24.12.2025 | 12:26
1829
ODAMLAR NIMA DEYDI?
Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib aytsam, mana shu savol xalqimiz xatti-harakatlarini belgilashda ustunlik qilar ekan. Bu ustunlik ijobiy ahamiyat kasb etsa-ku, yaxshi. Ko‘chaga chiqindi uloqtirayotganda, pora olishga qo‘l cho‘zayotganda, xayrli ishlarga bosh qo‘shmay turganda, “Odamlar nima deydi?” deya vijdonimiz so‘roqqa tutsa, ayni muddao. Ammo bu savol salbiy oqibatlarga boshlasa-chi?

Uyimning tomini qo‘shnimnikidan ko‘tarmasam, bojamdan o‘tkazib to‘y qilmasam, umradan kelib to‘rt qozon osh tarqatmasam, ota-onamning tug‘ilgan kunida artist chaqirib, tun yarmida tabriklamasam, odamlar nima derkin, qabilidagi “o‘y”lar oxir-oqibat ma’naviy va moddiy halokatga yetaklaydi. Ayniqsa, to‘y-ma’rakalardagi dabdababozlik va isrofning negizida ham ana shu savol yotibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashi “To‘y, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qo‘shma qarorni qabul qilgan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti ana shu qaror asosida tadqiqot ishlarini amalga oshirdi. Qani, odamlar nima derkin?
Loyiha uchun huquqshunos, pedagog, sotsiolog, psixolog, etnograf, iqtisodchi va faylasuflardan iborat ekspertlar guruhi tuzildi, jurnalistlar ham jalb etildi. Ular guruhlarga bo‘linib, respublikamizning bir qator hududlarida aholi orasida qator so‘rovnomalar o‘tkazdi, shu asosda jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy, ruhiy, axloqiy holatlarini o‘rgandi. Turmush tarzi, hayotiy munosabatlari, kundalik ehtiyojlari va maqsadlari bilan tanishdi.
Juda qisqa muddatda bir yarim mingdan ortiq respondentlar – 383 nafar mahalla faoli, 326 nafar yosh oila vakili, 395 nafar ota-ona, oila qurish istagidagi 403 nafar yigit-qiz ishtirok etgan sotsiologik tadqiqot natijalariga ega bo‘ldik.
Masalan, “Joylarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga soluvchi Jamoatchilik kengashlari faoliyatidan qay darajada xabardorsiz?” degan savolga qoniqarli javob olinmadi. Ishtirokchilar yoshlar kengashi faoliyati haqida ham yetarli ma’lumotga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.
Jamoatchilik kengashi haqida respondentlarning 30 foiz: “Doimiy faoliyat yuritadi, marosimlarda dabdababozlik va isrofgarchilikka chek qo‘yilmoqda”, 40 foizi “Sust faoliyat yuritadi, faoliyati deyarli sezilmaydi”, 20 foizi “Umuman faoliyat ko‘rsatmaydi”, qolgan 20 foizi “Bilmayman”, deb javob bergan. Demak, hududlarda ushbu masala bilan shug‘ullanuvchi qator tashkilotlar faoliyati qoniqarli emas. Ana shu holatning o‘zi faoliyatimizga tanqidiy yondashuvni taqozo etadi.
Respondentlarning 40 foizga yaqini Jamoatchilik kengashlari ijtimoiy hayotda zarur ekanini, faqat uning samaradorligini oshirish uchun huquqiy asoslarni yaratish, ya’ni tegishli qonun ishlab chiqish zarurligini bildirdi. Bu, albatta, ijobiy hodisa. Biroq ularning 60 foizga yaqini jamoat tashkilotlariga ishonchi yo‘qligini, jumladan, ushbu kengash ham ulardan biri sifatida aholi ongi va qalbiga kirolmayotganini ochiq-oydin bildirdi.
Bu holat turli jamoat tashkilotlari aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashda yetarli tajribaga ega emasligini ko‘rsatadi. Quruq hisobotlar, raqamlarni bo‘rttirib yozish, tadbirlar sonini ko‘paytirish bilan shug‘ullanmayapmizmi, degan fikr uyg‘onadi beixtiyor. Bitta jamoat tashkiloti mahallada tadbir o‘tkazsa, yonida beshta boshqa tashkilot vakili ham suratga tushadi. Ayting-chi, o‘zimizni o‘zimiz aldamayapmizmi?!
