21.07.2026 | 09:00
1256
IMTIHONDAN KEYINGI O‘YLAR
Har yili yoz fasli men uchun jo‘shqin va mas’uliyatli pallaga aylanadi. Chunki bu paytda universitetimizga katta orzu-umid va maqsadlar bilan yuzlab yoshlar qadam qo‘yadi. Ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish, fikrlash tarzi, dunyoqarashi, qiziqishlari va orzularini tinglash menga har safar bir haqiqatni anglatadi – har bir avlod o‘z zamonasining farzandi.

Ijodiy imtihonlar men uchun doimo qiziq, chunki 18-20 yashar avlod bilan erkin suhbat qilish imkoniyati ichimdagi ko‘p savollarga javob topishga yordam beradi. Yangi avlod qanday? Ular media olamni nega tanladilar? AT va SI bilan aloqalari qanaqa? Matbuot va badiiy adabiyotga qiziqishlari bormi? Xullas, yillar davomida o‘ylab yurgan savollarimga javob olaman, ularga qo‘shilib men ham hayajonlanaman…
Men uchun ijodiy imtihonlarning eng muhim natijasi kimningdir xatosini topish emas, balki kelajak haqida o‘ylashdir. Chunki bu auditoriyalarda o‘tirgan yoshlar orasida ertangi muxbir ham, tahlilchi ham, bosh muharrir ham, media menejeri ham, xalqaro jurnalist ham bor. Ayrimlari bizni savolga tutganida ularning mustaqil fikrini his qilaman, bu mushohada zamirida yurtimizning ertangi intellektual salohiyatini ko‘raman. Shuning uchun ham, har bir ijodiy imtihon men uchun oddiy saralash jarayoni emas, balki avlodlar uchrashuvi, kecha bilan bugunning muloqoti, ertangi kun bilan yuzma-yuz suhbatdir. Albatta, ustoz sifatida bugungi yoshlarga ishonaman. Chunki ular orasida bilimli, kitobxon, dunyoqarashi keng va chinakam iqtidor egalari juda ko‘p.
Bu yilgi ijodiy imtihonlarda mingta kitob mutolaa qilgan Azizaxon ismli abituriyentimiz ko‘plab ustozlarni hayratga soldi. Jahon adabiyoti durdonalarini o‘qib, Telegram sahifalarida mushohadalarini tengdoshlariga ulashayotgan kitobxon yoshlarimizni ko‘rib faxrlandik, niyat qildikki, ular albatta bizning talabamiz bo‘lishsin. Hali o‘qishga kirmasdan turib, viloyat va Respublika televideniyesida boshlovchi sifatida faoliyat yuritayotgan, ravon nutqqa, keng mushohada va erkin fikrga, dadil qarashlarga, dublyaj sohasida betakror iqtidorga ega (dublyaj sohasida faoliyat yuritayotgan, bir vaqtning o‘zida ovozini o‘zgartira oladigan yoshlarni ham ko‘rdik) havasmandlar bilan zavqlanib suhbatlashdik. Ana shunday navnihollarni ko‘rib, jurnalistikaning ertangi kuniga ishonchimiz ortdi.
Ammo har bir quvonchli manzaraning o‘ylantiruvchi tomoni ham bo‘lar ekan… Afsuski, jurnalistika ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirgan ayrim yoshlar jurnalist, teleboshlovchi va bloger o‘rtasidagi farqni aniq tushuntirib bera olmadi. Aksariyati jurnalist deganda mashhur tok-shou boshlovchilarini nomma-nom keltirdi. Bu esa kasbning mohiyati hali to‘liq anglanmaganini ko‘rsatadi. Axir jurnalistika faqatgina mikrofon va kamera qarshisida biyron gapirish san’ati emas. Aslo! Agar shunday bo‘lganda, eng yaxshi jurnalistlar eng mashhur chehralar bo‘lardi.
Jurnalistikaning oltin qoidasi bor: haqiqatni aytmoq uchun avvalo uni anglash kerak. Shuning uchun jurnalistning eng katta quroli mikrofon emas, bilim, eng ishonchli tayanchi kamera emas, tafakkurdir. Mikrofon ovozni kuchaytiradi, ammo bilim va tafakkurgina so‘zga salmoq, fikrga qudrat bag‘ishlaydi.
