Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.05.2026 | 11:53

img2211

KITOB KELTIRGAN BAXT

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Umida TESHABOYEVA bilan suhbat

– Umida opa, kelgusi haftada mamlakatimizda “21-may – Kutubxonachilar kuni” nishonlanadi. Avvalo, kasb bayrami bilan tahririyatimiz nomidan tabriklaymiz! Alohida sananing belgilanishi ushbu soha vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi muhim rolini anglatadi. Sizning bu sohaga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

– E’tibor uchun tashakkur! Endi-endi o‘ylasam, mening peshonamga kutubxonachi bo‘lish yozilgan ekan. Bugun respublikadagi eng yirik kutubxonada rahbarman. Ammo bu yerga tasodifan kelib qolmaganman. Talabalikdan kutubxonaga ishga kirganman. Sohani eng quyi tizimdan boshlab o‘rgandim. Kutubxonadan boshqa joyda faoliyat yuritmadim. Men kutubxonachilikni tanlaganimdan faxrlanaman. Ammo doim ham shunday bo‘lgan, deya olmayman…

Istiqlolning dastlabki davrida sohamizga e’tibor yetarli bo‘lmadi. Kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi g‘ariblashdi, o‘n minglab fondi bilan u binodan bunisiga ko‘chib yurgan holatlar bo‘ldi. Kutubxonachilarning maoshini birovga aytishga xijolat bo‘lardi odam. Shunda ham ular ishni tashlab ketmadi, sabr-toqat bilan vazifasining ma’naviy foydasini o‘ylab, shundan taskin topib yashadi. Bu dargohda kitobni sevadiganlar qoldi. Biz tushunishga harakat qildik: yosh davlatga kutubxonadan ko‘ra iqtisodiyot, mudofaa va boshqa sohalar muhimroq, deb.

Moddiy farovonlik va ma’naviy yuksalishni barobar olib ketish ilojsizday edi nazarimizda.

So‘nggi o‘n yillik “bizning ko‘chada ham bayram” davri bo‘ldi. Mamlakatimizda kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yangi nashrlar va tarjimalarni yo‘lga qo‘yish hamda aholi orasida kitobga qiziqishni kuchaytirish, kutubxonalar va ta’lim dargohlarini kasbiy va sohaviy adabiyotlar bilan ta’minlash, kutubxonachilarni munosib rag‘batlantirish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirildi. Siz ta’kidlagan kasb bayrami ham Prezidentimiz tashabbusi bilan belgilandi. Bugun nafaqat Milliy kutubxonadagilar, balki tizimdagi 200 dan ortiq kutubxona xodimlarida ham ishchan kayfiyat hukmron.

– Milliy kutubxona otaxon ziyo maskani hisoblanadi. Tabiiyki, bu dargohga davlat darajasida e’tibor qaratiladi. Bu kommunikatsiya, raqamlashtirish, ta’minot masalalarida yaqqol ko‘rinadi. Hududlardagi kutubxonalar bilan qanday tafovut bor?

– O‘zbekiston Milliy kutubxonasining xalqqa xizmat ko‘rsatayotganiga 156 yil bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyoda birinchi tashkil etilgan ziyo maskani hisoblanadi. 1870-yil may oyida 2200 dan ortiq kitob yig‘ilib, kutubxona fondining asosi yaratilgan edi. Bugungi kunda 8 milliondan ziyod manbaga ega bo‘lib, 14 ta hududiy hamda tuman-shaharlardagi axborot-kutubxona markazlari bilan yagona tizimni tashkil qiladi.

Yetakchilikning asosiy shartlaridan biri – barchadan ilg‘or bo‘lish va hammadan ko‘proq mehnat qilish. O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 1998-yildan elektron katalogni shakllantirish boshlangan. Hozirda bu katalog yordamida biz butun dunyodan murojaat qilayotgan kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatyapmiz. Kutubxonada raqamlashtirish jarayonlari jadal davom etmoqda. Rivojlanish sur’ati hududlarimizdagi kutubxonalarda ham teng olib borilyapti.

