19.02.2026 | 10:17
1227
NAVOIY HIROTDA, KOBULDA BOBUR
Tengri taoloning inoyati va Sarvari koinotning shafoati va ham pok ko‘ngilli chahoryorlarning himmati birlan tarix ming to‘rt yuz qirq yettida, sha’bon oyining o‘n birida, muborak jum’a kuni ko‘hna va navqiron shahri Shoshdan ulug‘ hazratlarimiz yotgan tuproqni ziyorat etmoq ilinjida yo‘lga tushdim.

Alqissa, faqiringiz ozod-u obod va ham saodatmand Vatanimizning muborak tuproqlaridan olisda yotqan Abu Rayhon Beruniy, Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sulton Husayn Mirzo, Abdurahmon Jomiy, Mavlono Lutfiy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab (ularga Allohning rahmati va mag‘firati bo‘lsin) kabi ulug‘ siymolarni ziyorat etmoqqa ko‘p yillardin buyon orzumand erdi. Qadam urmoq niyati paydo bo‘lgan zamondayoq, mardumi hushyordan “Ul tufrog‘da xavf-u xatar bisyordir” qabilida ko‘p daf’a chaqiriq bo‘ldi. Qulingiz ersa, bisyor shijoatlig‘ va ham sertavakkulkim, aning ulug‘ ajdodlar ziyoratidan benasib qolmoqqa zinhor havasi yo‘qdur.
Shu fursatlarda mutlaqo tasodifan oyinayi jahonda hazratimning muborak siymosi paydo bo‘lib, misra o‘qildiki:
“Yo‘l yamon-u yaxshisidin yema g‘am,
Bismilloh, degil-u qo‘ygil qadam”.
Munikim, g‘oyibdan kelgan shakli ijoza o‘laroq qabul aylab, yo‘lg‘a tushdim.
Tarix o‘ttiz va o‘ttiz birinchi yanvor voqe’alari
Afg‘on o‘lkasiga kirmak uchun ijoza olmak g‘oyat mushkuldur… Mundin avval taqriban bir oy zo‘r berib urundim. Turlig‘ idoralarg‘a payg‘om yo‘llab, necha-necha bodi sabog‘a arzimni aytdim. Oxiri tavakkul aylab, sarhad sari yuzlandim. Borib, bir hojatbarorni topib, yo‘llarini o‘rgandim. Aytdikim, hozir qonsul qabuliga kirib, qon yutsang ham zinhor ishing bitmas. Hargiz yodingda bo‘lsinkim, jarida, ro‘znoma va yo gazet muxbiri ekaningni hech kimga aytma. Kimsan, shahri Toshkand dorug‘asi bo‘lsang-da, kasb-u koringni xufya tut. Ziyorat-u tijorat, siyosat-u rayosatga aloqasi yo‘qlar kira olurkim, sen alardan emasligingga ishontir. Men esam, rosti-rusti tamoilini mahkam tutdim va qabulga kirdim. U yerda pushtun, tojik, hindiy, eroniy, va albatta, turkiylar navbatda turgandi va har ikkinchi odam ortiga noumid qaytayotgandi. Xudovandi karim pok niyatlig‘ bandasiga rahm aylab, meni bir turkmanga ro‘baro‘ qildi. U hujjatlarimni risoladagidek to‘ldirib, qardoshiga qayishdi. So‘g‘in men oldindan tayyorlab qo‘yilgan va bir misqolcha yolg‘oni yo‘q bahonamni peshkash qildim. Ular muni tinglab o‘bdan ko‘z yoshi qilub, ruxsat berdilar.
