Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.10.2024 | 11:47

img2038

“O‘QITUVCHILIK KASBLAR ORASIDA ENG ULUGʻIDIR”

Mamlakat ijtimoiy-ma’naviy hayo­tidagi o‘zgarishlarning, eng avvalo, ta’lim sohasida ko‘zga tashlanayot­gani sir emas. O‘qituvchisini qadr­lagan millatning kelajak hayoti farovon bo‘ladi. Biz, mo‘ysafid olim va muallimlar yaqin tarix voqeligiga guvohmiz, u davrlar bilan bugungi kun yangiliklarini taqqoslab, Yangi O‘zbekistonda kechayotgan hozirgi kunimizga shukronalar aytamiz. Zero, keyingi yillarda yurtimizda zahmatkash muallimlar, fidoyi murabbiylar­ning hurmatini joyiga qo‘yish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu e’tiborni yaqinda bo‘lib o‘tgan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayra­mi­da yana bir bor yurak-yurakdan his etib, qalbimiz quvonch va g‘ururga to‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan anjumanda muhtaram Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev ta’lim-tarbiya sohasida fidokorona ishlab kelayotgan pedagoglarni qutlug‘ kasb bayrami bilan muborakbod etar ekan, biz o‘tmishida ham, bugun ham ustozni otadek ulug‘ deb bilgan, uni hamisha e’zozlagan buyuk, ma’rifatparvar xalqning avlodlari ekanimizga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida o‘qituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam ekani xususida so‘zlaganlari­da, to‘g‘risi, behad mamnun bo‘ldim.

Hurmatli Prezidentimizning “Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘idir”, degan fikrlaridan hamon to‘lqinlanib o‘tiribman.

Xususan, “Shaxsan men o‘qituvchi deganda – o‘zim uchun aziz va qadrli bo‘lgan zotlarni, yuz-ko‘zidan nur yog‘ilib turadigan moʻtabar insonlarni tasavvur qilaman. Sami­miy va mehribon, shu bilan birga, talabchan ustozlarimni, ularning darslari, hayotiy saboq­larini hamisha sog‘inaman. Jamiyatimizdagi eng jonkuyar, vatanparvar, xalqparvar insonlar, zamonamizning eng ilg‘or kishilari – bu avvalo, ustoz va muallimlardir. Shu sababli xalqimiz o‘zining eng katta boyligini – farzandlari tarbiyasini sizlarga ishonib topshiradi. Hayot ma’nosi, o‘zgarishlar mazmunini chuqur anglab, boshqalarga tushuntiradigan, odamlarni ezgulikka, yangi marralarga ruhlantiradigan ham siz, muh­taram ustozlardir”, degan dil so‘zlari barcha ustoz va murabbiylarga kuch-quvvat bag‘ishlaydi, albatta.

BUNYODKOR AVLOD TARBIYACHILARI

Res­publika Prezidenti ustoz va murabbiy­lar insonlarni ezgulik va yangi marralar sari boshlashini alohida ta’kidladi: “Barchamiz yaxshi bilamiz, insonning ongi, dunyoqa­rashi o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmasa, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Lekin odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim o‘zgartira oladi?

Yangi O‘zbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, ibn Sinolari, Farg‘oniylari­ni kim kamolga yetkazadi? Albatta, bunday ezgu va ulug‘vor vazifani, tom ma’nodagi ­tarixiy missiyani ado etishga faqat siz – ustoz va murabbiylar qodirsiz. Bugun azamat yoshlarimiz jahon maydonlarida o‘z kuchi va bilimi, iste’dodi bilan ulkan marralarni qo‘lga kirita­yotganini ko‘rib, quvonib turibmiz. Bu g‘alabalar, avvalo, ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shu bois sizlarning sha’ningizga, muhtaram ustozlarimiz sha’niga qancha yaxshi gaplarni aytsak, go‘zal ta’riflar bildirsak, qanday ezgu tilaklarni yo‘llasak, o‘ylaymanki, bu ham adolatli haqiqat bo‘ladi”.

