22.04.2025 | 12:31
825
“KUMUSHNING O‘LDIRILGANINI KECHIRMAYMAN”
Otam Habibulla Qodiriyning aytishlaricha, “O‘tkan kunlar”ning ayrim boblari 1923–1924-yillarda “Inqilob” jurnalida bosilib turgan. Masalan, “Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li”, “Xon qiziga loyiq bir yigit”, “Bek oshiq”, “Marg‘ilon havosi yoqmadi”, “Kiroyi kuyaving shundog‘ bo‘lsa”, “Majburiyat”, “Chaqimchilik” kabi boblar. 1925-yilga kelib esa asarning birinchi bo‘limi alohida kitob bo‘lib nashr etilgan ekan. Ushbu sana munosabati sabab, “O‘tkan kunlar” bilan bog‘liq ba’zi xotiralarni o‘rtoqlashishga jazm etdik.

Otamiz o‘z xotiralarida shunday yozadilar: “…1932–1934-yillar miyonasi bo‘lsa kerak, uyimizda bir tilla soat paydo bo‘lib qoldi. U uch qavat qopqoqlik, zanjiri tilladan, rim raqamlari ham zarhal katta yon soat bo‘lib, dadam ijodxonasida, tokcha qozig‘ida, ust qopqog‘i ochiq holda osig‘liq turar edi. Biz ba’zan vaqtni bilish uchun bu yaraqlagan soatga qarab qo‘yar edik. Yodimda, bir gal bu soatni qo‘limga olib turdim-da, havaslanib, kursida yozib o‘tirgan dadamga dedim:
– Ada, ruxsat etsangiz, shu soatni taqib bir gal maktabga borib kelay…
Dadam bosh ko‘tarib iljaydilar:
– Yo‘q, bo‘lmaydi!
Bu soatning uyimizda qanday paydo bo‘lgani meni u chog‘larda qiziqtirmagan edi (balki, sotib olgandirlar, deb o‘ylagandirman). Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, tilla soat qoziqda yo‘q bo‘lib qoldi (chamasi, u oyimning bisot sandiqlariga tushib ketdiyov) va uni boshqa ko‘rmadim. Endi qirq yildan ortiqki, u soatdan faqat xira-shira xotira-manzara qoldi, xolos.
…1975-yilning dekabr oyi oxirlarida xizmatimdan ta’til oldim-da, havo almashtirish, do‘stlar muloqotida bo‘lish maqsadida Dushanbe shahriga bordim. Unda ba’zi do‘stlar mening me’da xastaligi bilan og‘rib yurishimni bilgach: “Bizda me’da-ichak kasalliklarini davolovchi maxsus ilmiy-tekshirish instituti bor, shunda yotib bir davolaning”, deyishdi. Maslahat menga ma’qul tushdi, ular vositasida mazkur kasalxonaga yotdim.
Kasalxonada yashayman. Tojik do‘stlar musofirligimni bilintirmaslik uchun kun sayin xabar olib turishadi. Bunday do‘stlardan biri Abdug‘affor Hasanov (bu kishini menga qalamkash do‘stim Abdulahad Qahhorov tanishtirgan edi). U qistako‘zlik, yetmish besh yoshlarda, ko‘hna maorifchi, klassik adabiyotimizning bilag‘oni, xushchaqchaq odam…
1976-yil yanvar o‘rtalari bo‘lsa-da, havo hamon iliq, qor-yomg‘irsiz qurg‘oqchilik edi. Bir dam olish kuni domla Hasanov shoshilgannamo xonamga kirib keldi. Ko‘rishdik, domlaga o‘tirishga joy ko‘rsatdim.
– Yo‘q, – dedi u kishi o‘tirmay, – sizni ko‘rgani mehmonlar kelishgan. Kiyining, tashqariga chiqamiz.
– Qanday mehmonlar? – dedim ajablanib. – Ularni ham shu yerga chaqira qoling…
– Yo‘q, ular ko‘pchilik, xonangizga sig‘ishmaydi, – dedi domla.
Men bunchalik ko‘p mehmonlarning kimlar bo‘lishini o‘ylab, kiyinib tashqariga chiqdim va darhaqiqat kasalxona hovlisidagi o‘tirg‘ichda gir aylanib o‘tirgan o‘n besh chog‘lik kishilarni ko‘rdim. Ularning hammasi keksa, yaxshi kiyingan, nuroniy otaxonlar bo‘lib, barchalari ham menga notanish edi.