MENING TA’SIRCHAN NUTQIM
“Asli volidayi muhtaramamning bobosi mulkdor o‘tgan. Bu sababdankim, sho‘rolar davrida ko‘p mashaqqatga giriftor bo‘lgan. Bosqinchining askarini urgach, uni Sibir qilmoq payiga tushdilar. Jon omon bo‘lsa, do‘ppi topilar, deya bir kechada yurtdan chiqib ketishga qaror beradi. Afg‘onistonga muqim joylashib olgach, ortda qolgan farzandlarini tilab, necha daf’a maktub yo‘llaydi. Bu yerdagilar xatlarni sho‘ro fitnasi deya gumon qilib, mundog‘ javob yozadilar: “Farzandlaring kasallikdan o‘ldikim, boshqa so‘rma…” Shundan-shu ota-bolalar bir-birini tilamay qoladi. Alqissa, men shu bobokalonim qabrini izlab keldimki, rahmatli bobomning vasiyati shu erdi…”
HAYRATON HAYRATLARI
Baxtimdan aylanay, ikki davlatni bog‘lab turuvchi yagona ko‘prikdan o‘tish nasib etdi. Chunki 2021-yilda bu yer yopilgan, Ayritomdan bir soatlik yo‘l bo‘lgan Mozori Sharifga yetib borish uchun kishilar Tojikiston orqali bir kun aylanishga majbur bo‘lardi. Hozir bu cheklovlar bekor qilingan.
Ko‘prikda turib, muazzam Amudaryoga termulgancha, to‘yib nafas olish baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu daryo ortida o‘n milliondan ortiq o‘zbek yashaydi. Ular “O‘rtamizga bir daryo tushdi va buning ustiga alifbomiz o‘zgardi. Sizdan ayro tushdik. Ammo har qancha mashaqqat bo‘lmasin, tilimiz va urf-odatlarimiz uchun kurashdik”, deydi. Bu haqida keyinroq bafurja…
Chegaradan o‘tdim va shunda… dunyo ko‘z oldimda butunlay boshqa rangga kirdi. Ravon yo‘llarimiz, ozoda postlarimiz, xushmuomala xodimlarimizning qadri bilindi. Loy kechib, katta yuk mashinalar va afg‘oncha kiyingan mardum oralab o‘tkazuv qismiga yetib bordim. Chiqishim bilan o‘n nafarcha ehsontalab girdimni o‘rab, menga tushunarsiz tillarda tilanishdi. Shukurki, meni uzoqdan tanigan mezbonlarim yugurib kelib, bu qamaldan ozod ayladi.
Butun safar davomida meni vasiylikka olgan yigitning ismi Hibatulloh Ya’qub o‘g‘li bo‘ladi. U “UzbekTV” jurnalisti, bir necha bor til va millatni himoya qilgani ortidan asir olingan. O‘lguday millatsevar. Ko‘p daf’a o‘limdan qolgan. Beminnat haydovchimiz – doktor Mahdiy ham ochiqko‘ngil va jasoratli, millatsevar inson ekan. Yo‘lda o‘zbek bo‘lish sharafi haqida gaplashib ketdik. Qo‘shtepa kanali yoqasida to‘xtadik. Loyihaga ko‘ra, kanal Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi yerlarni sug‘orish imkoniyatini berishi kerak. U yerlarda o‘zbek va turkmanlar yashaydi. Ammo bu unumdor yerlarga mamlakatning janubiy mintaqasida yashaydigan elatlar ko‘chirib kelinmoqda. Kanalga hozircha daryodan suv kelmaydi, yer osti sizova suvlari bilan to‘lib turibdi.
Yo‘lda davom etdik. Bir postda Tolibon askarlari to‘xtatdi. “Qaydan kelasan, qayga ketasan” bo‘lgandan keyin, ikki askari mashinamizga o‘ltirdi. Quchoqlarida “Kalashnikov” – o‘qlangan. Ular bilan salonga ter hidi va xuddi shunday ruhiy muhit kirib keldi. Mezbonlar milliy gaplarni to‘xtatdi va allaqaygacha pushtunchada gaplashib ketdi.
