Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 08:38

img457

NONDAN SO‘NG ENG MUHIMI MAKTABDIR

Bugun ibrat sifatida ko‘rsatilayotgan Yashnobod tumanidagi 255-maktab o‘quvchilari sharoit taqo­zosi bilan bir vaqtlar yotoqxonada dars o‘tishga ham majbur bo‘lgan. Ular bugun keng va yorug‘ sinf­xonalarda, shinam, zamonaviy va havas qilsa arzigulik binoda bilim olishmoqda. Bu yerdagi qiz­g‘inlik, yuraklaridagi jo‘shqinlikdan ko‘z quv­naydi.

– Bu maktabni maktab qilish oson kechdimi, – kulib gap boshladi maktab direktori Diloro Jumayeva. – Bir paytlar 1250 o‘ringa mo‘ljallangan uch qavatli binoda… 620 nafar o‘quvchi tahsil olardi. Odamlar maktab tanlar ekanmi, binomiz ta’mirtalab bo‘lib qoldi-yu, o‘quvchilarimiz birin-ketin boshqa maktablarga “qochib” keta boshladi. Faqat birinchi qavatdagi sinfxonalardagina dars o‘tilardi. Tepadagi ikki qavatni yopib tashladik. Bir-ikkita xonani vaqtincha foydalanish uchun mahallaga berdik. Kelishga oyog‘im tortmaydi. Maktab huvillaydi… Ta’lim sifati ham ta’mirga yarasha… To‘g‘risi, o‘zim ham ketvorsammi, degan xayollarga borganman. Lekin, qanday qilib? Axir, rahbar bo‘lsam, maktabning taqdiri menga bog‘liq bo‘lsa…

Opaning jaydari gaplaridan uning juda tantiligini his qildim. Eshitayotganlarim hay­rat, ham sururga ko‘mdi. 2018-yilda direk­torlikka tayinlangan Diloro Jumayeva o‘quv dargohining faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish uchun yo‘l xaritasini tuzdi. Bu boradagi chora-tadbirlarni beshta muhim maqsadga jamladi. Bular – mus­tahkam boshlang‘ich ta’lim, xalqaro ser­tifikat­larga ega o‘qituvchilar jamoasini shakl­lantirish, maktabda yetakchilar klub­larini tashkil qilish, qo‘shimcha pullik xizmatni joriy etish va oliy ta’limga kirishni ko‘paytirish.

Direktor jamoasiga qattiq ishlash kerak­ligini, bir o‘zi hech narsa qilolmasligini tushuntirdi. Jamoa rahbarning rejalarini qo‘llab-­quvvatladi. Ishni o‘quvchi sonini ko‘pay­tirishdan boshlash kerak edi. “Bolangiz kelajakda qanday maktabda o‘qiydi?”, “Mak­tabimiz yaqin yillarda qanday ko‘rsat­kichlarga erishadi?” kabi mavzularda slaydlar tayyorlandi. Odamlarning ishdan qaytish vaqtiga to‘g‘rilab, ko‘p qavatli uylarning bolalar maydonchalarida tayyorlangan slayd­lar namoyish etildi. Xonadonma-xonadon kirib, tashviqot ishlari olib borildi. Direktorni yana bir tashvish – ta’mir masalasi ham o‘ylantirardi. Mahallaga kelgan sayyor kamerani “tutib kelib” maktabni tasvirga tushir­tirdi va bu kimgadir yoqmay uch oy lavozimidan chetlatildi ham.

– Bo‘ldi, endi ketdim, deb o‘ylovdim, – deydi Diloro opa u kunlarni eslab. – Lekin qaytarib joyimga qo‘yishdi. Bu menga katta kuch berdi. Avval ishlamagan bo‘lsam, mana endi ishlayman, dedim. Hech qancha o‘tmay, maktab davlat dasturiga kirdi va ta’mirlash ishlari boshlanib ketdi. O‘qishni aviatsiya bilim yurtining yotoqxonasiga ko‘chirdik. “Ana endi unaqa maktabda o‘qiymiz”, “mana bunaqa sharoitlar bo‘ladi”, deb tashviqotlarga yanada kuch berdik. Odamlar bolalarini yotoqxonaga olib kela bosh­ladi. Sharoitdan qiynalsak ham ta’limni kuchaytirdik. Shu yili o‘quvchilarimning “Zakovat” klubi maktab­ga vazir kubogini taqdim etishdi.

Ayni paytda maktabda 2284 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Darslar to‘liq o‘z­bek tilida olib boriladi. Ustoz-murabbiylar yuqoridagi besh maqsadni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Maktabdagi ta’lim uslubining diqqatga sazovor bir tomoni bor: “Bolaga ota-onasidan so‘ng, eng katta ta’sir o‘tkazuvchi shaxs – uning birinchi muallimi!”, degan shior ostida ishlashadi. Ya’ni, asosiy e’tibor boshlang‘ich ta’limga qaratilgan. Boshlang‘ich sinflar direktorning qat’iy nazoratida. Uning fikricha, o‘quvchi avvalo birinchi ustozidan “rang oladi”. 

