24.06.2025 | 09:04
352
XASTALIK GENOMINI O‘QIGAN OLIM
Tabiat yerosti-yu yerusti boyliklari bilan siylagan mamlakatlar bisyor. Birovi neftga o‘xshash boyliklari, boshqasi bepoyon o‘rmonlari, serhosil dalalari, yana biri dengizi bilan mashhur. Ammo bunday imkoniyat bilan hamma ham bir xilda siylanmagan. Hududi kichik, na nefti va na oltini bor, biroq iqtisodi rivojlangan, dunyoning kuchli o‘ntaligiga kiradigan, aholisi boy va farovon yashaydigan davlatlar ham mavjud.
Xo‘sh, ular bunga qanday erishdi? Gʻoya, bilim, fikr va intellekt evaziga! Gʻoya iste’dodli, ilmli odamda bo‘ladi. Shuning uchun, avvalo, o‘sha “noyob miyalar”ni tarbiyalashga, iste’dod uchqunini alangalatishga e’tibor kerak. Bu har yili byudjetdan ilmiy tadqiqotlar uchun milliardlab mablag‘ sarflash, deganidir. Natijada yangicha g‘oyali, o‘zgacha fikrlaydigan yosh olimlar yetishib chiqadi. Ularning yangi texnologiyalar, ixtiro va kashfiyotlari mamlakat iqtisodi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Keyingi yillar yurtimizda ham ilm-fanga e’tibor kuchaydi. Katta islohotlar amalga oshirilyapti, yosh olimlar xorijda o‘qitilib, ilmiy markazlar, institutlarda ijodiy muhit shakllanmoqda, ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashda yangicha yondashuvlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada dunyo tan olayotgan, jahon minbarlarida e’tirof etilayotgan o‘zbek olimlari safi ortib bormoqda. Bular orasida xorijning nufuzli universitetlarida malaka oshirib, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan umidli yosh olim, genetik Mirzakamol Ayubovning ham o‘rni bor.
U bir guruh yosh genetiklarga bosh bo‘lib, kovidning 33 ta genomini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Yurtimizda kovidga qarshi vaksina ustida ishlayotgan o‘zbek olimlari qatorida Mirzakamol ham bor. Mirzakamol Ayubov Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi (ICRA – International Cotton Advisory Committee)ning ICRA-ASIA Young Scientist Innovation Medal-2023” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Mirzakamol Chustda, ishchi oilasida tug‘ilgan. Ixtisoslashtirilgan yo maxsus maktabda o‘qigan emas. Oddiy maktabdagi fidoyi o‘qituvchilar ta’limi, farzandi kelajagiga qayg‘urgan ota-ona tarbiyasi va o‘zining intiluvchanligi bilan muvaffaqiyatga erishdi.
– O‘quvchilik paytlarim adabiyotga, she’riyatga ixlosim baland edi, – deb eslaydi Mirzakamol. – She’r mashq qilib turardim. Ona tili va adabiyotdan fan olimpiadasiga borardim. “Kim bo‘lsam ekan?” degan mavzudagi inshoda “Jurnalist bo‘laman!” deb yozardim. Otam oliy ma’lumot ololmagan, lekin bizni – besh farzandini o‘qitdi. Kelajakda o‘qimishli, ziyoli bo‘lishimiz uchun hamma sharoitni yaratib berdi. O‘rtoqlarim dalaga mol boqishga chiqib ketsa, biz dars tayyorlab, kitob o‘qirdik. Otamga, qo‘y olib bering, jo‘ralarim bilan boqaman, desam, bozorga borib men uchun yozuv stoli va stul olib kelgan.
– Taniqli adib Shukur Xolmirzayevga “Yozuvchi bo‘lmaganingizda kim bo‘lardingiz?” deb savol berishganida, u kishi “Yo biolog, yo arxeolog bo‘lardim. Chunki bu ikki fan ham hayotning boshi va oxiri bilan shug‘ullanadi. Hayot mohiyatining siri uning boshi va oxirida yashiringan”, deb javob bergan ekan. Darhaqiqat, ko‘z ilg‘amas genda hayot tarixi namoyon bo‘ladi. Jurnalist bo‘lish fikridan qachon qaytdingiz? Biologiya yo‘nalishidan ketishingizga nimadir sabab bo‘ldimi?
