05.08.2025 | 12:46
559
ASARLARI UMRINING DAVOMCHISI
O‘tkir aka bilan bir idorada ishlamaganmiz. Ammo birga ishlagan ayrim hamkasblarimizdan ko‘ra yaqinroq bo‘lib ketgan edik…
… Bu voqeaga oltmish yil bo‘ldi.
1965-yilning kuz oylari edi.

Men talabalik yillarimda Chilonzorda ijarada yashardim. Hozirgi Amir Temur xiyobonidan Do‘mbirobodga 23-avtobus qatnardi. Toshkent davlat universiteti shu xiyobonda, Yuridik universitet joylashgan qadimgi g‘ishtin binoda qo‘nim topgan edi.
Bir kuni qosh qorayganda 23-avtobusga chiqdim-da, o‘tirishga joy qidirdim. Orqa eshik oldida bo‘sh joy bor ekan. Borib o‘tirdim. Shu asnoda eng orqa o‘rindiqning burchagida plashiga burkanib o‘tirgan kishiga nigohim tushdi. U ko‘zimga issiq ko‘rindi. Joyimga o‘tirdim-u o‘yga toldim: “Qayerda ko‘rganman uni? Juda tanish… Ha, bo‘ldi, esimga tushdi. Bu yozuvchi O‘tkir Hoshimov-ku. Xuddi o‘zi…” Sekin, zimdan ko‘z tashladim: “O‘sha, O‘tkir Hoshimov. “Cho‘l havosi” degan qissasini “Sharq yulduzi”da o‘qiganman. Jurnalda surati ham berilgan edi. Borib salomlashsammikan? Nima deyman? U taniqli yozuvchi bo‘lsa, men kimman? Universitetning ikkinchi kursida, yana kechki bo‘limda o‘qiydigan bir talaba bo‘lsam…” Xullas, borishga jazm etmadim. Biroq dam-badam zimdan qarab qo‘yaman. U avtobusda o‘zidan boshqa hech kim yo‘qdek, bir nuqtaga tikilib o‘tiribdi. Nazarimda, nimalar haqidadir xayol surib borayotir. “O‘tkir aka ham shu tomonda turarmikan?” Men manzilga yetgach, tushishga hozirlandim. O‘tkir aka hamon o‘sha alpozda o‘tiribdi. Avtobus to‘xtadi. Men tushdim. Avtobus jilgunicha bekatda turdim. “Balki O‘tkir Hoshimov ham tushar. Bordi-yu tushsa, zo‘r bo‘lardi, tanishib olardim”. Yo‘q, tushmadi. Avtobus yo‘lida davom etdi. U bilan O‘tkir Hoshimov ham ketdi. Avtobus ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha qarab turdim. Keyin o‘zimni koyidim: “Nimaga bormading oldiga? Muncha lallaymasang”.
Shu xayollar bilan ijaraxonamga bordim. Miyamda O‘tkir Hoshimov degan yozuvchi, uning “Cho‘l havosi” qissasi aylanaverdi. “Qanday baxtli yozuvchi. Birinchi qissasidan mashhur bo‘ldi. Abdulla Qahhorday ulug‘ yozuvchining nazariga tushdi… “Cho‘l havosi” zo‘r asar. Botir bilan Ziyodaning muhabbati havas qilgulik… Zo‘r yozgan-da…”
Shundan keyin har gal 23-avtobusga chiqsam O‘tkir akani qidiradigan bo‘ldim. Eng orqa o‘rindiqqa ko‘z tashlayman. Go‘yo u kishi doimo o‘sha yerda o‘tiradigandek. “Endi ko‘rsam, albatta oldiga boraman, tanishaman”.
