12.04.2024 | 17:39
356
QADRDON SIYMOLAR TURK KINOIJODKORLARI NIGOHIDA

Millatning uyg‘onishi, yurtning ozodligi va taraqqiy etishi uchun o‘z jonidan kechgan ma’rifatparvar ajdodlarimiz nomlarini qayta tiklash, ularning asarlarini xalqimiz, xususan, yosh avlod vakillari orasida targ‘ib etish bugungi kundagi asosiy vazifalar qatoriga kiradi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada so‘nggi yillarda qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2020-yilda Toshkent shahrida “Adiblar xiyoboni”ning barpo etilishi, bu yerda o‘zbek adabiyotining 24 nafar zabardast vakiliga yodgorlik o‘rnatilishi, ularning har biri haqida Kinematografiya agentligi tomonidan hujjatli va badiiy filmlar suratga olinayotgani ana shu ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik isbotidir.
Yaqinda davlatimiz rahbari taklifiga binoan “Jadid” gazetasining tashkil qilinishi, jadidlar faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilayotgani, buyuk allomalarimiz asarlari ko‘p nusxada chop etilayotgani ham alohida ahamiyatga ega.
Bu borada Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan ham salmoqli ishlar qilinmoqda. Shuningdek, xorijiy kinokompaniyalar, telekanallar bilan ham bu yo‘nalishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, Turkiya davlat teleradiokompaniyasi (TRT) hamkorligida ko‘p qismli “Ziyorat: Oltin silsila” hujjatli filmi suratga olindi va Turkiya telekanallarida namoyish qilindi. Ushbu turkumda Bahouddin Naqshband, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ali Romitaniy, Anjir Fag‘naviy singari buyuk avliyo va mutafakkirlar hayoti, faoliyati, ma’naviy merosi va ziyoratgohlari haqida atroflicha ma’lumotlar berilgan.
Turkiya davlat teleradiokompaniyasiga qarashli “TRT-Avaz” telekanali 2021-yilda “Ildizlar izidan” turkumidan jadid bobolarimiz haqida hujjatli filmlarni suratga olgan. Yaqinda ana shu turkumga kirgan Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi filmlarni tomosha qildik.
Ta’kidlash joizki, bu filmlarning har biri rejissyor Erkan Bulbul boshchiligida alohida ilmiy va ijodiy yondashuv asosida, professional darajada suratga olingan. Film ssenariysi doktor Yakup O‘merog‘luga tegishli.
Filmning har beshala qismida deyarli bir xil olim va mutaxassislar, jumladan Shuayp Karakash, Orxan So‘ylemez, Fatma Achik, Yilmaz O‘zkaya singari turkiyalik tadqiqotchilar intervyu berishgan. Shuningdek, O‘zbekistondan borib, Turkiyada tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan Gulbahor Sattorova, Murod Xolmetov, Vohid Jalolov singari hamyurtlarimiz, afg‘onistonlik o‘zbek ziyolilari – Muhammad Sobir Korgar, Izzatulla Zeki va boshqalar ulug‘ jadidlarimiz haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirishgan.
Filmlarda badiiy sahnalarga keng o‘rin berilganligi tomoshabin e’tiborini o‘ziga jalb qiladi. Mualliflar Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy, Fitrat va Munavvar qori siymolarini yosh aktyorlar ijrosida jonlantirishga harakat qilishgan. Albatta, bu filmlarda tarixiy shaxslarning real tashqi ko‘rinishiga mos qiyofalarni tanlashga jiddiy yondashishsa yaxshi bo‘lardi. Chamasi, Munavvar qori, Cho‘lpon va Qodiriyni ekranda qozoq yo qirg‘iz aktyorlari jonlantirgani ko‘rinadi. Ularning o‘rniga O‘zbekistondan aktyorlar taklif qilinsa yoxud Turkiyada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek yoshlari o‘rtasida tanlov o‘tkazilsa, filmlar yanada haqqoniy chiqqan bo‘lur edi.
Filmlarning asosan Turkiya hududida suratga olingani ko‘rinib turibdi. Suratga olish ishlarining bir qismi O‘zbekistonda amalga oshirilganida, yurtimizdagi jadidlar faoliyati bilan chuqur shug‘ullangan taniqli olimlarimiz bilan suhbatlashilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Ammo, bu juz’iy kamchiliklarga qaramay, turkiyalik kinoijodkorlarning o‘zbek jadidlari hayotini yoritishga bo‘lgan bu intilishlarini yuqori baholash, imkon qadar filmlarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, telekanallarimiz orqali namoyish etish lozim. Ushbu filmlarda ilmiy jihatdan u qadar katta yangiliklar bo‘lmasa-da, Turkiya jamoatchiligiga, yoshlarga ulug‘ ma’rifatparvarlar hayoti va jasoratini anglatishda, ularning ijodiy merosi bilan yaqinroq tanishtirishda, jadid bobolarimizga nisbatan turk ziyolilari, olimlarining nuqtai nazari bilan tanishishda yordam berishi mumkin.
Shuningdek, hozirgi vaqtda Turkiya Davlat teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamkorligida “Movarounnahr” loyihasi ustida muzokaralar olib borilyapti. Bu loyiha asosida qadim Movarounnahr tarixi, ko‘hna shaharlari va tarixiy obidalari, bu hududning dunyoga mashhur allomalari haqida birgalikda turkum filmlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Firdavs ABDUXOLIQOV, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori.
2024-yil 2 -fevral 6-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