BESHIKDAN MOZORGACHA…
Mozori Sharifgacha ancha yurdik. Atrof cho‘l. Shamol qumli yerda to‘lqin-to‘lqin mavj qoldirgan. Kun quyoshli, ammo sovuq. To‘g‘rida ulkan elektr ustunlari oyoqlarini kerib turibdi. Ushbu simlar jonajon O‘zbekiston saxovatidan darak… Shuni ham tarmoqda gap qilganlar bo‘ldi. Ammo bilsinlarki, nonimizning bir burdasini begonaga emas, daryoning narigi tomonida yashayotgan tildoshlarimizga uzatyapmiz…
Birozdan so‘ng daraxtlar ko‘rindi. Shoxlari bir tomonga qayrilib qolganiga qaraganda, shamol kuchli bo‘ladi. Afg‘on shamoli! Qarshimizdagi tog‘larning nomini so‘radim: Tirbandi Turkiston! Aytishlaricha, bu tog‘ning biz tomonida turkiy ellar, narigi tomonida pushtunlar ko‘p yashaydi.
Shaharga kirdik. Ikki askar qurilish mollari sotiladigan shaxobchaga o‘xshash joyda tushib qoldi. Bizningcha, Ichki ishlar bo‘limi ekan…
Shu joydan hammasi boshlanib ketdi. Mashinalar tartibsiz harakatlanadi. Har qadamda qarshingizdan yo‘lovchi chiqib qoladi. Yo‘l chetida qumg‘on qo‘yib, o‘tgan-ketganga choy sotib o‘tirgan chollarni ko‘rdim. Go‘yo bir katta bozor har tarafga sochilgandek shovqin, ziravorlar hidi, o‘zbekcha, tojikcha, dariycha va yana bir qancha tillar qorishib ketgan chaqiriqlar, liboslar, chehralar, ovozlar – hammasi turli-turli…
OVORAYI IKKI JAHON BO‘LDUM…
Avvalo, shaharning istalgan joyida rasm yo video olishingiz uchun maxsus ruxsatnoma kerak. Shahar “madaniyat bo‘limi”ga yo‘naldik. Mahalla idorasiga o‘xshash bir binoga boshlab borishdi. Eshik oldida rosa tekshirib kiritishdi. To‘g‘ri rahbar qabuliga bordik. Kichik bir xona. Zax va is gazi anqib turibdi. Ixchamgina gaz baloni rezina quvur orqali gaz plitasiga ulangan va shunday yonib turibdi. Faqat rahbarni isitadi. Stol-stul yo‘q. Muddaoni aytdik. U esa “Afg‘on tur shirkati”ga yubordi. Katta bank ortidagi ko‘rimsizgina binoda ham shu holat. Ammo stol-stul bor. U yerda bizni chehrasi nurli huquqshunos kutib oldi. Huquq va majburiyatlarimizni erinmasdan, xushmuomalalik bilan tushuntirdi. Alqissa, Hibatulloh menga mas’ul. Shunday gap bo‘ldi: “Mehmonimizga biror kor-hol bo‘lsa, sening yoqangdan olaman. Mabodo, biror ishkal boshlasa va yurtiga ketishga ulgursa, yana seni taniyman. Boshidan bir tola sochi to‘kilmasin. Mana bu tilxatga barmoq bos…”
Ruxsatnoma, har bir shahar uchun alohida to‘lanarkan. Men Mozori Sharif, Kobul va Hirot shaharlarida tasvirga olish hamda tarixiy obidalarga kirish huquqini beruvchi ruxsatnoma uchun ellik dollar atrofida pul to‘ladim. Keyin shahar “Ichki ishlar bo‘limi”ga yo‘l oldik. Mashina va gavjum omma oralab bordik. Ikki nafar qurollangan tolibon boshlab kirdi. Eski hovliga o‘xshash joy. Atrofi xarob. Uzun yo‘lak bo‘ylab yurdik. Shiftda o‘rgimchak nihoyatda quyuq va uzun in qurgan. G‘ira-shira. Devorlar eski, rangi o‘chgan. Taxminan yigirma yil avval ta’mirlangan.
