18.09.2025 | 09:43
908
OLIM QALBINING LIRIK LAHZALARI
Iste’dodli yozuvchi do‘stim Bahodir Qobul bilan akademik Baxtiyor Nazarov (1945–2022)ning uyiga borgan edik. Domla bizni ko‘rib, jo‘ra ekanimizni eshitib nihoyatda mamnun bo‘lgandi. “Adabiyot ziyosi” gazetasining birinchi sahifasida u kishining katta rasmi, ichki betida zukko adabiyotshunos Ibrohim Haqqulning domla xususida yozgan “Ilm yo‘li – izlanish va sabotdir…” nomli maqolasi bor edi. Bu mujdadan domla ikki karra quvondi.

Suhbat bo‘ldi, ko‘p gaplar gapirildi. Shu betob holida ham adabiyot g‘ami, so‘z dardi domlaning o‘z dardiga qo‘shildi. Gurungni batafsil yozish niyatim yo‘q. Xayrlashar mahali bizga kitob sovg‘a qildi: “Baxtiyor Nazarov. Mening lahzalarim” (she’rlar). Kitobning bosilganiga hozir besh yil bo‘ldi. Ora-orada she’rlarni o‘qidim. Baxtiyor Nazarov domlamizning sakson yillik tavallud kunlari munosabati bilan uni qayta o‘qidim, olimning shoir qalbi, xususan, inja to‘rtliklaridagi dil izhorlari e’tiborimni tortdi.
To‘g‘risi, Baxtiyor Nazarovning she’rlarini avval o‘qiganimda, u kishining olimona nazariy qarashlari menga xalaqit berar, she’rning ichki qonuniyati, ramzli tili, so‘z san’ati mohiyatini chuqur bilgan olimning yozganlaridek taassurot qoldirar edi. Bu safar boshqacha o‘qidim, to‘g‘risi, she’rlaridagi dardlari, hissiyotlari, hikmatlari ichkarisiga kirib qarasam, Baxtiyor Nazarovning olimligi ham xayolimdan ko‘tarilibdi. Men hikmatgo‘y bir shoir she’rlarini, xususan, bedilona, xayyomona, qolaversa, Baxtiyor Nazarovga tengdosh Abdulla Oripov to‘rtliklariga xos quyma butunlikni zavq bilan mutolaa qildim.
Kitobda she’rlarga xronologik tartib berilgan – domlaning roppa-rosa yarim asr davomida yozilgan ko‘ngil daftari. Bu daftar sandiqda edi, endi-endi oshkor bo‘ldi.
Baxtiyor Nazarov she’r ruhini, ijodkor qalbini nozik tushunardi. Shu jihatdan, nazarimda, adabiyotshunos olimning so‘zning mas’uliyatli, mashaqqatli yo‘lidagi bu kabi mashqlari muhim sanaladi va boshqa shoirlar ijodini anglashga yordam beradi.
Domlaning odamiylik fazilati har jihatdan ibratga munosib edi. U kishida ortiqcha kalondimog‘lik, manmanlikni, to‘g‘risi, sezgan emasman. Aynan ichida bir shoir yashagani uchun ham ko‘pchilikka “shoir” deb murojaat qilardi.
Domla umrining bir qismi kuchli mafkuraviy muhitga to‘g‘ri keldi. Sotsializm, kommunizm, partiya, syezd va uning qarorlari ustuvor zamonlar edi u davrlar. Muallif shunday bir pallada bugun biz yashab turgan zamonga qarata, 1967-yili “XXI asrdagi tengdoshlarimga” degan she’rini yozadi va o‘sha zamonning “tabarruk” tushunchalariga, dasturiy qarashlariga shubha bilan qaragani seziladi:
Ishonaman, keladi, ishon,
Men firqa, sen nofirqa emas,
Oddiygina, qisqagina, bas,
Men odamman, deydigan zamon.
Shu mafkuraviy muhit ichida turib, unga ko‘ngil bog‘lamay, aksincha, uning asosi puch ekanini anglash uchun ham ijodkorning albatta teran sezimi, anglami bo‘lishi lozim. Domla shunday bebaho tamiz egasi edi.
Baxtiyor Nazarov she’rlari markazida inson, uning ko‘ngil hissiyotlari, dunyo va uning holatlari asosiy mavzu sifatida namoyon bo‘ladi. Oilasiga, umr yo‘ldoshi Muharram ayaga, farzand va nevaralarga bag‘ishlangan she’rlar ham oz emas. Shu o‘rinda, turli yillarda Muharram ayaga bag‘ishlab yozilgan ikki to‘rtligini keltirishni ma’qul ko‘rdim:
Dunyoda eng zo‘r buyum so‘zdir,
Insonga eng zo‘r tuyum so‘zdir.
