13.04.2024 | 09:47
337
KITOB O‘QIGAN “KOBALT” MINADI

Haqqoniy kitoblar – ma’nolar xazinasi. Bu xazinadan bahramand bo‘lganlarning dunyoqarashi, fikrlash tarzi, muomalasi, odob-axloqi nurli-ko‘rkam bo‘ladi. O‘qiganlar bilan o‘qimaganlar bahslashishi qiyin. Shunga ko‘ra, yetti yildirki, “Yosh kitobxon” respublika tanlovida o‘qiganlar o‘zaro fikr maydonida bahs yuritishadi. Kitobxonlarning bilimi, zakosi, yodkashligi, tafakkur ko‘lami taqqoslanadi. Munosibi Prezident sovg‘asi – avtomashina bilan taqdirlanadi. Nazarimda, dunyoning birorta mamlakatida mavjud bo‘lmagan mutlaqo o‘ziga xos ma’rifat musobaqasi bu.
Mamlakat yoshlarining kitob o‘qishi, uqishi va bilib olganlarini hayotiga tatbiq etishi natijasida ziyoli shaxslar maydonga chiqadi. Bugun yuzlab, minglab yoshlar qalbiga ilm, haqqoniyat, o‘zlariga ishonch urug‘i ekilmoqda. Kelajakda buning mevasi Uchinchi Renessans o‘laroq meva beradi. Yoshlikda shuuriga muhrlangan kitoblarni umr bo‘yi eslaydi va ulardagi hikmatlardan foydalanadi, albatta.
Aslida, barcha zamonlar ilm-fanida Uyg‘onish davrida yashagan olimlar va ularning bashariyatga manfaatli, umrboqiy kitoblari asosiy belgilovchi omil bo‘lgani aniq. Shunga ko‘ra, bugun kitob o‘qiyotgan yoshlardan umid katta. Ularda shijoat bor, ular orzular ummonida suzadi. Ular ulug‘ niyatlarini qalbiga joylab, ulkan yo‘lga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshaydi. “Yosh kitobxon” tanlovi yoshlarning hayot yo‘lidagi oydin bir bekatdir.
Ma’lumki, bu tanlov O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan uch yosh toifasida: 10-14 yoshlilar; 15-19 yoshlilar; 20-30 yoshlilar o‘rtasida quyidan boshlab respublika bosqichiga qadar tashkil etiladi. Tanlov nizomi va shartlari yildan yilga takomillashib bormoqda.
Bir necha yil yosh kitobxonlarning og‘zaki nutqiga e’tibor berilgan bo‘lsa, ikki yildan buyon ularning o‘z fikrlarini yozma ravishda ifoda etishlari ham taqqoslanmoqda.
Bugungi yosh kitobxon o‘zi o‘qiyotgan asarlar va ularni yozgan adiblar to‘g‘risida mulohaza qilar ekan, kitoblarning ma’naviy-ma’rifiy qimmatiga, umrboqiylik darajasiga, hayotiylik rutbasiga, albatta, diqqat qaratishlari lozim.
Muhim bir gapni aytishni istardim. Kitobxonlik bahsida tanish-bilish, birovlarni o‘rtaga solib sarson-sargardon qilish, qo‘ng‘iroqbozlik ish bermaydi. Chunki ma’naviyat bahslari qo‘g‘irchoqbozning o‘yini emas. Aslida, ko‘p tanlovlarda urfga aylangan bunday noxush hollarni esga olishdan odam uyaladi. “Yosh kitobxon” – bu o‘ta original, haqqoniy va fenomenal hodisa. Bir misol keltiraman. Bilimdonlar o‘rtasida o‘zaro zimdan kurash davom etayotgan palla. Qaysidir viloyatdan bir qizcha o‘rtaga chiqdi. Uch-to‘rtta savollarning barchasiga bergan javobi bir xil, bir xil, bir xil… O‘qimagandan keyin kitobdagi fakt-dalillar haqida so‘zlay olmadi, mum qotdi. “Bilimdon”ning bilmasvoyligi bilindi. Hamma sezdi. Bilmaydigan biladiganlar orasiga adashib tushib qolgani ko‘rindi. Agar anglasa, hayolanib xayollansa, bu mulzamlik sabog‘i bunday ishtirokchi uchun bir umrga yetadi. Boshqa sohalarda, turli musobaqalarda tanish-bilish, birovga orqayinlik yordam berishi mumkin. Ammo “Yosh kitobxon” – millionlab odamlar ko‘zi oldida bir necha daqiqalar orasida eng kerakli, eng muhim fikrlarni o‘rinli, mantiqli, go‘zal adabiy tilda bayon qilishga qaratilgan, yoshlarning o‘ziga xos intellektual salohiyatini, eslab qolish qobiliyatini, muomala madaniyati kabi ma’naviy olamining olmos qirralarini elakdan o‘tkazadigan bebaho bir tanlov.