Suhbat jarayonida ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan abituriyentlar asosan Instagram va TikTokdagi ko‘ngilochar kontentlarni kuzatishini aytdi. Biroq ijtimoiy-siyosiy fikrlar, tahliliy maqolalar va jamoatchilik muhokamalari joylashtiriladigan Facebook (Meta)dagi muhit ular uchun deyarli begona. Axir bo‘lg‘usi jurnalist uchun ijtimoiy tarmoq vaqt o‘tkazish vositasi emas, jamiyat kayfiyatini anglash, fikrlar xilma-xilligini kuzatish va tahlil qilish maydoni bo‘lishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar haqidagi bunday suhbatlarda yana bir ziddiyat namoyon bo‘ldiki, axborot ko‘paygan sari uni anglashga bo‘lgan ehtiyoj emas, ba’zan uni tez iste’mol qilish istagi ustun kelayotgandek.
Imtihon jarayonida yana bir ziddiyatli jihatga duch keldik: yozishga iqtidori, mustaqil fikri va qalami bor ayrim qizlarimiz shaxsiy ijodiy sahifa yuritish istagini bildirganida, ota-onalarining qarshiligiga duch kelayotgan ekan. Nega? Axir iqtidor bu ta’qiqlanadigan, yashirib qo‘yiladigan ne’mat emas, tarbiya va ishonch bilan kamolga yetkaziladigan Yaratganning omonatidir. Agar yo‘li to‘silaversa, iste’dod so‘nadi, agar unga ishonch bildirilsa, u millatning ma’naviy boyligiga aylanadi. Albatta, ota-onaning farzandini raqamli texnologiyalarga mukka ketishidan asrash istagini tushunish mumkin. Biroq himoya qilish degani uning iqtidorini yashirish emas, aksincha, uni odob, mas’uliyat va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir. Zero, Vatanning ertangi so‘zi ham, nufuzi ham ana shunday erkin fikrlaydigan, ma’naviyati mustahkam yoshlar qalamida yaratiladi.
Eng qiziq va ayni paytda eng o‘ylantirgan suhbatlar kitoblar haqida, adabiyot haqida kechdi.
Afsuski, sun’iy intellektga fikrlash salohiyatini ham topshirgan ba’zi yoshlar uchun badiiy asarning mohiyatini bilish emas, shunchaki nima haqida ekanligini bilsam bo‘ldi, degan yondashuv muhimligi imtihon jarayonida ma’lum bo‘ldi.
Bo‘lajak talabalar bilan suhbat asnosida o‘tgan asr yakunidagi talabalik yillarimizni, ustozlarimizni esladim. Biz axborotni asosan kitoblardan, gazetalardan, jurnallardan izlardik. Kutubxonaga borishning o‘zi bir ma’naviy ehtiyoj edi. Bugungi yoshlar esa mutlaqo boshqa axborot makonida ulg‘aymoqda. Ularning qo‘lida cheksiz imkoniyatlar mujassam. Bir necha soniyada dunyoning istalgan nuqtasidagi ma’lumotga erishishi mumkin. Demak, muammo texnologiyada emas.
Umuman, bugungi avlodni kechagi avlod bilan taqqoslashdan ko‘ra, ularning har biri qaysi muhitda shakllanganini tushunish muhimroq. Zamon o‘zgarmoqda, axborot oqimi tezlashmoqda, ta’lim usullari ham takomillashib bormoqda. Tabiiyki, bu o‘zgarishlar natijasida farzandlarimizda kitobga muhabbatni, savol berish madaniyatini, mustaqil mushohada qilish qobiliyatini saqlab qolishimiz, yo‘qotib qo‘ymasligimiz lozim. Bu yo‘lda oila, maktab, universitet va butun jamiyat hamkor bo‘lishi kerak.
Azizlar, farzandlarimizni faqat imtihonga emas, hayot sinovlariga tayyorlaylik! Ularga faqat javob berishni emas, mulohaza yuritishni ham o‘rgataylik. Faqat diplomni emas, teran dunyoqarashni qadrlaylik. Faqat axborotni emas, haqiqatni izlashga undaylik. Ana shunda ta’lim maskanlarimizdan nafaqat a’lochilar, balki mas’uliyatli ziyolilar va Vatan taqdiriga daxldor insonlar yetishib chiqadi. Buning uchun barchamiz birdek mas’ulmiz!
Sherzodxon QUDRATXO‘JA,
O‘zJOKU rektori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



