24.04.2025 | 09:13
609
BOG‘LARIDA BAHOR BOR…
Paxtachi tumanidagi 1-maktabda yil-o‘n ikki oy bahor, desak mubolag‘a emas. Bunda fasllar almashmaydi, yam-yashil daraxtlar-u kamalakrang gullar ayozda ham ko‘rgan ko‘zga huzur, ko‘ngilga taft-harorat beradi. Xuddi botanika bog‘ini oralab yurganday bo‘ladi kishi. Boisi oddiy: hamma gap ustozlar jamoasining “Har bitiruvchi uchun bir daraxt” loyihasida. Ushbu ta’lim dargohini tugatib, katta yo‘lga qadam qo‘yayotgan navnihol yoshlar yaxshi niyat bilan bir tupdan archa ko‘chatini ekadi. Muassasaning o‘ziga xosligi esa faqat bundagina emas…

Maktab 900 nafar o‘g‘il-qizni bag‘riga sig‘diradi. Shunday katta sig‘imga ega dargoh 2021-yilda – qurilganidan roppa-rosa qirq besh yil o‘tib qayta ta’mirlandi. Ta’mir ishlariga davlat byudjetidan 5 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflandi. Maktab jihozlari ham to‘liq yangilab berildi. Albatta, uning davlat dasturiga kiritilib, kapital ta’mirdan chiqishida direktor Baxtiyor Salimovning ham xizmati katta.
Baxtiyor akaning maktab pedagogik jamoasiga rahbarlik qilayotganiga yigirma yildan oshdi. U saksoninchi yillarda oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishga kirib, tashabbuskorligi va boshqaruv qobiliyati bilan tezda e’tiborga tushdi. Ko‘p o‘tmay unga o‘zi faoliyat olib borayotgan maktab boshqaruvi ishonib topshirildi.
Hozir uncha-muncha ta’lim muassasalaridan qolishmaydigan maktabning zamonaviy tipdagi 40 ta sinfxonasida 1136 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olyapti. Ularga 100 ga yaqin ustoz-murabbiy dars beradi. O‘qituvchilardan 12 nafari oliy, 23 nafari birinchi va 34 nafari ikkinchi toifali.
Maktabda bir qancha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar bilim olish barobarida kasb-korga ham yo‘naltirilmoqda. Bu borada maktabga keltirilgan 8 ta tikuv mashinasi, elektr arra, payvandlash uskunalari ancha qo‘l kelmoqda. O‘g‘il-qizlarga kundalik hayotda muhim kasblardan sartaroshlik, tikuvchilik kabi hunarlar o‘rgatib kelinmoqda. Bugun 1-maktab o‘quvchilari orasida sifatli eshik-rom, stol-stul, xontaxta, taqinchoqlar yasab, mahallada e’tiborga tushayotganlari ko‘p.
– Biror o‘quvchimiz bekor yurmaydi, – deydi Baxtiyor Salimov. – O‘quvchilarimizdan aksariyatining ota-onasini ham o‘qitganman. Shuning uchun ularning oilasidagi shart-sharoitdan yaxshi xabardorman. Qishlog‘imizda hammaning uyida issiqxona bor. Bu degani, o‘quvchi tomorqada ishlaydi, band bo‘ladi. Hamma ham o‘qishda birdek faol bo‘lmasligi mumkin, kimlarningdir hunarga uquvi zo‘r bo‘ladi.
Maktabimizda uch sotix yerda issiqxona tashkil qilib, limon ekkanmiz. O‘ndan ortiq bog‘bonimiz bor. Ekin-tikin ishlari, bog‘-rog‘ga ular qarashadi. O‘z navbatida, ularning mehnatini rag‘batlantirib, kasaba uyushmasi tomonidan respublika bo‘ylab tez-tez sayohatlar tashkil qilamiz. Ba’zan o‘qituvchilarimiz ko‘ngilli ravishda yordamga oshiqib qolgan paytlari har kim o‘z ishini qilishi kerakligini uqtiraman: o‘qituvchi dars berishi kerak, bog‘ning o‘z ishchisi bor. Bog‘ tilini ular yaxshiroq tushunadi, bola tilini esa ustozlar…
Umumiy maydoni qariyb to‘rt gektar maktab hovlisi rosmana yashil hudud – ming tupdan ziyod archa, salkam 500 tup mevali daraxt bor. Fevral oxirlashi bilan yo‘laklar chetiga turfa gullar ekiladi. Erta bahor rayhon va gullar chechak ochib, siyohi va qirmizi ranglarning tabiiy qorishiq kompozitsiyasi yaraladi. Ayniqsa, maktab yoqalab o‘tgan katta yo‘l bo‘ylab ekilgan kanna gullari chiroyi yo‘lovchilarning-da bahri dilini ochib, xush kayfiyat ulashib turadi.
