Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2026 | 09:17

img774

MILLAT ŞARAFI HIMOYAÇISI

Jahon estetik tafakkurining buyuk namoyandasi hazrat Alişer Navoiy hayoti va ijodining asosiy konsepsiyasi, birinçidan, dunyoning eng boy tillaridan hisoblangan turkiy tilning qadri neçoğliq yuksak ekanini nazariy va amaliy jihatdan isbotlaş, ikkinçidan, turkiy millatning şa’ni va şarafini munosib darajada himoya qiliş bölgani ayon.

Aslida, VII-VIII asrlarda ajdodlarimiz tomonidan turkiy-run yozuvida Örxun-Enasoy toşbitiklarining, XI asrda “Devonu luğatit-turk” singari til qomusi va “Qutadğu bilig” dostonining, XII asrda esa “Hibat ul-haqoyiq”dek nodir badiiyat durdonasining yaratilişi natijasida turkiy tilning luğat boyligi va ifoda imkoniyatlari neçoğliq keng ekani namoyon etilgan edi. Biroq keyingi asrlarda tilimizning adabiy til sifatidagi nufuzi nisbatan pasaya bordi. Turkiy millatning buyuk mutafakkirlari ham maşhur asarlarini arabiy yoki forsiy tilda yozdi. Natijada hazrat Navoiy badiiy ijod maydoniga kirgan XV asr ikkinçi yarmida turkiy til nafis adabiyot tili böla olmasligi, bu tilda “Xamsa” singari uluğ asarlarni yoziş imkoni yöqligi haqida baralla sözlana boşladi.

Tabiiyki, bunday vaziyatga çinakam millatparvar ijodkor befarq qaray olmaydi. Alişer Navoiy bunday nomaqbul holatga dastlab Sayyid Hasan Ardaşerga masnaviy yölida yozgan şe’riy maktubida qat’iy munosabat bildirdi. Uşbu maktubning alohida diqqat qaratiş zarur bölgan muhim jihatlaridan biri, uşbu masnaviy navqiron Alişer 24 yoşga kirgan kezlari yozilgan. Jumladan, masnaviyda buyuk şoir yozadi:

Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak körmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.

“Bedod” sözi luğatda “jabr, zulm, adolatsizlik” ma’nolarini anglatadi. Demak, yuqoridagi baytda Navoiy özi haqda yozib, turkiy millatning jabr körgan, zulmga uçragan, adolatsizlik iztiroblarini tortgan bir farzandi ekaniga urğu bermoqda. “Men ul menki” degan ta’kid zamirida jabr köriş darajasi boşqalardan köra unda yuz çandon oğirroq bölganini anglatadi. Buyuk şoir turkiy tilda qaçondan beri nazm ijod qilinayotgan bölsa, falak Nizomiy darajasida nazmga qodir bölgan mendek nodir siymoni körmagan, deya faxriya bitgan. Holbuki, uşbu şe’riy maktub yozilgan davrda “Xamsa” hali yaratilmagan, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga tartib berilmagan, “Lison ut-tayr”, “Muhokamat ul-luğatayn”, “Mahbub ul-qulub” va hokazo maşhur asarlar dunyo yuzini körmagan, endigina “Ilk devon” köçirilib, muxlislar qöliga yetib borgan edi. Yuqoridagi faxriya şundan darak beradiki, öşa kezlariyoq hazrat Navoiy öz qalamining kuçini, turkiy sözning qudratini çuqur his qilgan va keng miqyosda e’tirof qozongan.

Öşa kezlari Navoiyni qiynagan eng oğir dard tilining kamsitilayotgani, millat estetik tafakkuri asosi bölgan milliy adabiyotning buyuk mutafakkir ideali darajasida yuksaklikka kötarila olmayotgani edi. Buning uçun muayyan şaroit yetilmoği, nazm beşasining şeri maydonga kelmoği taqozo etilardi.

Yetar Tengridin onça quvvat manga
Ki, bölmas bitiriga fursat manga.