2017-yili kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Bu hujjat sohaga doir keyingi qarorlar silsilasini boshlab berdi. Tizimda tub burilish yasaldi: kutubxonalar ta’mirlandi yoki yangi binolarga ko‘chirildi, fondi yangi adabiyotlar bilan boyitildi. Kutubxonachilar maoshida ham sezilarli ko‘tarilish kuzatildi. Davlat rahbarining e’tiborini ko‘rgan viloyat rahbarlari, turli darajadagi amaldorlar ham kutubxonalarga ko‘mak bera boshladi.

Umumiy holat namunali bo‘lsa-da, maxsus kutubxonachilik texnikalari borasida Milliy kutubxonada bor imkoniyatlar hammada ham mavjud emas, buni to‘g‘ri qabul qilish kerak: yangi texnologiyani olib kelish, uni ishlatish uchun vaqt, mablag‘, qolaversa, kadr tayyorlash zarur. Shunga qaramay, zamonaviy texnika yutuqlari Farg‘ona va Jizzax viloyatlari kutubxonalarida sinab ko‘rilmoqda.

– Ushbu o‘zgarishlarga qator hududlarda guvoh bo‘lyapmiz. Yana bir e’tiborli jihati, odamlarimiz orasida kitobga, kitobxonlarga munosabat ham tubdan o‘zgardi. Shunday bo‘lsa-da, “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, telefondan bosh ko‘tarmaydi”, degan qarashlar ham bor. Siz bunga qanday munosabatdasiz?

– Yaqin o‘tmishimizda shunday bir davr bo‘ldiki, haqiqatan ham kitobdan uzoqlashdik. Bunda faqat odamlarni ayblab bo‘lmaydi. Kitob o‘qish uchun tirikchilik tashvishlaridan yengillab, odam bo‘sh vaqt topishi, diqqatini jamlashi kerak. Bu shaxsiy harakatdan tashqari davlatning umumiy farovonligiga ham bog‘liq. So‘nggi yillarda xalqimizda qo‘shimcha mablag‘ ham, bo‘sh vaqt ham paydo bo‘ldi. Xorijga sayohat va ziyorat maqsadida yo‘l olayotgan o‘zbekistonliklar soni yildan yilga ortib bormoqda. Yengil avtomobil kirib bormagan xonadon qolmadi hisob. Hatto, eng chekka qishloq-ovullarda ham uy-ro‘zg‘or ishlari maishiy texnika vositalari zimmasiga yuklatilyapti. Davlat va xususiy bog‘chalar soni va qamrovi ortib, onalarimizning ham qo‘li bo‘shayapti. Xullas, endi adabiyot, san’at, ma’naviyat, kitob haqida o‘ylaydigan paytlar keldi.

Prezidentimiz xalqimizni mutolaaga qaytardi. Davlat rahbari kitob haqida, mutolaa haqida bot-bot ta’kidlab turgandan keyin, o‘qimay bo‘ladimi? “O‘qib shahar olib berarmiding?”, “Kitob qo‘ltiqlab yurguncha, mol-qo‘yga qara”, deguvchi ota-onalarning ham dunyoqarashi o‘zgarib, o‘zlari ham kitob varaqlashga tushib ketganini kuzatyapmiz.

Yoshlarimizning o‘qishi biznikidan farq qiladi-da. Bizda an’anaviy kitobdan boshqa tanlov bo‘lmagan. Bugunning avlodi elektron kitob o‘qiyapti, audiokitob tinglayapti, kerak bo‘lsa, asarlarga ishlangan sun’iy intellekt videolarini tomosha qilyapti. Garchi yigit-qizlar ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportlari, uyda telefonga bog‘lanib qolganday ko‘rinsa-da, ular ko‘rayotgan kontentlar o‘zgargan. Ya’ni, surat avvalgiday, mohiyat esa yangi. Qolaversa, bugun til o‘rganishda ham vizual usullar yetakchilik qilyapti.

