Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.12.2025 | 17:44

img1471

ISMOIL GʻASPRALINING “DORUR-ROHAT MUSULMONLARI” ASARIDAN IQTIBOSLAR

“Dorur-rohat musulmonlari” asarida Islom dinining Gʻarb madaniyati va umuman, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan bemisl hissasi aniq va ta’sirchan misollar yordamida ko‘rsatib beriladi.

Asar toshkentlik Mulla Abbosning musulmon madaniyati yodgorliklarini o‘rganish maqsadida Ispaniyaga safar qilishi haqida hikoya qiladi. U yerda tasodifan sirli va farovon Dorur-rohat (Rohat uyi) nomli musulmon jamiyatiga duch keladi. Tashqi dunyodan yashirin bu vodiyda asar qahramoni mahalliy aholining ilm-fan, texnika, ta’lim va ijtimoiy adolat sohasidagi yuksak madaniyati bilan tanishadi.

Qadim zamonlarda Amerika qit’asi va ayrim yirik orollar Ispaniyaga tobe bo‘lib, u yerlardan kemalar orqali mamlakatga minglab pud oltin keltirilar edi. Amerika tub aholisi chinni va billurdan yasalgan arzimas buyumlarga hovuchlab oltin va kumush bergan. Ammo vaqt o‘tib, Amerika va orollar mustaqil davlatlarga aylandi. Keltirilgan oltinlar sarflanib, tamom bo‘ldi. Hunarsizlik, ishsizlik va nochorlik Ispaniyani bugungi ahvolga solib qo‘ydi. Ispaniya – katta ibrat va saboq. Millat va xalq uchun boylik ham, saodat ham oltinda emas, balki mehnat va hunarda ekan. Bir paytlar mamlakatni to‘ldirgan oltinlar tugab bitdi. Biroq oltinga boy bo‘lmagan ingliz zamini xalqining ma’rifati va g‘ayrati tufayli dunyoning xazinasiga aylandi. Ispanlar borini yeb-ichib, oqibatda och qoldi. Mehnatsevar inglizlar esa barchadan ustun kelib, jahon boyliklarini to‘pladi.

Ahli islom qo‘lga kiritgan Andalus o‘lkasi qanchalik serbaraka va havosi xush bo‘lmasin, aholining hunarsizligi va madaniyatsizligi tufayli mamlakat xarob va tap-taqir holda edi. Arab avlodining sa’y-harakatlari bilan Andalus oqilona va adolatli boshqarildi. Shu sababli u o‘z davrida Yevropa va Osiyoning barcha davlatlari uchun namunaga aylandi. Farang tarixchilarining yozishicha, uning xazinasi hatto Yevropa davlatlarining barcha boyliklari jamlanmasidan ham ortiq bo‘lgan. Davlatning boyligi millatning boyligidan kelib chiqadi, millatning boyligi esa adolatli boshqaruv, hunar, sanoat va ilm orqali vujudga keladi.

Yevropa mamlakatlaridan faranglar Andalusga kelib, musulmon madrasalarida ilm va hunar o‘rgandilar. Shuning uchun Andalus musulmonlari Yevropada yangi madaniyatning yuksalishiga asosiy sababchilardan bo‘lganlar.

To‘g‘rilik ham, nafsga berilganlik ham, haqqoniyat ham, zulm ham, marhamat ham, shafqatsizlik ham, tanballik ham, g‘ayrat ham, ilmga muhabbat ham, jaholatga moyillik ham, mardlik ham, pastkashlik ham, jasorat ham, qo‘rqoqlik ham – barchasi inson tabiatiga xos.

– Yig‘la, yig‘la, ko‘zlaring qurib qolguncha yig‘la! Yig‘lash xotinlarning ishi, deydilar. Davlati va hokimiyatini saqlab qololmagan podshoh esa xotin kabi yig‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Janobi Haqning barcha hikmatlari nihoyatda ulug‘dir, ammo eng buyuk hikmati, ehtimol, insonga aql berganidir. Aql quvvati bilan daryolardan oson o‘tiladi, yer ostida yashirinib yotgan boyliklar kashf etilib, qazib olinadi. Xuddi shu muqaddas quvvat tufayli ko‘plab dard va kasalliklarga shifo topilmoqda. Shu bilan birga, Xudoning irodasi shundaki, inson faqat bir vositadir, xolos. Barcha holatlarda bilim va kamolotdan quvvat olgan aql inson uchun baxt va saodat manbaidir.

Qanday ayanchli, qanday dahshatli g‘aflat bu! Ey o‘g‘lim, ko‘zi bog‘langan odam yura oladimi? Yerni bilmasdan ekin ekasiz, suvni bilmasdan suv ichasiz, dunyoni anglamay umr kechirasiz… Voy, qanday baxtsizlik, qanday g‘aflat! Janobi Haq O‘zi isloh etsin.