Buyuk şoir öziga ana şunday quvvat ato etilganini teran his etgan. Bu quvvatni Tangridan yetgan, deb hisoblaşi uning e’tiqodi tuz, komil musulmon bölganidan dalolat beradi. Bu quvvatning miqyosi şu darajadaki, ilohiy zavq bilan quyilib kelgan söz javohirlarini bitib ulgura olmaydi, hatto bunga fursat ham topiş mahol.

Hazrat Navoiy şe’riy maktub uçun aruzning mutaqorib bahrini – mutaqoribi musammani mahzuf vaznini tanlagan. Ma’lumki, Şarq şe’riyatining nodir namunalari hisoblangan Abulqosim Firdavsiyning maşhur “Şohnoma”si, Yusuf Xos Hojibning “Qutadğu bilig”i, jangnoma ruhidagi asarlar ana şu vaznda bitilgan. Buyuk mutafakkir ota va pir maqomida körgan Sayyid Hasan Ardaşerga atalgan nazmiy maktubni aruzning boşqa sokin, lirik talqinga mos bahrida emas, jangnoma ruhidagi asarlarga monand mutaqoribda yozdi.

Uluğ millatparvar keyinçalik “Muhokamat ul-luğatayn”da bitilgan mana bu fikrlarida buni ta’sirli ifodalagan: “Bu ehtimolga xud yöl bersa bölmaskim, turk ulusining xuştab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmağaylar, balki köpi ayta olmağaylar va aytsalar ham sort turk tili bila nazm aytqandek fasih turklar qoşida öquv va ötkara olmağaylar va öqusalar, har lafzlariğa yuz ayb topilğay va har tarkiblariğa yuz e’tiroz vorid bölğay”.

“Turk ulusining xuştab’lari” aksar öz ona tillarida emas, forsiy tilda asarlar yozar, turkiy tilda fasohat va baloğat bilan söz aytişni mumkin bölmagan hol sifatida qarar edi. Navoiyni ana şu hol çuqur iztirobga solgan. Şuning uçun ham u nazmiy maktubda forsiy şe’riyatning buyuk namoyandasi, “Şohnoma” asari bilan ma’lum va maşhur bölgan Abulqosim Firdavsiy nomini tilga olib, ijod musobaqasida uni mağlub eta olişini zamondoşlari ongi va qalbiga çaqmoqdek ta’sir qiladigan sözlar bilan talqin etadi. Bu örinda Navoiy ijodiy munozaraning, bahs madaniyatining yuksak namunasini körsatadi. Firdavsiyning ham hurmatini joyiga qöyib, uni söz xazinasining koni, deya ta’riflaydi. U öz tili bilan “Şohnoma”ni yoziş uçun öttiz yil ranj çekkanini, maşaqqat tortganini aytgan, deya buning dalili sifatida buyuk şoir sözlaridan iqtibos keltiradi.

Ani derga bölsa qaçon rağbatim,
Erur onça Haq lutfidin quvvatim
Ki, har neça nutq ölsa kohilsaroy,
Bitigaymen öttuz yilin ötuz oy.
Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.

Bunday fikrni aytiş va yuksak saviyada uddalaş uçun ijodkor neçoğliq benazir iste’dodga, ulkan ijodiy tafakkurga ega bölişi kerakligini tasavvur eting. Navoiy bu boradagi faoliyatini izçil takomillaştirib bordi. “Muhokamat ul-luğatayn” asarida buyuk mutafakkir turk şoirlarining forsiy tilda ijod qilişga rağbat körsatişlarining sababini, birinçidan, ular turkiy tilning fasohati va baloğatidan xabardor emasliklari, ikkinçidan, nazmiy an’analar bir qadar rivojlangani bois, forsiyda ijod qiliş nisbatan osonroq ekani bilan izohlaydi. Odamzodning tabiati şunday: oson turganda özini qiynaşni istamaydi. Hazrat Navoiy turkiy tilning forsiyda uçramaydigan xususiyatlarini alohida ajratib körsatadi. Buyuk mutafakkir bunday xususiyatlardan törttasini ilmiy jihatdan asoslagan.

