Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.09.2026 | 15:07

img772

MILLIY YUKSALISH DAVRI

Muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonladik. Yangi Toshkentda o‘tkazilgan asosiy bayram tadbirlari taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘yayotganimizni, buyuk tarixiy orzularimiz ro‘yobga chiqayotganini yaqqol namoyish etdi.

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, islohotlarning birinchi kunlaridanoq “Inson qadri uchun!” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Odamlarni yillar davomida qiynab kelgan “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi muammolarga barham berildi. Yurtdoshlarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi.

Istiqlol ayyomi o‘ziga xos hisobot hamdir. Endi yangi maqsad va rejalar kun tartibida. Kelgusi 10 yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030-yilgacha YIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish, kichik biznesni o‘rta, o‘rta korxonalarni esa yirik kompaniyalarga aylantirish uchun ekotizim yaratish shular jumlasidan.

Prezidentimiz belgilab bergan 7 ta strategik milliy dastur Yangi O‘zbekistonning milliy yuksalish davri uchun aniq vazifalar, katta marralardir. Xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali bu maqsadlarga erishib, kelajak avlodlarga farovon va qudratli Vatanni meros qoldirishga ishonamiz.

Strategik sheriklikning yangi bosqichi

Biz uchun Hindiston tarixan hamma sohalarda hamkor sanaladi. Bu haqiqatni Beruniy bobomizning “Hinduston” asarida, Bobur Mirzoning “Vaqoye’” memuarida yaqqol ko‘ramiz. Ogahiy tarjima qilgan “Kalila va Dimna” ham adabiyotimiz ravnaqiga jiddiy hissa qo‘shgani ziyolilarimizga ma’lum va ravshan. Jadid bobomiz Fitrat hind sayyohi vositasida olamshumul va milliy muammolarimizni asosli ko‘tarib, ishonarli dalillar keltirgani bu ikki xalq o‘rtasida o‘xshashlik tamsilga aylanganidan darak beradi. O‘zaro munosabatlar turli davrlarda turfa darajada bo‘lsa-da, mudom taraqqiy etib, mustahkamlanib boravergan.

Hatto, yopiq sovet zamonida ham hind rahbarlari, adiblari va san’atkorlarining oyoqlari yurtimizdan uzilmagan. Shuningdek, bizning millatimiz oydinlari ham bu afsonalar diyoriga tez-tez safar qilib, benazir xotiralar, asarlar yaratishgan. Zulfiyaxonimning xalqaro Javoharla’l Neru mukofotini shaxsan Indra Gandi qo‘lidan olgani hanuzgacha tillarda doston. Shoiraning o‘tli “Mushoira” dostoni, akademik shoir Gʻafur Gʻulomning hind safari turkumi, Abdulla Qahhor esdaliklari, Sharof Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” va Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni kabi do‘stlik hamda xayrixohlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan badiiy asarlar fikrimizga asosdir.

29-30-avgust kunlari Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Mahalliy va xalqaro ekspertlar ta’kidlayotganidek, Toshkent va Dehli munosabatlari endilikda an’anaviy do‘stlik va tarixiy yaqinlik doirasida cheklanib qolmaydi. Ular strategik hamkorlik, iqtisodiy sheriklik, texnologik almashinuv va xalqlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarga tayangan ko‘p qirrali tizimga aylanmoqda.

Narendra Modining tashrifi davomida O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etdi. Bu maqom ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yuqori darajasini anglatish bilan birga, hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan to‘ldirish mas’uliyatini ham yuklaydi.

Eng muhimi, hamkorlikni faqat xomashyo yetkazib berish bilan cheklamasdan, geologiya, qazib chiqarish, qayta ishlash, texnologiya va kadrlar tayyorlash zanjiri asosida yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shunda mineral resurslar iqtisodiy o‘sishning yangi manbayiga aylanadi. O‘zbekiston va Hindiston qishloq xo‘jaligida ham katta salohiyatga ega.

