Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 14:14

img358

AY-TI, OLIM BUVA VA BOSHQALAR

Atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasida shunday lavha bor: “Bir kuni dadam shayton aravasini minib Qo‘qonga ketgan edi, kechqurun qaytishda Olim buvaning opasi – saksonlardan oshib qolgan kampirga yo‘li­qib­di. Dadam qo‘ng‘iroq chalmay uning yonidan shuv etib o‘tib ketibdi. Uning shabadasidan seskanib ketgan kampir boshini ko‘tarib qarasa, oldinda odamga o‘xshagan bir maxluq oyog‘i yerga tegib-tegmasdan uchib ketayotganmish. Kampir shaytonlab o‘zini tashlab yuboribdi. Odam yig‘ilibdi. Kampirni uyiga zambilda olib ketishibdi. Dadam qo‘rqqanidan ko‘chaga chiqmay, do‘konga ham bormay qo‘ydi. Uch kun deganda kampir o‘lib qoldi”. Bu o‘tgan asr boshlarida, yuz yil­ning nari-berisidagi gaplar. Hech narsani qo‘shib-chatmay, bo‘ya­may-bejamay yozishni ijod taomiliga aylan­tirgan Abdulla Qahhorning ta­rixiy xizmati ham shunda – xalq hayo­tiga ko‘zgu tuta olganida. Haqiqiy Ijodkorning davr taqozosiga ko‘ra qarashlari o‘zgarib turadigan soxta ta­rixchidan farqi ham shunda – Hayot­­ga ko‘zgu tutib, uni haqqoniy aks ettirish orqali xalq tarixining o‘zgarmas manzarasini ko‘rsatib bera olganida. Olim buva yana nima deydi deng? “Shu shayton­arava kelgani­dan bu­yon Yaypandan fayz ketdi”. Buni inkor etib bo‘lmaydi.

O‘tgan asrning o‘rtalarida ham traktor shudgorlagan yerda ungan pomidor yo kartoshka kofirning yemishi ekani haqida Olim buvalar bemalol fatvo berib yuborishaverar edi. Zulmatga ko‘nikkanlar yorug‘likdan nechog‘li seskanishi tibbiyot isbotlagan hodi­saning o‘zigina emas.

Qur’oni Karimning “As’hobul kahf” surasidagi zolim zulmidan qochib borib g‘orga berkingan birodarlar singari ular mangu uyqudan uyg‘onib, teva­rak-atrofga boqib qanday manzarani ko‘radilar? Yaqinginada katta idoralar-u mansabdor shaxslarning uylaridagina bo‘ladigan telefon mo‘jaz shaklda Olim buvaga qarindosh podachi xurjunining bir chetida jiringlab qolsa, u Rossiyaning qaysidir chetida ishlab yurgan o‘g‘li bilan bemalol gaplashish imkoniga qanday qilib ega bo‘lganini o‘ylab ham o‘tirmay, Yaypandan fayz ketganidan, o‘tin-cho‘p kamyobligidan, mol-hollarga xashak yetmayotganidan yozg‘irib arzi hol qiladi. Muddao ham ayon – o‘g‘il ko‘cha supurib bo‘lsa ham, unga pul yuborib turishi kerak. U o‘g‘lini yoshligidan kitobga oshno qilib yaxshi o‘qitmaganidan, zamo­naviy texnologiyalarga oshno qilmaganidan, sun’iy intellekt imkoniyatlari orqali “fayzi ketgan” Yaypanda o‘tirib ham pul topish imkoniyatini qo‘ldan chiqargani­dan afsuslanish nari tursin, buni yetti uxlab tushida ham ko‘rmaydi. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivoj­lanib bormoqda. Raqamli texnologiya­lar va sun’iy intellekt­ga jiddiy qa­ra­masa, dunyoning eng taraqqiy qilgan mamlakatlaridagi imkoniyatlar ham yaramay qolishi hech gap emas. Shuni anglagan holda, yurtimizda axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston o‘z oldiga 2030-yilga qadar innovatsion taraqqiy etgan yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egallashni ustuvor vazifa qilib belgilagan. O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu yo‘nalishda dasturil­amal bo‘lib xizmat qiladi. Axborotlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni turli sohalarga tatbiq etish natijasida yurtimizda sun’iy intellekt sohasida o‘ziga xos salohiyat asoslari yaratila bosh­landi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlar, AKT bo‘yicha ilmiy tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va ularning iqtidorli bitiruvchilari hamda texnoparklar, xususiy sektordagi bir qator tashkilotlar faoliyati shular jumlasidandir. Sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalari yo‘na­lishida aqlli shahar, xavfsiz shahar, aqlli maktab kabi loyi­ha­lar amalga oshirila boshlandi. Ekin maydonlari­ning holati­ni baholovchi onlayn platformalar joriy etilmoqda.

