29.04.2024 | 10:27
396
ZAMONAMIZNING YANGI USUL MAKTABI
Xalqni yuksak ilm-ma’rifatli qilish uchun kurashgan jadidlar o‘z maqsadlarining bir qismini teatr san’ati vositasida amalga oshirishga bel bog‘lagan edilar. Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan maktab ham o‘quvchilar ongiga ma’rifat ziyosini sahnaviy tomosha uslubi yordamida singdirib, shu asosda bir qator muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgani jadid bobolarimiz naqadar to‘g‘ri yo‘l tanlaganini ko‘rsatadi. Poytaxtimizdagi 19-umumta’lim maktabidagi qizg‘in jarayon, o‘quvchilarning shavqi-yu ishtiyoqi bu yerda professional ijodkorlik muhiti yaratilganidan darak beradi. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida bunyod etilgan mazkur maktabda bugun ikki mingga yaqin o‘quvchi bilim oladi. Darslar ikki navbatda tashkil etilgan, to‘garaklar faoliyati a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. O‘qituvchi va o‘quvchilar orasidagi samimiy munosabatlar havas qilsa arzigulik. – O‘quvchilarimizning to‘qson sakkiz foizi o‘zbek millatiga mansub bolalardan iborat, – deydi o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Malika Shomirzayeva. – Bilasiz, rus tilida ta’lim beriladigan maktabda bola o‘zini o‘zbek maktabi o‘quvchilariga qaraganda biroz erkinroq tutadi. Til ham odamga fe’l-atvorni yuqtirar ekan shekilli, ruscha gaplashadigan bolalarda milliy mentalitetdan biroz uzoqlashish kuzatiladi. Biz buning oldini olish uchun o‘z qadriyatlarimiz va ma’naviyatimizni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. O‘quvchi yoshlardan o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlarni ko‘proq o‘qishlarini talab qilyapmiz. Kitobxonlik tadbirlarining deyarli barchasi ona tilida o‘tkaziladi. Qizlarimizni hayotga milliy qadriyatlarimiz asosida tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan “Qizlarjon” nomli klubimiz bor. Bir so‘z bilan aytsam, ta’limni ruscha, tarbiyani o‘zbekcha tashkil etganmiz. Ustoz aytganicha bor. Maktabga kiraverishning o‘zidayoq buni his etasiz. Atlas-adraslar “sharshara”si ostida milliy buyumlarning moʻjaz ko‘rgazmasiga ko‘zi tushgan kishining ruhiyatiga qadriyatlarimiz nafasi urilishi tayin. Ustozlar jamoasi o‘z maqsadlari yo‘lida to‘g‘ri usulni tanlashgan. Ular maktabda “Parvoz” nomli bolalar teatri jamoasini tashkil etib, har chorakda bir spektakl sahnalashtirishadi. Jumladan, birinchi chorakda taniqli o‘zbek shoiri Sulton Jo‘ra qalamiga mansub “Tinish belgilarining majlisi” asari qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi chorak yakuni arafasida mashhur rus yozuvchisi Ivan Krilovning “Fil – hokim” masali tomoshasi bo‘lib o‘tdi. Yaqinda esa respublika “Turon” teatr tanlovining tuman bosqichida “Parvoz”ning havaskor o‘quvchi-aktyorlari taniqli yozuvchi O‘lmas Umarbekovning “Qiyomat qarz” asari asosidagi spektakl bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lib, birinchi o‘rinni egallashdi. Ushbu o‘quv dargohiga Rayhona Kulunchakova rahbar etib tayinlangandan so‘ng maktabdagi ijodiy muhit yanada qizg‘in tus oldi. Direktor mana shu maktabda ushalmagan orzulari ro‘yobga chiqqanini aytadi. – Yoshligimda rejissyor bo‘lishni juda-juda istaganman. Lekin taqdir taqozosi bilan o‘qituvchilik sohasini tanladim. Orzum armonga aylanmadi, chunki iqtidorim va ishtiyoqimni o‘quvchilarimga yuqtirdim. Ularning ko‘pchiligi ijodkor bo‘lib yetishdi. O‘ylab-o‘ylab maktabning o‘z havaskorlik teatrini tuzishga qaror qildik. Uning shunchaki to‘garak sifatida qolishini xohlamadik. Maktabimiz nafaqat ijodiy tomonlama, balki o‘qitish sifati bo‘yicha ham tumanda yetakchi o‘rinlarda. Oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha ham oldingi safdamiz. O‘tgan yili o‘n nafar o‘quvchim davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Shohrux Mirsalimov Londonda, yana to‘rt nafari Italiyada o‘qimoqda. Bolalarimiz Xitoy, Koreya davlatlarining oliy o‘quv yurtlarida ham tahsil olishyapti. Shu yili bitiradigan o‘quvchilarning yigirma besh foizi hozirdanoq talabalikni qo‘lga kiritib turibdi. Direktor o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabning yutuqlari haqida faxr bilan gapirar ekan, marosimlar zalida o‘tkazilayotgan navbatdagi tadbirni tomosha qilishga taklif etdi. “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida davom