‘shadi. Biroq…

Bir qarashda yaxshi ko‘ringan ayrim holatlar mavridi kelsa o‘ylantirib qo‘yarkan. Toki yaqinda shu hol men bilan ro‘y bermaguncha jiddiy parvo qilmagan ekanman.
Xullas, o‘n yashar qizalog‘im to‘rt-beshta kitob ro‘yxatini qo‘limga tutqazib, “Ustozimiz shularni olib o‘qinglar, ta’tildan keyin bitta-bittalab so‘rayman, deya tayinladilar”, deb qoldi. Kitob joningdan aylansin, qizim. Ro‘yxatni olib, o‘zimizga yaqin joylarni, Yangihayot va Sergeli tumanlarini aylanib chiqdim. Kitoblarni topolmadim. Aniqrog‘i, kitob do‘konlariga duch kelmadim. Unda-bunda o‘quv qurollari sotib turgan ochiq rastalarda uchratmasangiz, topish mushkul. Va’da berib qo‘yganman-a, shahar markaziga yo‘l oldim – Chorsuga bordim. Kitob do‘konlari ko‘pligidan bir quvonsam, uyga borgach ostonada qizimning ko‘zlari chaqnab ketishini o‘ylab ikki suyunaman. Chunki kitoblar qo‘limda.
Qo‘limda-yu, Chorsudan yiroqlasha borganim sayin o‘yga cho‘mdim: nahotki butun boshli tumanda kitob do‘koni bo‘lmasa? Kitob o‘qimay qo‘ydikmi? Yoki zamona zaylimi, hammasi elektron shaklga o‘tib ketganmi? Tag‘in kim bilsin, boshqa sabablari bordir. Yo‘l bo‘yi o‘zim o‘zimga savol berib, javobini ham o‘zim(izdan) axtardim.
To‘g‘ri-da, qadamda ovqatlanish shoxobchasi – mana qahvaxona, anavi kafe, undan naryog‘i restoran, gavjum ko‘cha bo‘yida qator saf tortgan dorixonalar, peshtoqida kurktovuq tuxum bosib yotgan hov anavinisi “do‘mboq jo‘ja” yemakxonasi, ularning har biri orasida otarchilarning naqarotiday takror keladigani esa fast-fud bo‘ladi. Ozib-yozib kirasan, tepaga tanga otsang yerga tushmaydi – shu qadar gavjum, o‘tirgani joy topish mahol. Tushlik yo kechlik paytini indamay qo‘ya qolay. Qoshiqlar tiqirlashidan girgitton do‘lmani “o‘lma” deb eshitadi. Bu tumonatni ko‘rib “Odamlar uyda ovqat qilmay qo‘ydimi?” yo “Bizning yemakdan bo‘lak dardimiz yo‘qmi?” degan xayollar o‘tadi-da. Eslasam, bobo-buvilarimiz “Bir burda nonga qorin to‘yadi, ovqatga ko‘pam ruju qo‘yma, ko‘p yemak ham ziyon”, deb pand o‘qishsa, lab-lunjimizni osiltirib olib o‘zimizcha ranjigan odam bo‘lgan ekanmiz.
Keyin, sizga ham shunday tuyuladimi: shifoxonaga borsangiz, hamma o‘sha yerdadek! Har eshikda do‘xtir qabuliga turnaqator navbatni ko‘rib odamning yuragi orqaga tortib ketadi. Ovqatlanish shoxobchalarida odam qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu yoqda ham shuncha. Ahli donishlar topib aytgan ekan: “Shifo tilasang, ko‘p yema”.
Bir mahallari poytaxtning Uchtepa tumani 23-dahasida kitob do‘koni bo‘lardi. “Knijniy” desak, hamma bilardi. Mo‘ljalni shunday aytsak, sira adashmay eltib qo‘yishardi. Yaqinda bir tanishim o‘sha kitob do‘koniyam yopilib ketganidan kuyinib gapirdi. O‘rniga allaqanday “Gumma-xonim” ochilganmish.