Katta rahbarga olib kirishdi. Oddiy xona, yana o‘sha zax va gaz hidi. Yupqa gilam to‘shalgan. To‘g‘rida ikki qavat ko‘rpacha, yonida kotibi uchun ko‘rpacha, eshik oldida yana bir ko‘rpacha. Xullas, oddiy idorada stullar qanday joylashtirilsa, bu yerda ko‘rpachalar shunday to‘shalgan. Har birida ikkitadan lo‘labolish. Yonboshlab olgan rahbar kirishimiz bilan o‘rnidan turdi. To‘rdan joy ko‘rsatdi. Soqol va soch patila-patila, bir-biriga ulanib ketgan. Nihoyatda sovuq va jiddiy, ammo hurmatimizni joyiga qo‘ymoqda. Bizni boshlab kelgan huquqshunos hujjatlarimiz va o‘zi tayyorlab bergan ruxsatnomani tavoze bilan unga uzatdi. U esa bir qog‘ozga, bir bizga sinchkovlik bilan nazar soldi. Pushtunchada nimadir dedi. Tarjimasi: “Bizdan qo‘rqmasin, tekshiruv shundayligini ayt”. Keyin bu shaharda uning hifz-u himoyasidaligimni samimiy tushuntirib, kuzatib qo‘ydi. Salkam besh soat cho‘zilgan yugur-yugurdan keyin qo‘limda qog‘oz, dilimda quvonch bilan Ko‘k masjid sari yurdim.
RAVZAI SHARIF MEHMONI…
Bu yerda ham qirq daqiqa boshliqdan boshliqqa “chavgon” bo‘lgach, oppoq soqolli, yuzi farishtali imomdan ruxsat oldik va tasvirga olishni boshladik.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning suyukli kuyovlari Hazrati Ali (r.a) dafn etilgan. Saljuqiylar hukmdori Sulton Ahmad Sanjar bu yerda birinchi maqbarani qurdirgan. Ammo 1220-yilda Chingizxon uni buzdirib tashlagan. 1481–1482-yillarda Xuroson hukmdori Sulton Husayn Mirzo tashabbusi bilan Alisher Navoiy nazorati ostida qayta tiklangan masjid devorlari va gumbazlari feruzarang toshlar va bo‘yoqlar bilan ishlov berilgani uchun “Ko‘k masjid” nomini olgan.
Asrlar davomida muntazam olib borilgan ta’mir ishlari sababli, masjid Afg‘onistondagi yaxshi saqlanib kelayotgan tarixiy qadamjolardan biri hisoblanadi. Majmuada bino tarhini chizgan me’mor Said Tojiddin Andxo‘yiyning qabri ham bor. Maqbaraning ichki peshtoqiga yetti kilogramm sof oltindan ishlangan peshlavha osilgan, unga shahodat kalimasi naqsh etilgan. Bu marshal Abdurashid Do‘stum tomonidan hadya qilingan. Aytishlaricha, bir yili uni olib qo‘yishgan va butun mamlakat o‘zbeklari oyoqqa turgan. Shahar hokimi so‘roqqa tutilgan. Natijada, peshlavha o‘z joyiga qaytarilgan.
Bu yerda mahalliy o‘zbeklardan biri bilan suhbatlashdim. Shuncha notinchliklar ko‘ribsiz, nega xorijga chiqib ketmadingiz, deganimda shunday javob berdi: “Men Navoiy, Bobur, Lutfiy, Mashrab yotgan tuproqlarni bir o‘zbek o‘laroq tashlab ketishga ko‘zim qiymaydi. Chunki ular bundan besh yuz yillar avval shu tuproqni bizga meros qoldirgan. Sen Amir Temur yotgan muqaddas tuproqni tashlab ketgan bo‘larmiding?”
YODGORLIK QAYTADIMI?
