Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.06.2026 | 12:00

img2275

BOLALIK  KUNLARI

Xotira hikoyalar

1. Charxpalak

Qachon esim kirgan vaqtni aniq eslayman. Beshinchi sinfni bitirib, oltinchi sinfga o‘tgan edik. Qirq yettinchi yo qirq to‘qqizinchi yillardir, har holda elliginchi yil emas. Elliginchi yilda o‘ta dabdaba va aloxon-u alomon bilan targ‘ib qilingan kattakon “O‘zbek poeziyasi antologiyasi” degan dohiy surati va ipaklar bilan bezatilgan kitobga umrimda ilk bor obuna bo‘lgan edim. Ul o‘ta sharafli kitobga muhtaram Oybek domla xayl-u hasham chekib so‘z yozgan edilar. Shul dabdabali kitobdan birinchi marta o‘zbek she’riyatining kommunistcha talqini borasida tasavvur olgan edim. Undan oldinroq tog‘am Husanbek Ibodovning kutubxonasida 40-yilda chiqqan ajoyib xrestomatiya bilan tanish bo‘lganim uchun tog‘am bu olamshumul xrestomatiyani universitetga kirgan yilim sovg‘a qilgan edilar. Rostini aytsam, xrestomatiya bilan antologiya o‘rtasida ancha vaqtgacha arosatda qoldim. Fikrimni yig‘ishtirolmay yurdim. Ancha yillardan so‘ng haqiqatni ilg‘aganday bo‘ldim.

* * *

Odam qachon aniq esi kirgan yil yo vaqtni aytib bera olmaydi. Chunki buni ko‘p o‘ylab o‘tirmaydi. Otam tub usta shirmonpaz novvoy edilar. Amakilarim va ammalarim ham shirmonpaz novvoy edilar.

Ularga shirmonpazlik ko‘p avlodlardan asl meros bo‘lib o‘tib kelardi. Shoshda aksar hunarmandlar kitobparast va ilmparast ham bo‘lishardi. Amakilarim o‘z zamonasining gazetlarini o‘qib o‘tirishar, ammalarim qalin matodan tikilgan xaltalaridagi bir turli kitoblarni qarindoshlarini ko‘rgani borganda jam bo‘lib o‘qishardi. Ashulaga o‘xshatib mutolaa qilishar, ora-orada hammalari yig‘lab-yig‘lab olishar va ko‘zyoshlarini ro‘mollarining uchlariga artishardi.

Otam urushdan qaytgach, tandir qurib mahallaning ehtiyoji uchun non yopa boshladilar. Mahalla oqsoqoli: “Usmon aka, mahalla-guzar noningizni juda sog‘ingan. Hunarni yo‘lga qo‘ying”, deb bir necha marotaba mahalla ahlining iltimosini dadamga yetkizgan ekan. Men shundan keyin otam qarib qoldi deb, unga xamir qorishga qarasha boshladim.

Katta mis tog‘orada birinchi xamir qorgan kunimni esim kirgan vaqt deb hisoblayman. Chunki qarib qolayotgan otamga yordam berishim kerakligini o‘zim anglab yetdim. Kechasi soat uchlarda turib mis tog‘orada ham kaftlarim, ham bilaklarim va, ayniqsa, tirsaklarim bilan ishtiyoqim jo‘sh urib shirmoy xamirini qordim. Otam nima qilish kerakligini ko‘rsatib turdi, o‘zi tandirga ko‘mir qalash bilan shug‘ullandi. Keyin men qorgan xamirni yana boshdan ikki-uch ag‘darib, rosa pishitdi. Xamir mis tog‘orada gumbazday bo‘ldi. Otam kafti bilan tepasiga urgan edi gum-gum degan ovoz chiqdi. So‘ng ustini qalin mato bilan o‘rab qo‘ydi: “Ana endi birpasdan so‘ng yetiladi, o‘g‘lim”, dedi. Xamir yetilgach, zuvala uzdi va menga kulcha tayyorlashni o‘rgatdi. Menga bu ish juda ma’qul tushdi. Ammo qattiq uyqim keldi va non yasay turib uxlab qoldim. Otam kuldi: “Bor, o‘g‘lim, endi uxlay qol”, dedi. Men ayvondagi o‘rnimga yotib toshday qotib uxladim.

Men ana shundan beri o‘z xamirimni o‘zim qoraman. Lekin qari otamga ilk bor qarashganim hech esimdan chiqmaydi.

* * *

Biz maktabda beshinchi sinfni bitirdikmikin, yo oltinchi sinfni bitirib, yettinchiga o‘tdikmikin, may oyining oxirlariga borib ta’tilga chiqdik. Oxirgi o‘qish kuni shunchaki quruq xayrlashib ketish va shu bilan uch oygacha ko‘rishmaslikni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Hammamiz yozda nima qilishimiz haqida chuvurlashib gaplashdik. Bizning sinfda mahallamizdan besh-olti bola o‘qirdi. Sebzor, Tarnovboshi, Taxtapul, Yangiariq tomonlardan ham bolalar kelardi.

Sebzordan Erkin kelardi. U juda parang kiyingan bo‘lardi. May oyida ham, umuman, bahor oylarida kunlar isiganda, Erkin yo jujuncha, yo kalaminka matodan chiroyli, o‘ziga juda yarashadigan kostyum-shim, oq yoqa-yenglari toza ko‘ylak, o‘sha paytda urf bo‘lgan qalin latta shippak kiyardi. Men sinfimizda ozodalikka mas’ul edim, Erkinning bu shinam kiyinishiga doim e’tibor berardim. U yumshoq yurar, yumshoq so‘ylar, shaxmat, matematika, adabiyot to‘garaklaridan boshqa o‘yinlarga qatnashmasdi. Sinfimizda uni hammamiz atoqli o‘quvchi deb tan olgan edik.

Maktabda bizga yuqori sinflarda o‘qiyotgan Sayyorpo‘lat Fayzullayev (keyinchalik Sayyor taxallusi bilan mashhur bo‘lgan), Erkin Qosimov singari oltin kelajakli o‘quvchilar yetakchilik qilishar, dramto‘garaklarga boshlab borishar, Oybek, Mirtemir, G‘ayratiy, Qudrat Hikmat, Quddus Muhammadiy singari mashhur shoirlar bilan maktabimizda uchrashuvlar uyushtirishar, turli bayramlarda ma’ruzalar, she’rlar o‘qishar, “Alisher Navoiy” nomli juda mashhur dramada rollar o‘ynashga jalb etishardi. Sayyor Erkinni Labzakdagi mashhur o‘quvchilar saroyidagi adabiyot to‘garagiga o‘zi boshlab borib a’zo qilgan edi. Erkin bu o‘quvchilar to‘garagida ustoz G‘ayratiy domladan adabiyot va she’r yozish qoidalarini puxta o‘rganib olgandi. U “Alisher Navoiy” dramasida Mo‘min Mirzo rolini o‘ynab maktabda shuhrat qozongan, hammamiz, to‘g‘risi, unga ortiq havas qilib qarardik.

Erkin esa o‘ta kamtar, o‘ta odobli, butun xatti-harakatlarida tabiiy nazokat yog‘ilib turardi. Yangi yil, May, Oktyabr bayramlarida she’rlaridan o‘qir, she’rlari devoriy gazetada chiqqanda, o‘quvchilar duv-duv kelib ko‘plari ovozini baland ko‘tarib o‘qishardi. Erkin esa “E-e…” deb o‘zini nihoyatda kamsuqum tutardi. Uni maktab o‘quvchilari qanchalar yaxshi ko‘rsa, o‘qituvchi muallimlarimizning ham Erkin deganda og‘zidan bol tomardi. Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum, deb baxtli bashorat qilishardi.