Ishonch bilan aytamanki, bugun yoshlar kitob o‘qiyapti. Aks holda, kutubxona zallari gavjum bo‘lmasdi, kitob do‘konlari kassasida navbat hosil bo‘lmasdi, ijtimoiy tarmoqlarda o‘n minglagan obunachisi bor kitobxonlar guruhlari, bukblogerlarning telegram, instagram sahifalari gullab-yashnamasdi.

Gap kelganda aytib o‘tay, agar yoshlar kitob o‘qimaganda, biz noyob kitoblarni chet ellik hamkorlarimizdan so‘rab olmasdik. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, xorijiy kutubxonalar bilan hamkorlikda ishlab kelyapti. Asosiy faoliyatimiz resurslar almashinuvidir. Kitobxonlar so‘roviga ko‘ra bosmasini, imkoni bo‘lmasa elektron shaklda kerakli manbalarni yetkazib beryapmiz.

– Yangi yil arafasida muhtaram Prezidentimizga Yangi Toshkentda bunyod etilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi loyihasini sharhlab berdingiz. Bu noyob kutubxona ochilishini minglab kitobxonlar qatori biz ham intizor kutyapmiz. Shu haqda ham ma’lumot bersangiz.

– Bu tarixiy tashrif bo‘ldi. Tabiiyki, hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘lib qoldi. Bugungi kunda qariyb 4 gektar maydonda Milliy kutubxonaning yangi binosi barpo etilmoqda. Inshootda milliy me’morlik an’analari va zamonaviy arxitektura yechimlari uyg‘unlashtirilgan. To‘rt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Quvonarlisi, kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilish uchun yuqori texnologiyali maxsus xonalar tashkil etiladi.

Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan ta’lim va ma’rifat maskanlari tizimida muhim o‘rin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lishini ta’kidladi. Ilm-fan va ma’naviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori bo‘lishi qayd etildi. Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hozirgi binosiga 2011-yilda ko‘chgan. Ushbu bino loyihalashtirilganda kuniga 1000 nafargacha kitobxon kelishi mo‘ljallangan. Ammo so‘nggi yillarda bir kunda 2500 nafargacha foydalanuvchi tashrif buyuryapti. Imkon qadar stol-stul qo‘yib, sharoit yaratishga harakat qilamiz. Ammo 2500 kishini kislorod bilan ta’minlash va boshqa masalalarda bino quvvati talabga javob berolmas ekan.

Juda ko‘pchilik savol beradi: “Bu kutubxona-chi, bino nima bo‘ladi, Sizlar ko‘chib ketasizlarmi?” Javob sifatida “yo‘q” deymiz. Prezidentimiz bu masalaga urg‘u berib, kutubxonaning filiali sifatida qolishini aytdi.

– Jadidlar asos solgan “Turon” kutubxonasi haqida ham ma’lumot bersangiz…

– Ushbu kutubxona ham Milliy kutubxonamiz tasarrufida. Abdulla Qodiriy ijod maktabi majmuasi tarkibidagi maxsus binoda faoliyat yurityapti. Uzoq yillik sargardonlikdan so‘ng kutubxona maxsus qurilgan, namunaviy loyihadagi binoga ega bo‘ldi. Kitobxonlarni qabul qilish, fondlarni saqlash va boshqa masalalar e’tiborga olingan. Ushbu maskandagi bosma manbalar ham raqamlashtirilyapti.

Bugun kutubxonalarda bino, moddiy-texnik baza deyarli muammo bo‘lmay qoldi. Lekin yana bir narsani aytishimiz kerak, restavratsiya-konservatsiya masalalari oqsaydi. Kutubxonalarimizda restavratsiya uchun maxsus bo‘limlar yo‘q. Restavrator kadrlar yetishmaydi. Masalan, Turkiyada kitoblar xastaxonasi rivojlangan. Bizda ham restavratorlar ishlayapti. Ammo ular Milliy kutubxonaning ehtiyojlaridan ortmayapti. Lekin Buxoro, Samarqand, Xorazm hamda “Turon” kutubxonasidagi nodir nashrlar, qo‘lyozmalar, toshbosmalar doimiy ravishda restavratorlarning tekshiruviga muhtoj. Bu yerda faqat kutubxonachilar bilan ish bitmaydi.

