19.03.2025 | 15:37
364
QANOTI QAYRILGAN QALDIRGʻOCH
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida mazkur teatrning 110 yilligiga bag‘ishlab yozuvchi Isajon Sultonning “Ma’suma” romani asosida rejissyor Asqar Xolmo‘minov sahnalashtirgan “Birinchi qaldirg‘och” (“Ma’suma”) spektakli namoyish etilmoqda. Spektakl XX asrda Toshkentda yashab ijod etgan, jadidlik va qatag‘on davri, Ikkinchi jahon urushi voqealariga guvoh bo‘lgan, uning og‘riqli asoratlarini boshidan o‘tkazgan o‘zbek teatrining ilk aktrisalaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ma’suma Qoriyeva haqida.

Bu fidoyi san’atkorni Naim Karimov, Shuhrat Rizayev, Sirojiddin Ahmad singari olimlarimizning tadqiqotlari, maqolalari, o‘zbek teatrining darg‘alaridan biri – ustoz aktyor Zikir Muhammadjonovning xotira-essesi, yozuvchi Isajon Sultonning “Ma’suma” romani orqali tanigan edik. Ne baxtki, aktrisaning fojiali taqdiri bugungi kunda ulug‘ teatrimiz sahnasida tomoshabin bilan yuzma-yuz turibdi.
Asqar Xolmo‘minov tarixiy haqiqatni boricha sahnaga olib chiqishga harakat qilgan. “Sahna tili” orqali asarni jonlantira olgan aktyorlarning ajoyib ijrosi, ssenograf rassom Mirjalol Xoliqovning sodda, biroq ramzlarga boy sahna dekoratsiyasi, Sevara Zunnunovaning XX asr boshlari va 40-yillarga oid sahna liboslari, kompozitor Ayapbergen Otegenovning spektakl ruhiyatiga xos musiqasi tufayli asarning o‘ziga xos sahnaviy talqini dunyoga kelgan. Rejissyor hamda dramaturg Shahboz Fayzullayev romanni mahorat bilan spektakl inssenirovkasiga aylantirgani tufayli g‘oyaviy yechimlarda, jadidlarning taraqqiyparvar fikrlari aks etishida, har bir qahramon nutqida o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi.
Yaxshi dramaturgiyada “spektakl ichidagi spektakl” degan uslub bor. “Ma’suma”da ham bosh qahramon hayotidagi turli holatlardan kelib chiqqan holda ushbu uslub qo‘llangan. Bu holatlar bosh qahramonning teatrga ilk qadam qo‘yishida sahnalashtirilgan Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmu?” (arzchi xotin), Gʻulom Zafariyning “Halima” (Halima), Hamzaning “Boy ila xizmatchi” (Jamila), Shekspirning “Otello” (Emiliya) asarlaridagi rollar ijrosida ichki hissiy kechinmalar orqali ifodalangan. Rejissyor hayot “teatri” tomoshalari bilan teatr sahnasi tomoshalari orasidagi masofa naqadar yaqinligini mahorat bilan ko‘rsata olgan. Ma’suma rolini aktrisa Lola Eltoyeva va Dilnoza Kubayeva ijro etishgan. Lola Eltoyevaning “Ma’suma”sida ichki dardni, og‘ir-bosiqlik bilan xulosa chiqara olishni, uzoqni ko‘ra bilish, onalik iztiroblari, haqiqat uchun kurashuvchanlikni ko‘rsak, Dilnoza Kubayeva ijrosida o‘ziga darddosh qidirgan, bahor shabadasidek yengil, sahna uchun jon fido qilishga tayyor Ma’sumani ko‘ramiz. Har ikkala aktrisa ijrosida ham dilbarlik, o‘ktamlik bor. Shuningdek, o‘zbek teatriga tamal toshini qo‘ygan, aktyorlar “og‘a” deb hurmat qilgan Mannon Uyg‘ur (Majidov) obrazi tomoshabinlarda katta taassurot qoldiradi. Aktyor Jamoliddin Abdujabborov ijrosidagi bu obrazda ko‘zlari porlab, Turkiston ahlini ma’rifatsizlik botqog‘idan teatr san’ati – “sanoyi nafisa”dek mash’ala orqali yorug‘likka olib chiqishni maqsad qilgan shaxsni ko‘ramiz. Jamoliddin har qanday holatda ham insoniyligini yo‘qotmagan Mannon Uyg‘ur qiyofasini sahnada muvaffaqiyat bilan jonlantira olgan.
