21.01.2026 | 09:46
1157
OGʻAMIZ OMON BO‘LSINLAR!
Men Murodboy Nizanov bilan ilk bor 2004-yilda tanishganman… Yo‘q, adashdim. Bu insonni ancha avvalroq, o‘spirin chog‘larimda iste’dodli ijodkor sifatida taniganman. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda adabiyotga havasim baland edi. Qo‘limga tushgan kitob va gazeta-jurnallarni ishtiyoq bilan mutolaa qilaman. Kolxozda brigadir bo‘lib ishlaydigan rahmatli amakim o‘zi obuna bo‘lgan “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Mushtum” jurnallarini o‘qib bo‘lgach, menga berardi.

Ana shu kezlarda Murodboy Nizanovning ajoyib-g‘aroyib hajviyalari, hangoma va hikoyalarini o‘qib, sodda va samimiy qoraqalpoq xalqiga mehrim tushgan…
Taqdir taqozosi bilan 2004-yilning oxirlarida “O‘zbekkino” milliy agentligining hujjatli filmlar tahririyatida muharrir sifatida ish boshladim. Murodboy Nizanov bu paytda “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasiga rahbarlik qilarkan. Ikki yilcha burun u kishining asari asosida suratga olingan “Tanka” filmi o‘zbek tomoshabinlari orasida ham mashhur bo‘lib ketgan edi. Ochig‘i, tabiatan og‘ir-vazmin va kamsuqum bo‘lgan bu insonning taniqli yumorist adib ekaniga ishonish qiyin. Qolaversa, shuncha yil yonma-yon ishlab, biron marta hazil-huzul qilgani yoki ichakuzdi latifalar aytib kuldirganiga guvoh bo‘lmaganman.
Murodboy og‘ani qoraqalpoq kinosining haqiqiy jonkuyari sifatida tanidim. Har gal Toshkentga tesha tegmagan mavzularda yozilgan ssenariylar bilan kelar, ularni badiiy kengashda ma’qullatib, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida ishga tushirib yubormaguncha qaytib ketmasdi. Murodboy Nizanovning sa’y-harakatlari bilan tez orada “Qoraqalpoqfilm” eng namunali kinostudiyalardan biriga aylandi. Bu yerda To‘raniyaz Qalimbetov, Bahavatdin Baymurzayev, Damir Abdimuratov, Asenbay Asqarov singari iste’dodli rejissyor va operatorlar qiziqarli hujjatli filmlarni suratga olishar, Murodboy og‘a esa shuncha ishlardan ortib, ularning aksariyatiga o‘zi ssenariy yozardi.
Endi o‘ylab ko‘rsam, o‘sha kezlarda “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida ijodiy jarayonlar o‘zining cho‘qqisiga ko‘tarilgan ekan. Buning asosiy sababi, Murodboy og‘a iste’dodli kino ustalarini bir yerda jamlab, ularga hamma sharoitlarni yaratib bergandi. O‘zi ham ular bilan bab-baravar ijod qilib, yangi-yangi g‘oyalar ustida tinimsiz izlandi, “Qoraqalpoqfilm”ni har tomonlama rivojlantirdi. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan kinostudiyaning ikki qavatli kattagina binosini ta’mirdan chiqarib, zamonaviy kinokameralar va montaj jihozlarini sotib oldi. “O‘zbekkino” milliy agentligining Qoraqalpog‘istonga borgan vakillari ushbu kinostudiyaning faoliyatidan ko‘ngli to‘lib qaytadigan bo‘ldi.
– Hujjatli kino olishni allaqachon o‘rganib oldik, – dedi Murodboy og‘a bir gal Toshkentga kelganida. – Endi marrani balandroq olib, qoraqalpoqlar haqida badiiy kinolar suratga olish niyatimiz bor. Bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi. Yaxshi niyatda bitta ssenariy ham yozib kelganman.
Chindan ham, qoraqalpoq tilida katta kinolar yaratish vaqti allaqachon yetgan edi. “Tanka” ming zo‘r bo‘lgani bilan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan. Men u kishi bergan ssenariyni tezda o‘qib chiqdim. “O‘g‘ri” deb nomlangan komediya janridagi asar juda samimiy yozilganiga amin bo‘ldim. Murodboy og‘aning fikri “O‘zbekkino” milliy agentligining o‘sha vaqtdagi rahbari A’zam Is’hoqovga ham ma’qul bo‘ldi.