To‘y, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning aholi hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy ahamiyati hamda o‘zgarishlar tendensiyasi ham sotsiologik tadqiqot davomida o‘rganildi va tadqiq qilindi. Natijada bir quvonchli holatga guvoh bo‘ldik. Nikoh to‘yida dabdaba ustuvor maqsad emasligi, to‘yni sodda va oila davrasida o‘tkazish, moddiy imkoniyatlardan kelib chiqib tashkil etish, axloq doirasidan chiqmaslik kerakligini 64 foiz ishtirokchi qo‘llab-quvvatlagan.
So‘rovnoma qatnashchilaridan 26 foizi ikki tomon kelishuvi bilan ortiqcha xarajatlardan voz kechishni, 22 foizi milliy urf-odatlarga sodiqlik, qadimiy an’ana va qadriyatlarga hurmat ko‘rsatish zarurligini, an’anaviylik bilan zamonaviylik uyg‘unlashishini istagan.
To‘y va boshqa marosimlarni kimo‘zarga o‘tkazish borasida 28 foiz respondent “bunday salbiy holatlarni tartibga solish o‘zaro kelishuv va bir-birini tushunish asosida hal qilinishi kerak”, degan fikrni bildirdi. 19 foiz yoshlar ortiqcha xarajatlar va uy anjomlari zarur emas, deydi. Qolganlar esa… Demak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Dabdababozlikka uchish o‘z-o‘zidan qarzni ergashtirib keladi. Isrof ortidan hech zamonda xayr-baraka kelgan emas. Shu ma’noda, qarz yoki kredit olib to‘y qilish masalasi ancha munozarali bo‘ldi. 34 foiz respondent qarz olmaslik, “ko‘rpaga qarab oyoq uzatish” tarafdori. 23 foiz respondent esa bunga mutlaqo qarshi, murosasiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, aholining asosiy qismi o‘z ehtiyojiga yarasha, imkoniyati doirasida to‘y o‘tkazish maqsadga muvofiq ekanini aytmoqda. Lekin buni oddiy holat, hatto, zamona urfi deb biladiganlar ham yo‘q emas.
Zamonaviy sharoitda to‘ylarning shakli ham o‘zgarib bormoqda. Jumladan, onlayn to‘ylar, kreativ formatdagi to‘ylar, faqat ayollar bilan o‘tkaziladigan to‘ylar… Balki, bunday to‘ylarga ham zarurat bordir. Lekin tadqiqotda qatnashgan aholining ko‘pchiligi oddiy, mazmunan boy, an’anaviy to‘yni qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, oilaviy to‘ylar (50-80 kishilik) eng qulay va ixcham, kamxarajat to‘y ekanini bildirishgan.
“Turmush qurishda mahr muhimmi?” degan savolga respondentlarning 64 foizi “muhim” deb fikr bildirgan. Bu yerda mahrning miqdori nazarda tutilayotgani ayon. Yoshlar esa aynan mahr qiymati haddan ziyod oshib borayotgani, hatto uch xonali kvartira, qimmat rusumli avtomashina, umra ziyoratiga olib borish kabi talablar ham qo‘yilayotganidan norozi. Natijada, bu holat to‘y boshlanmasidan kuyovning fikri o‘zgarishiga, to‘yning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qizlarimizning mahrga ruju qo‘yishi tobora sof tuyg‘ular qadrini tushirib yubormoqda. Vaholanki, mahrdan murod kuyovdan ko‘proq boylik undirib olish emas. Orzular, umidlar, niyatlar pul bilan o‘lchanadimi? Muhabbatning qiymati bormi?
O‘tkazilgan tadqiqot jamiyat ijtimoiy muhiti va kayfiyatini o‘rganish imkonini berdi. Real hayotiy voqelik qandayligini ko‘rsatdi. Endi ana shu tadqiqotlar natijalari asosida tegishli xulosalarga kelishimiz mumkin.