Ko‘rishib-so‘rashib chiqqach, ma’lum bo‘ldiki, ularning hammasi toshkentlik pensionerlar bo‘lib, qish bekorchilikda sayohatga chiqishib, Dushanbega kelishgan ekan. Do‘stlari domla Hasanov uyida mehmon bo‘lishib, u kishidan kasalxonada yotganimni bilishib, garchi notanish bo‘lsak-da, hamshaharlik hurmati hol so‘rab o‘tishni lozim ko‘rib kelishgan ekan…
Ba’zi rasmiyat gaplardan so‘ng, mehmonlardan Ayubxon aka ismli to‘qson yoshlarga borgan bir kishi menga hazil-mutoyiba qildi:
– Dadangiz va Rasulmuhammadboy bobongizni yaxshi bilardim… Oktyabr inqilobiga qadar men rus manufakturachi boylari qo‘lida voyajurlik qilganman. Dadangiz Chorsudagi kalta rastada prikazchilik qilganlarida mendan to‘plab gazmol olar edilar, – dedi va kulib davom etdi. – Biz bu sayohatimizdan avval Leninobodda bo‘ldik, unda otangiz haqida yozgan kitobingizni ittifoqo topib olib o‘qidik. Yozganlaringiz hammasi to‘g‘ri, ammo kitobingizning bir kamchiligi bor, mullo Habibullo…
– Qanday? – so‘radim men.
– Rasulmuhammad bobongiz to‘g‘risida ko‘p gaplarni yozibsiz-u, – dedi Ayubxon aka yana kulib, – lekin u kishining bir kamchiliklarini yozmabsiz…
– Masalan?
– Rasulmuhammad bobongizning tillari biroz chuchukroq edi, shunisini qo‘shmabsiz…
Kulishdik. Men go‘yo yalingandek bo‘lib dedim:
– Bobomning bu “kamchilik”larini tog‘alarimizdan ham eshitgan edim… Jon amaki, sizga ozgina pora va’da qilayin, ammo bobomning bu “kamchiligi”ni o‘zga yerda oshkora qila ko‘rmang, uyalamiz…
Yana kulishdik.
Shu vaqt mehmonlardan Muhiddinjon aka Ahadov ismli bir kishi:
– Biz bir vaqt dadangizga bir tillo soat sovg‘a qilganmiz… – deb qoldi. Bu so‘zdan mening qulog‘im dikkaydi:
– Tilla soat sovg‘a qilganmiz, deysizmi? Qachon, qayerda, nima uchun?
U kishi shunday hikoya qildi:
– Men asli qo‘qonlik, 1932-yili Dushanbe shahriga ko‘chib kelib, bir necha yil Zagoteksport idorasida ishlaganman. 1934-yilning erta bahori bo‘lsa kerak, Dushanbe shahrida qariyb bir yarim oy to‘xtovsiz yomg‘ir yog‘di. Biz o‘n ikki ulfat savdo xodimlari edik, shunday yomg‘irli kunlarda qilarga ishimiz, borarga joyimiz yo‘q, to‘planishib faqat mehmondorchilik, kitobxonlik qilar edik. Ichimizda yoshi kattarog‘i o‘shlik Homidjon Obidjonov ismli bir kishi bo‘lib, u ancha o‘qimishli edi. Bir kuni shu kishi “O‘tkan kunlar” romanini topib kelib, o‘qiy boshladi. Bu kitob bizni o‘ziga juda bog‘lab oldi. Uni eshitayotib, goh quvonar, goh kuyinar edik. Nihoyat, kitobni aza bilan tugatdik va dadangiz qalamiga rahmat o‘qib, pul yig‘ib kichkina xat bilan bir tilla soat sovg‘a qilib yubordik. Birmuncha vaqtdan keyin dadangizdan qisqa mazmunli shunday bir javob xati oldik: “Kitobimni o‘qib ta’sirlanganlaringizdan men ham ta’sirlandim. Yuborgan umr chislo sovg‘alaringizni oldim, minnatdorman, rahmat”, debdilar xatlarida.
Men Muhiddinjon akadan yuborilgan soatning qanday shakl – tuzilishda bo‘lganini o‘smoqchilab so‘radim. Xuddi o‘sha tilla soat!”
O‘zbekiston xalq rassomi Hikmat Rahmon shunday hikoya qilgan edi:
“Mening bolaligim Eski jo‘va dahasida o‘tgan. U paytlarda bu joylar juda obod edi. Hozirgi maydon o‘rnida Beklarbegi madrasasi bo‘lardi. Madrasa 1924-yili buzib tashlangan. Bosmaxona atrofidagi do‘konda Mahkam aka (suratkash Sodiq Mahkamovning otasi) sahhoflik (kitobfurushlik) qilardilar. Bizning xonadonga “O‘tkan kunlar” kitobining uchala bo‘limi ham o‘sha do‘kondan sotib olib keltirilgandi. Kitob arab alifbosida nashr etilgan.
