03.10.2025 | 08:44
838
“TILIMIZNI… TIRGIZMAK KERAK”
Ma’lumki, O‘rxun–Enasoy yozma yodgorliklari turkiy tilning sof namunasi sanaladi. Turkiy xalqlar adabiyotida arab va fors tillaridan olingan so‘zlar eski turk tili davrida paydo bo‘la boshlagan. Xususan, arabcha so‘zlar Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostonida 5–7 foizni, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarida 15–20 foiz va Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida 39 foizni tashkil etadi. XIV–XV asrdan boshlab turkiy tilga bunday so‘zlar ko‘plab kira boshlagan.

Alisher Navoiy ham davr taqozosiga ko‘ra arab va fors tillaridagi so‘zlardan unumli foydalangan. Masalan, Emir Najib eski o‘zbek tili haqida fikr bildirar ekan: “Boshqa tomondan bu til arab va fors tillari hisobiga ancha boyidi. Navoiyda u o‘zining yuksak gullagan davriga yetdi”, deb yozadi. Taniqli turk tilshunosi M.Ergin XV asr usmonlicha, ya’ni eski turk tili haqida quyidagilarni bayon etadi: “Bu davr Turkiya turkchasining begona unsurlar tomonidan tom ma’nosi bilan istilo etilayotgan, arab va fors tillari bilan butunlay o‘rab olingan davridir”. Shu o‘rinda, A.Axundovning fikrini ham keltirib o‘tamiz: “Eski ozarbayjon tili lug‘at fondining deyarli 90 foizi fors va arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlardan tashkil topgan”.
Ko‘rinib turibdiki, bu ikki tildan yangi so‘zlarni qabul qilish oltoy tillari oilasi uchun umumiy hol bo‘lgan. Shuning uchun ham, Alisher Navoiy asarlariga yozilgan lug‘atlardagi bosh so‘zlarning aksariyati arabcha va forscha so‘zlardan tashkil topgan. Masalan, besh yuz sahifali “Navoiy tili lug‘ati”ning (2018-yil) faqat o‘n bir sahifasi turkcha so‘zlardan iborat, xolos.
Xo‘sh, u holda “Alisher Navoiy ona tili sofligi uchun kurashgan”, degan fikrni qanday tushunmoq lozim?
Buni shunday tushunmoq lozim. Hazrat Navoiy har bir til boshqa tildan so‘z olish orqali boyib borishi, bu barcha tillarga xos xususiyat ekanini yaxshi anglagan. Asarlarida fors, arab va boshqa tillardan foydalanar ekan, ularning turkiy sinonimlarini ham keltirib, turkiy til boyligini ko‘rsatib bergan. Agar u davrda fors tili mintaqamizda asosiy adabiy til bo‘lganini e’tiborga olsak, qiyoslash uchun ikki tildagi so‘zlarni yonma-yon qo‘yishdan ortiq yechim bo‘lmagani oydinlashadi. Buyuk mutafakkir bag‘rikenglik va adolat yuzasidan turkiy tilda uchramaydigan, uning boyishiga xizmat qiladigan chet so‘zlarni olib kirishdan qochmaydi. Eng muhimi, Alisher Navoiy o‘sha davrdayoq iste’moldan chiqib ketgan, bor bo‘lsa ham qo‘llanmayotgan turkiy so‘zlarni saralab, ularni betakror g‘azal va dostonlarida shunday mahorat bilan qo‘llaydiki, so‘zlar beixtiyor xalq tiliga qaytadi va mustahkam o‘rin egallaydi. Shu tariqa, ulug‘ bobomiz turkiy til sofligini saqlashga beqiyos hissa qo‘shadi.
Bu yerda purizm omili o‘rtaga chiqadi. Faqat purizmni salbiy ma’noda, “tilni chet so‘zlardan, varvarizm, vulgarizmlardan tozalashga konservativlik bilan ortiqcha berilib ketish” deb tushunmaslik kerak. O‘z o‘rnida, purizmning ona tilini chet so‘zlardan himoya qilish va til sofligini saqlashga qaratilgan ijobiy ma’nosini ham inobatga olish lozim.