Biz toki, kitob do‘konlarini yemakxonalar sonidan ko‘paytirmas ekanmiz, dorixonalar bolalayveradi. O‘zimga qolsa, har bir mahallada kamida bittadan kitob do‘koni tashkil qilinsa deyman. Axir ota-bobolarimiz ham najotni ta’limda, kitobda deb bilishgan. Og‘ir sharoitlarga qaramasdan zulmatni ma’rifat mash’ali bilan yoritishga harakat qilishgan, bu olijanob niyat yo‘lida mollarini-yu jonlarini ham ayamagan. Aslida kitob o‘qigan odam kitob o‘qimaganga qaraganda dunyoni butunlay boshqacha qimmatda, boshqacha ranglarda, boshqacha nisbatlarda qabul qilishi sir emas. Aslan (doim ham) mamlakatlar taraqqiyotiga sabab ularning kitobga, kitobxonlikka munosabati ekanini unutmaylik.
Ijtimoiy tarmoqlarda Belgiyadagi shahar ko‘chalari manzarasini ko‘rib, ishoning, havasim keldi. Minglab kitob terilgan bekat. O‘z avtobusini kutish paytida vaqtni g‘animat bilib mutolaaga tutingan yo‘lovchilar. Tasavvur qildingiz-a? Endi mana shu shirin tasavvuringizni fast-fudli, chaq-chuqli, gadjetli bekatlar bilan buzsam, qarshimasmisiz?
Bular-ku ko‘cha-ko‘y ekan, uydayam ahvol obod emas. Oldinlari biror oddiy xonadonga kirsak ham stol ustida kamida uch-to‘rt kitobga ko‘zimiz tushardi. Ko‘plab xonadonda chog‘roq kitob javoni, ijod ahli vakillarida esa kattagina kutubxona bo‘lardi. Televideniyeda ishlab yurgan kezlarimiz ko‘plab shoir, yozuvchilardan suhbat olish asnosida kamera ko‘tarib xonadoniga borardik. O‘shanday dasturlarning birida rahmatli Ozod Sharafiddinovning kutubxonasini ko‘rib hang-u mang bo‘lib qolganman. Shunchalik boy kutubxona ediki, istalgan adabiy-badiiy, tarixiy, ilmiy kitobni topish mumkindek. Yana shunga o‘xshash kutubxonani akademik Matyoqub Qo‘shjonov, o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan ustoz ijodkor Mahmud Sa’diyning uylarida ko‘rganman. To‘g‘ri, ularning xonadoni katta emas edi, ammo uyga kirsang dimog‘ingga ovqat hidi emas, gup etib kitob nafasi urilardi.
Ba’zan ustunlariga qo‘l yoysang quloching yetmas mahobatli hovlilarda ham tasvirga olish ishlari bilan bo‘ldik. Shunday hashamat ichida qimmat idish-tovoqlarga topilgan zarhal rastalar yonidan kitob javoniga joy tegmaganiga achiniblar ketasiz.
Gap kitob, mutolaa haqida borarkan, yaqinda gazeta izlab “kioska”ga oshiqdim. Rosti, gazeta izladimmi yoki “kioska”mi, o‘zim ham tushunmay qoldim. Aksiga, yaqin atrofda uchramadi. Uch-to‘rt bekat yurib do‘konni topdim deganda gazetaning o‘zi yo‘q. Sarg‘ayib ketgan eski to‘rt-besh nashr nomiga osig‘liq, amalda mayda-chuyda baqqollik savdosi ketyapti. Endi tirikchilik, bunisida shunaqadir-da, degan yaxshi gumonda boshqa “kioska”larga borgan bo‘ldim, o‘sha ahvol…
Bularning bari qizalog‘imning ertalab qo‘limga tutqazgan ro‘yxatidan boshlangan gaplar. Yana qancha ota-ona qo‘lida ro‘yxat tutib kitob do‘konini izlayotgani menga qorong‘i. Kim bilsin, balki ular biror mo‘jaz restoranda qoshiqlarning quloqni qomatga keltirar tiqir-tiqiri ostida oshgami, do‘lmagami buyurtma berayotgandir.
…Hali ostonada qizim kitoblarni ko‘riboq ko‘zlari chaqnab kutib olishi bor. Bu zavqni tezroq his qilishim kerak. Gapni cho‘zib o‘tirmay tezroq uyga kira qolay.
Nosirjon ERKABOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