* * *

Ammo shunchalar bo‘lsa ham, Erkinning tiniq ko‘zlari g‘oyatda ma’yus boqardi. Og‘ir yuk bosganday yelkalarini doim uchirib yurar, go‘yo bu yukni yelkasidan itqitib yubormoqchiday bo‘lar, ammo bunga murg‘ak kuchi yetmasday edi. Erkin bu sirli yuk zalvorini umr bo‘yi his qilib yashadi. Bir zumga bo‘lsin undan o‘zini xoli sezmadi. Bu yukning og‘irini nima bilandir yengishim kerak deb o‘ylardi u muttasil. Juda erta chog‘idan ichi yig‘lab, faryod go‘yo ko‘ksidan otilib tursa ham, dard-u g‘amga kulib, tik qarashga o‘rgandi. Dardlarini doim bolalik quvonchlari ichiga yashirishni odat qildi. U do‘stlariga juda hazilkash, so‘zamol ko‘rinardi. Turli hayotiy holatlarga g‘oyatda kutilmagan kulgili, latif ta’riflar berib qolardi. Ta’riflar ich-ichidan do‘lday yog‘ilib kelardi. U aslo chiranmasdi, ta’riflar yuragidan dur bog‘lab chiqayotganga o‘xshardi.

Xotira hikoyamizni qirqinchi yillarning oxirida gilos, o‘riklar pishib, bog‘lar yashnab, yoz chiqqanidan boshlamoqchi bo‘lgandik. Taxtapuldagi 22-o‘rta maktabimiz ro‘parasida boloxonalik pochta binosi joylashgan, pochta bilan maktabimiz darvozasi orasidagi yo‘ldan Ishchilar shaharchasi degan oxirgi bekatga 10-tramvay qatnaydi. Bu yo‘lga Eski Jo‘vadagi bosmaxona aylanasidan boshlab tosh to‘shalgan, tramvay izi shu tosh yo‘lga yotqizilgan. Erkin Sebzor bekatidan tramvayga chiqib maktabga qatnaydi, pochta oldida tushib qoladi. Sebzor, Oxunguzar singari bekatlardan chiqqan ba’zi sho‘x bolalar tramvay hali pochtaga yetmay undan sakrab tusha boshlaydilar. O‘zlarini o‘nglolmay yiqilganlari, oyoq-qo‘llari shilinganlari ham bo‘ladi. Lekin Erkin hech qachon tramvay bekatda to‘la to‘xtamay undan sakrab tushgan emas.

Keyin tramvay picha aylanib, Taxtapulning ko‘prigidan guldirab-g‘iyqillab aylanib o‘tadi va oxirgi bekatiga guldirab jo‘naydi. Taxtapuldan Kalkovuz suvi oqadi. Ko‘prikdan keyin u ikki tarmoqqa bo‘linib, bir tarmog‘i Qichqiriq jari va shovvasi tomon yo‘l oladi. Ikkinchi tarmog‘i g‘arbga qarab oqib Qizil Qo‘shin, Qumloq, Xasti imom, Guruchariq tomonlardagi chuqur vahimali jarlarga jo‘naydi. Ko‘p aylanalari va ko‘priklari bor. Bizning bog‘zor mahallamizning eski nomi Teshik qopqoq, bu yerda tarixiy qadim mozor elning ziyoratgohi. Men shu Teshik qopqoq bog‘ida tug‘ilganman.

Men el-yurtning og‘zidan eshitdimki, Erkinning ota-onasi shu mahallamizdagi Teshik qopqoq qabristoniga qo‘yilgan. Ilgari Sebzor, Tarnovboshi singari mahallalardan mayyitlar Teshik qopqoqqa olib kelingan – ularga shu yerdan joy ajratilgan.

Erkin sakkiz-to‘qqiz sabiy yoshida avval otasi Cho‘yanboy akadan, so‘ng onasi Roziya bibidan ayrilgan. Ota-ona qirq-qirq besh yoshlarida urush fojialariga duchor bo‘lib, Toshkentda olamdan o‘tishgan. Erkin avval ota tobutiga, so‘ng onasiga ergashib Teshik qopqoqqa kelgan. Lekin oradan yillar o‘tib, elliginchi yillar ham yetib kelib, otasi va onasi qayerga aniq qo‘yilganini esidan chiqargan. U: “Ibrohim, mening ota-onam Teshik qopqoqqa qo‘yilgan, lekin qayerdaligini bilmayman. Qidirib topsak bo‘larmikin? Sen o‘sha yerda turasan-ku, a?” deb so‘ragan. “Asad, Fayzulla, Mansur, Sobit, Sayfilar – hammasi bizning mahalladan, so‘rab topamiz, albatta”, deb uni yupatdim.

* * *

Mana endi maktab o‘qishidan ta’tilga chiqib, hammamiz sinfdoshimizni mahallamizga mehmonga chaqirishni niyat qildik. Ta’tildan bir kun oldin peshinda Kalkovuzda cho‘milmoqchi bo‘ldik. Qizil qo‘shin degan joyda, 119-maktabning orqa tomonida Kalkovuz oqib o‘tadi. Kanal qazilganda chiqarib tashlangan tuproq usti baland, tor piyoda yo‘liga aylangan. Bu yerda katta charxpalaklar o‘rnatilgan va ular maktab bog‘i va mahallaning bir qismiga suv chiqarib beradi. Charxpalaklar juda baland, vahimali va ko‘p suv tortadi. Mana shu Kalkovuz bo‘yi kamqatnov yo‘l, yoz oftobida kun bo‘yi qizib yotadi. Bolalar bu yerda cho‘milib, qizigan tuproqda yotishni yaxshi ko‘rishadi. Biz Teshik qopqoqqa borishdan oldin mana shu yerda Erkin bilan birga yig‘ildik. Quyosh o‘t purkaydi. Kalkovuz suvi muzdak, tiniq va rohatijon. Hammamiz toza quvalashib, o‘bdon cho‘mildik. Sharshara tomonlardan oqim bo‘ylab oqib keldik.

Erkin charxpalak tagiga guvillab kirayotgan oqimdan sho‘ng‘ib o‘tmoqchi bo‘ldi. Uni qaytarishga ulgurolmay qoldik. Suv shiddat bilan uni charxpalak tagiga olib kirib ketdi. Charxpalakning katta chelaklaridan guldirab, sharillab novga suv quyiladi. Erkin bir zum yo‘q bo‘lib ketdi. Hammamiz baravar qichqirib yubordik. Suv oqimi bizni shahd bilan oqizib ketyapti. Bir mahal qarasak, charxpalakdan o‘n qulochlar narida Erkinning boshi ko‘rindi, oqim uni aylantirib, girdobga solib, oqizib borardi. Hammamiz hayqirishib unga tomon shitob bilan otildik. Asad chaqqon hammadan oldin unga yetib bordi va yelkasidan quchoqlab suvdan boshini ko‘tardi va darhol qirg‘oqqa qarab tez suzdi. Shilqillab qolgan Erkinni sohilga suyab olib chiqdi, oftobga o‘tqizdi, ko‘kragidan bosgan edi, Erkinning og‘zidan suv otilib chiqdi va u o‘qchib yo‘tala boshladi. Hammamiz birdan yengil tortdik. U dir-dir qaltirar, bizga qaramasdi. Hammamiz uni silash, uqalashga tushib ketdik. Yarim soatlardan so‘ng Erkin o‘ziga keldi va oftobda cho‘zilib yotdi. Ko‘kragiga qizigan tuproq tortti.

– Erkin, nega unday qilding, og‘ayni? Ko‘rmaysanmi, charxpalak odamni yamlab yutib yuboradi?!