– Kuzatuvlarimdan bildimki, ilk ustozidan bola ko‘p narsa “yuqtirar” ekan, – deydi u. – O‘qituvchi qancha tirishqoq bo‘lsa, o‘quvchisi ham jon-jahdi bilan o‘qiydi. Shuning uchun boshlang‘ich sinf ustozlarini qattiq ushlay­man, ko‘p tergayman, boladan shikoyat qilishiga yo‘l bermayman. Ota-onalarga o‘sha payt­larda bergan va’dalarimizning ustidan chiqyapmiz. Bugunga kelib, murabbiylarning ko‘pchiligi xalqaro sertifikatlarga ega. Maktab yetakchilari o‘z klublari ishlarini to‘g‘ri yo‘l­ga qo‘ygan. Maktabda yoshlar ishlari bo‘yicha yetakchi etib saylangan Shohjahon Abdullajonov, “Lider qizlar” klubining rahbari Sevinchxon Abloyeva faol yoshlarni o‘z atrofiga jamlagan, ular o‘tkaziladigan barcha tadbirlarga bosh-qosh. Bundan tashqari, qo‘shimcha pullik xizmatlar tashkil etdik. O‘quvchilar bo‘sh vaqtlarida texnologiya dars­larida ishlab chiqargan xomashyolarining yarmarkalarini uyushtiramiz. Sentyabr oyidan yig‘ila boshlanadigan mahsulotlar o‘quv yili oxirida savdoga qo‘yiladi. Tushgan pullar ma’lum miqdorda rag‘batlantirish uchun o‘quvchining o‘ziga ham beriladi. Qolgan qismi maktabning maxsus hisob raqamiga tushadi. Fanlardan qo‘shimcha pullik repeti­torlik kurslari ham tashkil qilingan. Bundan tushgan mablag‘ning yetmish foizini qo‘shimcha darslar uchun o‘qituvchilarga ajratganmiz. Yuqorida aytilgan besh maqsad­ning to‘rtinchi bosqichi shu tariqa amalga oshyapti. Bularning ortidan oliy ta’limga kirishni ko‘paytirish masalasi ham o‘z-o‘zidan yechilyapti.

Maktabning maxsus hisob raqamiga to‘xtalsak, qonuniy qo‘shimcha pullik xizmat­lar evaziga sarmoya yig‘iladi. 255-mak­tab­ning boshqa maktablarga ibrat bo‘ladigan tomoni shundaki, hisob raqamida yiliga 130-140 million so‘m aylanib, bu pullar o‘quv dargo­hida ta’limni yanada yuqori bosqichlarga ko‘tarish, eng faol o‘quvchi va o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan.

Maktabda 84 ta to‘garak faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, ko‘plab loyihalar ilgari suriladi. O‘quvchilarning ishtiyoqini kuchaytirish maqsadida tatbiq qilingan “Humo pul birligi” ana shunday loyihalardan biridir. Bu “pul birligi” maktabning o‘z logotipi bilan ishlangan bo‘lib, faqat bir marta mak­tab hududidagina tashkil qilinadigan o‘quv qurollari yarmarkasida foydalaniladi. Ya’ni, har yigirmata “5” baho uchun o‘quvchiga besh “humo”dan berib boriladi. O‘quvchi olgan “humo”larini yarmarka bo‘ladigan kunga qa­dar yig‘ib boradi va o‘zidagi “humo”lar qiy­matida daftar, ruchka va shunga o‘xshash o‘quv qurollarini bepul olish huquqiga ega bo‘ladi. So‘m bilan “humo” ekvivalenti esa sotib olingan o‘quv qurollaridan kelib chiqib hisobga to‘g‘rilanadi.

E’tiborlisi, “Mening galereyam” burcha­gi­da har hafta bir o‘quvchining chizgan va yasagan buyumlari qo‘yib borilar ekan. Ayniqsa, qo‘g‘irchoq spektakli uchun teatr burchagi tayyorlanib, unda o‘qituvchilar tomonidan har xil ertak va pyesalar namoyish etilishidan hayratga tushdik. Maktab radiouzelida vaqti-vaqti bilan mak­tab madhiyasining yang­rashi ishlarning yangicha olib borilayotganidan darak. Sinflar kesimida muntazam o‘tkaziladigan “Kitobxon ona” tanlovining navbatdagi bosqichiga esa o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Tanlov Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mung­li ko‘zlar” asari asosida, 2-sinf­lar onalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Oltmish nafar onaning olti guruhga bo‘linib, asar syujeti, qahramonlari va har bir detali bo‘yicha qizg‘in bahslashganini ko‘rib, “mana, bo‘lar ekan-u”, deganimizni bilmay qoldik. Tanlov shartiga ko‘ra, asarni o‘qib chiqqan onalar uning mohiyatini nutqi, suratlari va rebuslar orqali ifodalab berishdi va bu olti ballik tizimda baholanib, g‘olib guruh tashakkurnomalar va sovg‘alarga ega bo‘ldi.

