Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.04.2024 | 22:48

img349

AMIRNING AHVOLI TANG EDI

Roppa-rosa 30 yil muqaddam “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida “Amir nega Beh­budiyga qo‘l bermadi?” sarlavhali badia bosildi. G‘oyatda zukko va nozikta’b kuzatishlar mahsuli bo‘lmish mazkur badia muallifi, atoqli ustoz adib Ibrohim G‘afurov 1917-yil 7-aprel kuni Buxorodagi “Rahimxoniy” mehmonxonasida yuz bergan tarixiy voqea haqida g‘oyatda sinchkovlik ila so‘z yuritadilar.

 Voqeaning muxtasar tafsiloti tubandagicha: ayni bahor kezlari usuli qadim va usuli jadid tarafdorlari o‘rtasida ziddiyat tahlikali tus oladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Buxoroda amir nomidan islohotlar manifesti e’lon qilinishi haqidagi xabar aholi orasida keng tarqaladi. Ushbu voqea munosabati bilan, xususan, to‘s-to‘polon gazak olib tarqab ketishiga yo‘l qo‘ymaslik xavotirida general Kuropatkin Samarqand voliysiga rasman murojaat yo‘llab, u yerdan vakillar yuborilishini so‘raydi. 

Bu paytda Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqand musulmonlar ijroiya qo‘mitasining ikkinchi raisi lavozimida edi. Murojaat Samarqand ijroiya qo‘mitasi majlisida muhokama qilinadi hamda Buxoroga besh kishidan iborat va­kil jo‘natishga qaror chiqariladi. Mazkur besh nafar vakilning yetakchisi M.Behbudiy edi.

Hozirgi til bilan aytganda, ­rasmiy delegatsiya 6-aprel kuni Buxoroga yetib boradi. Ertasi ertalabdan mehmonlar Arkka, biroz o‘tgach, “Rahim­xoniy” meh­monxonasiga taklif qilinadi. Shundan keyin ro‘y bergan voqealar Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Buxoro voqealari va daf’i tuhmat” maqolasida bamisoli kino tasmasiga muhrlangandek o‘tkir nigoh va izchillik bilan batafsil tas­virlangan.

Xullas, “to‘rtdan uch hissasi ulamo va akobiri Buxoro va tab’aa bilan to‘lgan” kenggina mehmonxonaga amir kirib keladi. Manifest o‘qib eshittiriladi va marosim tugallanadi. “Buxoro voqealari…”ni o‘qiymiz:

“Amir yana elchilar ila va biz bilan borgan ikki nafar uvrupoyi ila qo‘l uzotib ko‘rushdi. Biz ikki nafar musulmon-da muntazir edukki, qo‘l uzatsalar, toki ziyorat qilsa. Va illo, oliy huzurda hammamiz aralash turgan eduk. G‘olibo, salla va choponlarimiz zarar kelturdi. Amir hazratlari na avvalda va na oxirda, agarchi bir kalima bo‘lsun, so‘ylamasdan furan chiqib ketdi…”

“Bu Behbudiy asarining eng qiziq joylaridan biri, – deb yozadilar Ibrohim G‘afurov. – Yana yorug‘ olamni o‘zing tushunmagan va tushunishni istagan savollarga to‘ldirib tashlaging keladi. …Amir hazratlari nega “uvrupoyilar”ga alohida e’tibor berib, izzat-hurmat ko‘rsatdilar-u, o‘z millatdoshlariga kelganda, ulardan yuz o‘girdilar.

Nega amir hazratlari zamonasining taniqli adibi bo‘lib tanilgan, “Padar­kush”i bepoyon Turkistonning barcha puch­moqlariga ovoza bo‘lgan, o‘tkir maqolalari va sayohatnomalari barcha millatparvarlarning tuzalmas jarohatlariga doruyi shifo kabi ta’sir qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiydek bir munavvar siymoni tanimagandek bo‘lib o‘tdi”.

Ustoz I.G‘afurovni mutaassir qilgan nuqta shu: nima sababdan amir Behbudiyni pisand etmadi? Unga qo‘l uzatmadi? Undan yuz o‘girdi?..

