Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.03.2026 | 12:40

img1245

“RAQAMLI HASHAMAT” TUZOGʻI

1788-yili Fransiyada kuchli qurg‘oqchilik va do‘l yog‘ishi natijasida hosil nobud bo‘ladi. Non narxi keskin ko‘tarilib, oddiy xalq ocharchilikka yuz tutadi. Ayni shu og‘ir pallada qirolicha Mariya-Antuanetta va saroy a’yonlarining Versaldagi dabdabali hayoti haqidagi xabarlar aksar varaqa va gazetalarda bo‘rttirilgan holda tarqala boshlaydi. Odamlarda kuchli norozilik kayfiyati uyg‘onadi.

Mazkur inqilobda axborot odamlarni ko‘chaga olib chiqqan bo‘lsa, bugungi soxta hashamat kontenti odamlarni o‘z ichiga, depressiyaga qamaydi. Har ikki holatda ham media reallikni buzib ko‘rsatish orqali jamiyatning barqarorligiga daxl qiluvchi qarama-qarshilikni yuzaga keltirishini ko‘rish mumkin.

Bugungi ziddiyat esa ochlikdan ham kuchli, u insonning ong-tafakkuri, ruhiyatini majruh qilmoqda.

INTERNETGA QURBON BO‘LAYOTGAN UMRLAR

Globallashgan davrda “axborot xuruji” shunchaki so‘z emas, balki raqamlarda aks etayotgan xavfdir. Tadqiqotchilar kuzatuvi va global tendensiyalarga tayansak, ayni paytda yoshlar kuniga o‘rtacha 4 soatdan 6 soatgacha vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda. Agar inson 60 yil yashasa va har kuni 5 soatni ijtimoiy tarmoqqa sarflasa, u hayotining qariyb 12 yilini virtual dunyoga bag‘ishlagan bo‘ladi.

Bu vaqt davomida miya tinimsiz ravishda “muvaffaqiyatli hayot” manipulyatsiyasi ostida bo‘lib, tanqidiy fikrlash qobiliyatini so‘ndiradi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “layk”lar va cheksiz “skrol” (lentani varaqlash) miyaning mukofotlash markazini qo‘zg‘atadi. Garvard universiteti tadqiqotchilarining aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish miyaning xuddi qimor o‘yinlari yoki narkotik moddalar ta’sirida qo‘zg‘aladigan qismlarini ishga tushiradi.

Miya doimiy ravishda tayyor, qisqa va vizual jozibador ma’lumotni qabul qilavergach, u “chaynamasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri yutish” rejimiga o‘tadi. Ya’ni, xabarni chuqur tahlil qilish susayadi. “Muvaffaqiyatli hayot” manipulyatsiyasi va tanqidiy fikrlashning so‘nishi qanchalik xavfli ekanini 2016-yildagi “Cambridge Analytica” voqeasi butun dunyoga isbotladi. Unda millionlab foydalanuvchilarning psixologik portretlari – qiziqishlari, qo‘rquvlari, kognitiv zaifliklari o‘rganilib, ularga individual tarzda “axborot xuruji” uyushtirilgan. Kuzatuvchilar o‘zlarini erkin qaror qabul qilyapman, deb o‘ylashdi, aslida, ular algoritmlar tomonidan boshqarilgan edi. Bu voqea “axborot xuruji” nafaqat shaxsiy depressiyaga olib keluvchi, balki davlatlar taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kuchga egaligini ko‘rsatdi.

“BIZNI KEMIRUVCHI ILLATLAR”NING ZAMONAVIY SHAKLI

XIX asr oxiri va XX asr boshida Turkiston chor mustamlakasi ostida bo‘lgan bir paytda, xalq o‘zining oxirgi sarmoyasini dabdabali to‘ylarga sarflar edi. Jadidlar buni millatning kelajagini boy berish, deb hisoblashgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915-yilda yozgan “Bizni kemiruvchi illatlar” nomli mashhur maqolasida to‘y va marosimlardagi isrofgarchilikni millatni ichidan yemiruvchi asosiy sabab, deb ko‘rsatadi.

Anglab turganingizdek, bugun biz tarixdan xulosa chiqarish o‘rniga, yangi-yangi “urf”larni o‘ylab topyapmiz. Ijtimoiy tarmoqlar esa bu borada targ‘ibot vositasi sifatida xizmat qilmoqda. Havas uchun qarzlar, kreditlar olinayotgan bo‘lsa, hasad bilan ongimiz va qalbimizni o‘ldiryapmiz. Jamiyatning eng nozik nuqtalari bo‘lmish oila va qadriyatlarga darz ketmoqda.

“Odamlar shuncha pulni qayerdan olyapti-a? Biz ham o‘sha davlatlarni ko‘ramizmikin?” degan gaplar kundalik muhokamaga aylangan. Shunchaki jo‘n bo‘lib ko‘ringan bu taajjublar zamirida kuzatuvchining moddiy imkoniyatlari va oilaviy ahvoli turibdi.