– Biroq bu yilgi mablag‘lar allaqachon taqsimlab bo‘lingan, – dedi u kishi. – Hozir ortiqcha pul yo‘q. Kelgusi yilgacha sabr qiling.
– Filmning smetasini tayyorlab qo‘yganman, – dedi Murodboy og‘a bo‘sh kelmay. – Ko‘p xarajat ketmaydi. Siz ikki-uchta hujjatli filmning mablag‘ini bersangiz yetadi. Qolganini o‘zim topaman.
Tez orada film ishga tushirilib, Bahavatdin Baymurzayev unga postanovkachi rejissyor etib tayinlandi. Murodboy Nizanov uni oxiriga yetkazish uchun tinimsiz harakat qildi. Qoraqalpog‘istondagi qator tashkilotlar rahbarlari, mahalliy hokimlarga iltimos qilib, ulardan ham ozmi-ko‘pmi ko‘mak oldi. Xullas, birinchi qoraqalpoq badiiy kinosi hashar yo‘li bilan qisqa muddatlarda tasvirga olindi. Shundan so‘ng kinostudiyada birin-ketin komediya va melodrama janridagi “Kurort”, “Qo‘shnilar”, “O‘qilmagan xat”, “Umrning uch fasli”, “Mehrigiyoh”, “Qo‘rg‘on” singari badiiy filmlar dunyo yuzini ko‘rdi.
“Kurort” filmini yaratish jarayonida Murodboy og‘a kattagina ijodiy guruhni azza-bazza poytaxtga boshlab kelib, uning ma’lum qismini “Chinobod” sanatoriysida tasvirga oldi. Bu kartina professional kamerada suratga olingani bois, sifati ham ancha baland edi. Ushbu filmning Nukusdagi premerasida men ham qatnashdim. Kinostudiyaning mahalliy ziyolilar, oddiy tomoshabinlar bilan to‘lib-toshgan shinamgina zalida taqdimot juda ko‘tarinki, bayramona ruhda o‘tdi. Namoyish tugab, ijodkorlar sahnaga chiqqanida, zalni gulduros olqishlar tutib ketdi.
Ushbu filmlarning aksariyatida qoraqalpoq ijodkorlari bilan birga Erkin Komilov, Aida Yunusova singari bir guruh taniqli o‘zbek san’atkorlari ham esda qolarli rollarni ijro etishdi. Murodboy Nizanov ssenariylari asosida tasvirga olingan mazkur filmlarning aksariyatida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy qardoshligi, bir-biriga samimiy mehr-oqibati hamda quda-andalik rishtalariga alohida urg‘u berilgan.
Kamina ushbu filmlarning yaratilishida ozmi-ko‘pmi hissam borligidan doimo faxrlanib yuraman. Zotan, ularni qoraqalpoq tilidan o‘zbekchaga o‘girish, badiiy kengash muhokamasidan o‘tkazish va bildirilgan taklif-mulohazalar asosida qayta ishlashdan tortib, suratga olish, ovozlashtirish va tomoshabinlarga taqdim qilishgacha bo‘lgan jarayonlarda tarjimon va muharrir sifatida ishtirok etganman. Kezi kelganda, “Qo‘shnilar” komediyasi ssenariysini Murodboy Nizanov bilan hammualliflikda yozganimizni ham ta’kidlashni joiz deb bilaman.
Ochig‘ini aytganda, ushbu ssenariylar “O‘zbekkino” milliy agentligi badiiy kengashida jiddiy bahs-munozaralarga ham sabab bo‘lgan. Kengashning ayrim a’zolari ssenariylarning mazmuni va saviyasiga e’tiroz bildirib, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi hali katta kino olishga tayyor emas, deb oyoq tirab turib olishardi. Shunday kezlarda A’zam Is’hoqov: “Qoraqalpoqlar Gollivud darajasidagi filmlar yarata olmasligi mumkin, biroq o‘zlarining tomoshabini qabul qilsa, shuning o‘zi kifoya. Ularga ishonib, imkoniyat bersak, asta-sekin hammasi joyiga tushib ketadi”, deb barcha mas’uliyatni zimmasiga olardi.
