23.04.2025 | 08:52
1235
UCH O‘LCHAMLI OLAM OSHIG‘I
Yangiyer shahrida Norbo‘ta muallimni yaxshi tanishadi, kasbiga bo‘lgan fidoyiligi, halolligi ortidan el oldida doim yuzi yorug‘. O‘qituvchilik ortidan to‘rt farzandni boqib, munosib tarbiyalab, elga qo‘shdi.
Qahramonimiz yosh matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent Otabek Hakimov muallim xonadonidagi uch og‘a-inining kenjasi. U ham akalari singari maktabga chiqmasdanoq o‘qish-yozishni o‘rganib olgandi. Tengdoshlaridan ancha ilg‘or Otabekka o‘zidan bir sinf balandda o‘qiyotgan opasining darsliklari qo‘l keladi. Adabiyotga oshufta matematikni gazetxonlarga uning o‘z hikoyalari orqali tanishtiramiz…

Hayotimning uch yo‘li
Bolaligimda futbolchi bo‘lishni orzu qilganman, ammo otam ruxsat bermagan. Futbol – birinchi muhabbatim! Keyin mukkamdan ketib ertadan kechgacha, ba’zan tong oqarguncha badiiy kitobdan bosh ko‘tarmay o‘qish, asar qahramonlari bilan birga yashash zavqi kutubxonachilikka havas uyg‘otgan. Kutubxonachi bo‘lolmadim, biroq kitoblar har doim men bilan birga. Demak, adabiyot – ikkinchi muhabbatim! Matematika esa qismatim… Undan qancha o‘zimni olib qochmay, baribir taqdir meni u tomonga olib boraverdi. Maktab, litsey, universitet, keyin doktorantura va qadrdon maskanim Matematika instituti…
Futbol maydonida tanam yayrab, tomirimda qon yugursa, kutubxonada ruhim ozuqa olib, qalbim taskin topardi, raqamlar olami esa meni kelajagim sari yetaklayverardi.
Shu paytgacha bu uchalasidan hech birini boshqasidan kam ko‘rmadim. Hech biridan ayro yashamadim.
Matematika va men…
Yaratgan taqdirimni matematikaga bog‘lagan ekan. Maktabni bitirayotib litseyga aniq fanlar emas, xorijiy til yo‘nalishiga hujjat topshirganman. Lekin taqdirning o‘yinini qarangki, o‘sha yili hammani umumiy bitta guruhga qabul qilishdi – Yangi yildan keyin iqtidoriga qarab saralash sharti bilan. Ustozlarim meni aniq fanlar yo‘nalishiga tortishib, saralash vaqti kelganda fizika-matematika sinfiga o‘tkazmoqchi bo‘lishdi, ammo o‘zim iqtisod yo‘nalishini tanladim. Shunday qilib, qarshiliklarga qarshi kurashish bora-bora matematikaga bo‘lgan muhabbatim yanada kuchliroq alanga olishiga sabab bo‘ldi. Endi esa hech afsuslanmayman. Matematikani chuqurroq o‘rganganim qolgan barcha bilimlarim uchun bir poydevor bo‘ldi.
Otam matematik bo‘lishimni, to‘g‘rirog‘i, o‘qituvchilik kasbini tanlashimni unchalik xohlamasdi. Chunki farzandlari o‘zi kabi qiynalishini istamagan. Hujjatlarimni qo‘limga olgach, hech kimga aytmasdan O‘zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakulteti matematika yo‘nalishiga topshirdim. O‘qishga eng yuqori ball bilan birinchi o‘rinda kirdim.
2012-yili aspiranturaga o‘qishga qabul qilindim va ustozim xalqaro miqyosda tan olingan olim O‘tkir Roziqov rahbarligida – “Matematik analiz” ixtisosligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Shu yilning yozida esa “Cheksiz o‘lchamli va noarximed dinamik sistemalarning Gibbs o‘lchovlari nazariyasiga tatbiqlari” mavzusidagi doktorlik ishimni ham yoqladim. Noarximed analiz matematikada ancha yoshroq yo‘nalishlardan hisoblanadi. Biz odatda o‘zimiz o‘rganib qolgan Arximedcha tahlil yoki ikki o‘lchamli fikrlashga tayanamiz. Ammo hayotdagi voqea va jarayonlarni tushunish uchun bu yetarli emas. Ularga uch o‘lchamli, ya’ni keng qamrovli, chuqur va ko‘p qirrali yondashuv orqali baho berishimiz kerak bo‘ladi. Arximedcha tahlil makroolamda, ya’ni biz ko‘z bilan ko‘rib turgan hodisalarni tadqiq qilsa, noarximed tahlili mikroolamda ro‘y berayotgan jarayonlarni o‘rganadi.
Bu orada ikki marta Malayziyaga ilmiy safar bilan borib keldim. U yerda hamyurtimiz, uzoq yillardan buyon o‘sha yerda faoliyat olib borayotgan ustozlarimizdan biri taniqli olim Farrux Muhammedov bilan birga ishladim. 2017-yilda Birlashgan Arab Amirliklari universitetida tadqiqotchi assistent lavozimiga hujjat topshirib, suhbatlardan o‘tgach, u yoqqa ketdim. Xorijda ish jarayonida ilmiy faoliyatim ancha yaxshi rivojlandi.