Alisher Navoiyning haykali deyarli 17 yil Mozori Sharif markazida turgan. 2025-yil avgustda mahalliy hokimiyat tomonidan haykal buzib tashlangan. Bunga sabab sifatida u o‘rnatilgan joy “Navoiyning xotirasi uchun munosib emas”, deb baholangan. Afg‘oniston tomoni Navoiyning xotirasini munosib tarzda hurmatlash maqsadida yangi memorial majmua qurilishini bildirdi. Yangi joyda haykal, Navoiy hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar bo‘lishi hamda maydon uning nomi bilan atalishi ko‘zda tutilgan. Buni esa butun dunyo o‘zbeklari intizor kutmoqda.
“SEN MASHRABSAN… BALXDA DORGA OSILGAN…”
Balx shahri va uning tarixiy-ma’naviy ziyoratgohlari qadimiy Xuroson madaniyatining muhim qatlamini aks ettiradi. Safar davomida bir-biridan qiziq manzillarda bo‘ldik. Avvalo, shahar tarixining eng qadimiy harbiy-me’moriy inshootlaridan biri bo‘lgan Balx qal’asiga bordik. U turli davrlarda qayta-qayta qurilgan. Undagi Ayyoron burji mudofaa tizimining muhim qismi bo‘lgan qo‘riqlash minoralaridan biridir.
“Xo‘ja Porso” masjidi esa temuriylar davrida Gavharshodbegim tomonidan qurdirilgan bo‘lib, ilm-ma’rifat va tasavvuf markazi sifatida tanilgan. Masjid yaqinda bo‘lgan zilziladan shikastlangan, hozirda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yonida fors-tojik va turkiy adabiyot tarixidagi ilk mashhur shoiralardan bo‘lgan Robiya Balxiy maqbarasi bor.
Hazrati Shis alayhissalomning ulkan qabri Balx atrofidagi eng qadimiy ziyoratgohlardan biri bo‘lib, asrlar davomida muqaddas joy sifatida e’zozlangan. Buni mahalliy aholi turlicha izohladi. Ma’lumot uchun, Shis alayhissalom hazrati Odam alayhissalomning o‘g‘li hisoblanarkan.
Mavlono Jaloliddin Balxiy (Rumiy)ning otasi Bahouddin Valad qurdirgan xonaqohda bo‘lganimda, Radiy Fish romanida tasvirlangan voqealar ko‘z o‘ngimda qayta jonlandi. Mavlononing bolaligi o‘tgan yerlarda yurib, ruhiy yengillik tuydim o‘zimda. Uning atrofida bir to‘p bolalar koptok o‘ynab, qiyqirib yurishibdi. Romanda ham shunga o‘xshash tasvirlar bor edi. Yodgorlik atrofi temuriylar davriga oid me’morlik uslubiga o‘xshash devor bilan o‘ralgan. Bu yerni obod qilish uchun Turkiya hukumati bir necha bor mablag‘ ajratgan va qisman bo‘lsa-da, ko‘zlangan natijaga erishilgan.
Qadimgi Balx bir vaqtlar Xorazmshohlar davlati tarkibida bo‘lgan. Qal’ada xorazmlik va buxorolik sarkardalarning qabrlarini ko‘rdik. Ular Chingizxon bosqini davrida Jaloliddin Manguberdi boshchiligida hududni himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan. Qabrtoshlardan birida “Pahlavon Ahmadi Zamjiy”, yana birida “Pahlavon Nazarshoh Xorazmiy” deb yozilgan.
“KOBULDA IQOMAT ETDI BOBUR, DERSIZ…”
Kobul shahri, bilmadim, nechanchi iqlimdandir, borganimda juda sovuq edi. Qor yog‘ib o‘tganiga yarim oy bo‘lgan esa-da, hamon ba’zi yerlarda muz bor. Bu shaharda tez-tez chiroq o‘chib turishi rasm erkan. Chunki shaharga shimoliy viloyatlarga kelgani kabi qo‘shni davlatlardan elektr kelmaydi…
Bir kecha tunash uchun mezbon yashaydigan o‘n ikkinchi qavatga chiqdik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xonada ajib bir sandal voqe’ bo‘libdur… Uni ham gaz baloncha orqali isitishadi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan tunda o‘chirib, shuning taftida uxlashadi. So‘rasam, butun shahar shunday jon saqlarkan. Puli borlar ko‘p qavatli uyda ko‘mir yoqiladigan pech qurgan va shundan joni huzurda…
Ertasi kuni uchoqda, qush parvozi balandligidan razm solsam, ko‘rpadek qora tutun shahar boshiga soyabon bo‘libdur… Bilsam, allergiyam shundan qo‘zigan ekan.
