Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 13:37

img656

“SIZNING ARMONINGIZ YASHAR QAROG‘DA…”

Ozarbayjon Fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Cho‘lpon Ergash, Omon Matjon, Jamol Kamol, Ma’ruf Jalil, Muhammad Ali va boshqalarning jadid bobolarimizga va o‘z ijodlarida jadidlar ruhini, jadidona kayfiyatni dadillik bilan davom ettirgan Usmon Nosir, Oybek, Shayxzoda, Mirtemirlar va qatag‘on qilingan boshqa ijodkorlar xotirasiga atalgan dardkash misralarida, cheksiz bir muhabbat alangasida isingan she’rlarida poyonsiz bir nafratning, yengib bo‘lmaydigan shiddatli g‘azabning ham taftini sezasan kishi. Davr-u davronga nafratning… Qonxo‘r zamonga naf­ratning… Lirik “men” ma’naviy olamida muhabbat va g‘azab birligi shoir e’ti­qodining poydorligini, lirik kayfiyatning ko‘lamini belgilaydi. Haqiqiy va haqqoniy she’riyat zamon­larning uzilgan rishtalarini ulovchi, begonasiragan avlod­larni bir-biriga yaqinlashtirib, qondoshlikni tik­lovchi ma’naviy-estetik robita ekanligi yana bir karra ayon bo‘ladi. Ishonch bilan aytish mumkinki, stalinizm hukmron chog‘larda, ulkan bir mamlakatni qabohat va razolatlar boshqara­yotgan mahallarda Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Oybek, Shayxzoda, Mirtemir singari sofdil va muqaddas insonlar turli-tuman illatlarga ko‘milgan jamiyatning Poklik, Odamiylik, Soflik, Ezgulik Orol­lari edi!..

Qatag‘onga uchragan aksariyat ijodkorlarning omad­siz­ligi-yu fojiaviy qismatlarining tub sabablari shu nuqtada tutashadi: davr illatlariga bo‘yin egmaslik. Abdulla Oripovning qatag‘on qilingan ijodkorlarga bag‘ishlangan she’rlarida ushbu haqiqatning in’ikosini ko‘ramiz. Ayon bo‘ladiki, jabr va qo‘rquvga, yolg‘on va aldovga asoslangan jamiyatda barcha ma’naviy fazilatlar, botiniy-axloqiy qadriyatlar nafaqat o‘z qimmatini yo‘qotadi, qadrsizlanadi, balki insonni halokatga eltuvchi aks xislatga aylanadi. Qabih va razolatlar dunyosida ezgulikning yo‘q qilinishi muqarrardir.

Zamonga moslashishni istamaganlarni, davr yo‘rig‘iga yurmaganlarni, ya’ni ma’naviy o‘limga ko‘nmaganlarni – jismoniy o‘lim kutadi. Qo‘rquv va yovuzlik dunyosining taomili, buzilmas “hayot” qonuni shunday edi. Bu temir qonun o‘zining yakka-yu yolg‘iz “o‘lim” degan mantig‘iga suyanardi. Insonni yoki insonda insonlikni o‘ldirishga qaratilgan bu yovuz dikta­tura butun boshli mamlakatni o‘liklar saltanatiga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygandi. 

O‘sha vaqtda, XX asrning 30 – 50-yillarida ham, bu kun ham jamiyat ma’naviy o‘lim haqida jiddiyroq o‘ylagan emas. Jismoniy o‘lim vahimasi bunga imkon bermagan. Shuning uchun biz qatag‘on qurbonlari, deganda hamisha ma’naviy o‘limni e’tibordan soqit qilayotirmiz. Vaholanki, ma’naviy o‘lim miqyo­si va oqibatlari yanada dahshatliroqdir. Fojia va yo‘qotishlarning ana shu qatlamlarigacha yetib borish, ehtimol, so‘z san’atining kelgusi vazifalaridandir.

Abdulla Oripovning bevaqt ketgan ustozlar ruhiga ehtirom bilan bitilgan bag‘ishlovlarida tushuntirib berish judayam qiyin, so‘zlar orqali ifodalab bo‘lmaydigan g‘alati bir kayfiyatni hassos she’rxon tuyadi. Yosh lirik qahramonning murakkab hissiy holatlarida, qiynoqli o‘y va kechinmalarida va’daga, ontga, qasamga o‘xshash nimadir bor. Ha, shoirning bu ruhdagi she’rlari xuddi qasamyod yanglig‘ yangraydi. Bu qasamning mazmunini esa, hech shubhasiz, “tutdek to‘kilgan” avlodning e’tiqod va idealiga yangi lirik qahramonning samimiy sadoqati belgilaydi.

Sizning armoningiz yashar qarog‘da
Balki u bo‘ylagay asrlarni ham…

Shoir ustozlarning ezgu armonlari, ayni avjida uzilgan orzulari kelgusi avlodlarga, bo‘lg‘usi asrlarga ham yetib borajagiga chin dildan ishonadi. Yangi lirik qahramonning ma’naviy olamida quvonchdan ko‘ra o‘kinchning, orzumandlikdan ko‘ra hasratnishinlikning, umuman, orzulardan ko‘ra armonning yetakchi kechinma darajasiga ko‘tarilishi ana shu bilan izohlansa kerak.