Badia muallifiga hech qanday e’tiroz yo‘q, lekin vaziyatni boshqa bir nuqtadan, boshqa bir zarrabin orqali kuzatib, tahlil qilishga urinib ko‘raylik. E’tiborni amir Olimxon shaxsi-shaxsiyatiga, o‘sha kundagi uning ahvol-ruhiya­siga qarataylik. Tarixiy vaziyatni na­zar­dan qochirmaylik.

Amir Said Olimxondan qolgan yozma meros bo‘lmish “Buxoro xalqining has­rati tarixi” yodnomasida bayon etilgani­dek, amir bolalik chog‘laridan otasi Said Amir Abdulahadxon yonida yashagan, padari buzrukvorining ish tutimlarini kuzatgan, ulardan o‘rnak olgan, “…diyonat ilmi va o‘rganilishi lozim bo‘lgan bilimlardan tahsil qilgan…” Shundan so‘ng “…saltanat va mamlakatni idora qilish qonunlarini egallash maqsadida” ota­sining amr-u farmoniga binoan 13 yoshida Peterburgga o‘qishga borgan. Padari buzrukvori istagiga ko‘ra 7 yillik o‘qishni 3 yilda tugallab ota yurtga qaytgan. 12 yil Nasaf viloyatiga, so‘ng ikki yil Karmana viloyatiga hukmronlik qilgan. 1911-yil, 30 yoshida otasining o‘rnini egallagan.

O‘zining yozishicha, uch yil mobaynida yurtni obod va ma’rifatli qi­lish bora­sida ancha sa’y-harakat ko‘rsatdi. Shu bilan bir vaqtda, xalqaro vaziyat to­bo­ra qaltis tus olayotgandi. Bir yonda Afg‘oniston, shimolda Chor Rusiyasi, Angliya bizning mintaqa tomonlarga ko‘z olaytira boshlagan, tabiiy, amirlik boshiga qora kunlar kelmasdan burun hozirlik ko‘rish payiga tushgandi. Amir hazratlari yakkay-u yagona najot “muazzam rus davlati saltanati”da deb bildi, “…do‘stlik va oshnachilik yuz berib, ikki davlat orasida do‘stlik barqaror va bardavom bo‘ldi”. Yana e’tibor beraylik: “Kelishuvlarda askarlar va harbiy qu­rol­lar Buxoro tarafidan qisqartirilib, (uni qo‘riq­lash uchun) harbiy asbob-uskuna­lar va askarlarni rus davlati o‘z zimmasiga olgan bo‘ldi. …mamlakatni himoya qi­lish borasida yana askar lozim bo‘lsa, rus davlati Buxoro davlatini qo‘llashga tayyor turadigan bo‘ldi. …men bo‘lsam mamlakat obodonchiligi bilan shug‘ullanishga intildim”.

Hozircha saltanat amirining bu qadar harbiy-siyosiy strateg sifatidagi “puxtakorli”gini izohlamay turamiz. Har qalay, Peterburgda ayni go‘daklik pallasida (13-16 yosh oralig‘ida) “saltanat va mamlakatni idora qilish qonunlari” ilmi­ni qanchalik o‘zlashtirgani, podi­shohlik taxtini 26 yil egallab o‘tirgan otasi meros­xo‘rini qay tariqa tarbiyat qilgani ushbu iqrornomadan ham ko‘rinib turibdi. Biroq 17-yil avvaliga kelib amir hazratlari ishongan “muazzam saltanat”ning to‘s-to‘poloni chiqib ketdi. Nima qilmoq kerak? Kimga isho­nish, kimga suyanish mumkin? Ayniqsa fevral g‘alayonlaridan keyin bolsheviklar va mensheviklar orasidagi nizo shu qadar avjiga chiqdiki, “Bolsheviklardan bo‘lgan bu jamoaning tartib-qonunlarini na ko‘rib bo‘lindi, na bilib bo‘lindi. …Ular­ning so‘zlariga isho­nil­maydigan darajaga kelindi”. 