O‘quvchi kitobdan farosat sabog‘ini ham olmog‘i lozim. Yaqinda yoshgina bir ishtirokchi kelib, men bilan ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zdi va: “Meni tanidingizmi?” dedi jinday havolanib. Savolidan xulosa qildim: farosat tarbiyasi ham muhim. Dunyo ahli orasida yuzlab, minglab kitoblarni o‘qib uqmaganlar, hayot tarziga, axloqiga, vijdoniga, iymoniga tatbiq etmaganlar borligidan ko‘z yumish – haqiqat yuziga teskari boqishdir.
“Yosh kitobxon” tanlovida ishtirokchilardan ko‘ra ularning ota-onalari, bobo, momolari ko‘pincha bezovta bo‘ladi. Tanlov shartlari, nizomlaridan norizo bo‘lgan hollari kuzatiladi. Bunday vaziyatlarda g‘olibni tabriklash, inson o‘z baloyi nafsini jilovlashi foydali bo‘ladi.
Sirdaryodan bir yigit keldi. Oxirgi o‘rinni oldi. Ammo mamnun, kayfiyati baland. Do‘stlarini tabriklagan, manzillarini almashgan. Oradan to‘rt yil o‘tib yana “Yosh kitobxon” minbarida paydo bo‘ldi va unga omad kulib boqdi. Mashina egasi bo‘ldi.
Bobur hazratlarining bir ruboiysidagi misralarning o‘rnini almashtirgani uchun Qoraqalpog‘istondan kelgan qiz mashinasiz qoldi. Yig‘ladi, xafa bo‘ldi. Ammo dag‘dag‘a qilmadi. Uning ma’naviyati balandligi, kitob o‘qigani sezildi. Keyingi yillardagi tanlovda shu qiz ham yutuqqa erishdi. Demoqchimanki, tanlov har yili qizg‘in va kutilmagan voqealarga boy bo‘ladi.
Nazarimda, bu tanlovda qatnashadiganlar soni yildan yilga ortib borgani holda, qatnashchilarning ilmiy-adabiy salohiyati ham nisbatan yuksalib borayotgani seziladi. Demak, insonlarning ong-u shuuri o‘zaro o‘xshash va farqli, ularning tushunish va tushuntirish qobiliyatlari ham turlicha. Demak, bu o‘rinda tanlov ishtirokchilari orasida eng qobiliyatlisi, ayni damda, manglayiga saodatli imzo qo‘yilgan ishtirokchi yulduzdek charaqlab ko‘rinadi. Eng muhimi, “Yosh kitobxon”da mag‘lublar bo‘lmaydi. Unda qatnashgan yoshlar o‘z umriga yetadigan, hayot yo‘llarida foyda beradigan bebaho ma’naviy boylik egasi bo‘ladilar.
Bu yil tanlov yetti yoshga to‘ldi, yoshi ulg‘aydi. Respublika Prezidenti sovg‘asi ham kattalashdi. Gʻoliblarga “Spark” o‘rniga “Kobalt” sovg‘a qilindi.