Men Prezidentimiz nutqini tinglaganimda ko‘pincha yuqorida tilga olingan “adolat” va “haqiqat” so‘zlariga zehn solaman. Chunki inson bolasi tabiatan hamisha ayni shu ikki tushunchaga ehtiyoj sezadi. Jamiyatdagi eng adolatli, haqgo‘y, xolisnazar, fidoyi, tashab­buskor insonlarni ham o‘qituvchilar tarbiyalab voyaga yetkazadi. Davlatimiz rahbari bu haqiqatni ochiq aytganida yig‘ilish ahli­ning barchasi hayajonga tushgani ham haqiqatdir.

Aslida ustoz va murabbiylar mehnatining ulug‘lanishi, ularga nisbatan e’tibor ko‘rsati­lishi nafaqat shu soha xodimlarini, balki barchamizni quvontirdi. O‘zbekis­tonning dunyo mamlakatlari orasida har jihatdan yuksak bir maqomga ega bo‘lishini va yurtimiz har sohada jahonning eng ilg‘or davlatlari qatorida turishini har birimiz chin ko‘ngildan xohlaymiz. Bu ezgu niyat jadid bobolarimizning ham orzusi edi. Shu bois ular, eng avvalo, maktablarda islohotlarni amalga oshirishdi. Yoshlarning ruhiy-ma’naviy tarbiyasi yo‘lida jon fido qilishdi. Tarbiya va maktablar islohotiga bugun ham eng muhim, hayot-mamot masalasi sifatida qaralmoqda. Ma’ruzada alohida ta’kidlanganidek: “Bosh maqsadi yangi zamon kishisi­ni, Yangi O‘zbekiston yoshlari­ni tarbiyalash bo‘lgan ta’lim va tarbiya sohasi uchun bu vazifa alohida ahami­yat kasb etadi. Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiya­siga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar. Buning uchun, avvalo, o‘qituvchining o‘zi huquqiy, ijtimoiy va moliya­viy tomondan himoya qilingan va yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerak. Shundagina u o‘zining chinakam insoniy va kasbiy fazilatlarini amalda namoyon qila oladi”. Jadid bobolarimizning ezgu niyatlari, orzulari shu yo‘sinda, bizning ko‘z o‘ngimizda hayotiy haqiqatga aylanayotga­niga bugun barcha­miz guvohmiz, azizlar!

MUAMMO VA MAS’ULIYAT

Muallimlik – nihoyatda zahmatli, mashaq­qatli kasb. Buni ayni sohada ishlagan va shu kasb nonini yeb ko‘rgan insongina chuqur anglaydi. Men davlatimiz rahbari mehnat faoliyatini dastlab o‘qituv­chilikdan boshlaganini juda yaxshi xotirlayman. Shu bois bu soha­ning juda ko‘p ijobiy qirralarini ham, muammoli jihatlarini ham yaxshi biladilar. Mana sakkiz yildirki, ta’lim bilan bog‘liq biron bir masala u kishining e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Ta’lim tizimidagi og‘riqli nuqtalarni butun vujudi bilan his etgani uchun ham Prezident quyidagi fikrlarni bayon qildi: “Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – o‘qituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasb­ni jamiyatdagi eng obro‘li ishga aylantirish ­mening necha yillik orzuyim, kerak bo‘lsa, armonim edi. Chunki o‘zim ham ko‘p yillar shu sohada ishlaganman. O‘qituvchi mehnati qanchalik og‘ir va mashaq­qatli ekanini yaxshi bilaman. Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin o‘tmishda yetarlicha hurmat va e’tibor qarata olmadik. Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birin­chi navbatda o‘qituvchining ­bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli ta’limni ta’minlay olmaymiz. Bu – ayni haqiqat. Afsuski, bugungi kunda, davlat ta’lim muassasalarida 46 ming nafar (7 foiz), ­xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagan.

Bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof bo‘lishi uchun sun’iy intellekt va raqamli texnologiya­lar qo‘llandi. Natijada 198 ming o‘qituvchidan 21 ming nafari (10 foiz) malaka bo‘yicha yetarli ball to‘play olmadi. Afsuski, bunday holatlar o‘quvchilarning bilimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Joriy yil bitiruvchilarning 130 ming nafari (30 foizi) oliy ta’lim dargohlariga kirishda eng past – 57 ball ham to‘play olmagan. Bu barchamizni tashvishga solishi kerak”.

Albatta, ushbu gaplar achchiq, lekin ayni haqiqatdir. Ushbu muammolar barcha ziyolilar zimmasiga o‘ta mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Chunki ulug‘ ma’rifatparvar bobo­miz Abdulla Avloniy aytganidek, ta’lim-­tarbiya ishi “yo hayot, yo mamot masalasidir”.

“YIL O‘QITUVCHISI” – SHARAFLI MARRA

Xalqning dardi, uning kelajagi bilan yashaydigan davlat rahbarining o‘z orzusi, maqsadlari bo‘ladi. Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning ham ta’lim tizimini rivoj­lantirish borasida o‘z orzulari, maqsadlari bor. Yig‘i­lishda shular haqida ham so‘z bordi: “Shaxsan men ko‘pdan buyon “Ustozga ehtirom” nomli katta bir kitob yaratilib, ma’naviy hayotimizda jiddiy voqea bo‘lishini orzu qila­man. Ta’kidlash kerakki, yuksak mahoratli, jonkuyar va talabchan o‘qituv­chilar – bular ham xalqning, millatning noyob boyligi. Ular­ning har biri takrorlanmas shaxs. Ularning mashaqqatli, mas’uliyatli mehnati eng yuksak baho va rag‘batga munosib. Shu bois “Yil o‘qituv­chisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida uy-joy beriladi”. O‘qituvchi xizmatining ham ma’naviy, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlanishining amaldagi isbotini mana shu e’tibordan ham anglash qiyin emas.

YANGI BOSQICH YO‘NALISHLARI

Davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda mam­lakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi­ni yana­da rivojlantirish, o‘qituvchi va murab­biy­larning malakasini oshirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berdilar.

Birinchi yo‘nalish. Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarning kasb mahoratini oshirishga mas’ul bo‘ladi. Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda byudjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratiladi. Malaka oshirishda vazirlik – malaka oshirish markazi – maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, joylarda 1 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab oli­nib, yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etiladi. Buning uchun yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qo‘shiladi.

Ikkinchi yo‘nalish. Muallimlarni qo‘llab-­quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish ishlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Yanagi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosi­da malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinov­larda 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga qo‘shimcha 70 foiz ustama to‘lanadi.

Har yili sanatoriy va dam olish maskanlari­ga yuboriladigan o‘qituvchilar soni 2 barobar oshiriladi.

Bir yil oldin maktab direktorlarini o‘qitish tizimi joriy etilgan edi. Natijada bugungi kunda ularning 1 206 nafari menejerlik sertifikati­ga ega bo‘ldi. Hozir ana shu direktorlarga o‘rtacha 3 million so‘mdan ustama berilmoqda. Endi bu amaliyot 2025-yil 1-sentyabrdan bog‘cha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ular­ga har oyda 30 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Bilimdon va jonkuyar o‘qituvchilar xalq­ning noyob boyligi ekanligi ta’kidlanib, ular haqida “Ustozga ehtirom” nomli kitob va filmlar yara­tish zarurligi ham qayd etildi.

Uchinchi yo‘nalish. Aholi o‘sishi tufayli yiliga maktablarda 120 mingta, bog‘chalarda 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelmoqda. Kelgusi yili davlat byudjetidan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha rekonstruk­siya qilinadi va yangilari quriladi.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasining 50 million dollar mablag‘i doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta ­xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratiladi.