Maktab nafaqat qishloqda, tumanda ham tanilgan. O‘tgan o‘quv yilida bitiruvchilarning 55 foizi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Bundan tashqari, 260 o‘rinli faollar zalida kunda-kunora tadbir o‘tkaziladi. Ayniqsa, qizlar uchun tarbiyaviy loyihalar, yoshlarning ma’naviy salohiyatini oshirish, kitobxonlikka oid har xil yig‘inlar tez-tez o‘tkaziladi. O‘quvchilar o‘zlari tuzgan “Turon” teatr truppasi esa har oy bir asarni sahnalashtirib kelmoqda. Shuningdek, yosh aktyorlar tomonidan ikki haftada bir marta jadidlar hayotidan ko‘rinishlar ham namoyish etiladi.
– Maktabdagi tadbirlarga ota-onalarni ko‘proq jalb qilamiz, – deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nilufar Qalandarova. – Bu bir tomondan o‘quvchilarni ruhlantirsa, boshqa tomondan ota-onalarning farzandi iqtidorini aniqlab olishi uchun imkon beradi. Har chorak yakunida ta’tiloldi kitob yarmarkalarini tashkil qilamiz. Ota-onalarning ba’zilari bolalariga kitob olish asnosida, maktab kutubxonasi uchun ham badiiy adabiyotlar tuhfa qilishadi. Maktabimiz kutubxonasi 4 mingdan ortiq badiiy, ilmiy-ommabop kitob, bundan tashqari yurtimizda chop etiladigan gazeta-jurnallar bilan to‘la.
Maktabimizda 566 nafar o‘quvchi-qiz ta’lim olmoqda. Biz ustoz bo‘lib ularning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratamiz, ular bilan ko‘proq ishlaymiz. Boisi mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ilm-fan, ta’lim-tarbiyadir. Bugun qizlarimizni ilmga ko‘proq yo‘naltirsak, ular ertaga avlodlar tarbiyasida mas’uliyatni shuncha ko‘p his qiladi.
Bir necha yil avval 8-sinfda o‘qiydigan bir qizimizda kechayotgan holatlar, o‘zini tutishi diqqatimizni tortdi: u odamlardan o‘zini chetga oladigan, hech kimga hech nima demay darsdan chiqib ketadigan odat chiqardi. Ayrim gap-so‘zi bilan dugonalarini ham xavotirga qo‘ygan. Tabiiyki, biz o‘qituvchilar uning har qadamini nazoratga oldik. O‘z vaqtida o‘rganishlarimiz natijasida bilsak, qiz o‘z joniga qasd qilish fikrida yurgan. Bu gap direktorgacha yetib, hamma oyoqqa turdi – o‘qituvchilar, psixolog, shifokor… Qiz ruhiyati bilan hamma birdek mashg‘ul bo‘ldi. Mana, o‘sha qiz maktabni tugatib, oila qurib, hozir shirin-shakar ikki farzandning onasi. Demoqchimanki, har bir o‘quvchi hayotda o‘z yo‘lini, oila va jamiyatda o‘rnini topib ketishida o‘qituvchilarning hammasi ham shunday jon koyitishi kerak, aslida.
Haqiqatan, o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan juda yaxshi munosabatda. Shuning uchun ular o‘zlari bilim olgan maskaniga o‘qishni tugatgandan keyin ham serqadam, yuksak ehtiromda. Kim kitob, kim gul keltiradi, o‘quv jihozlari tuhfa qilgani qancha. Maktab hovlisiga o‘g‘il-qizlar uchun yangi dizayndagi o‘rindiqlar yasab bergan otaning himmati ham mana shu maktab mevasi. Ayniqsa, Ravshan Shernazarov, Abdumajid Nazarmatov kabi sobiq o‘quvchilarning doimiy yordamlari tufayli direktor imkon darajasidagi ishlarga mutasaddi tashkilotlarni bezovta qilavermaydi.
O‘tgan o‘quv yili “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ushbu maktabga 18 ta elektron doska, ikkita zamonaviy kompyuter jamlanmasi ajratildi.
– Maktab tumanimizdagi 42 ta ta’lim maskani ichida eng namunalilaridan biri, – deydi Paxtachi tuman maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Nosirov. – Prezidentimiz tomonidan ta’limga izchil e’tibor qaratib kelinayotgani barcha darajadagi rahbarlar mas’uliyatini oshirib, o‘quv tizimi yuksalishiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Jumladan, o‘qituvchi va o‘quvchilarning majburiy mehnatdan ozod qilingani, so‘zsiz, har qanday maktabning respublikada eng namunali ilm maskaniga aylanish imkonini o‘n-yuz chandon oshirdi, desak xato bo‘lmaydi. Sharoitimiz, imkoniyatlarimiz tubdan yaxshilandi. Endi biz maorifchilar yaratilgan ushbu shart-sharoitga munosib faoliyat ko‘rsatsak, yoshlarga ta’lim berish barobarida tarbiyasiga ham ko‘proq e’tibor qaratsak, nufuzli davlatlar ichida o‘z o‘rnimizni topishimizga ishonchim baland.
Aslida, maqsad ham shu. Yangi O‘zbekiston yoshlari har jabhada dunyoni zabt etmog‘i va kelajak bog‘ining azim daraxtiga aylanmog‘i shart!
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