Turkiyda umumiy tuşunçalarni anglatuvçi sözlardan taşqari juz’iy tuşunçalarni bildiruvçi sözlarning köpligi. Akademik Alibek Rustamov fikriça: “Navoiy forsiyda muodili bölmagan yuzta fe’lning röyxatini beradi va turli sohalarga oid buyum, tabiiy hodisa, hayvon va parranda ismlarini keltiradi va ularning ba’zilariga şe’riy misol keltirib, ma’nolarini tuşuntirib beradi. Undan taşqari, bunday turkiy sözlarning ayrimlari fors tilida ham qöllanişini aytib ötadi”. Navoiy, jumladan, maşhur şoirlar may ta’rifida mubolağa qilganlarini ta’kidlar ekan, turkiydagi “sipqarmoq” lafziga töxtalib, mubolağani bundan ötkazib bölmasligini aytadi va mana bu baytni misol sifatida keltiradi:

Soqiyo, tut bodakim,
bir lahza özumdin boray,
Şart bukim, har neça tutsang
labo-lab sipqaray.

Uşbu bayt hazrat Navoiyga şu darajada zavq beradiki, asosan ilmiy uslubga qat’iy amal qilingan asarning şu örnida hayajonini yaşirib ötirmaydi: “Oyo! Bu ”sipqaray“ lafzi mazmuniğa yetganda, forsiy şe’rda ne iloj qilğaylar? Va ”tomşimoq“ki, ğoyat zavqdin bot içmas va lazzat topa-topa, oz-oz içar. Bu ğarib ma’ni adosida turkçada bu matla’ bordurki, bayt:

Soqiy çu içib, manga tutar qöş:
Tomşiy-tomşiy ani qilay nöş“.

Turkiyda şakldoş sözlarning köpligi tajnis va iyhom san’atlari uçun zarurdir. Navoiy “ot” sözi asosidagi tuyuqni bunga misol qilib keltiradi:

“Çun pari-yu hurdur oting, begim,
Sur’at içra dev erur oting, begim,
Har xadangikim, ulus andin qoçar,
Notavon jonim sari oting, begim.

Va bu ikki baytki, tajnisi tomdur, ham turk şuarosi xossasidurki, sortda yöqtur va muni tuyuğ derlar“.

Asarda forsiyda uçramaydigan şakldoş sözlarga bundan boşqa yana köp misollar berilgan.

Turkiyda forsiy tilda bölmagan, lekin nutq uçun zarur bölgan siyğa (grammatik forma, fe’l şakllari – N.J.) va tarkiblarning mavjudligi. Navoiy turkiy tilda inson harakati, holati bilan boğliq nozik ma’nolarni ifodalaşda ayni şunday siyğalar qöllanişiga aniq misollar keltiradi. Masalan, bir işni kimdir bajarişiga gumon qilinganda, unga nisbat beriş uçun borğudek, yorğudek, kulgudek, bilgudek, aytqudek, qaytgudek, urğudek, surğudek kabi sözlar işlatilişi aytiladi. Bu sözlar Qaşqadaryo va Surxondaryo şevalarida hozir ham faol qöllanadi. Buyuk mutafakkir “ammo munda diqqat köptur… va bu forsiyda bölmas”, deya ta’kidlaydi. Yoki forsiy tilda uçramaydigan bila kör, qilakör, ketakör va yetakör singari siyğalardan mubolağa iroda qilinişini aytadi.