– Charxpalakning ustiga chiqmoqchiydim, – deb siniq kuldi Erkin. – Qarasam, tagiga kirib ketibman…

– Kallavaram! – dedi Muxtor. – Hammamizni qo‘rqitib yubording. Birov senga charxpalakning ustiga chiq dedimi? Yo tagiga kir dedimi? O‘lib ketsang nima bo‘lardi?

– Charxpalakdan oshib o‘tmoqchiydim…

– O‘rtoq, joning tekinga qoldi, – dedi Asad.

– Og‘aynilar, bo‘ldi, kiyininglar. Endi biznikiga boramiz. Oyim mastava qilganlar. Keyin dam olamiz. Ertaga mozorni aylanamiz. Mozor ham juda vahima…

– Bolalar, Qumloqqacha uchta ko‘prik bor. Hammamiz Qumloqqacha suzib bormaymizmi? – dedi Muxtor.

– E, qo‘ysang-chi, – deydi boshqalar chuvillashib. – Shu ahvolda Qumloqqa borib bo‘ladimi?

– Lekin boshqa bir kuni albatta boraylik, ko‘priklarning tagidan o‘tish juda qiziq… Suv muzdek, qorong‘i.

Hech kim bu taklifni qabul qilmadi. Lekin keyinroq g‘ildirak kameralarini topib kelib, Taxtapuldagi sharsharadan Xasti imomgacha oqib bormoqchi bo‘lishdi. Bunga hamma rozi bo‘ldi.

* * *

Muxtor – Erkin bilan doim bahslashib yuradigan qiziqqon sinfdoshimiz. Doim Erkinni shaxmat o‘ynashga tortadi. Keyin yutqizsa, alam qilib janjallashadi. Doim Erkinga teskari gaplar aytadi, Erkin algebrani, ona tili va adabiyotni undan ko‘ra chuqurroq tushunadi. Lekin Muxtor buni hech tan olgisi kelmaydi. Algebra domlamiz Nosirxon aka doim ularni yarashtirish bilan ovora. Erkin algebrani Xorazmiy yaratganini aytsa, Muxtor: “Yo‘q, noto‘g‘ri algebrani Xayyom yaratgan”, deb o‘qigan kitoblarini so‘ylab ketadi. Nosirxon domla Erkinning fikriga qo‘shiladi. Ana undan keyin Muxtorning jig‘ibiyroni chiqishini ko‘ring. Keyin Muxtor katta injener olim bo‘ldi. Arab mamlakatlarida ishladi. Kaspiyda cho‘milib, to‘lqinlar orasida qolib ketdi…

Yettinchi sinfimiz hammasi shunday kashshof bolalar. Ko‘plari ixtirolar qilishga qiziqishadi.

Elliginchi yilda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida Stalinning “Tilshunoslik masalalari” degan katta shov-shuv bo‘lgan risolasi chiqqanda, kutubxona gazetasini olib Erkin bilan birga o‘qib chiqqanmiz. Gapning ochig‘i, hech narsani tushunmaganmiz. Lekin miyamiz tilshunoslik va jamiyatshunoslik tushunchalari bilan to‘lib-toshib ketgan. Erkin o‘shanda taniqli jurnalist tog‘asining nima deganini aytib berdi. Tog‘asi: “Tushunmasanglar ham o‘qiyveringlar, miyalaringda bir narsa qoladi. Keyin hayot o‘zi tushuntiradi”, deb aytgan ekan. Bu so‘z bizni juda o‘ylatib qo‘ydi.

O‘sha yili Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar” romani chiqdi. Erkin bilan uni ketma-ket o‘qidik. Gapning ochig‘i, “Tilshunoslik masalalari”ni o‘z holimizcha o‘qiganimiz uchun bizga “Oltin vodiydan shabadalar” tushunsa bo‘ladigan asardek tuyulgan. Ammo Izzat Sulton degan katta olimning roman haqidagi “Qizil O‘zbekiston”da bosilgan maqolasini o‘qigach, yana qayta boshdan chalg‘ib ketdik. To‘g‘ri-to‘g‘rimas fikrni topolmay qoldik. Lekin baribir unchalik tushunchamiz yetib bormasa ham o‘sha paytlardagi ruscha, o‘zbekcha turli kitoblarni o‘qiyverardik. “Mening ko‘rganlarim” degan kitob esa bizga dunyoning shedevri bo‘lib ko‘rinardi.

* * *

Erkin qanday qilib shunday bahaybat charxpalak tagidan o‘tish xayoliga kelib qolganidan o‘zi hayron bo‘ldi: “Nega o‘rtoqlarimni qo‘rqitib yubordim? Yaxshimas! Nimadan qutulmoqchi bo‘ldim?”

U yuragining tubida doim allaqanday xavfli bir narsadan qutulmoqchi bo‘lib yurar, lekin buning nima ekanligiga o‘ziga hisob berolmasdi, bu ongiga sig‘masdi, ammo shunday qorong‘i bir mubhamlik mavjud edi. Olamshumul fikrlar bir zumda paydo bo‘lar va yuzaga chiqmoqchi bo‘lar ekan-da, tavba. Bu aqlsizlik. Aqlni yo‘qotish… U bir zum juda qattiq o‘yladi, so‘ng o‘ziga dedi: “Bunga hech qachon yo‘l qo‘yma. Aqlsizlikka yo‘l qo‘yma… – uning boshi qattiq qisirlab og‘ridi. – Aqlsizlik!.. Aqllilik va aqlsizlik. Bu nima o‘zi? Aqlli nima-yu aqlsiz nima? Biologiya muallimimiz aytganday, bunga nimalar kiradi? Chegaralari bormi? “Charx tagiga kirdim-u g‘arqi ob bo‘ldim…” Iy-ya! Bu nimasi? Bu qayerdan? Nega miyam g‘uvillaydi? Nega qulog‘im chip bitgan va yana shang‘illaydi? Biz tor aylana, egri-bugri yo‘llardan Teshik qopqoqqa ketyapmiz shekilli? Qarang, hammamizning bo‘yi bastimiz baravar ekan. Faqat kim to‘laroq, kim ozg‘inroq. “Yoshgina onam yodi ko‘zimdan moviy Kalkovuz bo‘lib oqdi…” Iy-ya! Endi bu qayerdan paydo bo‘la qoldi? Boshim qisirlayapti”.

U kaftini qulog‘iga bosgancha yo‘l-yo‘lakay bir oyoqlab sakray boshladi. Ikkala qulog‘idan ozgina-ozginadan muzday suv tushdi. Ikkala qulog‘i pichir-pichir qilib ochilganday bo‘ldi. Birdan bolalarning gap-so‘zlarini aniq-taniq eshita boshladi. “Xasti imomga ham boraylik. Erkinga Xasti imomni ko‘rsatamiz. U yerdagi chinorni, eski mozorni, machitni ko‘rsin…”, derdi kimdir, chamasi Sobit.