Shu gapning o‘ziyoq Said Olimxonning siyosiy ko‘zi ochila boshlaganini, uning vujudida amir sifatidagi botiniy evrilish nish urganini ko‘rsatadi. Ikki yil ichida u Buxoro qo‘shinini urushga tayyor darajaga keltirgani ham shundan dalolat edi. Afsuski, evrilishning tagi pishiq-puxta emasligi, puchligi bilinib qoldi, o‘zi esa arosatda qoldi – u keli­shuvni yangilash maqsadida maxsus elchilarini Lenin va Trotskiy qoshiga jo‘natadi. Jo‘nata turib, “Bu jamoaning e’tiborsizligi va oqibatsizligini yaxshi bilardim”, deb yozadi. Saltanat sohibi­ning (kim bo‘lganda ham, o‘zimizning ajdodimiz-da!) ahvolini tasavvur qilishga urinaylik: oqibatsizligi muqarrar bo‘lgan muttahamlardan oqibat umid qilmoqda, madad kutmoqda!

Bu kabi mulohazalarni tasdiqlovchi misol va tafsilotlar ko‘p, lekin, mavzuga qaytsak, shunisi muqarrarki, 17-yil 7-aprel kuni “Rahimxoniy” mehmon­xonasidagi dabdaba chog‘ida Amir Said Olimxonning ruhi, ahvoli bundan besh battar rasvo edi. Dalillarni birma-bir yod­ga olaylik.

– Buxoroga yetib borgan samarqand­lik mehmonlarni vokzalda rus konsuli Miller qarshi oladi, ularning hujjatlari bilan tanishgach, “sizlar-da Arki oliyg‘a borishingiz mumkindur”, deya ijozat beradi.

Savol tug‘iladi: nima uchun meh­monlarni rus konsuli kutib olmog‘i kerak?! Nima uchun Arki oliyga borish uchun uning ruxsati zarur bo‘lib qoldi? Arki oliyning sohibi, posboni u emas-ku, axir?!

– “Sizni g‘oyibona taniyman, – dey­di konsul Behbudiyga, – ushbu manifestni hanuz hech kim o‘qugan yo‘q, birinchi daf’a sizg‘a ko‘rsaturman”.

G‘oyibona tanishligini pisanda qi­lish ortida yana qanday muddaolar yashirinligini taxmin qilish qiyin emas. Ko‘rinadiki, Miller pixini yorgan lo‘ttiboz! Yana savol: amir e’lon qilishga tayyorlangan manifest Millerning qo‘liga qayer­dan tushdi? Buning ustiga u, uni hali hech kim o‘qimaganini, birinchi daf’a Behbudiyga tanishtirilayotganini ta’kidlashi­ning zamirida nima yashirin? Behbudiy­ga hurmat, desak, bu qadar arzanda hujjat qayerdan Millerning qo‘liga tushib qoldi? Hatto xayol qochadi – mazkur hujjat matni-mazmunidan amir boxabar edimi yoxud?..

– Samarqanddan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari oradan bir kun o‘tib, ertasiga, 7-aprel soat o‘nlarda ilk marta mahalliy a’yonlardan biri – Nasrullo qushbegi ila so‘ylashadilar. Ya’ni bu orada mehmonlar bilan asl mezbonlar yuzlashmadilar, ehtimol, bunga Mil­ler ijozat bermagan chiqar?!

– “Miller janoblari manifestning aslini chiqarib, qushbegiga berdi. Quyi­sig‘a amirning katta davra muhri bosil­g‘on edi. Qushbegi o‘qub ko‘rib, qo‘l qo‘ydi”, deb yozadi Behbudiy.

Savol: nega endi Buxoro amiri e’lon qilayotgan manifestning asl nusxasi Millerda saqlanadi? Matnni qushbegi endi ko‘ryaptimi? Avval bexabar edimi? Amirning katta davra muhri kimda saqlanadi? Amir hazratlaridami ­yoxud?..

– “Miller janoblari manifestning asl nusxasini ikkinchi bor Behbudiyga uzatadi (bir kun avval ham o‘qitgan edi). Hazrat tahrirdagi saktaliklarni ko‘rsatadi va barcha sir-asrorni fosh etuvchi gapni yoza­di: “G‘o­liban muni (mani­festni – X.D.) musulmoniy bilaturgan rus yozgan edi”.

Mana, gap qayerda! Nima, Ibrohim G‘afurov ta’na ila yozganlaridek, amir saroyida qo‘r to‘kib o‘tirgan munshiy­larning aqli, farosati, tajribasi yetmasmidi bunday hujjatni bitishga?!

– “Bizlar kunjda turduk, – deb davom etadi Behbudiy, – besh daqiqadan so‘ng Nasrullo qushbegi janob oliyni olib keldi”.