Kobul haqida batafsil ikkinchi maqolamda so‘zlaymen…
“…GUHARI SHARIFROQ YO‘Q ONDIN”
Hammasi juda oson bo‘ladi, deb o‘ylagandim: Toshkentdan uchaman, Hirotga qo‘naman, tayyoragohdan shundoq chiqib, asosiy yo‘ldan markaziy maydongacha 16 kilometr yuraman va chapga burilib, yana 2 kilometr qadam uraman. Qarabsizki, hazrat Alisher Navoiy maqbarasi qarshisidaman! Lekin… Bular bari xaritaga soatlab termulgancha surilgan xomxayol bo‘lib chiqdi. Doim ham osonlikcha xamirdan qil sug‘urilmaydi.
“Gavharshodbegim bog‘i”ga yetdim. Kichik tushuntirish: Amir Temurning o‘g‘illaridan biri – Shohrux Mirzo, uning rafiqasi – Gavharshodbegim, farzandlari – Ulug‘bek Mirzo, Boysunqur Mirzo, Jo‘ki Mirzo… Malika maqbarasi yonida hazrat Alisher Navoiy maqbarasi… Malika Xurosonda ko‘plab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Hirotda Musallo ansambli, Balxdagi naqshinkor masjid, o‘zi qo‘nim topgan maqbara shular jumlasidan.
Alisher Navoiy maqbarasi – Musallo markazida, Injil arig‘ining janubiy qirg‘og‘i yaqinida joylashgan gumbazli oddiy bino bo‘lgan. Hirotlik savdogar hoji G‘ulomhaydar Muxtarzoda 1947-yilda Gavharshodbegim maqbarasiga qiyoslab qurdirgan. Yillar o‘tib, maqbaraning holati yomonlashgan. 2000-yil boshlarida O‘zbekiston hukumati tomonidan maqbarani qayta qurish ishlari boshlanadi. Ammo siyosiy vaziyat keskin o‘zgargani sababli, ustalar hududni tark etishga majbur bo‘ladi. Keyin hirotlik o‘zbeklar hashar yo‘li bilan maqbarani qayta tiklashadi.
Siyosiy vaziyat yumshagach, Bobur xalqaro jamoat fondining ilmiy ekspeditsiyasi 2015-yilda uch marta Afg‘onistonga safar uyushtirib, hududda obodonlashtirish ishlarini olib borgan. Yangi qabr toshi Navoiy viloyati G‘ozg‘on qishlog‘ida yashovchi usta sangtarosh Tohirjon Rahimov tomonidan, maqbara eshigi toshkentlik yog‘och ustasi Alisherbek tomonidan tayyorlangan. Qabr toshining og‘irligi salkam 3.5 tonna, unga Qur’oni Karim oyatlari va shoir qalamiga mansub misralar o‘zbek va fors tillarida o‘yib yozilgan… Zokirjon Mashrabov boshchiligida ekilgan 2 ming tupga yaqin ko‘chat allaqachon barvasta daraxt bo‘lganini ko‘rib quvondim.
Ammo bu yerga kirish uchun maxsus ruxsatnomadan tashqari, qorovullarni ham rozi qilish kerak bo‘ldi. Kirish qiyin bo‘lganiga qaramay, bu joyda chog‘roq voleybol maydonchasi qurishga ham ulgurishgan… Hazratning maqbarasi yonida u kishi yozgan g‘azallarni o‘qish baxti nasib etganidan boshim ko‘kka yetdi. Hatto bir chetda o‘qrayib turgan qorovullar ham kayfiyatimni buza olmadi.
