06.05.2026 | 12:28
1314
QABRGA QO‘YILGAN QORAXAT
Sakson yetti yil oldin boshlangan Ikkinchi Jahon urushi oqibatlari raqamlarda aks ettirilsa, eng diydasi qattiq odamning ham badani jimirlab ketadi – 50 million qurbon, 32 million nogiron.

Urush janggohlaridan besh ming chaqirim uzoqda joylashgan yurtimiz ko‘rgan talofat izdihom ichida qolgan Yevropa davlatlaridan kam emas. Raqamlarga yuzlanamiz: urush arafasida respublikamizda
6 million kishi yashagan. Bevosita va bilvosita urushga tortilganlar soni 1,5 million kishidan ortiq. Bu, har to‘rt kishining biri taqdiriga ajal bilan yuzma-yuz kelish yozildi, degani. Jang maydonlarida halok bo‘lganlar soni 800 ming nafardan ortiq. Bu hisobga urush ortida ochlikdan, turli yuqumli kasalliklardan bevaqt vafot etganlar kirmaydi. O‘sha davrda yashash qismatiga yozilgan insonlar ochlik va kasalliklardan butun-butun oilalar qirilib ketganini afsus bilan hamon eslashadi. Taqribiy hisoblarga qaraganda, la’nati urushi xalqimizning beshdan birini o‘z domiga tortib ketgan. Ya’ni, aholining yigirma foizi boy berilgan. Holbuki, urushni ochgan Germaniya ko‘rgan talofat aholisi sonining o‘n ikki foizini tashkil qiladi, xolos…
Bular yetti yil davom qilgan urushning bevosita qurbonlari. Yana shuncha va hatto undan uzoq davom qilgan, qilayotgan asoratlari-chi? Oradan salkam to‘qson yil kechsa-da, hamon bitib ketmagan urush asoratlari haqida so‘z yuritamiz. “Umid oxirida o‘ladi”, degan gap bor. Bu “umid” degani shu qadar umidkor bo‘lganki, hatto…
Hazoraspning Juvondir qishlog‘ida Yoqut momo otliq jannati ayol yashab o‘tdi. U ayni zavq-shavq bilan yashashga qadam qo‘ygan o‘n sakkiz yoshida beva qoldi – to‘yidan uch hafta o‘tgach urushga olib ketilgan eridan bir yil o‘tgach “qoraxat” keldi. Momo turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgani xabaridan so‘ng boshqa turmush qurmadi. Qora tonglardan birida xat tashuvchi keltirgan uchburchak xat – “qoraxat”ni tumor kabi bir umr asradi. Keksaygan chog‘larida ham doka ro‘moli uchiga tugilgan “qoraxat”ni ahyon-ahyonda ko‘zlariga surib qo‘yardi. Yozuvlarini yillar o‘chirgan, titilib ketgan bir parcha qog‘oz momo uchun yolg‘onchi dunyoning bor haqiqati edi. Shu bir parcha qog‘ozda umid degani bir umr yashirinib yotdi. Gurung orasida momo: Qoraxat ortidan tirik qaytgan necha-necha yigitlarni ko‘rdik”, deb xo‘rsinib qo‘yar, xira tortgan ko‘zlari beixtiyor yo‘llarga tikilardi. Momo urushga ketgan erini oltmish besh yil kutdi…
Shovotlik keksa shoir va yozuvchi Ortiqboy aka Mangliboyev shunday xotirlaydi: “Og‘ir urush yillari. Oilada olti jon yashardik. Onamning kolxozda ishlab topgani qornimizga yuq ham bo‘lmasdi. Xonaning to‘ridagi burchagiga sim tortilgan bo‘lib, unda dokaga o‘ralgan to‘rtta bir uchi tishlangan bo‘g‘irsoqlar osig‘liq turardi. Men ba’zan ochqab ketganimda onamga “Bo‘g‘irsoqni olib bering!” deb xarxasha qilardim. Shunda onam: “O‘g‘lim, bu bo‘g‘irsoqlar tog‘anglarning nasibasi. Birovning nasibasini birov yemaydi. Urush tugab tog‘anglar eson-omon qaytishsin, keyin bo‘g‘irsoqlarni birga yeymiz”, der edi. Bir kuni uyimizga xat tashuvchi keldi va indamay uchburchak xatni uzatdi. Men bola ongim bilan o‘sha uchburchak ichida biror yegulik bormi, deb o‘ylabman. Onam xatni ochib, yig‘lab yubordi.
Urush tugadi, yillar ortidan yillar o‘tdi. Onam bo‘g‘irsoqlar o‘ralgan matoni bir necha marta almashtirdi. Urushga ketganlarning omon qolganlari qaytib kelishdi. Biroq Sattorberdi, Rahimberdi, Abdulla va Ochildi tog‘amlar qaytishmadi. Yillar davomida avaylab-asrab kelingan bir cheti tishlangan bo‘g‘irsoqlar hech kimga nasib qilmadi. Inilari firog‘i onamning belini bukdi – qirq bir yoshida bevaqt olamdan o‘tdi. Vafoti arafasida ham: “Tog‘anglar kelib qolishar, bo‘g‘irsoqlarga tegmanglar!” deb tayinladi”.