Omadim chopdi. Bir kuni odatdagiday avtobusga chiqdim-u, orqa o‘rindiqqa qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi o‘sha joyda o‘tiribdi O‘tkir aka. Suyunib ketdim. Bir necha kun oldin ko‘rganimday plashiga burkanib, hech kimga e’tibor bermay o‘tiribdi. Men ham orqa o‘rinlardan joy izladim. Maqsad – O‘tkir Hoshimovga yaqinroq o‘tirish va imkon topib oldiga borish. Qani edi, yondosh joy bo‘shasa. Avtobus uch-to‘rt bekat yurgach, O‘tkir akaning yonida o‘tirgan kishi tushib ketdi. Darhol o‘sha joyga o‘tib oldim. O‘tkir aka yonidagi odam tushib ketganiga ham, men borib yoniga o‘tirganimga ham e’tibor bermadi. Nima deb gap boshlashni bilmayman. Vaqt o‘tyapti, manzilimga yaqinlashyapman. Avtobus kutilmaganda qattiq tormoz berdi. Barcha yo‘lovchilar qalqib ketdi. Haydovchining so‘kingani eshitildi. O‘tkir aka o‘rindiqni qattiq ushladi-da, menga qaradi: “Nima bo‘ldi?” “Bilmadim… Kimdir ko‘chani bexos kesib o‘tdi, shekilli” dedim. Avtobus yana bir maromda davom etdi. Bu holat O‘tkir aka bilan gaplashish imkonini bergandi menga.
– Men Sizning “Cho‘l havosi” qissangizni o‘qiganman, – dedim tomdan tarasha tushganday.
O‘tkir aka yalt etib menga qaradi.
– Yoqqanmi?
– Judayam… Botirga havasim kelgan… Maktabimizda hamma qiziqib o‘qigan.
– Maktabda o‘qiysizmi?
– Qissangiz jurnalda chiqqanda o‘quvchi edim. Hozir universitetda o‘qiyman.
Endi O‘tkir aka men tomonga o‘girilib oldi.
– Shunaqami? Qaysi universitetda, kim bo‘lmoqchisiz? – deb qiziqdi.
Men o‘zimni ancha tutib olib, bemalol suhbatlasha boshladim.
– ToshDUda, jurnalist bo‘lmoqchiman.
Bu gapim u kishini qiziqtirib qo‘ydi.
– Iye, zo‘r-ku. Hamkasb ekanmiz-da, – dedi jilmayib. – Nechanchi kursdasiz?
– Ikkinchi… Faqat kechqurun o‘qiyman.
– Kunduzgiga kirolmadingizmi?
– Men kelganimda jurnalistikaning kunduzgisi yo‘q ekan. Toshkentliklar kechkiga, viloyatdan kelganlar sirtqiga qabul qilinar ekan. Men noiloj sirtqiga topshirdim. Ammo kechkida o‘qiydiganlar bilan o‘qishga qatnab yuribman. Keyinchalik kunduzgiga o‘tarman.
– Kunduzi biron joyda ishlaysizmi?
– Ha. Avval qurilishda ishladim. Yaqinda “O‘zbekiston madaniyati” gazetasiga ishga kirdim.
– Zo‘r-ku, – dedi O‘tkir aka, astoydil xursand bo‘lgani sezilib turardi. – Laziz akadami? U kishi zo‘r olim. Universitetda ham dars beradi.
– Bilaman, bizga ham dars o‘tganlar.
– Yaxshi qipsiz. Men ham avval sirtqi bo‘limda o‘qiganman. Keyin kunduzgiga o‘tganman. Jurnalistikada redaksiyada ishlashning ahamiyati katta. Men “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlayman. Bir keling redaksiyaga, gaplashamiz, – dedi mehribonlik bilan.
Shundan keyin bir-ikki u kishining oldiga bordim. Nima yozishim bilan qiziqdi. Xullas, ancha yaqinlashib qoldik. O‘tkir akaning birin-ketin yangi asarlari chiqa boshladi. “Shamol esaveradi”, “Odamlar nima derkin” qissalari e’lon qilindi. Ayniqsa, “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol” qissalari unga shuhrat keltirdi. “Bahor qaytmaydi” bo‘yicha telerejissyor Mirabbos Mirzaahmedov ko‘p qismli telefilm ishladi. Bu esa asar dovrug‘ini yanada oshirdi.