– Kunlarning birida kimyo o‘qituvchimiz to‘garak ochayotgani va xohlovchilar bo‘lsa, qatnashishi mumkinligini aytib qoldi. Tabiiyki, maktabdagi a’lochi o‘quvchilar qatori men ham yozildim. Kimyo muallimi bilimli, fanga qiziqtira oladigan zukko ustoz edi. Bir kuni yonimga kelib: “Bilasanmi, tushimda sen olimpiadaga boribsan va biz g‘olib bo‘libmiz”, dedi. Bu bir rag‘batmidi yo rostdan ham ustozim shunday tush ko‘rganmi, aniq bilmayman. So‘rashga istihola qilganman. Lekin o‘sha kundan olimpiadaga qattiq tayyorgarlik ko‘rdik, kimyo fanini chuqur o‘rganishga kirishdim va muallimimning tushi o‘ng keldi. Olimpiadada g‘olib bo‘lgach, tibbiyot institutiga o‘qishga kirish fikri uyg‘ondi. Endi kimyo faniga qo‘shimcha biologiyadan ham yaxshi bir ustoz sabog‘ini olish kerak, degan qarorga keldim.
Tumanimizning tog‘ yonbag‘rida Gʻova degan so‘lim qishloq bor. O‘sha yerda kuchli biologiya o‘qituvchisi bolalarni institutga tayyorlashi va u kishining ko‘plab o‘quvchilari oliy o‘quv yurtiga kirayotgani haqida eshitib qoldim. Men ham borib, o‘sha o‘qituvchi – Yo‘lchivoy domlaga shogird tushdim. So‘lim hovlida, daraxtlar ostida tizilib o‘tirib, biologiyadan saboq olardik. Ko‘rsangiz, hovli haqiqiy biologning uyi. Domla o‘z qo‘llari bilan ekkan turli-tuman gullar, bir tupda ikki-uch xil meva pishib turgan daraxt, noyob o‘simlik turlari barq urib yashnab yotardi. Domlaning darsni juda qiziqarli o‘tishi e’tiborimni tortgan. Mashg‘ulot payti charchab yo zerikib qolmasligimiz uchun dunyo biologlarining kashfiyotlari, ixtirolari va boshqa qiziq-qiziq voqealar, Nobel sovrindorlari hayoti haqida kutilmagan ma’lumotlarni aytib berardi. Bizga bularni aytish uchun domla har kuni nechtalab gazeta va jurnal, kitob varaqlagan bo‘lsa…
Bilasizmi, ba’zan bir og‘iz gap taqdirning boshqa o‘zanga oqishiga sabab bo‘lar ekan. Avvalo, taqdiri azal-ku, ammo o‘zini “katta shoir” his qilib yurgan bir o‘smirning bugungi yutuqlariga, avvalo, ilk ustozim Yo‘lchi muallim, qolaversa, Amerikada o‘qib, dunyo ko‘rgan olim Ibrohim aka Abdurahmonov sababchi.
Qaysi universitetni tanlasam ekan, deb turgan chog‘im ustozim Yo‘lchi muallim: “Mening besh farzandim ham biolog, birovdan kami yo‘q, sen ham Milliy universitetning biologiya fakultetiga o‘qishga kirgin”, deb maslahat berdi. Milliy universitetmas-u, Namangan davlat universitetining biologiya fakulteti bakalavriatini davlat granti asosida bitirdim. Keyin magistraturani Milliy universitetning genetika kafedrasida davom ettirish uchun imtihon topshirdim. Ertasiga Ibrohim aka Abdurahmonov ishlayotgan bioorganik kimyo instituti qoshidagi genom texnologiyalari markazi laboratoriyasiga bordim. Shu yerda Ibrohim aka bilan uchrashib qoldik. U kishi “Bizda ishlaysanmi?” deb so‘radi va o‘sha kuniyoq yordamchisiga hujjatlarimni rasmiylashtirishni buyurdi. Shu bilan universitetda o‘qish boshlanmasdanoq laboratoriyada ish boshladim.