Kitobxonlik tanlovlari yoshlarning shaxsiyatini, fikrini, ruhiyatini tarbiyalashga xizmat qilishi lozim. Yutgan odam hamisha mamnun. Yutqazganlar gohida ayb, bahona va aybdorni izlab qoladi. Bu tanlovda ko‘pincha yoshlar aybni birovdan emas, o‘zlaridan izlashdi. Gohida yonlaridagi kimsalarning qutqulariga uchib, jahllangan hollar ham kuzatildi. Ammo ularning jahl otini o‘qigan kitoblarining fayzi hamisha jilovlab turadi. Kitob shunday chin do‘stdir, kitob shunday nosih, maslahatgo‘ydir. Birovlar gijgijlaganida kitobdan bunyod bo‘lgan ichkaridan adolat, vijdon, iymon ovozi keladi va yoshlar o‘zlaridan ketmaydi, o‘zlariga keladi.
Yillar sinovida bu tanlov toblandi. Odamlarning chuqur ishonch va hurmatini qozondi. Olis cho‘l tumanidan kelib qatnashib, mashina yutgan qizning ota-onasidan qo‘shnilar “kim bilan gaplashgani” va “qancha bergani”ni so‘rashibdi. Ota-onaning o‘zi nochor bo‘lsa, ijarada o‘tirgan bo‘lsa, qanday qilib birov bilan “gaplashadi”? Yana bir qishloqda turadigan yigit mashina egasi bo‘ldi. Uyidan qo‘shnilari telefon qilishdi. Ular uy atrofini orastalash, ta’mirlash, ko‘chalarni asfaltlashdek ulkan bir hasharga bosh qo‘shishdi. Bunga, nazarimda, viloyat hokimi qiziqdi. Bir kitob o‘qigan yigit sharofati bilan qishloq obod bo‘ldi.
Bir jurnalist bu tanlovga meni nima bog‘lab turganini so‘radi. Biroz noo‘rin tushundimmi, baharhol qizishdim. Yuragimni to‘kib soldim. Ota-onam, ustozlarim, haqiqatdan, to‘g‘rilikdan dars berishganini aytdim. Halol luqmaning barakasidan so‘zladim.
Aslida, mening bu maydonga kitobga qiziqishim, yoshlarning billur, chinni ko‘nglini turli qabohatlar sindirishidan qo‘riqlash mas’uliyati bog‘lab turadi. Adolat tarozisining bir pallasida turib, ularni avaylash meni shu maydonga yetaklab keladi. Murg‘ak tasavvurli bolajonlar bu olamda adolat, haqiqat borligini, o‘zlarining ko‘ngillariga mos, ularning gapini, dardini, yuragini anglaydigan odamlar ko‘pligini bilishlari lozim. Shunda jamiyat obod va go‘zal bo‘ladi. Shunda ularning qalbidan joy olgan ko‘chatlari parvarish topadi va taraqqiyotning muhtasham chinorlariga aylanadi.
Yaxshi kitob – ko‘ngil chirog‘i. Yaxshi kitoblar vositasida buxoriylar, termiziylar, samarqandiylar, xorazmiylar, farg‘oniylar, shoshiylar, nasafiylar o‘laroq dunyoga dong taratgan ajdodlarga munosib avlod tarbiyalanadi. Millat dovrug‘ini kitoblar olamga yoyadi.
Darvoqe, gapim tuganchida yana bir-ikki taklif aytmoqchi edim.
Birinchidan, hozirga qadar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida qatnashgan uch yuzga yaqin iste’dod egalari e’tibordan chetda qolib ketmasligi kerak. Ularni yilda kamida ikki-uch marta poytaxtda jamlab, respublikaning taniqli olimlari, ijodkorlari, madaniyat va san’at arboblarining mahorat saboqlarini tashkil etish o‘rinli bo‘lardi.
Ikkinchidan, tanlov maqomini xalqaro miqyosga olib chiqish payti ham keldi. Qo‘shni qardosh respublikalardagi yosh kitobxonlar ham o‘zlarini tengqurlari qatorida ko‘rishlari har jihatdan muhim va foydali bo‘lar edi.
B.NURMUHAMMAD
2024-yil 23-fevral 9-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