Keyin “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Dunyoning ishlari”, “Tushda kechgan umrlar” kabi asarlari chiqdi. Bir qancha pyesalari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnaga qo‘yildi.
Men O‘tkir akaning barcha asarlarini sanab o‘tish va tahlil qilishdan tiyilaman. Ular haqida ko‘p va xo‘b, yozilgan. Xususan, Ozod Sharafiddinov, Baxtiyor Nazarov, Umarali Normatov, Abdug‘afur Rasulov singari ustoz adabiyotshunos va munaqqidlar teran tahlil qilishgan. Qolaversa, bu asarlarning barchasini kitobxonlar sevib o‘qigan. O‘tkir Hoshimov kitoblari qayta-qayta nashr qilingani va 80-yillardayoq asarlari adadiga ishora o‘laroq “millioner yozuvchi” nomini olgani ham bu fikrga dalil bo‘la oladi. O‘tkir akaning avvalo farzand, so‘ngra yozuvchi sifatida onasiga bo‘lgan hurmati, muhabbati xususida muxtasar fikr yuritmoqchiman.
Onani yo‘qotish har bir farzand uchun og‘ir judolik. Onaning necha yoshga borgani, farzand necha yoshdaligi, mansabi-yu jamiyatdagi mavqeyining ahamiyati yo‘q. Onadan ayrilish eng og‘ir musibat. Albatta, bu musibatni har kim har xil qabul qiladi, boshdan o‘tkazadi. Ana shu nuqtayi nazardan O‘tkir Hoshimovning onasi vafotidagi holati sira xotiramdan chiqmaydi. Janozada qatnashgan edim. Ochig‘i, o‘sha kuni O‘tkir akaning holatini ko‘rib, yig‘lamagan odam qolmadi, desam ishonavering…
Oradan ko‘p o‘tmay O‘tkir aka “Dunyoning ishlari” degan go‘zal bir kitob insho qildi. Bu kitobni shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Har qanday bag‘ritosh odamning ham yuragi zirqirab ketadi uni o‘qiganda. Ona to‘g‘risida, ularning buyukligi, o‘rni haqida ne-ne ulug‘ zotlar yozgan. O‘tkir Hoshimov bu nihoyatda qadimiy, mangu va aytish mumkinki, tabarruk mavzuga mutlaqo boshqacha rakursda yondashgan. O‘zbek onalarining naqadar mehribonligini, oilasiga, farzandlariga, hatto qo‘ni-qo‘shnilariga mehr-muruvvatini g‘oyat aniq detallar bilan sodda tilda tiniq ifodalab bergan. Ushbu asarni o‘qigan har bir o‘zbek o‘z onasini tasavvur qiladi. Zotan, ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov yozganidek,
Ona ketsa, yulduz-ku yulduz,
Qulab tushsa arziydi osmon.
Birgina misol keltiraman. Ancha yil oldin Toshkentga kelgan amerikalik o‘zbekshunos bir olima “Dunyoning ishlari”ni o‘zbek tilida o‘qib, dod solib yig‘lab yuboradi, onasini juda qattiq, chidab bo‘lmas darajada sog‘inganini aytib, safarini oxiriga yetkazmay uyiga qaytib ketadi. O‘ylaymanki, bu misolga izoh-u tahlilning hojati yo‘q. Yuqorida eslaganimiz rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov shu qissa bo‘yicha ko‘p qismli telefilm ishladi. O‘zbekiston xalq artisti Saidkomil Umarov bosh qahramon rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan. Bu film shu paytgacha O‘zbekiston televideniyesi orqali necha marta namoyish etildi – aniq aytish qiyin.