Bu yerda xodimlarning ko‘pchiligi Amerikaning yetakchi laboratoriyalarida tahsil olib qaytgan olimlar edi. Tabiiy, mendek yosh magistrant biroz hayiqqanman. Birga ishlay olamanmi, yo‘qmi degan hadik bo‘lgan ichimda. Ammo hamkasblar yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, birinchi navbatda ingliz tilini o‘rganishimni tavsiya etishdi. Magistraturada o‘qish asnosida ingliz tili kurslariga qatnadim. Turar joyim Toshkentning bir burchagida, ishxonam boshqa tarafda, o‘qishim ikkalasiga ham teskari tomonda. Shu bois asosiy vaqtim yo‘lda o‘tardi. Tramvayda ketayotib, kuniga ingliz tilidan kamida ellikta so‘z yodlardim. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, tilni sohaga oid adabiyotlar bilan tanishish darajasida o‘zlashtirdim.
Magistraturada o‘qib yurgan kezlarim rahmatli domlamiz akademik Jo‘ra Musayev menga ilmiy rahbarlik qildi. Xullas, laboratoriya va universitet orasida yuraverib domlalar e’tibori va genetikaning “qaynab turgan katta qozoni”ga tushdim. Keyin to‘qima kulturasi laboratoriyasida ishladim. Bu O‘zbekistonda yagona hisoblanardi. Biz unda hatto hujayradan yangi o‘simlik olish imkoniyatiga egamiz. Men u yerda ustoz Xurshida Ubaydullayeva qo‘lida ishladim va magistrlik bitiruv ishimni “Bo‘rtma nematodalar” mavzusida yoqladim.
– Mirzakamol, bilishimcha, siz xorijiy davlatlarda malaka oshirish, katta-katta loyihalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan yosh olimlardan birisiz, shu jarayonlar haqida ham gapirib o‘tsangiz.
– Ingliz tilini o‘rganayotgan paytlarim Hindistondagi rivojlanayotgan davlatlar ilmiy xodimlarini ingliz tiliga o‘qitish ITEC xalqaro til o‘rganish markazidagi mashg‘ulotlar uchun ro‘yxatdan o‘tib qo‘ygandim. Bu xorijga ilk chiqishim bo‘lgan. Uch oy u yerda malaka oshirib, inglizchada bemalol gaplasha oladigan bo‘lib qaytdim. 2012-yilda markazimiz yosh olimlarni Amerikaga o‘qishga jo‘natadigan bo‘ldi va ular safida Missisipidagi Qishloq xo‘jaligi departamentida genom tadqiqotlari bo‘yicha olti oy malaka oshirdim. Mengacha ham u yerda markazimizdan 10 ga yaqin yosh xodim borib o‘qib kelgandi. U yoqda Sukumar Saxa ismli mashhur olimning qo‘lida ishladim. O‘simliklardagi qizil nurlarga javob beruvchi fitoxrom V geni o‘chirib qo‘yilsa, u erta gullashini paxtada sinab ko‘rish texnologiyasini o‘rganib qaytdim. Bu mening PhD dissertatsiyamga mavzu bo‘ldi. Ilmiy ishni ingliz tilida yoqladim.
Mazkur texnologiyaning afzalligi nimada? Biz paxta yetishtiruvchi davlatlar ichida shimoliy hudud hisoblanamiz, shuning uchun bizda paxta qancha erta gullasa, shuncha erta ochiladi. Ya’ni, hosil kech kuzga qolib ketmaydi, sifati ham yaxshilanadi.