“Sizning armoningiz yashar qarog‘da…” Ha, bu alamli qasamyod faqat Mirtemirga emas, balki mustabid zamon taqdirini chil-chil sindirgan barcha ma’naviy salaflarga qarata aytilgan edi. Gap shundaki, ularning hammasini ham o‘sha davrda bemalol tilga olish mumkin emasdi. Tasodifiy emaski, turg‘unlik davri lirikamizda Abdulla Qodiriydan ko‘ra uning qahramonlari – Otabek va Kumush ko‘proq kuylanadi. Abdurauf Fitrat va Abdulhamid Cho‘lpon nomlarini esa o‘sha davr she’rlarida, deyarli, uchratmaymiz. Faqat Abdulla Oripovning oltmishinchi yillarda yozilgan “Yozajakman” (1968) radifli mashhur g‘azalida bir bayt bor… Mana o‘sha bayt:

Osmon elining turfa-tuman yulduzi ko‘pdir,
Xo‘bdir barisi, ravshani – Cho‘lpon yozajakman.

Shoir bu satrlar orqali nima demoqchi? Gap haqiqatan ham, osmon elining turfa-tuman yulduzlari haqida bormoqdamikan? Chindan ham “Cho‘lpon” faqat yulduzni anglatarmikan? Bu va boshqa bir qator savollarga javob berish uchun she’rni batafsilroq tahlil qilishga to‘g‘ri keladi.

Esingizda bo‘lsa, g‘azal ijodkor va dunyo, shoir va zamon haqidagi teran, fikrchan hamda ehtirosli va g‘azabli misralar bilan boshlanadi. Ayni shu asabiy shiddat lirik kayfiyatning mazmunini anglashga yordam beradi.

Do‘stlar, demangiz men she’r-u doston yozajakman,
Men she’r-u doston ichra bir afg‘on yozajakman.

Shoirni ich-ichidan kuydiradigan dardni tushunishga urinaylik. Nega shoir, men shunchaki dos­ton emas, balki afg‘on yozayapman, deya kuyunadi? Bu afg‘on nimadan, qaysi alamlardan tug‘ilgan? Lirik “men”ni butunlay muvozanatdan chiqar­gan, junbushga keltirgan bu o‘tli g‘amning ildizlari qa­yer­da? Lirik qahramonning alamzada kayfiyati nega boshqalarda hayronlik uyg‘otadi?

Hayrona boqur bu manim ahvolima har kim,
Men ersam o‘zgalar ahvoliga hayron yozajakman.

“Men” esa boshqalar ahvoliga hayron… Bu o‘zaro hayronlikning boisi ne? Lirik “men” va muhit orasidagi “tushun­movchilik”ning aniq sababi bormikan? Shunga sabab “men”ning muhitdan hayron bo‘larlik darajada o‘sib ketganimikan? Yoki tevarak muhitning lirik qahramon ahvolini anglashga ojizlik qilishimikan?! Umuman, ushbu qarama-qarshilik Abdulla Oripovning aksariyat buyuk she’rlari, ayniqsa, ilk lirikasi uchun judayam xarakterlidir. Shoirning oltmishin­chi yillarda qog‘ozga tushgan mashhur to‘rtliklaridan birida ham mazkur konfliktning bir qadar keskinroq va kinoya­omuz ohangda ifoda­langanini ko‘ramiz.

Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida, Yugurik suv o‘gay tog‘lar orasida. Muhabbat dardidan bemor qalblarimiz O‘gay bo‘lsak ne tong sog‘lar orasida .

Ushbu to‘rtlikda tasvirlangan holat yuqorida keltirilgan baytdagi “men” va “o‘zgalar” o‘rtasidagi “hayronlik”ni tushu­nishga ko‘maklashadi. Ya’ni, bulbul zog‘lar, yugurik suv tog‘lar, “muhabbat” dardidan bemor qalblar sog‘lar orasida o‘gay bo‘lganday, “men” ham “o‘zgalar” orasida shunchalar o‘gaydir. Shoir va muhit o‘rtasidagi begonalikning, yanada aniqrog‘i, qarama-qarshilikning obrazli va esda qolarli ifodasi bu. Tasodifiy emas­ki, muallif keyingi baytda “men”ni shoir, deb ataydi:

Shoir diliga qilmas havas, but esa bag‘ring, Shoir yuragin doimo vayron yozajakman.

Abdulla Oripov “shoir” deganda, tabiiyki, faqat o‘zini, o‘z dardmand holatini ko‘zda tutmagan. G‘azaldagi umumiy kayfiyat shunga dalolat qiladi, muallif shoir qalbining vayronligini ta’kidlar ekan, birgina o‘z alamlarini to‘kib solmasdan, umuman, san’atkor fojiasini kuylamoqchi. Mazkur bayt ham “Yozajakman” g‘azalining ayni shoir fojiasi haqidagi asar ekanini dalillaydi:

Soldi dilima qancha alam u sho‘xi badhu, Bilmamki, axir qay biri qurbon, yozajakman.