Matematika ham bitta til. Shunday tilki, Galiley ta’kidlagandek, tabiat kitobini yozadigan til. Ya’ni borliqdagi haqiqatlarni go‘yoki formulalar orqali matematik tilda yozib berishdir. Faqat bu tilning boshqa tillardan imkoniyati ancha keng. Ana shunday imkoniyatlardan foydalanish uchun esa matematik olimning tasavvur dunyosi juda boy bo‘lishi zarur.
Adabiyot va men…
Dostoyevskiyga mubtalo bo‘lganimda 15-16 yoshli o‘smir edim. “Telba”ni boshladim-u o‘zim ham “telba” bo‘ldim. 600–700 sahifalik kitobni bir kunda o‘qib bo‘lib, necha kun shuning ta’siridan chiqolmay yurdim. Yillar o‘tib o‘ttiz yoshimda qaytadan bo‘lib-bo‘lib o‘qiganimda yana o‘sha o‘n besh yil burungi xotiralar qurshovida qoldim. Bilasizmi, o‘zi Dostoyevskiyni o‘qiganda odam butunlay real olamdan uzilib, boshqa bir dunyoga tushib qolgandek bo‘ladi. Har bir qahramonida o‘zingizni ko‘rasiz, u bilan birga iztirob chekasiz, u bilan birga kurashasiz, u bilan birga bariga qo‘l siltaysiz. Masalan, “Qimorboz”ini o‘qiganimdayam Aleksey Ivanovichdagi ikkilanishlar menda ham bo‘lishini sezardim. “Men uchun nima muhim? Futbolmi, matematikami, adabiyotmi?” deya savol berardim o‘zimga. Xuddi agar futbolni desam, matematika qolib ketayotgandek, ilmiy ishim bilan shug‘ullansam, mutolaaga kechikayotganday, bular biri biridan meni qizg‘anayotgandek tuyulavergan. Drayzer bilan Dostoyevskiyni bir xil ko‘raman. “Jinoyat va jazo” hamda “Amerika fojiasi”ni ikki millatga mansub bir kishi yozgandek go‘yo. O‘tkir Hoshimovning, Tohir Malikning asarlarini qayta-qayta o‘qiyman va ularni ma’naviy, ruhoniy ustozlarim deb hisoblayman. Hozir oldingidek bir kunda bitta asarni tugata olmasam-da, 100–200 bet o‘qishga harakat qilaman. Yaqinda Talxa Ugurluelning “Abdulhamidxon. Yashirin tarix haqiqatlari” kitobini o‘qib tugatdim.
Har qanday holatimda meni ruhlantiradigan, doim yordamga tayyor do‘stim, muhabbatim bu adabiyotdir. Kayfiyatim tushkun bo‘lsa, Aziz Nesinni qo‘limga olaman. Yumorda Nesinga teng keladigani yo‘q, menimcha. Hammasi hayotiy, qahramonlarining xatti-harakati o‘ta samimiy. Kayfiyatsiz holda o‘qishni boshladimmi, qah-qah otib kulib yuboraman. Yoki nimadandir qattiq suyunib ketsam, Dostoyevskiyni o‘qib, birpasda o‘zimga kelib qolaman. Dostoyevskiy shunaqa o‘rningizni ko‘rsatib qo‘yadigan yozuvchi.
Futbol va men…
Futbol o‘ynamagan paytimni eslolmayman, hatto amirliklarda ishlagan vaqtimda avvaliga futbolsiz qiynalib yurganman. Keyin so‘rab-surishtirsam, ilmiy xodimlar orasida chempionatlar bo‘lib turarkan. Men ham jamoaga qo‘shilib chempionatda qatnashdim va biz o‘shanda g‘olib bo‘lgandik. Institutda ham futbol jamoamiz bor, har chorshanba kuni to‘p tepib turamiz. O‘sha kuni futbol vaqti bo‘ldimi, hamma narsani yig‘ishtirib maydonga oshiqamiz, men hujumda o‘ynayman. Matematika institutiga kirishimda oldimga ikkita maqsad qo‘yganman: ilmiy daraja olish va futbol komandasida o‘ynab chempion bo‘lish. O‘tgan yillar davomida Fanlar Akademiyasi chempionatida jamoamiz finalga chiqib, bir necha bor g‘olib bo‘ldik. Qolaversa, ikkinchi maqsad – doktorlik ishimniyam muvaffaqiyatli himoya qildim.
So‘ngso‘z
Otam ham o‘z vaqtida aspiranturada o‘qigan, ammo sharoit taqozosi bilan ilmdan ketib, maktabda iqtisoddan dars bera boshlagan. Ilm yo‘li – otamning armoni. Lekin hech birimizni o‘zi yetolmagan cho‘qqiga chiqishga undamagan. Bu yo‘l oson bo‘lmasligini bilgan holda bizni ayagan, shekilli. Bugungi erishgan yutuqlarim otamning qattiqqo‘lligi va biz uchun yaratib bergan muhiti ortidan deb bilaman. Chunki har bir yutuqqa erishishda qat’iy intizom, tanlagan sohaga bo‘lgan muhabbat bo‘lmas ekan, har qanday iste’dod ham so‘nib qolishi, yuzaga chiqmasligi ehtimoli katta. Ba’zan otamning o‘sha armonini ushaltira oldimmi o‘zi, deb o‘ylab qolaman.
Shahnoza ROFIYEVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