Chindan ham, filmdan filmga kinostudiya kinoijodkorlarining mahorati o‘sib bordi. Muhimi, ular yaratgan kino asarlarida qoraqalpoq xalqining milliy xarakteri, hayot tarzi juda ishonarli tasvirlanar, aktyorlarning ijrosi ham hayotga yaqin va samimiy bo‘lardi. Shu bois, mazkur filmlarni Nukusda ham, Toshkentda ham tomoshabinlar birday katta qiziqish bilan qarshi olardi. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi milliy kino saroyida o‘tkazilgan qoraqalpoq filmlari taqdimotlarida zalda bot-bot kulgi va gulduros olqishlar yangragani haligacha yodimda.
Yillar davomida Murodboy Nizanov ikkovimiz og‘a-inidek yaqin va hamfikr bo‘lib qoldik. Men bu insonning tinimsiz izlanadigan, nihoyatda mehnatkash ijodkor ekaniga ishonch hosil qilganman. Garchi u kishi kinostudiya rahbari bo‘lsa-da, bir zum ham ijod qilishdan to‘xtamaydi. Bir gal mehnat ta’tiliga chiqib, Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyida ikki-uch haftada butun boshli romanni yozib tugatganiga guvoh bo‘lganman.
E’tiborli jihati, uzoq yillar davomida asosan satira va yumor janrida qalam tebratib kelgan Murodboy Nizanov bu davrda birin-ketin salmoqli qissa va romanlar yaratib, o‘zini epik ko‘lamdagi adib sifatida ham namoyon qildi. Yashirmayman, ana shu asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish men uchun ham chinakam tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.
Esimda, ilk bor Murodboy Nizanovning “Aqchagul” qissasini o‘zbek tiliga o‘girganman. O‘sha kezlarda bu asar adabiy jamoatchilik orasida ancha tilga tushdi. O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoirimiz Abdulla Oripov mazkur qissani Chingiz Aytmatov asarlariga qiyoslab, 2007-yilda o‘tkazilgan “Istiqlol: zamonamiz qahramonlari” adabiy tanlovining bosh mukofoti bilan taqdirlagan edi.
Tanlov hay’ati qissani o‘zbek tiliga tarjima qilish va kitob holida chop etishga qaror qiladi. Biroq tarjimon masalasida muammo tug‘ilib, bu ish ancha ortga suriladi.
Murodboy og‘a bir gal Toshkentga kelganida shu haqda kuyinib gapirib qoldi.
– Balki men bir urinib ko‘rarman, – dedim.
– Agar tarjimaning zahmatidan qochmasang, bu ish qo‘lingdan kelishini bilaman, – dedi u kishi ishonch bilan.
Tez orada “Aqchagul”ning tarjimasiga kirishib ketdim. Abdulla Oripovning ta’riflaganicha bor ekan. Aqchagul ismli oddiy qoraqalpoq ayolining fojiali taqdiriga bag‘ishlangan asar juda katta dard va iztirob bilan yozilganiga ishonch hosil qildim. Go‘zal va aqli raso Aqchagul ne-ne orzu-umidlar bilan o‘zi yoqtirgan Nurjon ismli oddiy yigitga turmushga chiqadi. Dastlab hammasi yaxshi kechayotgan edi. Birin-ketin oilada farzandlar dunyoga keladi. Biroq o‘sha kezlarda yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli Nurjon ishsiz qolib, noshud va notavon holga tushadi. Shundan so‘ng Aqchagul och va yupun oila yukini yelkasiga oladi. U eri va farzandlarini boqish ilinjida kun bo‘yi zil-zambilday tog‘oralarni ko‘tarib, ko‘cha-ko‘yda odamlarga taom sotadi. Kechqurun horib-charchab qaytgach, yarim tungacha ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon bo‘ladi. Tong bo‘zarmasdan yostiqdan bosh ko‘tarib, yana qozonga unnaydi.