O‘tgan asrning 20-yillarda rus tilidan kirgan so‘zlar o‘rniga o‘zbek tilining ichki qonun-qoidalari asosida yaratilgan so‘zlarni ishlatishga harakat bo‘lganini mutaxassislar yaxshi biladi. Masalan, samolyot “uchqich”, elektr lampa “simchiroq”, samovar “o‘ziqaynar” kabi. Bunday harakat bir vaqtlar rus tilida ham kuzatilgan. Mazkur tilda samolyot, kislorod, vodorod kabi so‘zlar yasalgan. Biz bilamizki, mazkur so‘zlar rus tili lug‘atidan mustahkam o‘rin olgan. Ba’zi soha terminlari, masalan, kelishik, ot, son, olmosh, ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama kabi tilshunoslik terminlari tilimizga uzil-kesil o‘rnashgan. Lekin o‘zbek tiliga qabul qilingan aksar neologizmlar sobiq Markaz ko‘rsatmasiga binoan tildan chiqarib tashlangan.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi yangi so‘z va atamalarning bir qismini ko‘zdan kechirib, ularni rasmiy muomalaga kiritish yuzasidan qaror chiqardi. Atamalar komissiyasi a’zolarining chet tillarga oid o‘zlashma so‘z va atamalarni o‘zbek tili me’yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha bildirgan taklifi ma’qullangan. Ta’kidlash joizki, tavsiya etilgan so‘zlar ilmiy asoslangan, o‘zbek tilining qonun-qoidalariga muvofiqdir.
Albatta, o‘zbekchadagi ajnabiy so‘zlardan qutulish uchun o‘zbek tilining o‘z qonun-qoidalari asosida yangi so‘zlar yasash zarurati mavjud. Bir vaqtlar tilimizga rus tili orqali kirgan “aysberg” so‘ziga muqobil sifatida tasdiqlangan sof o‘zbekcha muztog‘ so‘zi “aysberg”ning ma’nosini aniq-tiniq ifodalaydi. Shuningdek, ruscha “внедорожник” so‘ziga yo‘ltanlamas, “доставка” – yetkazish, “маркировка” – tamg‘alash, “коридор” – yo‘lak, “навигатор – yo‘llagich, “отверка” – buragich, “полик” – to‘shama kabi so‘zlar tegishli ma’noni aniq va lo‘nda ifoda etadi.
Rus tili orqali o‘zlashgan, asli fransuzcha “avans” o‘rniga olingan bo‘nak so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da birinchi va ikkinchi ma’nosi “tar. (tarixga oid, tarixiy termin)” belgisi bilan berilgan. Uning uchinchi ma’nosi: “Maosh hisobidan oy oxirida hisob-kitob qilish sharti bilan oldindan beriladigan pul; avans” tarzida qayd etilgan. Demak, bo‘nak hozir ham ishlatiladi. Uni bemalol avans o‘rnida qo‘llash mumkin.
Parol so‘ziga muqobil sifatida o‘ron so‘zi berilgan. Bu so‘z XIII asrda yaratilgan “O‘g‘uznoma” asarida “harbiy nom, parol” ma’nosida uchraydi. “Boburnoma”da aytilishicha, har bir qavmning o‘z o‘roni bo‘lgan. Demak, eski o‘zbek tilida o‘ron so‘zi keng qo‘llangan.
Umuman, o‘zbek tili tarixining ma’lum bir davrida ishlatilgan, ammo keyinchalik unutilgan sof o‘zbekcha so‘zlarni qayta muomalaga kiritish maqsadga muvofiqdir. Abdurauf Fitrat aytganiday: “Tilimizning adabiyligi arabiylikda emas, o‘zidadir. Shuni tirgizmak kerak”.
Yana bir muhim fikr. Bilamizki, har qanday tilning lug‘at tarkibi boyishida shevalarning hissasi katta. O‘zbek tili turkiy tillar ichida eng ko‘p shevaga ega. Afsuski, hali barcha sheva so‘zlari yig‘ilib ularning lug‘ati tuzilmagan. Agar bu ish amalga oshirilsa, u holda adabiy til uchun zarur bo‘ladigan ko‘plab so‘zlarni shevalardan topish mumkin bo‘ladi.
Unutmaslik kerakki, tarixdan yoki shevalardan so‘z izlaganda, albatta, mazkur so‘zning etimologik jihatdan turkiy-o‘zbek tiliga oid ekaniga, ya’ni sof o‘zbek tiliga mansubligiga alohida e’tibor berish, har jihatdan o‘rinlidir.
Berdaq YUSUF,
O‘zRFA O‘zbek tili va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