2014-yili Hindistonning Patancheru provinsiyasida joylashgan ICRISAT tashkilotida o‘n besh kunlik “Yangi avlod sekvenatorlari” kursida o‘qib kelgandim. 2017-2018-yillarda yana Amerikaga malaka oshirishga bordim. U yerda bir yilda 10 ta loyihada qatnashdim. Xorijiy jurnallarda maqolalarim chop etildi. 2019-yili Avstriya tibbiyot universitetiga Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan yuborildim va malaka oshirib qaytdim. Yana o‘sha yili AQShga – Alabama qishloq xo‘jaligi va mexanizatsiya universitetiga borib bilimimni mustahkamlab keldim.
– Xorijda qolib ishlash haqida takliflar ham bo‘lganmi?
– Takliflar bo‘lgan, lekin qishloqda o‘sgan, shaharda turib, o‘z qishlog‘ini tez-tez sog‘inadigan, tug‘ilib o‘sgan uyiga doim talpinadigan men kabi odamning chet ellarda qolib ketishi qiyin. Bunga hech qachon rozi bo‘lmaganman. Ustozim Ibrohim akaga ham bu taklifni necha marotaba berishgan, ammo u kishi Vatanga qaytib, O‘zbekiston uchun, o‘zbek ilm-fani rivoji uchun shuncha jon kuydirib, iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlab, genetika va bioinformatika maktabini shakllantirib, ortidan qanchadan qancha yoshlarni ergashtirib kelayotgani biz kabi yoshlarga, albatta, katta dars bo‘lgan. Shu sabab chet elda ishlab qolish haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman.
– O‘tgan yillarda butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham pandemiya balosi insoniyatni xavotirga soldi, hushyor torttirdi. Shunday vaziyatda bioinformatika va genomika markazi qanday ishlarni amalga oshirdi?
– 2020-yilda virus aniqlangandan so‘ng, biz Sog‘liqni saqlash vazirligiga yordam berish maqsadida hamkorlikda ish boshladik. O‘zim o‘sha ayni virus ko‘paygan, vaziyat yomonlashgan davrlarda laboratoriyada bir oy virusologiya instituti shifokorlari bilan PZR (polimer zanjir reaksiyasi) orqali virusni qanday aniqlash, reagentlar bilan qanday ishlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib bordim. Chunki bu bizning tibbiyotimiz uchun ham yangilik edi. O‘shandan keyin markazimizning bir guruh yosh olimlari birgalashib virusning genomini o‘qishni boshladik. Men guruh rahbari edim.
Bu virus juda tez mutatsiyalashib borardi. Genomni o‘qishdan maqsad – virusning tabiatini aniq bilish edi. Ko‘pgina rivojlangan davlatlar virus genomini o‘qiy boshladi. Biz ham o‘zimizdagi virusning 32 ta genomini o‘qib, buni xalqaro genlar va genomlar banki bazasiga joyladik. Shundan so‘ng bizga Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan telefon qilib, minnatdorlik bildirishdi. O‘rta Osiyoda faqat biz va qo‘shni Qozog‘istondagina bunday ish amalga oshirildi. Qo‘shnilarimiz yigirmadan ziyod genom o‘qishdi.
Genomni o‘qish virusga qarshi kurashishga, davolashga, shunga qarab vaksinalar yaratishga imkon beradi. Masalan, 2020-yilda faqat Uxan shtammi tarqalgan bo‘lsa, hozirgi kunda, bilamizki Britan, Afrika, Braziliya va eng og‘ir asoratlarga olib keladigan Hindiston shtamlari mavjud. Shuning uchun bu yo‘nalishda hali olib boriladigan tadqiqotlar talaygina.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, o‘zbek olimlari ham vaksina ishlab chiqarishga kirishishgan, bir qancha institutlar hamkorligidagi guruhda bizning markazdan ham olimlar qatnashyapti. Jumladan, men ham shu guruhda borman. Bizning vaksinamiz o‘simliklar asosidagi yeyiladigan vaksina bo‘lib, u o‘zining innovatsionligi bilan farq qiladi. Ushbu vaksinadan Afrikaning og‘ir ahvolda yashovchi aholisini emlashda ham foydalanish mumkin. Ayni paytda pomidor asosidagi vaksinaning urug‘larini ko‘paytirish va kerakli dozalarni aniqlash ustidagi tadqiqotlar davom etmoqda. Hozirda yeyiladigan vaksinalar sinovdan o‘tkazilyapti. Yaqin orada yurtimiz dorixonalaridan xarid qilish imkoniga ega bo‘lamiz.