Mamlakatni boshqarish uchun ham qator fanlar va yetuklik zarur. Ilm bor – din uchun, ilm bor – kundalik hayot uchun, ilm bor – ruh uchun, ilm bor – jism uchun…

– Inshoolloh, shunday zamon keladiki, Turkiston ahli ham fan va kamolotga oshno bo‘lib, tarixiy taraqqiyot yo‘liga kiradi. Gʻaflat qanchalik kuchli bo‘lmasin, u o‘tib ketuvchi holdir. Tahsili kamolot bo‘lmasa-da, sizlarda tahsili avval, ya’ni o‘qish va yozish bor. Ilmning boshi – o‘qish va yozishdir.

Ehtiyot bo‘ling, o‘lkamizda eng katta qabohat va jinoyat – yolg‘on gapirmoqlik. Uning jazosi ham juda og‘ir: yolg‘onchi hibsga olinadi, ammo hibsxona ochiq turadi. Atrofida ming kishi bo‘lsa ham, u bilan gaplashadigan birorta kishi topilmaydi…

– Hazrat… Bizning yurtimizda bolaga ovqat beriladi, kiyim-bosh qilinadi, ba’zan uriladi yoki so‘kiladi, ba’zan xorlanadi, ba’zan esa haddan ortiq erkalatilib, nozlantiriladi… Bizning tarbiyamiz, asosan, shunday kechadi.

Bir davlat yoki millat tanazzulga yuz tutsa, eng avvalo ilm va ma’rifatdan mahrum bo‘ladi. Bunday holda odamlar qo‘y kabi fahm-idroksiz holga tushib, o‘z boshlarini o‘zlari halokatga tutqazadilar. Bu qanday chuqur tanazzul, qanday ayanchli miskinlikdir. Vatan va istiqbolni barbod etgan, kasb-hunarni tashlab, safohat botqog‘iga botgan amirlariga itoat etib, quldek xizmat qilishlariga ajablanmaslik mumkin emas. Buning asosiy sababi esa ma’lum: jaholat.

Bog‘dan o‘tib ketayotganimda, bu yerlik musulmonlarning pokizaligiga juda hayron qoldim. Ularning har bir ishida yaxshilik va foyda bor. Masalan, gul nima? U hayot uchun juda ham zarur emas. Lekin ular qanday qilganiga e’tibor bering: turli-tuman gullarni guruh-guruh qilib, alohida-alohida ekib, uylarining atrofini go‘zal naqshlar bilan bezaganlar.

Dunyoda borliq ilm va ma’rifat bilan, turmush farovonligi bilim va sanoat bilan, rohat esa harakat va g‘ayrat bilan bo‘lishini barcha anglab yetgan. Shuning uchun er-xotin, yosh-qari demay, hammasi o‘qish va bilishga, mehnat va g‘ayrat yo‘liga kirgan. Natijada barchalari ilm-fanni o‘zlashtirishga, hunar va sanoatni o‘rganishga bel bog‘lab, jamiyatda jaholat va tanballikka o‘rin qoldirmaganlar.

Musiqadan odobsizlik va pastkashlik yo‘lida foydalanmaslik kerak, albatta. Chunki musiqa – nozik hissiyotlar va ruhning tarjimoni. U insonni rizolikka, itoat va ibodatga chorlaydi… Hunar va ilmning barchasi muqaddas, ammo barcha masala ulardan qanday foydalanishga bog‘liq. Ilm aqlni ochgani kabi, odobona musiqa ham ko‘ngil va hissiyotni ochadi, uni tarbiyalaydi, insonga muloyimlik bag‘ishlaydi.

– Turkistonda rus va avrupo xalqlaridan hunar va sanoat o‘rganish haqida fikr bormi? – deb so‘raganida,
– Yo‘q, afandim, chunki ilm, bilim va hunarda o‘zimizni hammadan ustun deb bilamiz, – deb javob berdim.

Voh, voh, qanday ayanch holda ekansizlar! Har kim ustun bo‘lishni istaydi, ammo dunyoni bilmasdan, o‘z ahvolidan bexabar yashash inqirozga olib boruvchi omillardan biridir.

Agar bir kishining qilgan ishi haqiqiy ish bo‘lmasa, bilgani bilim sanalmasa, tijorat va sanoati maqbul hamda e’tiborli bo‘lmasa, u bu dunyoda nima qiladi? Millat ham xuddi shunday…

Dorur-Rohat musulmonlari huquqlariga faqat so‘zda yoki niyatda emas, balki amalda ham ega. Ular o‘z haq-huquqini ham, o‘z taqdirini ham haqiqiy ma’noda qo‘llarida tutganlar. Bunday hol na Turkistonda eshitilgan, na Farangistonda ko‘rilgan.

Muhabbatsiz kun bo‘lmaydi. Ammo muhabbat zo‘ravonlik bilan vujudga kelmaydi. Shu bois muhabbat o‘tkinchi hissiyot emas, u o‘zini ochiq namoyon qilib, insof va adolat hukmiga bo‘ysunadi. Kuch va zulm bilan xizmatkor olib bo‘lmas ekan, xotin yoki do‘stni qanday qilib olish mumkin? Muhabbat nuri haqiqatdan so‘ngan kun kelib, xotin ajralishni istaydi va o‘z holini bayon qiladi. Kuch va zulm orqali muhabbat qozonmoqchi bo‘lgan ahmoq esa, bizning o‘lkamizda hozirgacha uchramagan.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img117

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img628

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img622