Yangi yildan boshlab xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi. Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha byudjetdan to‘lab beriladi. Qolaversa, tadbirkorlar o‘z hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda solig‘idan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.

To‘rtinchi yo‘nalish. Ta’limda sifat va raqobatni ta’minlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi.

O‘tgan 5 yilda 13 500 dan ortiq sinfxona 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlandi. Kelgusi yili yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard so‘m beriladi. Ana shu kompyuterlarga elektron ta’lim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyati oshadi. O‘quvchilar murak­kab konsepsiyalarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil qilinadi. Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalari­ni e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.

Singapurlik 16 nafar malakali ekspert yurtimizda matematika va tabiiy fanlar o‘qituv­chilarining kasb mahoratini oshiradi. Peda­goglar bir yil davomida sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida bilimlarini muntazam sinovdan o‘tkazadi.

Xususiy bog‘chalardagidek, 6 800 ta davlat bog‘chalarida ham davomat, to‘lovlar, oziq-ovqat xarajatlarini shakllantirish to‘liq raqamlashtiriladi.

Beshinchi yo‘nalish. Prezident maktab­lari va ixtisoslashgan maktablar tajribasi omma­lash­tiriladi.

Bu yo‘nalishda yana mingta umumta’lim muassasasida Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablardagi baholash tizimini joriy etish boshlandi. Hokimliklarga ularning binosini ta’mirlash va zarur darajada jihoz­lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ta’lim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yo‘lga qo‘yish uchun pedagogik ta’lim klasterlari tashkil qilinadi. Ular tajriba-sinov tariqasida dastlab Andijon va Buxoro shahar­larida barpo etiladi.

Oltinchi yo‘nalish. Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi. Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga 170 million so‘m, kumush medal uchun 102 million so‘m, bronza uchun 68 million so‘m mukofot puli beriladi. Shu bilan birga, ana shu o‘quvchilarning ustozlari 50 milliondan 150 million so‘mgacha mul mukofoti bilan taqdirlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi. Ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar jamoasining rahbarlarini ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etish tashabbusini bildirdi.

Yettinchi yo‘nalishda ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan tarbiya va odob-axloq masalalariga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.

Hozirgi paytda yoshlarda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quv­chilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontentlar yaratish muhimligi ta’kidlandi. Shu­ning­dek, bu borada teatr va kino san’atidan foydalanish, yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, ular orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, kitobxonlikni yanada kengay­tirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

YANGI MARRALAR SARI

Muloqot davomida oliy o‘quv yurtlarining rektorlari ham oliygohlarni rivojlantirish jam­g‘armasi hisobidan professor-o‘qituvchilar uchun sihatgoh yo‘llanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi aytildi. “Men qiziqib ko‘rdim, maktab direktori, uning boshqaruv­chilik mahorati haqida bizda muhim qo‘llanma bo‘ladigan kitoblar yo‘q ekan. Vaholan­ki, yurtimizda ta’lim va tarbiyaning taqdiri ana shu insonlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Direktorlik qanchalik murakkab vazifa ekanini ba’zi ota-onalar bilmaydi ham. Chunki targ‘ibot kam. Buning o‘rniga shu paytgacha maktab direktorlarini faqat maj­lisga chaqirib, ularga har xil vazifalarni yuklab keldik”. Prezidentning bu gapi maktabni, muallimni va ayni damda maktab rahbari bo‘lgan direktorlar mehnatini naqadar chuqur bilishi­ni ko‘rsatadi, albatta. Yil davomida tinim­siz mashaqqatli mehnatlari evaziga ular­ning o‘z vaqtida dam olishlari uchun imkoniyat va shart-sharoit yaratilishi, ularning mehnati qadr­lanishi lozim.