“Xasti imom…. Rost…. Xasti imomni ko‘rmaganman. Katta, chiroyli maqbara bor emish… Hazrati imom… Ko‘rmaganman…. Bilmayman… Nega charxpalak tagiga kirdim? Rost, tez oqim olib kirib ketdi… Lekin bolalarga qo‘shilib yonidan suzib o‘tib ketsam bo‘lardi-ku, a? Nega unday? Kalkovuzning laziz ko‘k suvi onamday mayin tuyuldi. Onam kiyimlarimni o‘zi qunt bilan tikar, o‘zi kiydirardi”. U andak ichida uyalib ketdi. “Bola paytlarimda o‘zi tovonlarimni qattiq uqalab, barmoqlarimni qasirlatib, og‘ritib cho‘miltirardi. Dunyoda onadan ko‘ra chiroyli narsa yo‘q edi. Men doim unga termilib o‘tirsam derdim. Xayolimga hozirgiday tushunib bo‘lmaydigan qiziq so‘zlar yog‘ilib kelaverardi. Sayyor akam ularni satrlar deydi. “Satrlar kelaversa, yozib qo‘yaver. Bir-biriga ulanib ketadi. Sen shoir bo‘lasan, deydi Sayyor akam… G‘ayratiy domla ham satrlarni ko‘p gapiradilar. Shoir she’r yozadigan odammi? G‘afur G‘ulom, Quddus Muhammadiyga o‘xshagan… Ular Chuvalachida turisharmish. Shu atroflarda. Tog‘am bilan ko‘rishib turishadi. Endi boshim aylanib ketyapti charxga o‘xshab. Biron yerda birpas o‘tirsak edi…”

Asad uning holini sezganday quchoqlab oldi. “Yaqin qoldi, Erkin. Hov anavi yerda bizniki…”

“Onamning katta-katta ko‘zlari porlar edi. Menga juda mehribon… Ammo nega onamning so‘zlari esimda yo‘q? Chuldiroq soyim, derdi. Nima degani? Chuldiroq soy… Hovlimizdan chuldirab ariq suvi oqadi. Suv chuldiraydimi? Juda shirin edi onamning tili… Erta yo‘q bo‘lib ketdi. Erta yo‘q bo‘lishning tili shunday shirin bo‘larmikin, e Xudo…”

Erkin onasi o‘tganda, shu Xudo so‘zini tinmay ichida qaytarib borgani esiga tushdi. Kimdir o‘shanda uning qulog‘iga “Xudoga yolvor”, deb shivirlagan edi. Erkin bu so‘zni kecha-kunduz ichida shivirlab aytadi. Ilgariroq otasi qazo qilganda ham ichida tinmay “E Xudo”, degan. Teshik qopqoqning qalin tuproq, loy bosgan ko‘chasidan o‘shanda o‘tgan. Lekin o‘shanda ham xuddi bugungiday quloqlari chippa bitib, boshi aylanib… hech narsani eslolmaydi.

“Ota-onamni ko‘rishim kerak. Ular shu yerda. Teshik qopqoqda, qabrda… ko‘rishim kerak… ko‘rishim kerak… ko‘rishim kerak… sog‘indim juda…”

Uning ko‘zlari yosh pardasiga to‘ldi. Oyoq ostini ko‘rmasdi. Asadning bog‘iga yetib kelishdi. Asadning onasi bolalarni aylanib-o‘rgilib juda katta tut daraxti tagidagi baland supaga solingan ko‘rpachalarga o‘tqizdi. Chaqqonlik bilan kosalarda bolalar oldiga qatiqlangan mastava qo‘ydi. Asad kulcha nonlarni sindirdi. Mastava qatiqlangan, kashnich-shivit, rayhon-yalpizlar mayda kertib solingan. Cho‘milib ochqagan bolalar mastavani ishtaha bilan ichishdi. Mastava ichib tetiklashgan Erkin birpas ko‘rpachaga yonboshladi. Ko‘zi darrov ilindi. Chuvvos chug‘urchuqlarning jon-jahd bilan chug‘urlashayotgan tovushlarini eshitdi. Ilkis ko‘zini ochdi va ulkan tut ustini qop-qora chug‘urchuqlar bosganini ko‘rdi.

Ular shiddat bilan shipirlab tut cho‘qishardi. Supa usti duv-duv to‘kilayotgan yirik-yirik tut donalariga to‘ldi. Bolalar maza qilib ularni terib yeyishardi. Erkin ham bir-ikki og‘ziga solgan bo‘ldi. Tutning lazzatli mazasi birdan uning  hushini to‘la o‘ziga qaytardi. Chug‘urchuqlarning bu qadar shiddat bilan shatirlab tut yeyishlarini ko‘rib u hayratga tushdi. Asad chelakni tesha bilan daranglatdi. Chug‘urchuqlar osmon-falakka duv ko‘tarilishdi. Supaga, hovliga gilamday bo‘lib pishgan tutlar to‘kildi. Asad laganga sara tutlarni terib, bolalar oldiga qo‘ydi. Kimlar o‘zlari yerdan terib yeyishdi. Keyin choy ichishdi. Hammalari tut, choy, mastavadan xushvaqt bo‘lishdi. “Mozor aylanamizmi?” so‘radi Erkin Asaddan sekin. Asad bosh qimirlatdi. Bolalar Asadlar bog‘ining uzun, orasta uzum ishkomlarini aylanishdi. Chillakilar chumak ura boshlagan edi. Uzumzorni aylanib dimog‘lari chog‘ bo‘ldi. So‘ng hammalari ko‘chaga chiqib, mozor tomonga yurdilar. Erkinning yuragi juda qattiq dukillab urar, yuragining tovushini o‘zi eshitar, yuragidan xuddi “onam… onam… onam…” degan sirli tovush kelayotganday tuyulardi.

* * *

O‘smir yigitchalar edik. Balki hali yigitcha ham emasdirmiz… Yettinchi sinf chug‘urchuqlari edik. Dardimiz ham, quvonchimiz ham olamga sig‘masdi. O‘sha paytlar mening o‘n yetti yashar Abduvoris akam o‘pkasi shamollab olamdan o‘tgan, bizning xonadonimizda qiyomat qo‘pgandi. Akam mahallamizdagi usta kosiblarga shogird tushgan, u tikkan bejirim pishiq tufli, maxsilarning bozori juda chaqqon edi. U ba’zan cho‘ntagimga qog‘oz pullar solib qo‘yar, men ularga Eski Jo‘va bozoridagi kitob do‘konidan kitoblar sotib olar, bu do‘konni juda yaxshi ko‘rar, tomosha qilib aylanib yurar, shu do‘kondan juda katta, chiroyli, ichida turli cho‘ntaklari ko‘p charm papka sotib olgan, shu bilan maktabni tugatib, shu bilan universitetga ham o‘qishga qatnardim. Xayolimda uning son-sanoqsiz cho‘ntaklarini dunyoning eng qimmatbaho kitoblariga to‘ldirardim. Shu mehribon akam olamdan o‘tib, men simga urilib, osilib qolgan qaldirg‘ochday shamollarda tebranib qoldim. Erkinga qaragan paytimda uning dardi armoni cheksizligiga amin bo‘lardim, unga yaqin bo‘lishga qandaydir insoniy ehtiyoj sezardim.

Dard odamni tez ulg‘aytiradi. Dardli bola xuddi katta aqlli odamlarga o‘xshab fikrlaydigan bo‘lib qoladi. Ota-ona dardi Erkinni xuddi kattalarday vazmin fikrlaydigan qilib qo‘ygandi. Asli fe’l-atvori esa sho‘xlik, quvnoqlik, zakiylik, sof zakovatdan qorilgandi. Bular unga ota-onasidan tub o‘lmas meros bo‘lib o‘tgandi. Bular unga hamma narsadan ortiqroq bebaho tayanch edi. Ziyoli mushfiq tog‘alari qo‘lida tarbiyalanarkan, ota-onadan qolgan zakovat merosi uni bir zum ham tark etmadi. Tog‘alari, maktabda, universitetda muallimlarning mehri uning tug‘ma zakovatiga oltin sayqal berdi.