Aholi sonining ko‘pligi, suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi va iqlim o‘zgarishi har ikki davlatni agrar sohada innovatsion yechimlar izlashga undamoqda. Tashrif doirasida urug‘chilik, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari va bog‘dorchilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat munosabatlarining eng ta’sirchan jihatlaridan biri – madaniy-gumanitar yaqinlikdir. Narendra Modining Toshkentdagi yoga dasturida ishtirok etishi, Yangi O‘zbekiston yodgorligiga tashrifi va sobiq Bosh vazir La’l Bahodir Shastri xotirasiga ehtirom ko‘rsatishi tashrifning ramziy mazmunini boyitdi. O‘zbek va hind musiqiy an’analari, Bollivud kuylari, katak san’ati hamda milliy madaniyat namunalarining namoyishi ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yana bir bor ko‘rsatdi.

Termizdagi Fayoztepa va Qoratepa buddaviylik merosi obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish bo‘yicha niyatlar bayonnomasining imzolanishi ham ikki mamlakatning umumiy tarixiy merosga mas’uliyatli munosabatini ifodalaydi. Hindiston fuqarolari uchun O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytiradi.

SHHTda O‘zbekiston tashabbuslari

1-sentyabr kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan ushbu sammit yakunlari xorijiy OAV va ekspertlar hamjamiyatida keng muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston uchun SHHT tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri.

Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (MATT Ijroiya qo‘mitasi) aynan mamlakatimiz hududida joylashgani, Markaziy Osiyo esa SHHTning geografik va strategik asosi sifatida rasman tan olingani buning yaqqol dalilidir. Ushbu platforma orqali Toshkent bir vaqtning o‘zida o‘zaro aloqador uchta vazifani hal qilmoqda: mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, qit’aning iqtisodiy bog‘liqligini kengaytirish hamda ochiq, bloklarga qo‘shilmaslik va ko‘p vektorli siyosat yuritish. O‘zbekistonning bu boradagi qat’iyatini nafaqat siyosiy bayonotlarda, balki amaliy tashabbuslarni izchil ilgari surishda ham namoyon bo‘lmoqda.

Bishkek sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “SHHT–2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashni ishlab chiqish taklifi katta ahamiyatga ega. Tashkilotning 2035-yilgacha mo‘ljallangan Rivojlanish strategiyasi mavjud bo‘lsa-da, bunday uzoq muddatli hujjat kelgusi 15 yildagi taraqqiyot vektorini belgilab beradi.

Mazkur konsepsiya tashkilotning uzoq muddatli fundamental maqsadini aniqlaydi, uni investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin harakatlanadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonga aylantirishdir. Bu SHHTning hozirgi siyosiy-demografik salmog‘i (jahon aholisining 42 foizi, YIMning 36 foizi) uning ichki iqtisodiy hamkorligi (bor-yo‘g‘i 1 trln dollar) ko‘lamidan sezilarli darajada kattaroq ekani haqidagi muammoga yechim hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan sammitda ilgari surilgan eng muhim amaliy tashabbuslardan biri SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish masalasi bo‘ldi. Uning ahamiyati shundaki, bugungi kunda asosiy muammo qo‘shma loyihalarning kamligida emas, balki ma’lumotlarning tarqoqligi va tartibga solish shart-sharoitlaridagi farqlardadir.

Davlatimiz rahbari umumiy tamoyillarni muhokama qilishdan SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tishga chaqirdi. Tuzilmada transport, energetika va raqamli sohalarga oid ko‘plab g‘oyalar mavjud, biroq ularni moliyalashtiriladigan loyihalarning tayyor portfeliga aylantiradigan o‘z mexanizmi yo‘q. Bank ko‘p tomonlama loyihalar uchun aynan shu institutsional bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin. O‘zbekiston taklifining prinsipial jihati shundaki, bankning ishga tushirilishi apparat yaratish bilan emas, balki transport, energetika, sanoat va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirish bilan bog‘lanadi. Bunda avval loyihalar, ularning qiymati va kutilayotgan samara, so‘ngra bankning kapitali va tuzilmasi belgilanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpinning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini olqishlab, SHHTning ushbu yangi texnologik alyans bilan sheriklik o‘rnatishini taklif qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan iqlim o‘zgarishi, suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi uchun yagona kun tartibini ishlab chiqish, temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish, Afg‘oniston bilan muntazam muloqotni qayta tiklash, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028–2030-yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash tashabbuslari ham mamlakatlarimiz taraqqiyoti, xavfsizligi va mintaqaviy iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, SHHTni yaqin kelajakda global taraqqiyot markaziga aylantirishga xizmat qiladi.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600