16.04.2026 | 12:18
718
NARX-NAVO RAQQOSAMU?
Qishdanam chiqvoldig-ey! O‘riklar gullab, redis bilan ko‘kpiyozni pullab, xiyla yuzimizga qon yugurdi. Dehqonning qo‘liga pul tushmasin-da: yo “uyni ko‘taraman”ga tushadi, yo to‘y qilgisi kepqoladi. Meniyam qo‘lim qichib, tomni ochib yuborsammi deb yurgan kunlarim.

Xotin zoti tozi itday sezgirmasmi, darrov palakatning hidini olib, tashlanib qoldi: “Buncha hovliqmang, xo‘jayin, hozircha tomingiz joyida, yaxshisi butun pulni pachaqlamay, Qumtepadan ikkita qo‘zi opkeling. Po‘choq yeb tursayam kuzgacha et bitib, pichoqqa tayyor bo‘pqoladi. Balki o‘zidan ko‘payib, bir kamimizga yarab qolar”. Shu desangiz, xotinlar boshda to‘g‘ri gap aytayotgandek tuyuladi-yu, oqibati ag‘darilgan yetim toshbaqaday bo‘pchiqadi.
Xullas, bozorga barra bodringday kirdim-u, chiqishda ushuq urgan karamday shalvirab chiqdim. Mol-qo‘y mo‘ljalimdan ancha baland, yiqqan pulimga qo‘zi tugul, takaning soqolini ham ushlatmas ekan. Kamiga bojam Otabek dallol meni ko‘rishi bilan kafti qichib, chillashir mushukvachchaga o‘xshagan gadik to‘qlini otasini narxiga menga tiqishtirish payiga tushdi. Yana, tarvanglab, g‘o‘danglaganiga iymoning qochadi!
Bayt:
Qarindosh-u, ishlari
yotnikiga o‘xshaydu,
G‘o‘ddayib turishlari
otnikiga o‘xshaydu.
(Qaralsin. Sattor Surob. “Sayis, mayiz va dayis qissasi”. 743-bet.)
Bojamning chovutidan betalafot chiqibman-u, ma’yus guzarga tushib, tikka Oqil kazzobni oldiga borib qoppan. Uyam xaridor yo‘q, qontalash dokasini vertolyotni parragiday aylantirib, pashsha qo‘rib o‘tirgan ekan, yoniga cho‘kkaladim. Gap Tramp bilan Zelenskiydan boshlanib, sarimsoq bilan turpda to‘xtadi. Kazzob-qassob narx-navodan yozg‘irib turgan joyida tilidan ushladim.
– Bodring-pomidorni qo‘yib turing, aka, hozir bitta qo‘zi ololmay kelyapman. O‘zi go‘sht nimaga buncha qimmatlab ketyapti?
Qassob yetilgan buqani chamalaganday menga boshdan oyoq xezlanib qaradi.
– Men qayoqdan bilay? Birinchidan, el qatori sotyapman. Menda hozir bir yuz qirq ming bo‘lsa, atrofdayam shu. Ikkinchidan, narxni men o‘ylab chiqarmiman. Bozorniyam ko‘rgandirsan.
– Ko‘rdim. Arzoniyam bor. Chetdan kelgani. Faqat qaysi bebismillo so‘ygan ekan, deb olishga ikkilanasan odam. Chorva o‘zimizda bo‘laturib, dunyodan qimmat yuramizmi?
– Endi-i, aholiyam ko‘paygan. Qoramol unchalikmas. Bitta sababi shu.
– Arqonni sal bo‘shashtirsa, aybni ko‘tarasiga buqalarga to‘nkavorasiz-a. To‘g‘ri, narx-navo o‘ynab, Qahani danapiday bir joyda turmaydi. Lekin evi bilan-da, akamjonim. Masalan, o‘tgan yili shu mahalda qancha edi?
Oqil dandonsopli pichog‘i bilan tomog‘ini o‘ychan qashlagancha uzoq sas bermadi. Ungayam osonmas. Har hafta yengiloyoq chigirtkadek sapchib turgan narxni kompyuter ko‘tarmaydi-ku! Men esa aniq eslayman – 80 ming. Nimagaki, sinfdoshlar to‘yonani 5 kilodan go‘shtga chaqamiz. O‘tgan bahor o‘g‘il to‘yiga 80 mingdan tushganmiz. Bultur bir kilo go‘sht 60 ming edi. Demak, ikki yilda yaqin uch barobar oshgan chiqyapti. Shularni xayoldan o‘tkaza turib, qassobning tilla zanjirli bo‘yni ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. Misr bo‘pket-ey!
– Xo‘p, yiliga uch-to‘rt so‘m qo‘shsin, mayli. Narxning jitirechkidek sakrashiga sabab nima deyman-da?
Shu payt tepkiaravani g‘iyqillatib, Abbos mayna o‘tib qoldi. Do‘konga yaqinlashganda ko‘chani boshiga ko‘tarib baqirdi:
– Ha, Akmal chatoqning o‘g‘li, o‘lgan sigirning yelinini pullab o‘tiribsanmi?
ؘ– Cho‘qib ko‘rsang bilasan!
Mayna ham bekorchi ekanmi, “xo-xo”lagancha shag‘alning oldidan doira yasab qaytib keldi. Na salom bor, na alik, aravasining orqa o‘rindig‘iga xurpayib o‘tirib oldi-da, masxaraomuz tirjaydi.