To‘y-hasham borasida musulmon va turkiy davlatlar tajribasini ham o‘rgandik. Masalan, Misr ommaviy axborot vositalarida “Ortiqcha xarajatsiz baxtli nikoh” shiori ostida ijtimoiy kampaniyalar tashkil etiladi, videoroliklar, maqolalar va tok-shoular orqali aholiga ta’sir o‘tkaziladi. Yoshlarda dabdaba o‘rniga oddiylik, bardosh va ruhiy tayyorgarlik fazilatlarining shakllanishiga harakat qilinadi.
Shuningdek, yoshlarning “Tenglashtirilgan nikoh shartlari” harakati vujudga kelgan. Unda yoshlar madrasa, Yoshlar markazi, madaniyat uylari, maxsus munozara klublarida, qishloqlarda oqsoqollar ishtirokida yig‘ilib, adolatli nikoh shartlarini odatga kiritish bo‘yicha munozara qiladi. Yig‘ilishlarda “Shabka” (bizdagi qalin puliga o‘xshaydi) miqdorini ramziy qilib juda kamaytirish, mebel va texnika bo‘yicha minimal talab, ijara uyga ham rozilik, yangi uy talab qilmaslik, ziyofatlarni faqat oila a’zolari o‘rtasida o‘tkazish, umumiy xarajatlarni qisqartirish kabi masalalarni o‘zaro kelishadi va targ‘ib qiladi.
Yana bir jihati: ilmiy doiralar tomonidan “Nikohdan xabardorlik mashg‘ulotlari” o‘quv dasturi tashkil etilgan. Bunday dastur nafaqat Misrda, balki ko‘plab musulmon mamlakatlari, ayniqsa, Malayziya, Indoneziya, Nigeriya, Turkiya, BAA kabi davlatlarda ham keng qo‘llanadi. Ba’zi davlatlarda nikohga ro‘yxatdan o‘tish uchun trening sertifikati talab etiladi. Ushbu kurslar samarasi sifatida Malayziya, Indoneziya va boshqa qator mamlakatlarda ajralishlar 20-30 foizga kamaygan, oilalarda muloqot va ishonch yaxshilangan, barqarorligi oshgan.
Turkiya ham to‘y xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha o‘ziga xos tajribaga ega. Bu borada quyidagi asosiy mexanizmlar joriy etilgan: munitsipal to‘y zallari – arzon va rasmiy; sodda to‘y harakati – ortiqcha dabdabadan voz kechish; davlat grant va subsidiyalari – kreditsiz boshlanish; media va diniy targ‘ibot – ma’naviy yondashuv; kambag‘al oilalar uchun bepul xizmatlar va hokazo.
Turkiyaning har bir tuman va shahar hokimligida “Nikah Salonu” (Nikoh zali) mavjud. Bu zallarda to‘yni bepul yoki minimal to‘lov evaziga o‘tkazish mumkin. Munitsipalitetlar ko‘p bolali oilalar, talabalar va yosh oilalarga imtiyoz beradi. Bu mexanizmning afzalligi shundaki, qimmat to‘yxonalarga ehtiyoj qolmaydi, huquqiy rasmiylashtirish bilan birga, tantanali marosim ham o‘tkaziladi, kam mablag‘li juftliklar uchun osonlik yaratiladi. Bugungi kunda ayrim shaharlarda nikohning 40-50 foizi faqat “Nikah Salonu”da o‘tkaziladi.
Bugun O‘zbekiston buyuk islohotlar yurtiga aylandi. Jahon siyosiy doiralaridan tortib, Yer sharining turli burchaklarida istiqomat qiluvchi xalqlar ham Vatanimizga katta qiziqish bildirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand, Bo‘zatov va boshqa hududlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar dunyo nigohini bizga qaratmoqda.
Shunday ekan, endi biz ham “Odamlar nima deydi?” degan tor doiradan chiqib, “Olam nima deydi? Olamda nima gaplar?” degan savolga o‘taylik. Bolalarimizni o‘tkinchi havaslarga chirmab tashlamay, ularni dunyo talab qilib turgan sohalar bo‘yicha o‘qitaylik, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgataylik.
Yigit-qizlarimiz sport va fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lsa, o‘z sohasida yirik natijalar ko‘rsatsa, ana unda ko‘ring, mahallada duv-duv gap bo‘lishini. Shunday emasmi?
Farida ABDURAHIMOVA,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