Behbudiy hazratning chertib-chertib so‘z tanlashiga e’tibor beraylik – “olib keldi…” Ustoz Ibrohim G‘afurov ham taajjubni yashirmaydilar. “Meni bu yerda, yana bilmadim-u sizga qanday ko‘rinadi – Behbudiyning “Nasrullo qushbegi janob oliyni olib keldi” degan favqulodda jumlasi ham hayratga soladi. Holbuki, amir janoblari qushbegi va boshqa a’yonlar o‘ramida kelishlari kerak edi. Lekin “olib keldi!” Behbudiy amirda hech qanday kuch-quvvat, shukuh qolmaganligi, uning irodasi batamom sindirilganligini shu qisqagina jumlada ifodalab beryaptimi? Shukuhsizlik shu holga yetishganmidi?”

Sanab o‘tilgan dalillarni yana davom ettirish mumkindir, lekin keltirilganlaridan ham ko‘rinib turibdiki, Amir Said Olim­xonning o‘sha kundagi ahvoli, shukuh­sizlik ham gapmi, tang-u tor edi! Uning serviqor salla ostidagi zalvorli boshi qora bulutlar o‘ramida, iskanjasida edi. Janobning o‘zini, jismini emas, suratini olib kirgandi Nasrullo qushbegi! Amir janoblari narsa-buyum emaski, mahbus-mahkum emaski, kimdir olib kirsa.

Kim bilsin, amirning ko‘nglidan nimalar kechayotgandi o‘sha damlar! Hamma turib, ta’zim bajo keltirayotganlari ko‘ziga ko‘rinmayotgan, “Yashasun amir hazratlari!” degan hayqiriqlar qulo­g‘iga kirmayotgan, uning uchun maxsus “bir ko‘rpacha va zarrin lo‘la qo‘­yil­g‘ani” tatimayotgan, chordona qu­rib o‘tirayotib Behbudiy yozganidek, “semiz­­ligidan zahmat chekar edi” emas, balki zimmasidan yanchib yuborgudek bosib turgan yukning zalvoridan abgori zabun – bamisoli ruhan pachaqlangan holatda edi. Bobosidan, otasidan me­ros saltanat ixtiyoridan chiqayotgan, salkam 20 yillik hokimlik va amirlik taxti boy berilayotgani kun, lahza sayin muqarrarlashib borayotgan damlarda uning ko‘ziga qo‘shni muzofotdan kelgan munavvar bir inson (Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lgan taqdirda ham!) ko‘rinarmidi. Kim bilsin, xayol-da, faraz-da, Miller va uning izmidagi yugurdaklar­ning shaytoniy nazar-nigohiga giriftor qilmaslik uchun ham Behbudiyga nazar tashlamay o‘tgan bo‘lsa-chi, Amir hazratlari?!

Nafaqat o‘zining, balki el-yurtning, ota makonning, kechmish-u kelmishning taqdiri qil ustida qalqib turgan bir paytda, Ibrohim ustoz to‘g‘ri ta’riflaganlaridek, “jahonshumul miqyos­dagi siyosiy girdob ichiga allaqachon tushib bo‘lgan”ini anglab yetayotgan bandai ojiz (o‘n karra amir bo‘lgan taqdirda ham!) kimgadir qo‘l berdi nima-yu, bermadi – nima?!

Piravordida savol tug‘iladi: o‘sha mash’um kun Behbudiy taqdirida burilish nuqtasi bo‘ldimi, ya’ni Amir unga nisbatan tish qayradimi yoki?..

Bu savol yana va yana og‘ir o‘ylarga, mushohadalar va farazlarga undaydi, da’vat etadi, ammo-lekin bir haqiqatni baralla aytmoqlik zarur – bolshevik bo‘ladimi, menshivik bo‘ladimi, o‘sha tusdagi istilochilar uchun amirdan ko‘ra Behbudiydek zot xavfliroq, xatarliroq edi. Zero, amir yoki shoh talvasada tiz cho‘kishi, izni-jilovini allaqanday bosqinchilar qo‘liga berib qo‘yishi mumkin, lekin Behbudiy va behbudiylar aslo tiz cho‘kmaydi, zinhor jilovni kimsalar qo‘liga tutqazmaydi!

Xurshid DO‘STMUHAMMAD

2024-yil 26-yanvardagi 5-sonida…


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600