08.05.2025 | 09:14
466
IKKI BAHR TUTASHUVI
Yaqinda iste’dodli ijodkor, filologiya fanlari doktori, professor Ma’rufjon Yo‘ldoshevning “Shams ila Mavlono” qissasi nashr etildi. Asar ulug‘ valiylar Mavlono Jaloliddin Rumiy hamda Shamsuddin Tabriziyning musohib va hamholligi xususida tasavvur yoinki fikr paydo qilishi bilan e’tiborga molik. Qissa hajman yirik hisoblanmasa-da, undagi irfoniy mazmun-mohiyat va sirli hikmatlar, har bir mulohaza ortida yashirin haqiqatlar o‘quvchini so‘fiylik maslagi mohiyati tomon boshlaydi, sokin xayollar va so‘ngsiz tuyg‘ular hosil qiladi.

Qissa voqealari “din va haqiqat quyoshi” deya ulug‘langan Mavlono Shamsuddin Tabriziyning o‘smirlik yillari va maktabdagi saboq onlari bilan boshlangan. Asarni o‘qish uchun maxsus tayyorgarlik kerak, ya’ni kitobxon irfoniy ilm hamda ruhoniy maqomlardan xabardor bo‘lishi lozim. Zero, muallif ham mazkur asarni yozish uchun nafaqat Jaloliddin Rumiy va Shams Tabriziy munosabatlari haqidagi tarixiy va manoqibiy asarlarni, balki tasavvuf, tariqat ilmiga doir ko‘plab kitoblarni o‘qigan, asar maslagini yoritishda ulardan unumli foydalangan. Yosh Shamsuddin ruhiy yetuklik yo‘lining shariat, tariqat, ma’rifat hamda haqiqat bosqichlari haqida shunday deydi: “Shariat derki, sendagi – seniki, mendagi – meniki. Tariqat aytur: sendagi – seniki, mendagi ham seniki. Ma’rifat derki, na meniki bor, na seniki. Haqiqat aytur: na sen borsan, na men”. Xoja Bektoshi Valiy “Maqolot” risolasida mazkur to‘rt yo‘lni ularga mansub odamlar misolida izohlaydi. Shariat ahlini obidlar deb, ularning toat-ibodatda sobit ekanliklarini aytadi. Unga ko‘ra, dunyodagi pok-nopoklik, barcha qoidalar shariat ila ma’lum bo‘ladi. Valiy zot tariqat vakillarini zohidlar deb, ularning asli otashdan ekanini, tun-u kun yonib yashash ular maslagi bo‘lishini ta’kidlaydi. Zohidlar oxirat umidida umr kechirib, dunyo havaslarini tark etadilar. Tariqatda “mendagi ham seniki” deyilishining mohiyati ana shunda. Uchinchi maqom ma’rifat bo‘lib, oriflar yo‘lidir. Ular tafakkur ila ikki olamni ham tark etib, Alloh taologa yetish umidi bilan yashaydilar. Haqiqat darajasi ahlini Xoja Bektoshi Valiy muhiblar deb atab, ular taslimiyat va rizo bilan har narsadan voz kechishlari haqida gapiradi. Ulug‘ valiy Najmiddin Kubro muhabbat darajalari misolida bu bosqichlarni shunday izohlaydi: “Muhabbatdagi ilk odim nafs uchun mahbubning orzu etilmog‘i, so‘ngra nafsning o‘ziga fido qilinishidir. Undan keyin ikkilikning unutilishi bo‘lsa, eng oxirgi marhala vahdoniyatda fano topmoqlikdir”. Haqiqat yo‘lidagi zotlarda na menlik, na senlik bor. Hazrat Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” asarida bu maqomni fano deb atab, ularning “vasl nuzhatgohig‘a doxillar” ekanligini aytadi. Yozuvchi qissadagi bu hikmat orqali yetuklik maqomlarini bayon etib, ne ulug‘ zotlar haqida hikoya qilmoqchi bo‘layotganini ayon etadi.