2. Qiblagohni qidirish

Asadning ko‘cha eshigidan chiqishimiz hamonoq ko‘chaning narigi betidagi bog‘ yo‘lak tomondan bizga qarab oq ishton, oq ko‘ylak, boshiga oq iroqi gulli do‘ppi kiygan Abduvohid degan bola uchib, yugurib kela boshladi. Kela solib hammamiz bilan quyuq quchoqlashib ko‘rishdi, ayniqsa, Erkinni anchagacha bag‘riga bosib turdi. Mahallamizga Erkinni chaqirib mehmon qilishga kelishganimizdan Abduvohidning xabari bor edi. Erkin Teshik qopqoq bog‘lariga mehmonga kelishga rozi bo‘lganidan u juda suyungan, og‘zi qulog‘ida, odatdagiday G‘afur G‘ulomning “Tongotar qo‘shiqlari” suratli kitobini ko‘tarib olgan. Bu jonajon sinfdoshimiz kitob desa o‘zini osmondan tashlardi va doimo qo‘lidagi kitobni baqirib, ko‘chalar, maktab hovlilari, tanaffuslarda sinflarda o‘qib yurardi. So‘filardan unga bir narsalar o‘tganmi, bilmadim.

– Erkin, do‘stim, xush kelibsiz, xush kelibsiz Teshik qopqoq bog‘ mahallamizga! Qani, yuringlar. Manavi devorlarning orqasi bizning bog‘imiz. Aylanib chiqasizlar.

Darvoqe, Abduvohidlarning bog‘ida faqat yarmi sariq taram-taram qimizak olmalar o‘sib yotadi. Olmalar yapaloqroq, juda tatti shirin, tishlasangiz, oppoq ko‘piklari qarsillab otilib ketadi. Abduvohidning otasi Mavlon qori aka bu olmalarni maxsus o‘stirgan, ularning har biri tagidanoq uchta katta shoxga ajralib o‘sadi. Juda baland. Uchiga qarayman desangiz, boshingizdan to‘r do‘ppingiz tushib ketadi. Har bir olma daraxtining tagiga kichkina ariq tortilgan, ularning hammasidan suv jildirab oqib yotadi.

Mavlon qori amaki juda baland bo‘yli, yelkalari keng, barvasta amaki. U doim juda ozoda kiyinib, to‘n yo mursakda yuradi. Ammo mahallada juda kam ko‘rinadi. Bu yerdan sal nariroqda uning xuddi o‘ziga o‘xshagan akasi Jamil qori amakining ichkari bog‘i bor. Jamil qori amakining yelkalariga devlar minib yuradi, deyishadi. Qori amaki ham mahallada kam ko‘rinadi. ikkovi amaki ham pahlavonlarday kelbati bilan xuddi sohibqiron Temurga o‘xshab ketishadi. Biz o‘smirlar Amir Temurni ko‘rmagan bo‘lsak-da, ichimizda baribir Temurga o‘xshagan odamlar bor-da, deb o‘zimizga dalda berib yuramiz.

Guzarimizdagi choyxona – (Teshik qopqoq qizil choyxonasi, bolalar uni qulub ham deyishadi).   Bir qavatli qulubning ichiga qizil alvonlar osilgan, ularga saylovlarning shiorlari yozilgan, bu yerga bir qancha gazetalar keladi. Shaxmat taxtalari bor. Ortiqvoy amaki choyxonachi va qulub mudiri. Undan so‘rab shaxmat o‘ynaymiz. Gazetalarni varaqlab o‘qiymiz. Mahallamizning ko‘p qariyalari choyxonada choy ichib, dunyoning ishlaridan gurunglashib o‘tirishadi. Jamil qori amaki bilan Mavlon qori amakinikiga ba’zi vaqtlar ikki milisa, mahalla oqsoqoli, mahalla kotibi va bitta mahalla faoli kelib allanarsalarni surishtirishadi. Qo‘llarida daftar-qalam. Lekin ko‘pincha Jamil qori amaki ham, Mavlon qori amakim ham uyda bo‘lishmaydi. Uydagilar Avliyo otaga ketishgan, Turkistonga ketishgan, Orenburxga gilam sotgani ketgan deyishadi. Qachon kelishlarini aytishmagan, deb javob berishadi. Abduvohiddan eshitgan gapimiz shuki, aka-uka qorilarni o‘sha paytlardagi “ishchi batalion”ga xatlashgan ekan. Ishchi batalionlar Ukraina, Qozog‘iston, Ural, Sibir tomonlarga jo‘natilar ekan. Keyin ulardan hech darak kelmas ekan. Abdujamil qori amaki bilan Mavlon qori amakini mahallamizda eng ko‘p kitob o‘qiydigan odam deb bilishardi. Abduvohid o‘rtog‘imiz kitobga o‘chlikda otasi va amakisiga tortgan edi. Erkin Abduvohid bilan jon-dildan sevinib, chaqchaqlashib ko‘rishdi. Ikkovlari darrov “Tongotar qo‘shiqlari” bilan Quddus Muhammadiyning bolalarga yozgan quvnoq she’rlari ustidan yod o‘qishib, gaplashib ketishdi.

Hademay, Teshik qopqoq mozorining berigi kichik darvozasiga yetib borishdi. Erkin: “E, mana keldik mozorga yetib…” Bu ko‘hna kichik darvozani u elas-elas esladi. Darvoza haddan tashqari eski, bir zamonlar unga o‘yib solingan turli gajim naqshlar qorayib tund tusga kirgan, yorilgan, lekin hali mustahkam edi.

“Otam ham shu darvozadan kirgan, onam ham shu darvozadan kirgan. Men ham o‘n to‘rt yoshimda shu ko‘hna darvozadan kirib boryapman… Ammo ota-onamni olib kelganimizda qayoqqa olib borgan edik, o‘lay agar, esimda yo‘q. O‘shanda to‘qqiz-o‘n yashar bo‘lsam kerak. Hushim boshimdan uchgan. Ko‘zim to‘la jiqqa yosh, o‘zim hech narsani anglamas, butunlay garang edim. Kitelcham ustidan belboq boylashgan, boshimda guldor do‘ppi, yozmidi, kuzmidi, bahormidi, har holda qish emasdi. Tobut ko‘targan izdihom aylanib-aylanib daraxtlar, butalar orasida to‘xtadi. Qabr qazilgan edi. Sho‘rlik og‘ir yarador otamning qabri. U, gavdali komissar azob chekaverib kichkina, yep-yengil bo‘lib qolgan edi. U yerda juda katta qo‘noq tut daraxti tarvaqaylab o‘sgan edi. Mevalari yerga gilamday to‘kilib sariq magiz bo‘lib qolgandi… Esimda… Shu bahaybat qo‘noq tut yaqinida… esimda… Men qabrga tuproq tashlayman deb, unga sirg‘alib tushib ketganman… Yaqinda Kalkovuz bo‘yida o‘tirib, xayolim qochib suvga sirg‘alib tushib ketganimday… esimda…

Onajonim ham… keyin… esimda. Onajonim ham shu yaqin yerda bo‘lishlari kerak. Lekin bilmayman… Onajonimni bilmayman… unda hech narsani bilmayman… badbaxt… Nega keyin tog‘alarimdan so‘rab olmadim? Riqsivoy tog‘amdan so‘ramadim?.. Karimboy tog‘amdan so‘rab bilmadim?.. Nega? Nima menga xalal berdi? Nega tortindim? Buning nimasi noqulay edi? Nega tog‘alarim bilan bu yerga to‘rt-besh yil ichida biron marta kelmadim? Nega? Nega? Nega axir???”