– Nega bizning yurtimizdan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqmaydi? Bunga sabab salohiyatning yetarli emasligimi? Yo e’tibor berilmasligimi yoki yana boshqa tomonlari ham bormi?
– Amerikaga borganimda juda ko‘p Nobel mukofotini olgan olimlar bilan shaxsan ko‘rishdim. Alabama universitetida Nobel olgan olimlar har yili bir marta yig‘ilib, konferensiya o‘tkazishadi. Bu nima degani? Bu boshqa yosh olimlarga motivatsiya berish degani! Bizda ham hozir akademik olimlarimizning o‘qigan maktabiga, qishlog‘i, mahallasiga borib yoshlar bilan uchrashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu ilm-fanga bolalarni qiziqtirish, ilhomlantirish uchun juda yaxshi uslub. Tarixda bizning ham buyuk alloma bobolarimiz o‘tgan. Faqat ular Nobeldan oldin tug‘ilishgan.
Ammo tushkunlikka tushmasligimiz kerak, bizda salohiyat yetarli, buyuk genlarimiz bor, bir kun bizdan ham nobelchilar, albatta, chiqadi. Hozir ham ulug‘ olimlarimiz ko‘p. Ehtimol, Nobel qo‘mitasi bizning olimlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin. Chunki biz genomni o‘qiganimizda xorijliklar hayron qolishdi. Bizda shunday olimlar, imkoniyatlar borligiga ishonmaganlar ham bo‘ldi, hatto.
– Ijodkorning tasavvuri keng bo‘ladi. Sizning ijodga oshnoligingiz ilm bilan shug‘ullanishga qay darajada yordam beryapti? Umuman, olim uchun ijodiy tasavvur kerakmi?
– Albatta, kerak. Olim o‘z kashfiyotining kelajagini tasavvur qila olmasa, u boshqalarni qanday ishontira oladi?! Har bir g‘oyani tasavvurda pishitib, keyin ishga kirishsa, menimcha, natija ham ijobiy bo‘ladi. Ijodni tushunadigan, og‘zaki va yozma nutqi ravon olimlar har doim old qatorda turgan. Axir, ilmiy ishining mohiyatini bayon qilib, maqola yozolmasa, fikrini jamoatchilikka qanday yetkazadi?! Masalan, bizning sohani olaylik, paxtaga oid kashfiyotlarni fermerga oddiy tilda tushuntirmasangiz, u har doim ham ilmiy atamalarni anglamasligi mumkin. Tushunmagan narsasiga esa, qiziqmaydi. Matematika, fizika, kimyoda ham shunday.
– Oxirgi marta qanday kitob mutolaa qildingiz?
– Otam bizni bolalikdan kitobga oshno qilgan. Shuningdek, diniy bilim ham olsin, deb Navoiy, So‘fi Olloyordan baytlar o‘qib, mag‘zini chaqishga harakat qilardi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchim ham, adabiyot muallimamiz Adolat aya ham mutolaaga, adabiyotga katta mehr uyg‘otgan. Balki shuning uchun nimalardir qoralab, jurnalist bo‘laman, deb yurgandirman. Yaqinda Isajon Sultonning hikoyalari va “Genetik” nomli romanini o‘qidim. Shuningdek, menga tengdosh bo‘lgan shoir Behzod Fazliddin she’rlarini o‘qib turaman.
– Ilmingiz va ijodingizga baraka tilab, samimiy suhbat uchun gazeta mushtariylari nomidan tashakkur aytamiz.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