“SHOH G‘OZIYG‘A KARAM AVVALG‘ILARG‘A O‘XSHAMAS…”
Tarixchi Xondamir Navoiy qurdirgan imoratlarning aniq tafsilotlarini keltiradi. Ular orasida 52 rabot, 18 masjid,
3 madrasa, 16 ko‘prik, 19 hovuz, 9 hammom va boshqa bir qancha imoratlar va inshootlar bo‘lgan. Albatta, bu qadar keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari ortida saxovatli bir sultonning ma’naviy va moddiy qo‘llovi turibdi. Ammo bugunga kelib, zilol suv ichish u yoqda tursin, qo‘l yuvishga ham yaramaydigan holga kelib qolgan Injil arig‘ining narigi tomonida yotgan Sulton Husayn Mirzoning qabri ochiq osmon ostida, g‘oyat ayanchli bir holda qolgan. Qabrtosh noyob toshdan ishlangani sababli bir necha bor o‘g‘irlashga urinishlar bo‘lgan, shu sabab singan ham. Ayni paytda u shisha bilan muhofaza qilingan, ammo uning ham bir tomoni darz ketgan…
“UMIDIM ANDOG‘KI…”
Temuriylar davri me’morchiligining eng muhim islomiy yodgorliklaridan biri Musallo majmuasi hisoblanadi. XV asrda barpo etilgan ushbu majmuaning katta qismi bugungi kunda butunlay vayron bo‘lish arafasida. Saqlanib qolgan inshootlar esa jiddiy ta’mir va muhofazaga muhtoj. Hozirgi paytda majmua hududida Hirotdagi mashhur beshta Musallo minoralari, Alisher Navoiy maqbarasi, Gavharshodbegim maqbarasi, shuningdek, yirik masjid va madrasa qoldiqlari mavjud.
Musallo majmuasining qurilishi 1417-yilda temuriy hukmdor Shohrux Mirzoning zavjasi Gavharshodbegim tashabbusi va rahbarligida boshlangan. Qurilish ishlari XV asr oxirida Sulton Husayn Mirzo davrida barpo etilgan madrasa bilan nihoyasiga yetgan. Dastlab shu kabi minoralar yigirmata bo‘lgani haqidagi faktlar bor. 1885-yilda ingliz harbiy kuchlari hamda o‘sha davrdagi Afg‘oniston hukumati tomonidan majmua binolarining asosiy qismi buzib tashlangan va bu tarixiy yodgorlikka katta zarar yetkazilgan. So‘ngroq sovet askarlari tomonidan artilleriya to‘plari yordamida vayron qilingan. Keyingi davrlarda sodir bo‘lgan zilzilalar va harbiy to‘qnashuvlar natijasida minoralarning to‘rttasi qulagan. Yaqin vaqtlargacha majmua o‘rtasidan o‘tuvchi yo‘l faqat piyodalar uchun ochiq bo‘lib, mashinalar harakati cheklangan ekan. Endi esa bir tomoni rekshalar “stoyankasi”ga, o‘rtasi qatnov yo‘liga aylantirilgan. Og‘ir vazndagi yuk mashinalari o‘tib qaytishini ham hisobga olsak, minoralar yaqin yillarda o‘z-o‘zidan qulaydi… Mahalliy o‘zbeklar butun dunyo madaniyat posbonlarini ushbu tarixiy obidalarni saqlab qolishga chaqirmoqda.
Safar davom etayotir. Nasib, keyingi taassurotlarni ham Siz, o‘qiguvchilarga mavridi bilan yetkarurbiz. Shavkatli bobomiz Bobur Mirzo lutfida: “Yaxshiliq bo‘lg‘ay bo‘lg‘ay”.
Shahriyor SHAVKAT
Toshkent – Mozori Sharif – Kobul – Hirot
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