Mozorni may oyida juda qalin, odam bo‘yi baravar qalin o‘t bosgandi. Men darvozaxona yonidagi mozor xodimlari, ishchilari bo‘ladigan katta xona eshigini ochib qaradim. Mozor xodimi – yaqinda urushdan ikki oyog‘i, juda og‘ir ahvolda  qaytgan Ismog‘il ota ketmonini tozalar va katta egov bilan egovlardi. “Iye, kel, Usmon akamning o‘g‘li, nima gap?” Men sinfdosh o‘rtog‘imiz ota-onasining qabrini ziyorat qilgani kelgani, lekin topolmayotganimizni aytdim. Ismog‘il amaki: “Usmon akamning o‘g‘li, sinfdoshing qaysi mahalladan?” deb so‘radi. Men: “Sebzor, Tarnovboshidan”, dedim. “Qachon qo‘yilgan?” dedi Ismog‘il amaki. Men to‘rt-besh yil bo‘lgan, dedim. “O, unda men bilmas ekanman, Usmon akamning o‘g‘li… Unda men urushda edim. Men o‘rtog‘ingning ota-onasini bilmayman, holbuki, o‘zim ham sebzorlikman. Bilasan-a, hammomning ko‘chasida edi uyimiz. Shu yerda amallab ishlab turing deyishdi. O‘zim so‘rab oldim. Ota kasbimni qilay dedim. O‘rtog‘ingga ayt, janozada qatnashgan kattaroq, biladigan odamdan so‘rab-surishtirsin. U paytlar ko‘pincha no‘mirlar ham qo‘yilmagan qabrlarga. Mana endi no‘mirlashyapti. Ismi nima ekan sinfdoshingning ota-onasini? Cho‘yanboy Vohidov deysanmi?” U o‘yga botib to‘mtoq qo‘li bilan sochi to‘kilib ketgan boshini qashidi. “Tarnovboshi degin? Yo‘q, tanimas ekanman… Topilib qolar… O‘rtog‘ingga ayt: xafa bo‘lmasin. Surishtirsa, topiladi. Ishqilib, esidan chiqib ketmabdi-ku!”

Men qator bo‘lib qo‘l ushlashib qalin o‘tlar orasidagi qabrlarni qarayotgan Sobit, Fayzulla, Asad, Abduvohidning oldiga qaytdim. Ismog‘il amakining gapini tushuntirdim. Erkin bu gapni eshitib, mozor o‘rtasidan ko‘tarma qilib o‘tkazilgan ariq tepasiga holsiz o‘tirib qoldi. Biz ham uning yoniga qator tizilishib o‘tirdik. O‘tlar orasida yuraverib nihoyatda charchagan edik. Lavha yozilgan qabrlarni izlab topolmadik. Juda oz qabrlarga lavha qo‘yilgandi. Ko‘p qabrlar cho‘ka boshlagandi. Hatto Asadning bir oyog‘i eski cho‘kkan qabr ichiga tizzasigacha kirib ketdi. U voyvoyladi. Yugurishib borib tortib oldik.

Ariq bo‘yida ma’yus tortib indamay o‘tirarkanmiz, baland o‘sgan, mayda-mayda mevalari sarg‘aygan o‘rik daraxtining tepasidan bir narsa shaloplab o‘tlar orasiga quladi. Abduvohid o‘rnidan turib qarab, “Sariq ilon!”  Qabrga kirib ketdi. Og‘aynilar, – dedi u ovozini pastlatib, – Sebzorni shuncha qaradik, topilmadi. Endi Ibrohim aytganday, biladigan odamlardan surishtirib, buni aniqlaymiz. Kattalardan so‘raymiz…”

“Mening yuragim ichimga tushib ketdi. O‘rtoqlarim meni quchoqlab oldilar. Ular yelkalarim, boshim, qo‘llarimni silashardi. Qachon yetaman ota-onamning visoliga? Qachon onam bilan dardlashaman? Axir, men onam yo otajonim bilan biron marotaba ham dardlashganim yo‘q… Iy-ya! Onam hech gapirmasdilar. Lekin ko‘zlarini mendan uzmasdilar. “Erkin sen… sen… sen… sen…” derdilar, lekin gaplarini tugatmasdilar. Bag‘irlariga bosib, anchagacha qo‘yib yubormasdilar. Men onamning nima deganlarini eslolmayman. Bag‘irlarini eslayman. Issiq, qaynoq bag‘irlarini eslayman. Onamning bag‘ridan shirmoy nonning isi kelardi… Shuni eslayman… faqat shuni eslayman… Qip-qizil shirmoy nonday edilar onam… nazdimda… Juda chiroyli, juda yosh, xuddi qizaloqlarday edilar onam… Otam esa yosh yigitlarday juda kuchli edilar. Qaydan topaman endi ularni?

Men bugun onamga she’rlar yoza boshlaganimni aytmoqchiydim. Muallima paytlaridagi kitoblarini o‘qib chiqdim. Onam daryolar, dengizlar, tog‘lar, orollarning nomlarini yaxshi ko‘rib yodlab yurarkanlar. Qabristonlar, maqbaralarni adam sahrosi der ekanlar… Onam bilan o‘qigan bir sohibjamol hikoya qilib bergan edilar (Muallifdan: Bu shoirning turmush yo‘ldoshi Gulchehraxon Vohidovaning opasi. Gulchehraxon Vohidova keyinchalik so‘rab-surishtirib Erkin Vohidovning ota-onasi qo‘yilgan mangu maskanni aniqlab, xotira lavhalari o‘rnatgan) Nega? Nega? Nega adam sahrosi? Yo‘qlik, bebunyod der ekanlar? Bebunyod va yo‘qlik nima? Nima degani? Mana bugun biz uchratgan narsa yo‘qlik dunyomi? Shuning uchun shuncha yillar unutdimmi? Yo‘q, unutmadim. Bir zum ham unutmadim. Negaki, juda tez-tez uradigan yuragimdan doim onamning ovozi kelib turadi. “Erkin sen… sen… sen…” deydi. So‘zlarini tugatmaydi. “Erkin sen kim?” – deyman men doim o‘zimga o‘zim. Va onamning yuragimdagi ovozi bilan o‘z-o‘zimni tanib olmoqchi, kimligimni bilmoqchi bo‘laman.

Onam mening kim bo‘lishimni istar edilar? Kim? Qaysi kasb onamga yoqardi? Ona, shoir bo‘lsam, rozilik berasizmi? Yo jo‘g‘rofiyun bo‘lib sizni davom ettiraymi, ona? Yo sizning, ha, ayni sizning jonbaxsh tilingizda g‘azallar bitaymi, onajon! Yo… Bu menga hozir juda muhim! Menga onam sirlar koni bo‘lib tuyuladi. Bejiz Roziya bonu deyishmagan. Bonular bonusi. Roziya bonu. Mening azal-abad Roz bonusi onam… Siz rozimisiz, onam, siz rozi – olam rozi, onam… Farzandlar ota-onaning davomi… Ammo… qanday davomi? Dunyoning sir-asrori mana shunda. Ha, darvoqe, qanday davomi? Bu olamning juda katta gapi ekan-a!”

Erkinning ho‘ngrab, yer-u samolarni boshiga ko‘tarib yig‘lagisi kelardi. Ammo u umrida yig‘lamagan, ko‘zyosh nimaligini bilmaydi. U yosh zavolga uchragan otasi Cho‘yan Vohidov kabi ruhi va vujudi matonatdan qorilgan, ojizlikni mutlaq qabul qilmasdi. Ha, mutlaq! Dunyoda shunday mutlaq narsalar ham mavjud. Matonat bilan birga Alloh unga matonatning tug‘ishgan inisi – mangu odamiy tabassumni ato etdi. U umri bino bo‘lib bir ojiz satr yozmadi.

3. Farhod anori

Mozordan hammamiz ma’yusgina bo‘lib chiqqanimizdan keyin bir-birimizga qarab toza kulishibmiz, vo ajabo! Nega desangiz, hammamiz baland yovvoyi bug‘doylar, yasmiqlar, qichitqilar orasida uch-to‘rt soat izg‘ishib, sochlarimiz, qosh-ko‘zlarimiz, yoqa-englarimiz chang-g‘uborga to‘lgan, burun kataklarimiz ham bug‘doyiqning oppoq to‘zoniga to‘lib, bir-birimizga ping‘illab gaplashayotganimizni sezib qoldik va manqalarga o‘xshab rosa kulishdik.