Amakim Ubaydullo Asqarov Eski jo‘vadagi do‘konda kosibchilik qilardilar. “O‘tkan kunlar” nashr etilgan yili kechqurun amakim meni do‘konga olib chiqib, shu kitobni ovoz chiqarib o‘qitganlar. Do‘konga yigirma-o‘ttiz chog‘li odam yig‘ilardi. Ularning barchasi savodsiz. Men marom bilan o‘qiy boshlayman. Kosiblarning qo‘li ishda, qulog‘i kitobda. Pashsha uchsa eshitiladi. Hatto birovning yo‘talishiga ham ruxsat yo‘q. Jag‘im og‘rib, lablarim quruqshab ketadi. O‘qish xo‘rozning tungi bir-ikki qichqirig‘igacha davom etadi.
Ertasiga kechki tomon yana do‘konga chiqaman. Eshituvchilar mendan avval chiqib, poylab o‘tirishgan bo‘ladi. Yana ovoz chiqarib o‘qishni boshlayman.
O‘zbekning birinchi romanini shu zaylda o‘n kunda o‘qib tugatganmiz. Men u vaqtlarda yosh edim. Ehtimol, romandagi voqealarni o‘shanda unchalik idrok eta olmagandirman. Biroq yoshim ulg‘aygach, “O‘tkan kunlar” meni o‘ziga shunchalik sehrlab qo‘ydiki, butun umr o‘sha sehr bilan yashab kelyapman. Hatto, umr yo‘ldoshim Zarofat “O‘tkan kunlar”ni yod biladi. O‘sha uch bo‘limli kitob hamon uyimda saqlanadi.
Abdulla Qodiriyning bog‘i yonida 6-sonli bolalar uyi bo‘lardi. Men u yerda murabbiy bo‘lib ishlaganman. Biz devor osha bog‘ga qarardik. Yozuvchini ko‘pincha bog‘ ishlari bilan mashg‘ul holda ko‘rganman. Bu bog‘bonning “O‘tkan kunlar”dek kitobni yozganiga hech ishongim kelmasdi”.
Olima Hojiakbarxon qizi Ra’noxon Fayzullayeva xotiralari:
“…1972-yili nomzodlik ilmiy ishimni yozib tugatgan edim. Germaniyadagi tanishim Doris Shuls Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining nemischa tarjimasini menga yubordi. Kitobni ustozim Gʻaybulla Salomovga ko‘rsatdim. U kishi:
– Romanni tezda o‘qib chiqing. Uning asli va ruscha tarjimasi bilan solishtirib, o‘z fikringizni bildiring va ilmiy ishingizga qo‘shib yuboring, – deb maslahat berdilar.
Zudlik bilan ustozim buyurgan ishlarini bajardim.
1973-yili bo‘lsa kerak, Abdulla Qodiriyning o‘g‘illari – Habibulla aka telefon qilib qoldilar. Salom-alikdan so‘ng u kishi:
– Sizning otam haqlaridagi avtoreferatingizni o‘qib chiqdim. Mumkin bo‘lsa, bir uchrashsak, – dedilar.
Men umr yo‘ldoshim – To‘xtamurod akaning ruxsatlari bilan u kishini uyga taklif qildim. Habibulla aka shifokor ekanlar. Uzoq suhbatlashib o‘tirdik…
– Siz otamni dunyoga tanitibsiz. Sizga katta rahmat! – deb minnatdorlik bildirdilar. – “O‘tkan kunlar”ning nemischa tarjimasini bir ko‘rsam, – dedilar.
Kitobni olib chiqib qo‘llariga tutqazdim. Kitobga uzoq tikilib turdilar. Ko‘zlari yoshlandi. Uni yuzlariga bosdilar…
Jimjitlik… Sukunatni buzib:
– Habibulla aka, bizni yana boshqa narsa ham bog‘lab turadi, – dedim.
U kishi hayron bo‘lib menga qaradilar.
– Otalarimiz qamoqda bitta kamerada bo‘lishgan ekan, – dedim.
– Otangiz kim bo‘ladilar? – deb so‘radilar.
– Hojiakbarxon eshon, – dedim.
– Nahotki! Yo Rabbim! Bu qanday uchrashuv?! – deb hayratlandilar.