Hartugul, uning mashaqqatli mehnatlari tufayli ro‘zg‘orga baraka kirib, farzandlarining qorni to‘q, egni but bo‘la boshlaydi. Biroq Aqchagul qanchalik tirishqoq, uddaburon bo‘lgani bilan baribir sodda va ishonuvchan ayol edi. Hammani o‘zi kabi oqko‘ngil, samimiy odamlar deb o‘ylaydigan sho‘rlik ayol fosiq va badkirdor kimsalarning zimdan to‘qigan tuzog‘iga tushganini sezmay qoladi. Oqibatda uning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketadi. Ayollik sha’ni, or-nomusi toptalgan sitamzada Aqchagulning adolatsizlik va qabihliklarga qarshi isyoni fojia bilan yakun topadi…
Mahoratli adib ana shunday og‘ir voqealar qalamga olingan asarni ham kelajakka ishonch va umid hissi bilan yakunlaydi. Marhumaning xorijda o‘qib qaytgan to‘ng‘ich qizi Arzoyim kutilmagan ayriliqdan qaddi dol bo‘lgan otasi va ko‘ngli cho‘kkan ukalariga bosh bo‘lib, yangi hayot boshlaydi. Zotan, Aqchagulni doimo oldinga undagan g‘ayrat-shijoat va aql-zakovat unga meros bo‘lib o‘tgan.
Murodboy Nizanov ushbu ixchamgina asarida mushfiq ayol zotining nozik yelkasiga zilday og‘ir vazifalarni yuklab, ularni xo‘rlik va tahqirlarga giriftor qilishning ayanchli oqibatlarini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Tez orada “Aqchagul” qissasi taniqli adib Nosir Fozilov so‘zboshisi bilan e’lon qilindi. Qissa Yozuvchilar uyushmasining nasr kengashida yilning eng yaxshi asarlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng Murodboy Nizanov asarlarini tarjima qilishdan ortmay qoldim. Og‘amiz ham atay qilgandek, hali qarasang yangi roman ko‘tarib keladi, keyingi gal siyohi qurimagan qissani stolimga qo‘yib ketadi. “Oxirat uyqusi”, “Dushman”, “Muhabbat qo‘shig‘i”, “Oshiq bo‘lmagan kim bor”, “Darbadar” romanlari, “Ikki qotil” qissasi, “Qoraqalpoqlar” deb nomlangan salmoqli tarixiy-ma’rifiy risolalarning birinchi va ikkinchi jildlari, qoraqalpog‘istonlik mashhur davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamolov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Bir asrlik umr” kitobi, o‘ndan ortiq ssenariylar…
Adibning yuqorida tilga olingan ko‘lamdor romanlari haqida birma-bir to‘xtalsak, gapimiz cho‘zilib ketadi. Bir qator taniqli adabiyotshunoslarimiz ushbu asarlarni batafsil tahlil qilishgan. Kelgusida ham Murodboy Nizanovning qissa va romanlari haqida salmoqli tadqiqotlar yozilishiga ishonchim komil. Faqat shuni aytishim mumkinki, bu asarlarda qoraqalpoq xalqining og‘ir va mashaqqatli kechgan bir necha asrlik tarixi, betakror qadriyat va an’analari, oddiy insonlarning ibratli fe’l-atvori, beg‘ubor ichki dunyosi manaman deb bo‘y ko‘rsatib turadi.
Ushbu maqolani yozish asnosida Murodboy og‘aning o‘zim tarjima qilgan asarlarini birma-bir sanashga urindim. Lekin hikoya, hajviya va ocherklarning hammasini ham eslolmadim. Taassufki, e’tiborsizlik tufayli ularni bir joyga to‘plab yoki ro‘yxatini tuzib qo‘ymagan ekanman.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, zahmatkash adib Murodboy Nizanovning o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan asarlari hali juda ko‘p. Agar kimdir shu ishga bel bog‘lasa, uzoq yillar ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Murodboy Nizanov ana shunday sermahsul, mehnatkash adib. Muhimi, u kishining bironta asari qo‘l uchida yozilmagan. Har biri o‘ziga xos va betakror, katta iste’dod va yuksak mahorat bilan bitilgan.