Qissada Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasidagi ikki valiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlardan unumli foydalanilgan. Jumladan, murshid va murid munosabati xususidagi o‘rinlarda ham buni kuzatish mumkin. Tazkirada Tabriziy va Avhaduddin Kirmoniy uchrashuvi quyidagi jumlalarda aks etgan: “…Shayx Avhaduddin Kirmoniyni ko‘rdi va dedi: ne ishtasen? Ul dedi: toshlig‘ suvda oy aksin ko‘radurmen. Ul dedi: agar bo‘ynungg‘a chibon chiqmaydur, oyni ne uchun osmonda ko‘rmaysen?” Qissada esa bu uchrashuv mohiyati badiiy to‘qimalar asosida to‘liq ochiqlanadi. Avhaduddin Kirmoniyning Tabriziyga murid tushish niyati bor, ammo toliblik sinovlarsiz bo‘lmas. Shayxning sharob keltirish va birga o‘tirib ichish haqidagi talabiga Kirmoniy “Haromga yaqin yo‘lamayman”, deb javob beradi. Tabriziy “ishq ahli ichmay turib mast bo‘lishini” ta’kidlab, unga shayxlik qilolmasligini aytadi. Shayx, murshidlarning o‘z muridlari ixlosini sinab ko‘rishlari so‘fiylik tarbiyasining asosiy jihatlaridan hisoblangan. Shu bois ilmiy manbalarda muridlik odoblari qatorida qalban bo‘lsa ham shayxiga e’tiroz qilmaslik, murshidda gunoh bo‘lsa aralashmasdan, o‘z ishida davom etish kabi vazifalar ham asosiy o‘ringa qo‘yilgan. Tabriziy Avhaduddin Kirmoniyning holini malomat qilar ekan, “bu maydon eranlar maydoni, unda zaiflarga o‘rin yo‘q”ligi haqida gapiradi. Ma’lumki, eran – erlar ma’nosini anglatib, Alloh roziligiga yetgan valiy zotlar, deya izohlangan. Ahamiyatlisi, bu nom turkiy istiloh bo‘lib, mumtoz adabiyot namunalarida axloqan yetuk insoni komillarga nisbat beriladi. Shu bilan birga erning hurligi va yolg‘iz Yaratganga qulligi e’tirof qilinadi. Erlarning qo‘rqoq bo‘lishi aslo tasavvur etilmaydi. Yozuvchi bu mohiyatni chuqur anglagan holda, er, eran nomini qo‘llaydiki, mazkur o‘rinlarda ularga xos ulug‘vorlik va ma’naviy ozodlik yaqqol aks etadi.
Dunyo – sinov maydoni. Odam (a.s.) bu olamga qilgan birgina xatosining badalini to‘lash, ya’ni jazosini tortish uchun yuborildi, uch yuz yil tavba qilib, afv etishni Yaratgandan yolvorib so‘radi. Biz Odam Ato avlodlari asl mohiyatni yodda tutib, imtihon maskanida rohat-farog‘atga qul bo‘lmasligimiz kerak. Inson nimaga tug‘ilib, ne uchun yashayotganini idrok etishi lozim. Zotan, tiriklikning mohiyati iymon-e’tiqod va axloqiy kamolotdir. Asarda Mavlononing muridlariga aytgan hikmatlarida shu ma’no aks etadi. Ul hazrat ilmni arqonga qiyos etib, uning hosilasi zulmatdan qutulmoq, ildiz qayerda ekanligini anglamoq bo‘lishini aytadi.
Nay haqidagi naql qissaning eng asosiy o‘rinlaridan hisoblanadi. Ma’lumki, “Masnaviyi ma’naviy” kitobining muqaddimasi nay hikoyasi bilan boshlanib, uning asl vatandan yiroq tushib, bor dard-u firog‘i sir-u asrorga aylangani bayon qilingan. “Shams ila Mavlono”da nay haqidagi naql Rasululloh (s.a.v.)ning Me’rojga qilgan safarlari bilan bog‘lab hikoya etilgan. Nayning oshiqlar sirini nolaga jo etib kuylashi mumtoz namunalarda bot-bot tilga olingan, lekin qissadagi payg‘ambarimiz alayhissalomning “bu qamish qiyomatga qadar mening sirimni tarannum qiladi, ammo qalbi ochiq, pok va komil insonlargina bu sirni anglagaylar”, degan ta’rifi mazkur hikoyat mohiyatini kitobxonga to‘liq anglata oladi.
Mavlononing “g‘ayb olami sokinlari” bergan o‘gitlarini doimo yodda saqlagani va Kiro xotundan farzandlariga ham shu hikmatlar asosida tarbiya berishni so‘ragani bejiz emas. Hikmatlarni eslaymiz: “Hamma bilan do‘st bo‘l, hech kimga hasad qilma, hech kimni muhokama etma, odamlar suratini bezatsa, sen siyratni bezat, odamlar boshqalar aybidan so‘z ochsa, sen o‘z qusuringni o‘yla, yaralarga malham bo‘l, shifo bo‘l, aslo ziyon bo‘lma, o‘ylaring so‘zlaringga, so‘zlaring fe’lingga, fe’ling taqdiringga nuqs etadi, go‘zal o‘yla, go‘zal yasha”. Har bir yozuvchi qaysi davr haqida yozmasin, asar mohiyatida jamiyat muhiti va muammolari aks etib turadi. Zohirbinlik, fitna-fasod, ikkiyuzlamachilik va shuhratparastlik ildiz otgan bugungi kunimizda Mavlononing bu hikmatlarini anglash juda muhim.
Asar yakunida Mavlono va Shamsning hujradagi uch oylik suhbati va olomonning malomati tasvirlanadi. Mavlononing hujradan chiqib, zohirbinlar nazdida, may bilan qaytishi odamlarni g‘azabga soladi. Ular bostirib kirib, idishni sindirganlarida shishadan gul sharbati to‘kiladi. Ko‘rinadiki, valiy zotlar pir-u murid bo‘lib, Alloh ishqidan sarxush edilar. Tabriziy orzu qilgan ham murshidi, ham muridini topgan, ularning suhbatlari esa eranlar majlisi yanglig‘ fayz-u futuhga to‘la edi.
Nasiba JO‘RAQULOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