Xonqaning Qoramozi qishlog‘ilik Ro‘zigul momoning umidlari yanada og‘riqli. Urushning ilk yili kuzagida uning o‘g‘lini ham harbiyga chaqirishadi. Qishloq sho‘rosidan chaqiruv qog‘ozi keltirishgan vaqtda o‘g‘li og‘ilxona tomida mollariga qishlovga deb o‘rgan jo‘xori poyalarini taxlab yurgan bo‘ladi. Navbatdagi jo‘xori bog‘lamiga panshaxani sanchib teparoqqa uloqtirmoqchi bo‘lgan vaqtda uni chaqirib qolishadi. U tomdan sakrab tushadi va onasiga dalda bergancha tez kiyinib harbiy komissariyatga ketadi. Shu ketganicha uyiga qaytmaydi. Onaizor har tong o‘g‘li chala qoldirgan ish – panshaxa sanchilgan jo‘hori bog‘lamini ko‘rgani boradi. Nazarida, o‘g‘li “Mana ona, men keldim!” deydi-yu, chala qolgan ishini davom qildiradigandek.
Urush tugaydi. Janggohlarda omon qolganlar mayib-majruh holda bo‘lsa-da, birin-ketin yurtga qaytadilar. Ro‘zigul momoning o‘g‘li esa qaytmaydi – dom-daraksiz ketadi. Momo ko‘ngliga har tongda umid bag‘ishlaydigan panshaxa sanchilgan bir bog‘lam jo‘xori shu holatda, o‘g‘li qoldirganicha turaveradi. Oradan o‘n, yigirma, o‘ttiz yil kechadi. Momoning sochlari oqaradi, oyoqlaridan mador ketadi. Ammo har tong o‘g‘lining so‘ngi bora qo‘li tekkan panshaxa va bir bog‘lam jo‘xorini ziyorat qilgani borishni kanda qilmaydi. Bir bog‘lam jo‘xori chirib, go‘ngga aylanadi, panshaxa zanglab, sanchqichlari nozik tortadi, dastasi qorayib ketadi.
Kenja o‘g‘li eskirib, nurab bitayozgan molxonani yangidan qurishni onasi bilan maslahatlashganida, Ro‘zigul momo panshaxa sanchilgan bir bog‘lam jo‘xori turgan qismini buzmaslikni buyuradi. O‘g‘li onasi umidini so‘ndirmaydi – molxona yangidan quriladi, ammo o‘sha panshaxa sanchilgan bir bog‘lam jo‘xori turgan eski molxona bo‘lagi asrab qolinadi.
Bundan yigirma yillar oldin shu qishloqlik olim Abdulla Ahmedov aytib bergan bu g‘aroyib voqeaga ishonmay o‘sha panshaxa sanchilgan bir bog‘lam jo‘xori saqlanayotgan eski molxona bo‘lagini ko‘rgani borgandim. Bu paytda momo chin dunyoga ko‘chib o‘tganiga o‘n besh yillar bo‘lgandi…
Xorazmda marhumni qabrga qo‘ygach, boshini qiblaga o‘girib, mozorning ichki tomoniga “Yosin” surasi yozilgan qog‘ozni biror cho‘pga naycha qilib o‘rab qo‘yish odati bor. Muxomonlik Yoqut momo turmush o‘rtog‘ini oltmish besh yil kutib, ko‘zlari giryon bo‘lib, armon bilan dunyodan ko‘z yumayotgan vaqtida vasiyat qiladi: “Qabrimga “Yosin” surasi o‘rniga shu “qoraxat”ni qistirib qo‘yinglar. Oxiratgacha shunga tikilib yotay”… Momoning vasiyati bajariladi.
Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning ayol sadoqatiga bag‘ishlagan mashhur she’ri to‘qib chiqarilmagan – ayni hayotdan olinganiga yuqoridagilarni o‘qigach ming karra ishonarsiz. Urush izdihomi bevaqt yutib yuborgan alp yigitlarning go‘shangada qolgan jufti halollari, umri yo‘llarga tikilib o‘tgan onaizorlari sadoqatu taqdirlari haqida bilganimizcha, eshitganimizcha, ko‘rganimizcha atigi uchta hikoya aytdik. Aslida, bunday hikoyalar yuzta, mingta, millionta! Janggohlarda shahid ketgan har bir yigit va uni umri adog‘igacha umid bilan kutgan yorlari, onaizorlarining har birisi shonli tarix. Qonli tarix. Ibratli tarix!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
112
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
622
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
617