– Kitobxonlik bahslaridan shuni ang­ladimki, kitob o‘qigan onaning bolasi jinoyat­ga qo‘l urmas ekan, – deydi yosh ona Guljahon Yoqubova. – Kitob o‘qimagan ayol esa bolaga to‘g‘ri tarbiya berolmasligi mumkin. Xudo biladi, anglamagan holda tarbiyada qanchadan qancha xatolarga yo‘l qo‘yayotgan ekanmiz. Yana bir gap: shu tanlov tufayli har haftada oilamiz uchun bitta kitob sotib olyapmiz. Demakki, bu tanlovda oltmish kitob sotib olindi, olt­mishta xonadonga ziyo kirib bordi.

Ha, maktabning ish koeffitsiyenti ke­yingi to‘rt yilda uch karra oshgani bejiz emas. Bu shunchaki faoliyat qamrovi emas, ta’lim-tarbiya borasida ham natija shunday. O‘quvchilar ruhiyati, o‘qituvchilar kayfiyatidan o‘zingiz ham bunga amin bo‘lasiz.

– Odatda muvaffaqiyatga erishayotgan bolalarimga emas, o‘z yo‘lini topa olmayotgan o‘quvchilarimga e’tibor qarataman, – deydi direktor. – Bola o‘qishga qiziqmayaptimi, nimaga qiziqishi borligini o‘rganish kerak. Hammani olim qilib bo‘lmaydi, lekin odam qilib tarbiyalashimiz shart. Bilim olishga shashti past qizlarim bor. Ular tikuvchilik qiladi maktabda. Shunday o‘quvchilarimdan bittasi texnolog ustoziga bichim borasida u bilmagan narsani o‘rgatib qo‘ydi. Tikuvchi ustoz bir metr matodan ikkita fartuk chiqarsa, o‘quvchi qizim to‘rtta chiqarish mumkinligini ko‘rsatdi. Maktabda tikuv mashinalari bekor turmasin, ishlatinglar deyman. Qizlar choyshablar, dasturxonlar tikib, sovg‘abop qilib qutilarga joylashyapti. Ular tayyorlagan mahsulotlarni o‘qituvchilarning o‘zlari sotib olishyapti. Kerakli xomashyoni o‘zim olib beraman. Biror o‘quvchi maktabda bekor yurmaydi. Hammasi band. Endi o‘zingiz o‘ylang, kuni bo‘yi bo‘sh qolmagan bola uyi­ga charchab borgach, telefon titib, bo‘lma­g‘ur tomoshalar ko‘rishga vaqt topa oladimi? Yo‘q. Buning o‘rniga u yangi g‘oya ishqida yonsa, o‘ylayotgan rejasini tezroq amalga oshirishga bel bog‘lasa… O‘quvchilarim orasida shuning uchun ham janjalkash, tarbiyasi og‘ir bolalar yo‘q.

O‘quvchilari bilan kimo‘zarga baliq boqa­yotgan, qush bozorga birga borib yurgan Xalq ta’limi a’lochisi Dilora Jumayeva­dan ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p narsani o‘rga­nish mumkinligini his etdik. Bir kelsa qo‘sha-qo‘sha deganday, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Murodxon Jo‘rayev maktabning kirish joylariga beton quydirdi. O‘z okru­gi­dagi oltita maktabga 19 donadan so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, elektron doska va kondi­tsionergacha o‘rnat­tirib, smart­­xo­na­lar tashkil qildi, hatto mebel­lari­ga­cha olib berdi. Yana shu inson tufayli mak­tab­ga kelgan mashhur kibersport ustasi bilan uchrashuv sabab, kibersport ham rivoj­­landi.

O‘tgan yili esa Avstraliyada faoliyat yuritayotgan Asadbek Umarov bo‘lib o‘tgan ota-onalar yig‘ilishida qatnashib, bundan keyin maktabimiz uchun har yili besh ming dollardan mablag‘ ajratib borishini e’lon qildi. Tadbirkor yigit ukasi shu yerda o‘qiyotgani tufayli maktab faoliyati bilan tanishligini aytdi. Avstraliyada o‘zining qurilish firmasi borligini bildirib, faqat ta’limga yo‘naltirish sharti bilan homiylik taklifini berdi. Shuning­dek, shu maktabni tugatgan o‘quvchi Avstra­liyadagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiradigan bo‘lsa, uning shartnoma pulini to‘liq to‘lab berishini va o‘sha talabani o‘z firmasida ish bilan ta’minlashini ham e’lon qildi. Tadbirkor yigit dastlabki va’dasining ustidan chiqdi ham. Chunki, u yaxshi biladi, taniqli fransuz siyosatchisi Jorj Danton aytganidek, “Xalq uchun nondan so‘ng eng muhimi maktabdir”.

Muhayyo PIRNAFASOVA

2024-yil 16 -fevral 8-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img78

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593