Bundan buyon Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda, maktab direktorlari haqida ana shunday kitob (qo‘llanma) tayyorlaydigan bo‘l­di.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti endilikda tarbiya sohasidagi milliy an’analarni o‘rganish, qayta tiklash va zamonaviy ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirishi zarur.

“Hech kimga sir emas, bugungi kunda tarbiya sohasida ilgari ko‘rilmagan jiddiy xavf-xatarlarga duch kelmoqdamiz. Takror aytishga to‘g‘ri keladi: yoshlarni ota-ona, muallimlar emas, ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar, turli gadjetlar, qo‘l telefonlari tarbiyalamoqda. Oqibatda ayrim o‘g‘il-qizlarimiz salbiy ta’sirlar tuzog‘iga tushib qolmoqda. Bu borada vaziyatni o‘nglash uchun yoshlarimizda g‘oyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi, bolalarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlari zarur”. Prezident ta’kidlagan bu yo‘nalish yoshlarning sog‘lom hayot tarzi uchun nihoyatda muhim.

TALABALAR UCHUN YANA BIR RAG‘BAT

Davlat rahbari xalqaro fan olimpiadalari­da g‘olib bo‘lgan yoshlarni tantanali kutib olib, ularni ham qahramonlar sifatida e’zoz­lab, xalqqa tani­tish kerakligini aytdi. Shu maqsadda endi maktablardagi “Iftixor xona­lari” va markaziy ko‘chalardagi ko‘rgazma vositalari, ommaviy axborot vositalari orqali g‘olib o‘quvchi va murabbiylar keng targ‘ib etib boriladi. Yozuvchilar uyushmasi esa xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilari haqida ham sermazmun kitoblar nashr etadi.

Ta’kidlanishicha, bu yil 14 ta maktabda peda­gog kasbiga qiziqqan 10-11-sinf o‘quvchilari uchun alohida sinf­lar tashkil etilgan bo‘lib, unda 350 nafar o‘quvchi qamrab olingan.

Kelgusi o‘quv yilidan esa yana 60 ta maktabda, jumladan, 10 ta ixtisoslashgan maktabda mazkur turdagi sinflar tashkil etiladi. Bu sinflarni bitirganlar agar oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirsa, 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi mumkin bo‘ladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga esa dars o‘tgani uchun oylik maosh ham to‘lanadi.

HAYOTIY DA’VAT

“Bizning dunyodagi eng aziz va moʻtabar xazinamiz – bu umrimiz guli va mevasi bo‘lgan farzand va nabiralarimizdir. Hech shubhasiz, barchamiz ularning kelajakda baxtli va saodatli insonlar bo‘lib yashashini istaymiz. Lekin bunga erishish oson emas. Ayniqsa, bugungi tahlikali davrda ezgu maqsadlarga yetish uchun insonga hushyorlik va ogohlik, qat’iy iroda, yuksak bilim va keng dunyoqarash, zamonaviy kasb-hunarlar har qachongidan ham zarur. Ta’lim va tarbiya – butun jamiyatning muqaddas ishidir! Barchamizdan doimo hamjihatlik, faollik va fidoyilikni talab etadigan hayot-mamot masalasidir. Ezgulik, bilim va ma’rifatni qurol qilib, jaholat va yovuzlik yo‘lini to‘saylik! Farzandlarimizning baxti, yorug‘ kelajagi uchun, jonajon Vatanimiz istiqboli uchun mustahkam poydevor yarataylik!”

Xulosa qilib aytganda, hurmatli Prezidentimizning O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan o‘tkazgan yig‘ilishida o‘tgan davrda bu yo‘nalishda bajarilgan ishlarni sarhisob qilish bilan bir qatorda, ushbu soha mas’ullari, murabbiylar oldiga ­yangi, ulkan vazifalar qo‘yildi. Bu vazifalarni o‘z vaqtida chin yurakdan bajarish mamlakatning har bir chinakam vatanparvar ziyolisi uchun sharafdir.

Oqil SALIMOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida 


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596