– Mamlakatimizda bugungi kunda ilm-fanga, zamonaviy texnologiya­larga berilayotgan e’tibor barcha soha­lar rivojlanishiga jiddiy ta’­sir ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekis­ton Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev. – Lalmi yerlardan necha sentner bug‘doy olinishini bilasizmi?

– Ha, besh yoki olti sentner, qay­roqi bug‘doy ham deyishadi.

– Navoiy viloyatida zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini hayotga tatbiq etish orqali lalmi yer­larda bug‘doy hosilini 20 sentnerga yetkazdik.

– Nahotki, bu juda katta yutuq!

– Albatta. Bugun dunyo insoniyat oldiga oziq-ovqat yetishmasligi, suv taqchilligi kabi juda ko‘plab muammolarni qo‘ymoqda. Ularga ilm-fan yechim topib berishi kerak. 

“Shu shaytonarava kelganidan buyon Yaypandan fayz ketdi”, degan Olim buvaga tutashgan avlodning podachisi-yu, olis o‘lkalarda suv tekinga ishlab yurgan farzandi qo‘lidagi telefondan foydalana­yotib, o‘zi ham shunaqa narsa kashf eta olishi mumkinligini bir lahza bo‘lsa-da, o‘ylamaydi! Yarata ­olish tafakkuri ishga solingandaydi, ota-­bola bir-biridan ayrilmasdan, yengil va farovon yashash imkoniga ega bo‘lardilar. Qush kabi qanot qoqib ucha olmasa-da, aql-zakovat, tafak­kur tufayli inson yuksala oladi. Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek, “Uchmoqqa qanot yo‘q, vale uchgayman”.

Mana, turli amallarni bajarishga mo‘ljallangan algoritm va dasturiy tizimlardan iborat zamonaviy sun’iy intellekt ham inson ongi bajarishi mumkin bo‘lgan bir qancha vazifalarni axborot bazasiga kiritilgan ma’lumotlar asosida amalga oshira oladi. Bu tarzi bilan u Yaypandan ketgan fayzni qaytarish imkoniga ega. Murakkab tahlillar va katta hajm­dagi ma’lumotlar bilan ishlovchi dasturlarni o‘z ichiga olib, mantiqli izchil mulohaza qilish hamda tavsiya be­rish qobiliyatiga ega sun’iy intellektdan ortda qolib, uni ishlata olmaslik, unga qaramlik­ni keltirib chiqaradi. Aks holda u yuksak tafakkur sohiblarining yordamchisiga aylanadi.