Qassobning afti nega bujmaydi desam, maynaning qorasini uzoqdan ko‘riboq, javobga tayyorlanib turgan ekan.
– Nechchi marta aytaman, shumxabar, qo‘pol hazil qilmagin deb. Eshitgan odam noto‘g‘ri tushunadi. Birinchidan, sigir emas. Ikkinchidan…
– Men nima dedim axir? Jonliqni so‘yganingdan keyin o‘lgan bo‘ladimi-yo‘qmi?
– E-e-e! – Qo‘l siltadi qassob, – bo‘ladigan gapni gapir. Undan ko‘ra manov bolaga go‘sht narxini kim oshiryotganini topib bermisanmi? Harqalay, o‘zing ham mol boqasan.
– Shu kunlarda eshak boqsammi deb turibman, – mayna menga chap ko‘zini qisib, o‘ng ko‘zi bilan qassobga imo qilib gap boshladi – Ertalab ko‘chaga qo‘yvoraman. Qorni to‘ysa, kechga o‘zi kirib kelaveradi. Xashak ber demaydi, suv demaydi. Bozoriyam chaqqon. Sharip quzg‘un halollab so‘yib, shaharga tashiyapti ekan.
Meniyam aftim bujmaydi shekilli, maynavozchilikni bas qilib, jiddiy ohangga o‘tdi.
– Yemish qimmat, ko‘rib turibsan, Husan ko‘rning nevarasi. Yaylov kam, hamma joyning egasi bor. Hozir hashak ham pul. Chorvadan naf qolmadi hisob. Deylik, boquvda to‘rtta molim bor. Eng birinchi qiladigan ishim, kuzda ikki-uch traktor silos bosishim kerak – aravasi uch yarim-to‘rt million so‘mdan. Endi silosga aralashtirib bergani: kunjara – kilosi yetti ming so‘m, to‘rtta buqaga bir qop kunjara Faxriddin alkashga abetga chekushka bergandek gap. Ulgurji olmasang, yutqazasan. Bir qop kepak to‘qson ming, qozoqisi yuz ellik minggacha. Yanchilgan arpani qo‘yatur, bir o‘ram somoningni qirq ming deb turibdi. Chigit qopiga, ana bor, to‘qson ming. Endi cho‘tga tushsak, buqaning bir kuni menga taxminan ellik mingga tushyapti. Bu oyiga, xo‘o‘o‘sh, bir yarim million degani. Kami olti oy boqasan. Endi to‘rtta buqaning kunlik xarajatini qo‘shib, olti oyga ko‘paytir. Qancha bo‘ladi?
Hammamiz hisoblagan kishi bo‘lib shipdagi qon dog‘lariga termilib qoldik. Maynaning o‘zi ham chalkashib ketdi, chamamda, ko‘zini bir g‘ildiratib oldi. Chalkash raqamlar boshimizni og‘ritib, uchovimiz baravar yangi nosvoydan otvoldik.
– Molga ham sarflasang, keyin odam bo‘ladi. Shunaqa…
Qassobga ham jon kirdi.
– Buyam shuncha yedirib-ichirib, molini ziyoniga sotmaydi-ku. Yo qassob qo‘shnim ekan, deb menga ham eldan arzon bermaydi-ku. E, gapirsang gap ko‘p.
Baribir tushunmaysan degandek qo‘l siltab, bo‘ynini cho‘zib ichkariga mo‘ralab qo‘ydi. Qaynagan sho‘rvaning yoqimli hidini men shunda payqadim. Mayna ham bir nima esiga tushgandek “Senlar bilan gap sotib, ko‘mirga chiqqanim esimda yo‘q. Bugun nevaralar keladigan. Shunga molning pushtimag‘zidan to‘rt kilo tog‘araga bosib, ziravorini sepib, ivitib qo‘yibman. Hali sixgayam o‘tkazib, ko‘mirni cho‘g‘ qilishim kerak” dedi-yu, tepkini bir aylantirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Kazzob-qassob shira boylagan oynaga tuflab, yengi bilan artarkan, tirishib “Kecha peshingacha ikkita buqani talab ketishudi. Bugun yangi mol so‘yganimni eshitishmapti shekilli, zang‘arlar” deb g‘udrandi.
Cho‘ntagimni ag‘darib, qassobga yuzlandim:
– Devzirani-ku bozordan oldim, lekin pul o‘zimizda qolsin deb go‘shtga to‘xtamadim. Qani, qassob buva, bizgayam shirin joyidan torting bo‘lmasa. Bugun ulfatlarga dam. Xotinim ne zamondan beri “Choyxonadagi o‘ynashlarizdan ortmaysiz, biz bilan qachon uyda o‘tirasiz?” deb devorga tiraydi. Noshukur banda! Bo‘lmasa, payshanba-pirtak uyda yo qozonkavob, go‘shtkuydi, yo, o‘ldim deganda, jizzaxcha jiz. Bugun o‘z qo‘lim bilan qozonni bir erkakcha yuvib, siltama qilib beray, xotin bir yayrasin.
Kazzob mo‘ylovini silash bahonasida kulgisini yashirib “Ehtiyot bo‘l, tagini oldirib, qirmoch yeb yurma”, deb burchakdagi kundaga o‘girildi.
J.G‘.BIYRON
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