Faqat kutubxonalarda emas, balki muzeylarda, arxivlarda ham shu muammo bor. Bularning yechimini axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan yangi strategiyaga kiritganmiz. Umid qilamizki, masala o‘z yechimini topadi. Chunki biz ko‘p maqsadlar ro‘yobga chiqishiga avvalbosh ishonmagan edik, ammo orzularimizdan ziyodasiga guvoh bo‘ldik.

– O‘zbekiston Milliy kutubxonasi respublikada chop qilinadigan barcha bosma nashrlarni majburiy nusxada oladi. Bu, albatta, qonun bilan mustahkamlangan. Bu jarayonda fuqarolarimizning, ijodkorlarning ham tashabbusi bormi? Zero, eng yirik ma’rifat koshonasida kitobi bo‘lishi, menimcha, har bir ijodkorga faxr bag‘ishlaydi.

– Haqiqatdan ham, oxirgi ikki yil ichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga mualliflar, homiylar va yurtdoshlarimiz tomonidan kitoblarning hadyasi karvon-karvon bo‘lib kelmoqda. Kuniga besh-olti nomdagi o‘nlab kitob kutubxonaga sovg‘a qilinadi.

Juda ko‘p mualliflar majburiy nusxa berilgandan tashqari, o‘zlari kelib, bir necha nusxada taqdim etadi. Kutubxonada taqdimotlar o‘tkazish istagini bildiradi. Lekin shunaqa holatlar ham bor: muallif bergan kitobning majburiy nusxasi kelmagan bo‘ladi. Darrov qaysi nashriyotda chop etilgan bo‘lsa, xat bilan chiqamiz. Kutubxona fondi to‘ldirilishida hech qanday bo‘shliq bo‘lmasligi kerak-da.

Kutubxonaga olib kelingan kitob asrlar davomida qoladi. Yana bir narsa bor, daxldorlik hissi. Bugun fuqarolarimiz shaxsiy kutubxonasidagi noyob manbalarni, oilaviy meros sifatida ardoqlab kelinayotgan kitob va qo‘lyozmalarni kutubxonamizga topshirmoqda. Chunki qadimiy manbalarni uy sharoitida saqlash vaqt o‘tgan sari qiyinlashib boradi.

Yana bir xursand bo‘ladigan jihatimiz, yurtdoshlarimiz bizga sovg‘a qilishdan tashqari, bir qancha kitoblarni keltirib, viloyatlar, tuman-shaharlardagi kutubxonalarga yetkazishimizni iltimos qilishadi. Ular olib kelgan adabiyotlarni ko‘rib, o‘rganib chiqamiz va yetkazamiz.

– Umida opa, ayol oilada va jamiyatda baravar baxtli bo‘lishi mumkinmi?

– Bundan o‘n yil oldin bu savolni berganingizda, balki uzoq o‘ylab qolardim. Bugun esa baralla “Ha!” deya olaman.

– Unda armoningiz bo‘lmasa kerak…

– Bor… Dadamning men bilan bog‘liq orzulari katta edi, oila davrasida, do‘stlari bilan o‘tirganida: “Xudo xohlasa, bu qizim o‘zimning izimdan borib, ham ilmiy ish qiladi, ham eng katta kutubxonada eng zo‘r kutubxonachi bo‘ladi”, deganlarini eshitganman. Dadamning orzulari ushaldi, lekin…

– Umida opa, bugungi suhbatimiz nihoyasiga yetgani yo‘q. An’anamizdan chekinib, istisno tariqasida, Sizga so‘ngso‘z bermaymiz. Qizg‘in muloqotimizni Yangi Toshkentdagi yangi kutubxonada davom ettirish niyatidamiz. Sizga doimo ijobiy qahramonlar va baxtli murod-maqsadlar hamroh bo‘lsin!

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596