etayotgan forumning maktab bosqichini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Shayxontohur tumani bo‘limi rahbari Nilufar Aliboyeva bilan birgalikda tomosha qildik. – Bu maktabda ma’naviyatga oid tadbirlar maromiga yetkazib o‘tkaziladi, – deydi N.Aliboyeva. – Tumanimizda rus tiliga ixtisoslashgan to‘rtta ta’lim maskani bo‘lsa, an’analarimiz, milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimizga eng e’tiborlisi shu maktab deb ayta olaman. O‘quvchilarining dunyoqarashi keng, iqtidorli bolalar ko‘p. O‘zlari ssenariylar yozadi, o‘zlari sahnalashtiradi. Tadbirlarga xalqimizning sevimli san’atkorlarini ham chaqirishadi. Mashhur filmlarning taqdimotlarini ham shu maktab boshlab beradi. Eng ahamiyatlisi – bolalar umuman bo‘sh qolmaydi. Albatta, bunday tadbirlarga tayyorgarlik ularda izlanishga, o‘rganishga ishtiyoqni rivojlantiradi. Ha, maktabda tadbirlar shunchaki xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmaydi. Har bir namoyish o‘quvchilarga o‘zining ijobiy ta’sirini, albatta, ko‘rsatadi. Birgina misol: taniqli rejissyor Hilol Nasimovning “Hayot” filmi taqdimotidan keyin yuraklarida Vatan mudofaasi yo‘lida xizmat qilish hissi uyg‘ongan ikki o‘quvchi egniga harbiy libos kiydi. Umuman olganda, maktabda hozirdanoq ijtimoiy hayotda o‘z yo‘lini topgan o‘quvchilar ko‘p. Direktor boshlab bergan tadbirda o‘zbek tilida biyron tilda gapirayotgan jingalak sochli, qorachadan kelgan qiz diqqatimni tortdi. Men uni ajnabiy deb o‘yladim. Sabina Ibrohimova ota tomondan arab millatiga mansub bo‘lishiga qaramay, hujjatlarda millatini o‘zbek deya yozdirganini faxr bilan so‘zladi. Baynalmilal oilada katta bo‘lgani ham, rus maktabida o‘qiyotgani ham uning O‘zbekistonga bo‘lgan ehtiromiga zarracha soya solmagan. – Otam ispaniyalik arab, ona tomondan bobom – qozoq. Lekin uyimizda hammamiz o‘zbekcha gaplashamiz, – deydi Sabina. – Men o‘zbek, rus va ingliz tillarini yaxshi bilaman, fransuz tilini ham o‘rganmoqchiman. Maktabimizda o‘tadigan hamma tadbirlarda faol qatnashaman. To‘rt yildan buyon xususiy reklama agentligida ishlayapman. Maktabni tamomlab, diplomat yoki huquqshunos bo‘lmoqchiman, va albatta, o‘zim tug‘ilgan, ulg‘aygan yurtim – O‘zbekistonda o‘qishni istayman. Sabina modellik faoliyatidagi qiyinchiliklar haqida gapirib, yaqinda o‘tgan liboslar namoyishida yigirma kilolik kelinko‘ylakni kiyish to‘g‘ri kelganini aytadi. Uning o‘z hayotiga oid hikoyasi va kelajak haqidagi orzulariga quloq tutarkanman, inson tarbiyasida oila bilan bir qatorda maktabning ham juda katta o‘rni borligini yana bir marta chuqur his qildim. Sababi, o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyat etib, bilim olishni davom ettirishga unday oladigan o‘quv maskani haqiqatan ham “dunyo imoratlarining eng go‘zalidir”. O‘n yilcha oldin Hindistonning Yangi Dehli shahridagi metro yo‘li o‘tgan ko‘prik ostida ta’lim olayotgan bolalarni ko‘rgandim. O‘z xalqining fidoyisi bo‘lgan Rajesh Sharma ko‘prik tagidan tasodifan o‘tarkan, yigit-qizlarning bekorchi o‘yinlar bilan mashg‘ulligidan hayron qoladi. Ba’zilarining ota-onalaridan bolalaringizni o‘qishga bersangiz bo‘lmaydimi, deb so‘raganida, ular maktablar uzoqligini, yo‘l xarajatiga esa ortiqcha pullari yo‘qligini aytishadi. Aynan o‘shalardek qiyinchiliklar ko‘rgan Rajesh ana shu qashshoq oilalarning bolalariga ko‘prik ostida o‘qish-yozishni tekinga o‘rgata boshlaydi. Hozir uning sharofati bilan yiliga besh yuzga yaqin hindistonlik bola savod chiqarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi maktablarning ta’mirtalabligi o‘qitish sifatining pasayishiga sabab bo‘lmoqda, degan mazmundagi ayrim salbiy fikrlarga ham ko‘zimiz tushadi. Vaholanki, bolani bilim olishga qiziqtirishda o‘quv jihozlari yoki zamonaviy binolar emas, ustoz mehri va fidoyiligi ko‘proq ahamiyatga ega. Sevimli fan bo‘lmaydi, sevimli o‘qituvchi bo‘ladi, degan fikrning isbotini shu kunlarda yuz bilan yuzlashay deb turgan 19-maktab faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Binosi eski bo‘lsa ham, ichidagi muhit mutlaqo zamonaviy, ta’lim tizimi ham Yangi O‘zbekiston tamoyillari bilan uyg‘un. Bu ijodkorlar maktabi hali ko‘plab iste’dodli va bilimli yoshlarni tarbiyalashiga, xuddi jadid bobolarimiz kabi xalqni ma’rifatli qilishga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