Bu kitobi bilan O‘tkir Hoshimov nafaqat o‘z onasiga, umuman, zahmatkash o‘zbek Onalariga mangu haykal qo‘ydi! Kitob rus tilida ham nashr etildi. Uni muallifning o‘zi tarjima qilgan. Zero, asardagi tuyg‘ularni, hayajon-u armonlarni hech kim – eng mahoratli, eng zo‘r mutarjim ham muallif darajasida his eta olmasdi…
O‘tkir Hoshimov adiblik bilan ijtimoiy faoliyatini qo‘shib olib bordi. Turli mas’ul lavozimlarda ishladi. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari, “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir, Oliy Majlisning Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali mehnat qildi. Ijtimoiy faoliyati davomida asarlarida kuylangan adolat, halollik, inson qadri, millatimiz sha’ni va obro‘yini ulug‘lash, ona tilimizning nufuzi va mavqeyini ko‘tarish, nafosatini namoyish etish, muqaddas dinimizni qadrlash kabi ezgu ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Qur’oni Karimning o‘zbek tilidagi ilk muxtasar tafsiri shayx Alouddin Mansur tarjimasida aynan O‘tkir Hoshimov bosh muharrirlik davrida “Sharq yulduzi” jurnalida bosildi.
Biz O‘tkir aka bilan doimo hamkorlikda ishladik. Ayniqsa, u kishi Oliy Majlisning Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan yillarda (1995–2005) juda baqamti faoliyat olib bordik.
O‘sha kezlari men O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari edim. Lavozimim taqozosiga ko‘ra Oliy Majlis yig‘ilishlarida, boshqa yuqori idoralar, nufuzli tashkilotlarda bo‘ladigan majlislarda qatnashardim. Ana shu mashvaratlarda ko‘pincha O‘tkir aka bilan uchrashar, suhbatlashar, ayrim muhim masalalar yuzasidan maslahatlashar edik. Shunaqa gaplar orasida O‘tkir aka “Ijod nima bo‘lyapti? Biron narsa yoza olyapsizmi? Vaqt bo‘lyaptimi?” deb so‘rab qolardi. Sezardim, bu gapni ichki dard bilan, o‘tayotgan vaqtga achinish bilan aytardi. Men kulib qo‘ya qolardim. Bu kulgining ma’nisini u kishi yaxshi bilardi. “Tushunaman… Lekin harakat qiling… Siz-u bizdan qoladigani shu bo‘ladi”, derdi. Koshki edi, u vaqtlarda biron nima yozishga imkon bo‘lsa. Oq qog‘ozni qoralamoq ketmon chopish emas-ku… Ammo hech kimga hech nimadan noliganim yo‘q. O‘sha ishlarni ham kimdir qilishi kerak edi-da. Hamma o‘zini chetga olsa, faqat shaxsiy ishi bilan mashg‘ul bo‘lsa, u ishlarni kim qilardi?.. Har ne vaqti-soati kelganda amalga oshar ekan. Shukur qilmoq kerak…
Shu mazmunda ko‘p gurung qilganmiz O‘tkir aka bilan…
Mening ijodiy faoliyatimda ham O‘tkir akaning yordami va maslahati ko‘p bo‘lgan. Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinishimda tavsiyanoma berganini, bir hikoyalar to‘plamimga taqriz yozib, nashriyotga tavsiya etganini unutmayman.
O‘tkir aka ko‘ngli ochiq, samimiy, dilkash, o‘zgalardan, xususan, yoshlardan yordamini ayamaydigan bag‘rikeng inson edi.
U kishi umrining so‘nggi yillarida og‘ir dardga chalindi. Oxirgi marta kimningdir janozasida ko‘rdim. Og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazganidan xabarim bor edi. Ancha o‘zini oldirgan, ammo ruhi tetik, ayniqsa, ko‘zlari chaqnab turgan edi. Bu hol u kishining irodasi mustahkam ekanidan dalolat berardi.
O‘tkir Hoshimov 2013-yilda bu foniy dunyoni tark etdi. Adib bunday yozgan edi: “Yaxshi farzand ota umrini davom ettirgani kabi yaxshi asar yozuvchi umrini davom ettiradi”. O‘tkir akaning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, hamon sevib o‘qilmoqda. Demak, yozuvchining umri davom etmoqda.
Mamatqul HAZRATQULOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



