08.06.2024 | 10:52
356
MIRTEMIRNI TUSHUNISH

Men, ayniqsa, Mirtemirning til boyligi haqida alohida to‘xtalib o‘tgim keladi. U xalq iboralari, so‘z boyligi, xususan, o‘simliklar, hayvonlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, jihozlar va etnografiyaga oid shu qadar ko‘p turkiy so‘zlar ishlatadiki, ularning ko‘pchiligi, ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q. Bu lug‘atda o‘zbeklar ishlatmaydigan va tushunmaydigan arab-fors so‘zlari tiqilib yotgani holda, nima uchun Mirtemirning o‘zbeklarga tushunarli turkiy so‘zlari lug‘atga kiritilmagani mutlaqo tushunarsizdir.
Mana, o‘sha mashhur “Onaginam” she’rini olaylik:
Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – g‘ashlik,
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g‘ashlik,
deya boshlanadi u.
Baytdagi har o‘zbekka tushunarli bo‘lgan sizloviq, sizlatguvchi so‘zlari “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q.
Yoki shoir “Asarlar”ining 3-jildi, 70-betida: “Zanglamish boltalar, siniq sungular”, degan satrni uchratamiz. Bu yerdagi sungu ruslar “штык” deb ataydigan so‘zning o‘zi ekanligi tushunarli emasmi, nega lug‘atga kiritilmagan? Yoki xuddi shu shakldagi suygu so‘zi sevgi, yoqtirish ekani anglashilmaydimi?
Zulmlarning bormikin cheki,
Qanday sovuq, zo‘ravon suygu? –
bu yerda gap zo‘rlik bilan sevish, bir tomonlama sevish ustida borayotgani besh qo‘lday ayon bo‘lib turibdi-ku! Nega o‘zbek so‘zligimizdan o‘rin olmagan?
Yana Mirtemirning tarjimalarida:
– Yo savdogar o‘g‘li oyoq chaldimi –
Moskva-rekada, musht janglarida?
Javob berar shunda Kiribeyevich,
Jingalak sochlarin silkitib turib:
– O‘shandoq zo‘r yudruq tug‘ilgani yo‘q.
Na savdogar va na boyar zotida,
kabi satrlar aro kelgan, bir necha karra ishlatilgan ajoyib turkiy so‘zimiz “yudruq” ham lug‘atimizda uchramaydi.
Yoki yana bir misol. Mirtemir domla qirg‘iz do‘stlarga bag‘ishlangan bir she’rida “bovurdoshlik” so‘zini ishlatadi. Bu yerdagi “bovur” “bag‘ir” degan so‘zning o‘zi. Shoir o‘zbek tiliga “bag‘irdoshlik” ma’nosida “bovurdoshlik”ni olib kirmoqchi bo‘lgan. Lug‘atda xuddi shu so‘z kirishi mumkin bo‘lgan joyga o‘zbeklarning 70-80 foizi tushunmaydigan va ishlatmaydigan “bovujud” so‘zi qo‘yilgan. Boring, ana, “bovujud” ham kira qolsin, ammo nega o‘zbek tilida O‘zbekiston xalq shoiri amalda ishlatgan “bovurdoshlik” so‘zini kiritmaslik kerak?
Yoki “o‘ba” so‘zini olaylik. Shoir yozadi:
Meni chorlar hatto yozning yolqini…
Yaylov, o‘ba, paxtazorlar salqini…
O‘ba so‘zining ma’nolari ko‘p. Turkiy xalqlarning deyarli hammasida eng ko‘p tarqalgan ma’nosi: qir, tekislik, tashqaridagi yerdir. Shoir ham shu ma’noda qo‘llagani ko‘rinib turibdi. (Bir daf’a Usmon Nosir qabrini ziyorat qilgani Kemerovo viloyatiga borganimizda, o‘sha yerlik bir kishi Kemerovo – Ko‘miro‘ba degani, ya’ni o‘sha tekislik ko‘mir koni bo‘lganini, so‘ngra o‘sha yerda qad ko‘targan shahar ham shu nomni olganini aytib bergandi) Bu so‘z ham o‘zbekcha so‘zligimizda yo‘q.
Yana bir oddiygina so‘z: qumloq, toshloq singari tuzloq.
Bo‘lgan ekan bu joy bir kez kattakon tuzloq…
Yo‘q-yo‘q, bu so‘zni ham lug‘atimizdan qidirib ovora bo‘lmang.
Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ammo bu yog‘iga shunday so‘zlarning ayrimlarini keltirib qo‘ya qolaman: yelpiramoq, dong‘il, yang‘iroq, utta, yopog‘i, eltir, chalqi, chalqimoq, dirgizlash, otoq, ketmonlik, ketmontepa, qapchig‘ay, achitgulik va hokazolar. Bu so‘zlarning barchasi bir-ikki o‘tirishda ko‘zimga chalinganlari xolos. Menimcha, lug‘atchi olimlarimiz “Navoiy asarlari lug‘ati” tuzganlari kabi “Mirtemir asarlari lug‘ati” ham tuzishsa, turkiy tilimizning boyligini ko‘rsatuvchi bir vatanparvarlik burchini ado etgan bo‘lardilar.
Miraziz A’ZAM
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