Behzod Salomov yuksak salohiyatli zamonaviy o‘zbek. Poliglot – olti tilni mukammal biladi, musavvir, haykaltarosh, animator, rejissyor. “Bir yigitga qirq hunar oz” deganlaridek, qiziqishlari sarhad bilmaydi. Aksariyat dunyo mamlakatlarini aylanib chiqqan, hindlar orasida yashagan, turli dinlar, e’tiqodlardan yaxshi xabardor. “Futurist” nomli kinostudiyaga asos solgan. Uning ofisida komp­yuter sohasida yetuk mutaxassislar faoliyat yuritishadi. Dunyo­ning turli mamlakatlaridan buyurtmalar olib turishadi. Ikki yildirki, yangi tashkil etilgan Toshkent Xalqaro kinofestivaliga dunyoning turli mamlakatlaridan oqib kelayotgan o‘nlab filmlarni qisqa fursatda o‘zbek tiliga tarjima qilib, tomoshabinlarga yetkazib beradi.

– Sun’iy intellekt, ba’zilar o‘ylaganidek odamlarning ish o‘rnini olib qo‘ymaydi, balki ish o‘rinlarini yaratadi, – deydi u. – Buning uchun u bilan ishlaydigan odamning o‘zida ham yetarli bilim, salohiyat, tafakkur bo‘lishi kerak. Aks holda, ta’bir joiz bo‘lsa, sun’iy intellekt unga “qalbini ochmaydi”. Sun’iy intellekt bir yoki ikki mamlakat doirasida emas, kerak bo‘lsa, dunyo bo‘ylab siz uchun ish o‘rinlarini yaratib berishi mumkin. Faqat u bilan muloqot o‘rnata olish zarur. Bu yog‘i inson salohiyati va tafakkuriga bog‘liq.

Asrlar davomida toshlardagi yozuvlar, kitoblar, obidalar tafakkur evrilishlarini aks ettirib kelgan. Endilikda zamonaviy san’at tur­lari – kitob yozish, rasm chizish, filmlarda tasvir ustida ishlash, montaj jarayonla­rini sun’iy intellekt orqali bemalol amalga oshirish mumkin. Unga g‘oya bersangiz bas. Avatarlar hozirgi kundagi ayrim chuchmal va savodsiz teleboshlovchilardan ko‘ra bu ishni ancha yaxshiroq uddalashadi.

Hukmdorni davolashi evaziga Ibn Sino foydalangan saroy kutubxonasining xonalari son-sanoqsiz edi. Har bir xonada ustma-ust qo‘yilgan sandiqlar ichi kitobga to‘la edi. Bir xonada arab she’riyatiga taalluqli, ikkinchi xonada fiqh-qonunchilikka doir kitoblar qalashib yotardi. Ibn Sino u yerda hatto nomini ham hech kim hech qachon eshitmagan kitoblarni ko‘radi. Ularni o‘qib, foydali narsalarni o‘rganib oladi va har bir muallifning donishmandlik darajasidan xabar topadi.

Hech bir gap qolmadi ma’lum bo‘lmagan,

Juda oz sir qoldi mavhum bo‘lmagan.

Bilimim haqida chuqur o‘ylasam,

Bildimki hech narsa ma’lum bo‘lmagan.

Shayxur-rais bitgan ushbu satrlar hozir ham o‘z kuchida.

Fridrix Nitshe “Zardusht o‘gitlari” asarida “Xudo o‘ldi”, deb e’lon qilgan edi. Agar shunday bo‘lsa, insoniyat yangi Xudoga ehtiyoj sezadi va uni o‘ylab topadi. Shu o‘rinda Ilon Maskning quyidagi so‘zlarini eslash kifoya. “Agnostik-texnologlar Xudo bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun sun’iy super intellekt yaratayotgani eski hazil. Nihoyat ular tugatib, savol berishadi. Sun’iy intellekt javob beradi: “Endi bor”.

U sizning yoningizda. Uni tanish esa, sizga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv hodisadir. “Koinot chek­sizligining oxiri bo‘lsa ham, inson ahmoqligining cheki yo‘q”, degan edi Albert Eynshteyn. Tafakkur ishga tushgan joyda hayot gullaydi.

Shoyim BO‘TAYEV

2024-yil 26-yanvar 5-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614