O‘rni kelganda, hech ikkilanmasdan bir gapni aytib qo‘ymoqchiman: Murodboy Nizanov o‘zining keng qamrovli ijodi, teran badiiy-falsafiy tafakkurga asoslangan ko‘lamdor asarlari orqali zamonaviy qoraqalpoq adabiyotining Jo‘lmirza Oymirzayev, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov singari darg‘alari safidan munosib joy olib ulgurdi. Bunga zarracha shubham yo‘q.
Darvoqe, Murodboy Nizanov 2013-yilning kuzida kutilmaganda kinostudiya rahbarligidan ketdi. Afsuski, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasiga o‘n yil rahbarlik qilib, uning oyoqqa turib olishiga sababchi bo‘lgan, milliy adabiyotimizning peshqadam vakillaridan biri bo‘lgan adibni attestatsiyadan o‘tkazishmadi. Agar shu bilan kinostudiyaning ishlari yanada gurkirab ketganida, bugun bu voqeani tilga olib o‘tirmasdik. Afsuski, amalda buning teskarisi bo‘ldi…
Murodboy og‘a o‘zining avvalgi kasbi bo‘lmish noshirlik sohasiga qaytib, qator yillar Nukusdagi “Bilim” nashriyotiga rahbarlik qildi. Bu yerda ham tinch o‘tirmay, nashriyotni rivojlantirish uchun yeng shimarib ishga kirishib ketdi. Toshkentga yanada serqatnov bo‘lib qoldi. Poytaxtdagi qator vazirlik va idoralardan buyurtmalar olib, qoraqalpoq tilidagi darslik va adabiyotlarni chop etishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada qisqa fursatlarda ushbu nashriyotning ham ishlari yurishib, xodimlarining kosasi oqarib qoldi.
O‘tgan yili Murodboy og‘a o‘z ixtiyori bilan nashriyot direktorligidan iste’fo berdi.
– Yoshim anchaga borib qoldi, bu yog‘iga sog‘lig‘imni o‘ylamasam bo‘lmaydi, – dedi u kishi kutilmagan qarorini izohlab. – Bundan buyon uyda bemalol oyoqni uzatib, oqliqlarni1 erkalatib o‘tirmoqchiman.
O‘shanda “men bilgan Murodboy Nizanov uyda tinchgina nevara suyib o‘tirishi mumkin emas”, degan o‘y ko‘nglimdan o‘tdi. Shunday ham bo‘ldi. Tez orada og‘amiz o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining qardoshligi mavzusiga bag‘ishlangan “Ko‘prik” deb nomlangan yangi, ajoyib ssenariyni kaminaga yubordi. Kuni kecha tezkor pochta xodimi u kishining atoqli qoraqalpoq shoiri Berdaq haqida yozilgan yangi asarini qo‘limga tutqazib ketdi. Xullas, Murodboy og‘a omon bo‘lsalar, biz singari tarjimonlarga ish topiladi.
Yangi yil arafasida u kishi allamahalda qo‘ng‘iroq qilib, bayram bilan tabrikladi.
– Umr vafo qilsa, kirayotgan yilda 75 yoshga to‘laman, – dedi so‘ng maqsadga ko‘chib. – Farzandlar bilan shogirdlar “yubileyingizni o‘tkazamiz” deb bel bog‘lab turibdi. Shunga Toshkentdan ham qo‘noq aytmoqchiman. O‘zing ularni boshlab kelasan.
Bu taklifdan xursand bo‘ldim. Chunki aynan Murodboy og‘aning asarlari orqali kashf etganim – bepoyon qoraqalpoq diyorini, ushbu zaminda yashaydigan daryodil insonlarni anchadan beri sog‘inib, shu tomonlarga oyog‘im tortib yurgan edi. Shuning uchun u kishiga “Nasib etsa, albatta boramiz”, deb va’da berdim.
Yana nima ham deyman. Tez orada tavallud to‘yingizda ko‘rishguncha omon bo‘ling, Murodboy og‘a!
Gʻafur SHERMUHAMMAD,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
1Oqliq – qoraqalpoq tilida “nabira”.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