Spektaklda Abdulla Avloniy (Baxtiyor Yusupov), Hamza Hakimzoda Niyoziy (Doniyor Nasriddinov), Munavvar qori (Abror Saynazarov), Abduvohid qori (Tohir Saidov) kabi bir qancha jadidlar obrazi bor. Dramaturg tomonidan jadidlarning asarlaridan va xitobli maqolalaridan qahramonlar nutqiga xos jumlalar kiritilishi, aktyorlarning yuksak saviyadagi ijrosi tufayli obrazlar qiyofasida ulug‘vorlik namoyon bo‘lgan. Jumladan, Tohir Saidov ijrosidagi Abduvohid qorining oila boshlig‘i, diniy rahnamo, “qadimchi jadid” sifatidagi qiyofasi maslakdoshlariga qarata millat zehniyati va kelajagi to‘g‘risida jonkuyarlik bilan qilgan murojaatida, kelini Ma’sumaning sahnaga chiqishi uchun o‘g‘li Bositxonga bergan rizoligida, ayoli Katta oyi bilan maslahatlashganida, NKVD xodimi hibsga olishga kelganida ham o‘zini bosiqlik bilan tuta olishi hamda qaytib kelmasligini bilgani holda Oycha qiziga dastro‘mol va joynamoz olib chiqishni iltimos qilib “Allohga omonatsizlar, qizim”, singari gaplarida yaqqol ochilgan.
Sobiq SSSR paytida bizga Ulug‘ Vatan urushi deb uqtirib kelingan Ikkinchi jahon muhorabasining asl qiyofasi va xalqimizning farzandlari nima uchun qurbon bo‘lganlari ikki jigarporasi, turmush o‘rtog‘i qatag‘on qilingach, suyanchig‘iga aylangan o‘g‘illari nomini oqlash uchun jangga ketayotgan Ma’sumaning Mannon Uyg‘urga qarata aytgan qalbni o‘rtovchi hayqirig‘ida namoyon bo‘ladi: “Qaysi Vatan uchun, og‘a? Erimni, qaynotam, qaynukamni juvonmarg qilgan Vatan uchunmi? Millat deb chiqqanlarning pok ko‘ziga tuproq tortgan Vatan uchunmi?..” Ma’suma Qoriyevani tergov qilgan NKVD tergovchisi Miskevich rolini aktyor Tolibjon Mo‘minov ishonarli talqin qilgan. Bu obraz orqali aybsizlarni qoralash kampaniyasining kirdikorlariga xos illatlar ochib berilgan.
“Birinchi qaldirg‘och” spektaklining xotima qismidagi Ma’sumaning monologida aytilgan “Oqqush bo‘lib o‘ynayman-da, so‘ng qo‘shiq aytib, bu dunyodan bir umrga ko‘zni yumaman…” satrlarini eshitgan tomoshabin hozir nimadir sodir bo‘lishini sezgandek bo‘ladi va o‘sha “nimadir” yuz beradi. Bedarak ketgan o‘g‘illarini izlab Moskvaga borgan Ma’suma Qoriyeva o‘g‘illari jang maydonida halok bo‘lgani to‘g‘risidagi mash’um xabarni ko‘tara olmay, o‘sha joyning o‘zida vafot etadi, ya’ni u “oqqushga aylanib”, turmush o‘rtog‘i, o‘g‘illari yoniga uchib borib, ularni qanotlari bilan quchadi. Shu o‘rinda liboslar rassomi Sevara Zunnunovaning eskizlarini alohida e’tirof etish joiz. Spektakl boshida Ma’sumani milliy bo‘g‘ma yoqa koketkali, yopishib turuvchi tiqma nimchali libosda ko‘ramiz. Lola Eltoyevaning “Ma’suma”sidagi ko‘ylak qiziltaroq atlasdan bo‘lsa, Dilnoza Kubayevaning libosi novvotrang shoyidan. Bu aktrisalarning yuz tuzilishi, qomatidan kelib chiqib yaratilgan bo‘lsa kerak. Teatr sahnasidagi Ma’sumaning libosi 40-yillar yevropalashgan ayollarga xos, oqqushga aylangan Ma’sumaning libosi esa bir tomondan uzun oq ko‘ylakni eslatsa, qaysidir jihatdan so‘nggi yo‘lga kuzatiluvchi kafanni ham eslatadi. Rassom bosh qahramonning so‘nggi libosidagi metaforik unsurni nozik ilg‘ab, o‘z o‘rnida qo‘llay bilgan.
Ma’sumaning abadiyatga ketish jarayonida sahna markazi nurlanib, Mannon Uyg‘ur, Hamza, Abdulla Avloniy, Munavvar qori, Abduvohid qori, Oltoy, teatrdagilar, Bositxon, Shavkatxon, Botirxonlarning ruhlari ko‘rinadi. Mannon Uyg‘urning: “…rost o‘ynang, qalbingizdagi kirliklardan pok bo‘ling. Bu dargohda nimayiki yolg‘on ishlatsangiz, ruhingiz azob chekadi; soxtaligingiz fosh bo‘lib qolaveradi”, degan da’vati yangraydi.
Darhaqiqat, ushbu spektaklni ko‘rgan tomoshabinda, poklanish-katarsis holati bo‘lishi tabiiy. Zero, inson hayot sahnasida pok vijdon bilan yashab o‘tishi shart. Spektakl ijodkorlari tomoshabinni mana shunga chorlaydi.
Nigora UMAROVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
132
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
147
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
340