Dadam Hojiakbarxon eshon (1887–1947) tutqunlikdan (1937–1943-yillarda) chiqqach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. 1945-1946-yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida mudarrislik qilib, madrasaning o‘quv dasturini tuzgan ekanlar…
Otamning janozalarida Eshon Boboxon (1857–1957 ) hazratlari shunday degan ekanlar:
“Bugun nafaqat insoniyat, balki butun jonli tabiat motamda. Biz bugun buyuk bir insonni yo‘qotdik. Agarda ilmda olim bitta bo‘lsa, u kishi shu bittasi edilar. Agar ikkita bo‘lsa, bittasi edilar…”
1937-yili dadam qamalganlarida La’lixon opam ularga yegulik olib borarkan. Opam ovqatni oq surpga o‘rab kiritar ekan. Dadam oq surpga ximik qalam bilan xat yozib chiqararkanlar. Surpni suvga botirsa yozuv chiqarkan. Shu tariqa aloqa bog‘lab turishgan ekan. Dadam xatlarining birida Abdulla Qodiriy bilan birga ekanliklarini yozgan ekan. Dadam o‘zlariga kelgan ovqatdan Abdulla Qodiriyga ham ilinarkan… Abdulla Qodiriy tushkunlikka tushgan paytlarida otam:
– Abdullojon, ko‘p siqilmang. Qarang, bu yerda yotganlar ichida bironta aybli ish qilib qamalganlar bormi? Hammalari bizga o‘xshab tuhmatga uchraganlar. Haqiqat yuzaga chiqar, bizga ham yorug‘likka chiqish nasib etar! – deb tasalli berarkan…”
Bobomizning zamondoshlaridan biri Ubaydullo Rasuliy xotiralari:
“1929-yili men “Almaiy” nomli 9 yillik namuna-tajriba ish maktabini bitirdim. Shu yili bizning bitiruvchi sinfimiz Samarqandga yuborildi. U yerda uch oy o‘qigach, bizni siyosiy-maorif xodimlari qilib, viloyatlarga yuborishdi.
Meni Buxoro viloyati xalq maorifi bo‘limi ixtiyoriga, undan esa Galaosiyo (hozirgi Buxoro rayoni) xalq maorifi bo‘limiga ishga yuborishdi.
U yerga borgan kunim rayon maorif bo‘limida hech kim yo‘q paytiga to‘g‘ri keldi. Hammani pilla va chigirtkalarga qarshi kurash tadbiriga safarbar etishgan ekan. Birinchi kechani qishloq choyxonasida o‘tkazdim. Ertasi kuni nonushta qilib, choyxonaning bir chekkasida ma’yus tortib o‘tirdim. Yoshman, ota-ona bag‘ridan birinchi marta olisga chiqishim, hech kimni tanimayman. Yana bir tomoni, pulim yo‘q… Nihoyat o‘zimni ovutish uchun jomadonimni ochib, “O‘tkan kunlar” kitobini olib o‘qiy boshladim. Kitobni o‘qir ekanman, ko‘zimdan yosh oqa boshladi. Shu payt bir yigit kelib men bilan salomlashdi. U mendan 2-3 yosh katta ko‘rinardi. U yonimga o‘tirgach:
– Siz qayerdan, jo‘ro? – deb so‘radi.
– Toshkentdan.
– Sayohatgami?
– Yo‘q. Ishga.
– Qayerga?
– Maorifga.
– Hay, uchrashdingizmi?
– Hech kim yo‘q.
– Shundaymi? Qachon keldingiz?
– Kecha.
– Qayerda tunadingiz?
– Choyxonada.
– Yaxshi tunadingizmi?
– Rahmat.
Shundan so‘ng yigit yerga suv sepib yurgan choyxonachi bilan tojikchalab so‘zlashib ketdi. Ular gap orasida qah-qah otib kulishar edi.
– Ismingiz kim?
– Ubaydulla.
– Meniki Yodgor, raytorgda ishlayman.
U choyxonachiga:
– Shodi ako, yakta choy tet, mehmonba, – dedi.
Choyxonachi bizga patnisda ikkita issiq non bilan choy keltirdi. Yodgor nonni ushatar ekan so‘radi:
– Ubaydullojon! Bu qanday kitob?
– “O‘tkan kunlar”.
– Chi?
– “O‘tkan kunlar”. Abdulla Qodiriy Julqunboyning romani.
– Hikoyami?
– Ha. Zo‘r hikoya.
Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, Yodgor bu kitobni o‘qimagan…
– Ubaydullojon, men bir-ikki o‘rtoqlarim bilan tushlikka kelaman. Siz, albatta, shu yerga bo‘ling. Maorifga o‘zimiz olib boramiz, – deb xayrlashib ketdi.
