02.09.2025 | 15:48
328
“AVAZA”NING OVOZASI
Bugun dunyo qalqib turibdi. Mushtdek zaminning turli puchmoqlarida gohi notinchlik, gohi tortishuv va janjallarni eshitib, televideniyeda ko‘rib, to‘g‘risi, boshidan qattiq kunlarni o‘tkazgan, qahatchilik zamonlarni ko‘rgan bizdek mo‘ysafidlar yurak hovuchlab o‘tiradi. Insoniyat uchun bu olamda tinchlik va xotirjamlikdan ko‘ra buyukroq ne’mat yo‘q. Xotirjam odam bunyodkorlik ishlari, ijod va san’at bilan mashg‘ul bo‘ladi. El-yurtida, oilasida tinchligi bo‘lgan odamning yegan luqmasi tomog‘idan o‘tadi, ichiga tushadi. Yuzlari yorishadi, ruhi orom olib, jismi turli marazlardan xoli bo‘ladi.
Men bugungi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy ob-havosi har qanday inson qalbiga orom berishini, bunyodkorlik bilan shug‘ullanish imkonini taqdim etayotganini kuzatib, behad quvonaman. El-yurtimiz, xususan, Prezidentimiz haqiga ezgu duolar qilaman. “Yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, duo bilan el”.

Ming yillardan beri tildan-tilga ko‘chib kelayotgan bu hikmatning hayotiy ifodasini mendek yoshi ulug‘ insonlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turibdi.
Nima demoqchiman? Adolatli, haqgo‘y, ma’rifatparvar, olimparvar bir inson bo‘lsa va u davlatni boshqarsa, nazarimda, jamiyat hayotining juda ko‘plab jabhalari gullab-yashnaydi. Fuqaro halovatda yashaydi. Men muhtaram Shavkat Mirziyoyevni ko‘p yillardan beri bilaman.
Yonma-yon birga ishlaganmiz ham. Shu jarayonlarda g‘ayrat va shijoatiga, mehnatkashligi va yonidagi insonlarga nisbatan xolis hamda adolatli munosabatiga juda ko‘p guvoh bo‘ldim. Bugun esa bu inson fitratidagi ayni fazilatlar xalqaro ko‘lamga ko‘tarildi, Respublika xalqining turmush tarzidagi muammolarni adolatli hal etishda asosiy o‘ringa chiqdi. Zotan, bu genial xislat, liderlik dunyo ahli tomonidan e’tirof ham qilinmoqda.
Buning isboti shuki, bir oy avval Turkmaniston Prezidenti qarori bilan “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni – nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bizning Prezidentga o‘sha mukofotni taqdim etayotgan mahali, to‘g‘risi, beixtiyor ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Ayniqsa, Prezidentimiz bu berilgan mukofotni o‘zbek xalqiga atalgan siylov-mukofot ekanini aytganlarida, garchi oyoqlarimda biroz og‘riq bo‘lsa ham, sekingina o‘rnimdan ham turdim, qarsak ham chaldim, to‘g‘risi.
Chunki “Hoy” desa ovozi yetib borib-yetib keladigan yaqin qo‘shni mamlakatlarning rahbarlari o‘zaro yaqinlik, og‘a-inilik, qon-qardoshlik ildizlarini har on eslab turishsa, nazarimda, bugungi globallashgan zamonda eng oqil va dono siyosat aynan mana shudir.
Kechagina yurtimizning rahbari yana Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov taklifiga ko‘ra Turkmanistonga – Avazaga bordi. Bu safar uch mamlakat – O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon respublikalari o‘rtasidagi jiddiy masalalar muhokama qilindi. Menimcha, bu uchrashuv ham har uchala mamlakat uchun juda muhim bir anjuman, albatta. Rahbarlarning yuzi-ko‘zlarida, OAVga bergan intervyulardagi so‘zlarida samimiyat, mamnuniyat yaqqol sezildi.
Men o‘z vaqtida davlatlararo o‘tkaziladigan bunday anjumanlar ishtirokchisi bo‘lganman. Ayniqsa, mamlakat miqyosidagi hujjatlarni imzolash, kelajakda ularni hayotga tatbiq etish – oson ish emas. Rasmiy hujjatga imzo qo‘yilgandan keyin uning mas’uliyati bo‘ladi. Rasmiy hujjat – bu bir parcha qog‘ozdagi yozuv, imzo va muhr. Ammo shu bir parcha qog‘ozda insonlarning hayot yo‘liga, tirikchiligiga, mamlakatlar obodligiga taalluqli juda ko‘p masalalar o‘z ifodasini topgan bo‘ladi. O‘tgan uchrashuvlarda ta’lim sohasiga e’tibor tufayli Toshkentda juda ko‘plab turkmanistonlik talabalar ta’lim ola boshlashdi. O‘zbek olimlarining bilimi, qalb nuri qo‘shni respublikadan kelgan yoshlar shuurini yorita boshladi. Ma’rifat yoshlarni birlashtiradi. Ikki yil oldin Ozarbayjon Respublikasining Fuzuliy shahrida Prezidentimiz ozarbayjon o‘quvchilariga yurtdoshimiz, koinotshunos alloma Mirzo Ulug‘bek nomidagi maxsus maktabni qurib sovg‘a qildi. Bu ham mehr va muruvvat hosilasi sanaladi. Maktabga, ta’limga, ilm-fanga berilgan e’tibor ortidan og‘ir va yengil sanoat, turizmning turli yo‘nalishlari asta-sekin taraqqiy etadi. Dunyodagi barcha odil va dono rahbar o‘z millati, xalqi farovonligi, tinchligini o‘ylaydi.
Nazarimda, shu e’tibordan Turkmanboshi shahri yaqinidagi ulkan turistik maskanlardan biri bo‘lgan Avazada tashkil etilgan xalqaro anjuman o‘z qadr-qiymatiga ega. Har uchala mamlakat rahbarlari Kaspiy dengizi bilan bog‘liq logistika va yuk tashuv masalalarini, qimmatbaho yer osti boyliklarini birgalikda o‘zlashtirish, shuningdek, sanoatning bir qancha jabhalarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi. Bunday ishchanlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan muhokamalarning barchasi qardoshlik, qo‘shnichilik, do‘stlik, hamkorlik rishtalarining yana ham mustahkamlanishiga asos bo‘ladi, albatta. O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon Respublikalari rahbarlarining “Avaza” uchrashuvidagi o‘zaro qon-qardoshlik va hamkorligining ibratona ovozasi butun dunyoga tarqalishini tilayman.
Bizga shunday tole ato etgan Mustaqilligimiz bunyodkor xalqimizga muborak bo‘lsin, doimo xushxabarlar yo‘ldoshimiz bo‘lgay, deb duo qilib qolaman!
Oqil SALIMOV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