Ko‘plab yosh kelin-kuyovlar o‘z turmushini instagramdagi “ideal juftliklar” bilan solishtirib, turmush o‘rtog‘ining oddiy mehnati va topganini kamsita boshlaydi. “Falonchi xotiniga har kuni qimmatbaho narsalar sovg‘a qilar ekan”, degan soxta andozalarga ergashib, oila mustahkamligini yemira boshlaydi. Ma’naviy yaqinlik, qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hamjihatlik o‘rniga, yoshlar vizual ko‘rinishni – qayerda ovqatlanish, qanday kiyinishni o‘ylaydi. Natija esa hammaga ma’lum.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kundagi ajrimlarning salmoqli qismi aynan “bir-birini tushunmaslik” deb ko‘rsatilsa-da, uning zamirida ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar yaratgan “baland orzular” va real hayot o‘rtasidagi to‘qnashuv yotadi. Bu – zamonaviy axborot urushining eng ayanchli g‘alabasi: jamiyatni ichidan, oiladan turib parchalashdir.

Ma’rifatparvar jadidimiz Abdurauf Fitrat oilaning iqtisodiy asoslari mustahkam bo‘lishi kerakligini, qarzdorlik asosiga qurilgan dabdaba bu muqaddas qo‘rg‘onni halokatga yetaklashini ilmiy asoslab bergan. “Qarz olib to‘y qilmoq – o‘z oilasining poydevoriga o‘t qo‘ymoqdir”, deb yozgan. Uning fikricha, kishi “Odamlar nima deydi?” degan soxta mulohazalar uchun qarzga botsa, u nafaqat o‘zining, balki ayoli va farzandlarining ham kelajagini garovga qo‘yadi.

Ijtimoy tarmoqlarda erning ayoliga mashina sovg‘a qilishi yoki farzandlarning otasiga ana shunday tuhfa berishi bilan bog‘liq soxta marosimlar ko‘plab uchramoqda. Aslida, ular bu dabdabani auditoriya yig‘ish, “layk” va izoh to‘plash, reklama beruvchilarning e’tiboriga tushish maqsadida uyushtiradi. Kuzatuvchi esa unga havas qilib, qiynalib bo‘lsa-da, bu marosimni real hayotda amalga oshirishga urinadi. Achinarli jihati, bugungi media-makon tushunchasida hashamat andishasizlarcha boylik namoyishiga, riyoga aylanib qoldi.

Internet foydalanuvchilari dabdabali kontentlarni maroq bilan kuzatganlari sari, ularga ana shunday mazmundagi materiallar kelishda davom etaveradi. Xavfning birinchi tomoni internetga mutelik bo‘lsa, ikkinchi tarafi, bu holat jamiyatdagi maromiylikka salbiy ta’sir o‘tkazadi. Eng qimmat modeldagi telefon, eng so‘nggi rusumdagi avtomobil… ular ana shunday davom etadi. Natijada odam molparastlik atalgan yugurish yo‘lagiga tushib qoladi. U qancha ko‘p yugurmasin, aslida, o‘z joyida turaveradi. Uning moddiyati o‘zgarishi mumkindir, lekin ma’naviyati tubanlashib boradi.

NAJOT YO‘LI QAYERDA?

Ushbu manipulyatsiya va xurujlardan himoyalanish uchun har birimiz o‘zimizda ma’naviy immunitetni shakllantirishimiz zarur. Bunda haftada kamida bir kunni ijtimoiy tarmoqlarsiz o‘tkazib, diqqatimizni kitob mutolaasiga yoki yaqinlarimiz bilan jonli muloqotga qaratish – oqilona yo‘l.

Har qanday hashamatli syujetga ega kontentni ko‘rganda, o‘zimizga: “Bu reklama emasmi? Bu rasm ortida qanday real mehnat yoki yolg‘on turibdi?” degan savolni beraylik. O‘zimizni boshqalar bilan emas, o‘z imkoniyatimiz bilan solishtirishimiz sog‘ligimiz va rivojlanishning garovidir.

Axborot xuruji shunchaki tashqi tahdid emas, balki ongimizga tobora chuqur kirib borayotgan virusdir. Biz jadid bobolarimiz ogohlantirib aytgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, dabdabani emas, ma’rifatni tanlashimiz shart. Unutmaslik kerakki, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizni yorituvchi chiroq ham, kuydiruvchi olov ham bo‘lishi mumkin. Tanlov o‘z qo‘limizda.

Haqiqiy baxt ekranda aks etmaydi, u qalbdagi qanoat va yaqinlar bilan o‘tkazilgan jonli daqiqalarda yashaydi.

Shohista YUNUSALIYEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596