Yodgor uchta tengqur o‘rtoqlari bilan aytgan vaqtida keldi. Ularni men bilan tanishtirdi. Birga ovqatlandik. Ular ham do‘konda ishlaydigan boyvachcha bolalar ekan. Hammalari ham yoqimtoy yigitlar edi. Tushlikdan so‘ng Yodgor meni maorif bo‘limiga olib bordi. Hujjatlarimni topshirdik. Ertasi kundan boshlab ishga tushadigan bo‘ldim. Yotoq yerim ham tayin bo‘ldi. Yuklarimni yotoqqa joylashtirdik. Rayon klubi qoshidagi alohida xona ekan.
Ahdlashuvga ko‘ra ishdan so‘ng hammamiz Yodgorjonning uyida mehmon bo‘ldik. Taomdan so‘ng ularning xohishiga ko‘ra olib borgan “O‘tkan kunlar”ni o‘qishga kirishdim. Kitobdagi menga yod bo‘lib qolgan joylarini juda ravon va ta’sirli qilib o‘qirdim. Ular esa xuddi joylarini mixlangandek edilar. Allamahalgacha kitobxonlik bo‘ldi. Men toliqdim. Tanaffus qildik.
Uyning qozig‘ida g‘ilofli dutor osig‘liq turardi.
– Dutorni kim chaladi? – deb so‘radim.
– Hech kim. Ba’zan akam chaladilar, – dedi Yodgorjon.
– Oling-chi! – dedim-da, dutorni g‘ilofdan chiqarib, sozlay boshladim. Hammaning ko‘zi menda.
– Chalishni bilasizmi? – so‘radi birovi.
– Nima chalib beray?
Mashq qilib berdim. Yigitlar xursand. Birisi o‘rnidan dik etib turib, o‘yinga tushib ketdi…
Shu kecha Yodgorjonnikida tunadik. Erta bilan nonushtadan so‘ng meni maorifga olib borib qo‘yishdi.
Tushda yana birga ovqatlandik. Ishdan so‘ng yana birisi uyiga taklif etdi. Kitob o‘qish o‘sha yerda davom etdi. Ularning menga mehri shunday ortdiki, meni yonlaridan siljitmay qo‘ydilar. Qisqasi, har kunimiz har yerda shunday samimiy, do‘stona kitobxonlik bilan o‘taverdi. Hammalari ham “O‘tkan kunlar”ni birinchi marotaba eshitishlari edi. Kitobdagi voqealar ularga shunday ta’sir etardiki, joyi kelganda hammamizning ko‘zlarimiz jiqqa yoshga to‘lardi…
Nihoyat, “O‘tkan kunlar”ni o‘qib tugatdik. Hanuz yodimda: bir kuni o‘rtoqlarimning maslahatlariga ko‘ra, hammamiz foytun bilan “O‘tkan kunlar”ni sotib olish uchun shaharga tushdik. Yaxshiyam “Labi hovuz” yaqinidagi kitob do‘konida “O‘tkan kunlar” bor ekan. Ular o‘rtoqlariga ham sovg‘a qilish niyatida har birlari 2-3 tadan kitobdan sotib olishdi.
Shunday qilib, bir necha xonadonning kitob javonidan “O‘tkan kunlar” joy oldi. Hozir ham ushbu kitob ularning uylarida, eng aziz va qimmatli xazina bo‘lib saqlanayotganiga imonim komil”.
KECHIRDI, KECHIRMADI…
Toshkent davlat madaniyat institutida ishlab yurgan yillarim edi. Ustozim Baxtiyor Sayfullayev (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) bilan Jizzax shahriga ijodiy safarga borgandik. U kishining yengil mashinasini haydab keta turib yo‘l harakati qoidasini buzdim, shekilli, DAN xodimi mashinamizni to‘xtatdi. Men darrov tushib hujjatlarimni u kishiga berdim va:
– Shahringizda mehmonmiz. Bu yerlarga birinchi kelishim. Bilmasdan qoidani buzib qo‘ydim. Kechirasiz o‘rtoq boshliq, – dedim. U kishi esa hujjatlarimni tekshirib: – Nega familiyangiz bunaqa? – deb so‘radi. Mashinadan tushgan ustozim meni unga tanishtirdilar. Shunda xodim: – Hammasini kechiraman. Lekin Kumushning o‘ldirilganini aslo kechirolmayman, – deb hujjatlarimni qaytarib bergan edi.
Sherkon QODIRIY
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