“Baribir, hammamiz har yoqqa tarqaymiz”, dedi Sobit. “Busiz iloji yo‘q. O‘ninchini bitirsak, hammamiz har yoqqa chug‘urchuqlarday tarqab ketamiz… Sobit, xo‘p dono fikrni aytdingiz. Baribir, domlaning o‘g‘lisiz-da, aqlingiz g‘ij-g‘ij. Aha! Qayerdan olgansiz buncha aql-u farosatni? Bizga ham andakkina-andakkina ulashing, do‘stim”, ozgina hazilomuz gapini tugatdi Abduvohid. “Sendek og‘aynimiz bo‘lgandan keyin hammamiz aqlli bo‘lamiz-da, omma… – dedi Mirsobit ham so‘zamollikda qo‘shnisidan qolishmay. – Omma, zamon dono”. Uning bir odati “ammo” degan so‘zni ko‘p qo‘llar va uni doim “omma” deb teskaricha qilib aytardi.

Bu yerda bizning yana bir do‘stimiz, teng-to‘shimiz bor edi. U ham xuddi Muxtor kabi Erkin bilan tez-tez bahslashib turar, Erkin unga “Anvar, muncha qulog‘ing katta, gaping hech tugamaydi-ya”, deb pishang berib qo‘yardi. Anvarning bir odati u doim “ittifoq” so‘zini “intifoq” deb talaffuz qilar, “G‘afur G‘ulom Nortojining kurak tishi og‘riganini intifoqda birinchi bo‘lib yozgan. U o‘zining “Tirik murda” degan asarida tanbalning haykalini yaratgan”, deb gapni yana G‘afur G‘ulomdan surar, uning G‘afur G‘ulomdan so‘z ochmagan kuni bo‘lmas, “G‘afur G‘ulom bizga qo‘shni Chuvalachida turadi, Quddus Muhammadiy ham sho‘tta… Ular otam Otaboy Esonov bilan oshna, Kalkovuz bo‘yidagi hovlimizga kelib turishadi. G‘afur G‘ulom odamni kuldirib o‘ldiradi. Menga ham “ha, nosqovoq, yuribsanmi tovuq quvlab” deb hazillashib qo‘yadi…”

Anvar Eshonov keyinchalik tili o‘tkir jurnalist, latifago‘y, hajviy-lirik yozuvchi bo‘lib tanildi. U Erkin, Anvar Isroilov, Qora Ahmad, Jamol, Davron bilan birga o‘qiganidan, tengdosh ekanligidan faxrlanib yurar, ulardan orqada qolmaslikka tirishar, meni Xalil Sulton haqida hikoya yozishga undardi. Holbuki, men qayda, temuriy Xalil Sulton qayda! Ammo Anvar Eshonovni o‘sha paytlar Xalil Sulton bilan Shodimulk begimning giriftor ishq-muhabbati nihoyatda qiziqtirardi. Bu eng kamida Shekspir qalamiga mansub syujet degan fikrda edi. Anvar, Erkin va men bolaligimizda Janggoh bog‘idagi yozgi teatrda “Otello” va “Hamlet” spektakllarini Abror Hidoyatov va Olim Xo‘jayev ijrosida ko‘rganmiz, ko‘p zamon shular ta’sirida jinniroq bo‘lib yurganmiz. Anvar Tarzanga juda ishqivoz edi. U Vestmyullerni og‘zidan qo‘ymasdi. G‘afur G‘ulomning ashaddiy “fanati”, Tarzanni o‘ynagan Vestmyullerga ham goho taassuf qilganlarini sezib qolardik. Erkin Anvarni nechukdir o‘ziga yaqin olardi. Anvar ham Erkinning o‘quvchilik she’rlarini tilidan qo‘ymay yodlab yurardi. Sho‘x, dilovar yigitcha edi Anvar… suyukli qurdoshimiz edi Anvar…

* * *

Mozordan yuqtirgan g‘uborimizning hikoyasi cho‘zilib shu yergacha kelyapti, qo‘yib bersa, hali yana ancha davom etadigan… Men chang bosgan sinfdoshlarimga: “Erkin bu kecha biznikida qoladi. Tog‘asidan so‘rab kelgan”, dedim. O‘rtoqlarim bu gapimni xayrixohlik bilan kutib olishdi.

Erkin qattiq xayolga botgandi. Butun vujudidan armonli hovur taralardi. Charxpalak xomush qilib qo‘ydimikin, deb o‘yladim. Lekin xomushligini yuziga solishni istamadim. O‘tib ketadi, deb o‘yladim. U quvnoqlik bilan ko‘p qiyinchiliklarni yengadi, degan yana bir fikr xayolimdan o‘tdi.

Hovlimizdagi ariq bo‘yida, ikki tup oq olma tagida baland supa bor edi. Supaga ikkita katta qizil sholcha to‘shalgan. Baland xontaxta atrofiga doim quroq ko‘rpachalar solingan bo‘lardi. Bog‘imiz etagidagi katta-katta qator yong‘oqlarning chetiga taxtalardan havoza qilib katta ko‘k bochka o‘rnatilgan, ichida doim suv bo‘lar, kun bo‘yi oftobda isir, yoz chog‘lari kechda uning tagida cho‘milish odamga mislsiz rohat bag‘ishlardi. Erkin bilan bog‘ ichkarisiga o‘tib, tabiiy dushda rohat qilib yuvindik. Kiyimlarimizni qichitqilardan tozaladik. Ungacha xufton kirdi. “Juda yaxshi bog‘ ekan”, dedi Erkin atrof havo-manzaralardan zavqlanib. Unda boyagi ma’yuslikdan asar ham qolmagandi.

Biz ishkomlar orasidan o‘tib, supaga qaytdik. Onam dasturxon yozdilar. Katta sopol laganda bug‘i ko‘tarilib turgan moshkichiri keltirdilar. Otamga ovqatni katta uyga berdilar. Akalarim ko‘rinishmasdi. Onam, opam, Erkin va men birga o‘tirib qiyma qaylali moshkichirini tanovul qildik. “Otang qayerdalar?” deb so‘radi Erkin taomdan so‘ng. Men: “Ichkari uydalar. Oldilariga kiramiz”, dedim.

Oyim o‘rtog‘im Erkinning siniqligini payqab o‘tirardilar. Ammo uni ko‘p gapga solmadilar. Rang ko‘r, hol so‘r… “Erkin, agar xohlasang, oyim tomga joy solib beradilar. Tom juda katta, tekis, somonsuvoq qilingan. Narigi hovlidagi tutning yarmi shoxlari tom ustiga tushgan. Xohlasang, pishgan tutlardan yeymiz…” dedim. Erkin: “Bilmadim, qanday bo‘larkin? Lekin bugun kun juda issiq bo‘ldi. Tom g‘ir-g‘ir shabada bo‘lsa kerak…” dedi. Men katta narvondan tomga sholcha, ko‘rpacha va yostiqlarni olib chiqdim. Erkin ham sekin, biroz qo‘rqibroq chiqib bordi. Tutning shoxlarida oppoq, yirik-yirik tutlar g‘arq pishib yotardi. Shoxlardan terib, to‘yib tut yedik. Ilgarilar Toshkentda, Eski shaharda yozning issiq paytlari hovlilarda yosh-yalanglar tomga joy solib uxlashardi. G‘ir-g‘ir rohatbaxsh shabada esardi. Sharq tomondan esgan mayin shabadani toshkentliklar “sabo” deyishardi. Saboda tomda to‘shak solib yotish ajib huzur kayfiyat bag‘ishlardi. Biroz vaqt osmonni tomosha qilib yotdik. Osmondan g‘uj-g‘uj moviy, olovrang, qizil yulduzlar xuddi ustingizga yog‘ilib kelayotgandek odamni bir xayol kayfiyat bosardi. Erkin bilan osmonga qarab yotib shunday xarosonlikni boshimizdan kechirmoqda edik.