Sen borsan-ki, yozganlarim – she’r,
Sensiz ular bir uyum so‘zdir.
* * *
Umidim ko‘nglimning ziyolaridir,
Yulduzlar sevgimning imolaridir.
Kiprigim ochilib-yumilishlari
Sizga ko‘zlarimning duolaridir.
Darhaqiqat, bunda samimiyat bor, bunday o‘ziga xos duoni, hoynahoy, siz ham ilk bor eshitib turgan bo‘lsangiz kerak, azizlar.
Hissiyot tizginini, lirik kayfiyatga mos lahzalarni ushlab qolish, lahzani ovlab, uning ichida biror muddat yashash, vaziyatni imkon qadar tugal bayon etish oson emas. “Mening lahzalarim”da bu yo‘sindagi she’rlar ko‘p.
Domlaning to‘rtliklaridagi quyma fikrlar o‘tgan salaflarning xuddi shunday ixcham janrdagi she’rlari va ulardagi hayot falsafasini yodga soladi.
Hayot ekan, inson uchun bir ish kerak,
Neki qilma, yaxshilikka burish kerak.
O‘zi bo‘lar yumush emas ekan bu ham,
Yaxshilikni qilishni ham bilish kerak.
“Bu dunyoga nega keldik, yaxshini bilmasak biz, Bu dunyoga nega keldik yaxshilik qilmasak biz”, deganlaridek, avvalo muallifning o‘zi yaxshilik qilishni biladigan nodir insonlar toifasiga mansub edi.
She’r bilan ko‘ngil – egizak tushuncha. Ular bir vaqtda, bir paytda bunyod bo‘lganga o‘xshaydi.
Ko‘ngil yaraldi-ki, sen bilan mashg‘ul,
Dunyo devonadir, she’r esa kashkul.
She’riyat shunday bir ajib xilqatki,
Faqat aql bilan anglamoq mushkul.
Ko‘ngil yaralganda to hanuz so‘z bilan, she’r bilan, hissiyotlar bahsi bilan mashg‘ul. She’rni ko‘ngli orasta odam anglaydi, his etadi. She’rni anglash uchun ilmiy unvon yoki darajali bo‘lish shart emas. Vodiyda shu kunga dovur oddiy odamlarning jamlanib, navoiyxonlik qilishlari, dehqon va bog‘bonlar yig‘ilib, zavq-shavq bilan g‘azal sharhlashlaridan xabarim bor.
Kitobdagi she’rlar orasida lirik turning turli shakllari uchraydi. Domla sharqning eng keng tarqalgan g‘azalini ham, g‘arbning eng mashhur sonetini ham mashq qilib ko‘rgan ekan. Ammo statistikaga ko‘ra, to‘plamda to‘rtlik asosiy o‘rinda turadi.
Aybsiz yo‘q, gap aybni yopa bilishda,
Sabr – jahlga suv sepa bilishda.
Har kimning baxti bor dunyo sahnida,
Baxtiyorlik – uni topa bilishda…
Domlaning she’rlari orasida o‘z ismini qo‘shib yozganlari ham bor. Demak, baxtiyorlik inson o‘z baxtini topishi bilan bog‘liq. Baxtiyor Nazarov o‘z ismiga mos yashadi, unga chin ma’noda hayotda, oilada, jamiyatda, jamoada baxtiyorlik nasib qildi, deb o‘ylayman.
Gapim avvalida eslangan maqolasi tuganchida Ibrohim Haqqul bunday yozadi: “Mayda shaxs yoki xashaki kimsa o‘z so‘zi va ma’naviy qiyofasiga sohib bo‘lolmaganidek, ulkan olim ham hech payt maydalik yo olchoqlik “tulpor”iga minib zafarga qarab chopmaydi. Shuning uchun ulkan olim xarakterida boshqa birovnikiga o‘xshamaydigan qat’iyat, ishchanlik, faoliyatida esa yaratuvchilik va himmat ruhi gurkirab turadi. Shu jihatdan ham Baxtiyor Nazarovdan o‘rgansa, ibrat olsa arziydi”. Haq gap!
Akademik Baxtiyor Nazarovning hayot yo‘li, odamiyligi va ilmiy-ijodiy faoliyatidan – shaxsining har jihatidan ibrat olsa arziydi, albatta! Jumladan, uning she’rlari ham bu xislatdan mustasno emas.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