Turkiyning tovuş xususiyati qofiya uçun fors tilinikiga nisbatan qulayroq ekani. Navoiy biror rang yo sifatni orttirib, mubolağa bilan ifodalaş imkoniyati turkiy tilda keng ekaniga alohida urğu beradi. Bunga misol qilib, avvalgi harfga bir “p” yoki “mim” qöşiş orqali rang yoki sifatni orttiriş mumkinligiga urğu beradi. Masalan, op-poq, qop-qora, qip-qizil, sap-sariğ, yup-yumaloq, yap-yassi, op-oçuğ, çup-çuqur, bu nav’ xili ham topilur; “mim” misoli: köm-kök, yam-yaşil, böm-böş. Yoki ayrim sözlarga “lom” bilan “vov”ni qöşiş orqali ham tovuş jihatdan bir-biriga uyğun sözlar yasalişi ta’kidlanadi. Jumladan, hirovul, qarovul, çingdovul, yankovul, sözovul, patovul, kitpovul, yasovul, bakovul, şiğovul va daqavul sözlarini bunga dalil qiladi. Bular barçasi nazmiy asarda qofiya uçun qulay va turkiy tilning fasohati baland ekanini tasdiqlaydi.

Heç bir zamonda ahamiyatini yöqotmaydigan uşbu qaraşlar buyuk mutafakkirning turkiy tilni kompleks örganiş va forsiy til bilan komparativistik tahlil etişda nainki ilmiy-ijodiy tafakkur asosida, balki qalb qöri bilan ham yondaşganidan dalolat beradi. Navoiyning ta’kidlaşiça, bunday daqiq misollar nihoyatda köp, faqat “bu kunga deginça heç kişi haqiqatiğa mulohaza qilmağon jihatdin bu yaşurun qolibdur”.

“Muhokamat ul-luğatayn”da hazrat Navoiy turkiy tilning dunyo tillari orasidagi örni neçoğliq baland ekani haqida mana bunday yozadi: “…uç nav’ tildurkim, asl va mötabardur va ul tillar iborot gavhari bilan qoyilining adosiğa zevar va har qaysining furu’i bağoyat köptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning maş’aidurki, Nuh payğambar salovatullohi alayhining uç öğliğakim, Yofas va Som va Homdur, yetişur”.

Ma’lum böladiki, bizning tilimiz boşqa tillarning kelib çiqişiga asos, zamin bölgan tillardan va biz dunyoning eng qadim millatlaridan ekanmiz. Bu ilmiy qaraş ona tilimiz tarixini ana şu asosda ilmiy manbalarga tayangan holda, yanada çuqurroq örganiş zaruratini kun tartibiga qöyadi.

Hazrat Navoiy turkiy millatning yagona adabiy tili bölişi, bu tildagi adabiyot yuksak darajada taraqqiy etişi uçun xizmat qilişni hayotiy a’moli deb bildi. Butun ijodiy quvvatini ana şu maqsad yöliga safarbar etdi. Eng muhimi, bunga erişa oldi. Zamondoşi va dösti, temuriyzoda hukmdor Sulton Husayn Mirzo ta’biri bilan aytganda: “Turkiy tilning ölgan jasadiğa Masih anfosi bila ruh kiyurdi”.

Bugungi kunda turkiy xalqlarning örta bir tilini yaratiş zarurati haqida sözlanyapti. Bizningça, agar şunday tilga ehtiyoj sezilsa, bu, şubhasiz, Alişer Navoiy tili bölişi kerak. Çunki buyuk Navoiy öşa murakkab va ziddiyatli zamonda turkiy tilning xalqaro miqyosdagi e’tirofini ta’min etdi. Teran falsafiy-irfoniy mazmun va betakror badiiy şakl sintezining mumtoz namunalari bölgan asarlari bilan turkiy adabiyotni jahon estetik tafakkurining çöqqisiga olib çiqdi. Bu asarlar bugungi kunda ham barhayot turkiy ruhiyat ifodasi orqali başariyatni xalqimizga xos kengfe’llikka, özaro duşmanlikni bartaraf etişga, tinçlik-ofiyat va taraqqiyot yölida birlaşişga, kamol kasb etişga da’vat etib kelayotir.

Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596