Yarim kechadan oqqanda yulduzlarning kahkashon shu’lalaridan mast-u mustag‘raq bo‘lib ko‘zimiz uyquga ilindi. Bir vaqt sovqotib, junjikib, havlnok bo‘lib Erkin uyg‘onib ketdi. Men ham sergak yotgan edim, uyg‘ondim, tun sukunatida yulduzlar yopirilib, odamni qattiq vahima bosarkan.

Erkin: “Ibrohim, men yulduzlardan qo‘rqayapman…” dedi ovozi qaltirab. “Bo‘ldi, bo‘ldi… pastga tushamiz. Ayvon issiq. Ayvonda yotamiz”, dedim. Meni ham yulduzlarning qo‘rqinchi chulg‘agandi. Sovqotib qaltirardim. Erkin bilan oldma-keyin narvondan pastga tushdik. Onam uxlamagan ekanlar, bizga ayvonga qalin ko‘rpa-to‘shaklardan joy to‘shab berdilar. Erkin anchagacha uxlay olmadi. “Ba’zan kechalarda hech uxlolmayman, – dedi u o‘ringa yotganimizdan keyin. – Joyimni bir necha martaba o‘zgartiraman. Baribir, uxlolmayman. Juda qiynalib ketaman…”

* * *

Men keyinchalik bu uyqusizlik Erkinni qanchalar qiynashini birga safarlarda yurganimizda sezdim. Uning ruhi doim uyg‘oq bo‘lar ekan… Kallasini turli sochiqlar,  qiyiqlar bilan chambarchas o‘rab-chirmab olardi. Shoirlik qismatimikin? Ijodkorga xayoli uyqu bermasmikin?

“Odam o‘lgandan keyin yulduzga aylanib qolar emish… – deb o‘z tuganmas xayollariga g‘arq edi bu payt Erkin. – Hozir osmonda ko‘ringan sanoqsiz yulduzlardan biri, albatta, otam … uning yonida mildirab ko‘kimtir nur sochib turgani, albatta, onam… Men birinchi marta ularni shunday ayon ko‘rishim… Yo‘q bo‘lib ketishgan deb yurardim-a… Birinchi marta yulduzli osmon ustimga bostirib kelganda birinchi marta otamni… onamni sezdim… Tinmay o‘ylardim… lekin mana endi birinchi marta osmonni va cheksiz yulduzlarni sezdim. Ular xuddi jonimga kirib o‘rnashganday bo‘ldi. Birinchi marta otam va onamni yulduzlarday ko‘rdim. Ular men bilan gaplashganday ham bo‘lishdi. Onam… Onam menga: “Erkin sen… sen… sen… mening sarguzashtimsan….” dedi. Men qo‘rqdim. Onamning tovushidan qo‘rqdim. “Erkin, sen… sening ko‘zing bilan men dunyoni ko‘raman, dunyoni tomosha qilaman, orzu qilgan orollarimga boraman”, dedi onam. Birinchi marta men onamning orzularini eshitdim. Otam nimadir deb nido qildi. Mana hozir tomi berk ayvonda yotibman, Lekin otam o‘sha samodan menga qarab turibdi. Meni nima qilarkin Erkin deb o‘ylayapti…”

U hali tomda yotgan chog‘imizda mening bir so‘zimni esladi va unga endi ahamiyat berdi: “Erkin, senga bir yulduzni ko‘rsataymi? Sen shu yulduzning ostida dunyoga kelgansan… U seni doim saqlaydi, qo‘riqlaydi. Senga eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi”.

“Endi esimga tushdi sinfdoshimning bu qiziq gapi… Qayerdan biladi buni Ibrohim? U Yerni ham yulduz deyapti. Yer yulduzmi? Kurrami? Sayyorami? Yer – yulduz deydi Ibrohim. Biz hammamiz yulduzotlarmiz. Tungi bog‘lar bizga shunday talqin etmoqda…”

* * *

Keyin tong qorong‘isida qattiq va shirin uxlab qolibmiz. Ertalab tiniq, hushyor bo‘lib uyg‘ondik. Supada dasturxon ustida otam yopgan quyoshday charaqlagan shirmoy non. Bog‘dan erta pishgan javzapak o‘rik. Turshak, yong‘oq, turli mag‘iz, jiydalar. Erkin dasturxon ustida biroz tortinganday muloyim o‘tiribdi. U hamma vaqt biroz o‘zini chetga tortib turganday holatda bo‘ladi. Odat. Bu tabiiy odobning belgisi bo‘lsa kerak. Erkin tortinibroq so‘raydi: “Ibrohim, amakim nima ish qiladilar?” Tandir qurib, shirmoy non yopishimni aytdim. “Uyda dutorga ko‘zim tushdi. Amakim dutor, muzika chaladilarmi? Eski odamlarning ko‘pchiligi dutor, tanbur chalishadi. Mening ikkala tog‘am ham dutor chalishadi. Lekin o‘zlari yurist, jurnalist. Men ham dutor chalishni o‘rganib olmoqchiman, sen ham o‘rgan. Oyim, otam qarindosh-urug‘lar kelishganda dutor chalib ularni o‘yinga tushirishardi”, Erkin shunda birdan hiqillab jim bo‘lib qoldi. “Erkin, og‘ayni…” dedim taskin bermoqchi bo‘lib. Erkin o‘ta matonatli bola. Uning ingichka labida nimtabassum paydo bo‘ldi:

– Katta tog‘am yaqinda, she’rlarimga ko‘zlari tushgan ekan, meni o‘z idoralariga taklif qildilar. Ishlaring tuzuk, Erkin. Maktab ilm-tarbiyasini yaxshi o‘zlashtiryapsan. She’rlaring ham odamga yoqimli. Ammo senga qadimgi bir rivoyatni aytib berish uchun chaqirdim. Uning mag‘zini chaqadigan payting kelibdi. Shunda katta tog‘am eski bir kitobdan bitta hikoyatni o‘qib berdilar. Senga ham shuni aytib bermoqchiman:

“Vaqteki, Farhod Zoli makkoradin Shirinning o‘limi xabarini eshitti. Teshasin osmonga otib, kelurda boshini tutti, ersa ikki ayrib tog‘ning kamariga sanchildi. Hamonoki, ul tesha dastasi hamul anor yig‘ochidan ermish. Xudoyi taolo qudrati birla ul dasta anda ko‘karib anor daraxti bo‘lg‘on ermish. Chun vaqti yetti ersa, mevasin ochib ko‘rsalar, oshiqlar ko‘ngli yanglig‘ kuygan va ichi to‘la axgar ermish va balki xokistar ermish. “Sharafnoma”da manquldur”.

Erkin, bu so‘zning ma’nisini tushundingmi? Sen jiyanimga ham bu tub daxldordir. Men senga Farhodday bo‘l, demayman. Ammo so‘zing Farhodning teshasiday bo‘lsin, o‘g‘lim. Buni senga xuddi otang aytayotganday yodingda tut! Illo, boshingda ko‘p ishlar bor… Biz, tog‘alaring esa hamisha yoningdamiz. Hech qachon yolg‘izlanib qolmagaysan. Senga bashoratim shu…”

Ibrohim G‘AFUROV
O‘zbekiston Qahramoni

“Jadid” gazetasining 2026-yil 5-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596