“Men” diliga cheksiz alam solgan “u sho‘xi badho‘” shoir­lar fojiasining klassik nomidir… Keyin esa buyuk Cho‘lponning muborak nomi muhrlangan bayt keladi.

Osmon elining turfa-tuman yulduzi ko‘pdir, Xo‘bdir barisi, ravshani-cho‘lpon yozajakman.

Bu misralar orqali g‘azalda faqat muallif o‘z alamlarini va umuman, san’atkor qismatining fojia­viyligi to‘g‘risida emas, hamda muayyan bir omadsiz shoir taqdiri xususida kuyunib so‘zlayotgani ayon bo‘ladi. Abdulla Oripov “cho‘lpon” obrazi bilan so‘z o‘yini qiladi. Ha, “cho‘lpon” faqat yulduzning nomi emas, balki milliy-ma’naviy e’tiqodimizning yo‘lboshchilaridan, she’riyatimiz osmonining yulduzlaridan biri – XX asr badiiy-estetik tafakkurimizning tong yulduzi Abdul­hamid Cho‘lpon to‘g‘risida so‘z ketayotganini tushunamiz. “Cho‘lpon” istiorasining “yozajakman” ta’kid-radifi bilan yonma-yon kelishi baytning ma’no ufqlarini yanada kengaytirgan. Muallif shu orqali o‘zining Cho‘lpon ruhiga cheksiz muhabbatini, Cho‘lpon yo‘liga sadoqatini ham ifodalagan. Qolaversa, Abdulla Oripovning “cho‘lpon” nomi zikr etilgan tagdor satrlarida Abdulhamid Cho‘lponning o‘zining mashhur misralariga ham ishora bor.

Muhabbat osmonida go‘zal cho‘lpon edim, do‘stlar, Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku .

Haqiqatan ham, “Yozajakman” (1968) g‘azalida milliy armonimiz – bir paytlar ma’naviyatimiz osmonida porlagan go‘zal Cho‘lponning zulmat saltanatiga toqat qilolmay “yerga botishi” alam bilan eslanadiki, shunga hech qanday shubha yo‘q.

Bemalol aytish mumkinki, “ey johili nokas” xitobi kimgadir qaratilgan emas, bunda aniq birov, muayyan bir shaxs ko‘zda tutilmagan. “Men” zamonga qarshi chiqyapti. Ha, bu g‘azal sharmanda saltanat peshonasiga bitilgan g‘azabli aybnomadir. G‘azalning poetik mantig‘i va pafosi shunday jiddiy xulosa chiqarishga undaydi. Zero, “Yozajakman” kimdandir, hatto kattakon arbob yoki rahbardan xafa bo‘lib yozilgan she’r emas. Balki Abdulla Oripovning she’rni va shoirni poymol qilgan, inson shaxsini va erkini oyoqosti qilgan yovuz jamiyatga, “puchak jonlar” ahliga isyoni edi.

Yosh va yangi avlodning 60-yillardagi shoirona dil anduh­lari, otashin poetik kechinmalari yangi estetik ideal­ni shakllantiradigan xuddi mana shunday ma’naviy-badiiy sarchashmalardan edi. Shunisi aniqki, Abdulla Oripov va avloddoshlarining dardmand va milliy g‘am bilan sug‘orilgan navqiron ruhiy tarjimayi holi yovuz zamonning ko‘tarinki va quvnoq ehtiroslaridan emas, balki jadid bobo­larimizning, Fitrat va Cho‘lponlarning, Abdulla Qodiriy va Usmon Nosirlarning ozodlik armonlaridan, erk hayqiriqlari­dan tug‘ilgandi. Ularning yosh va mardona dilnomalari, shikasta ko‘ngil rozi mustabid tuzum va hokimiyat tomonidan tushovlangan, evrilgan So‘z va She’r shakl-shamoyilidagi “shodlik qo‘shini”dan (Rauf Parfi) emas, aksincha, zanjirband qilingan ko‘ngillarning pinhona yig‘isidan, kulishga majbur va mahkum etilgan ko‘zlarning yashirin yoshlaridan suv ichgandi. Ha, donishmand G‘afur G‘ulomning intizor yoshlari:

Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek, Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh…
“Betimsol Oybekning” ko‘ngil yig‘isi: Yuragimda yig‘lar Vatanim… “Beqiyos she’r lochini” – Maqsud Shayxzodaning ko‘z yoshlari: Meni yig‘lamas deb o‘ylar odamlar,

Lekin chaqmoqtoshga ham qo‘nar shabnamlar. Men olamdan yashirib ko‘z yoshlarimni Kechalari eslayman yo‘ldoshlarimni, –hech shubhasiz, yosh va yangi avlodning bokira dunyo­sida, beg‘ubor va murg‘ak qalbida unutilmas o‘kinch, o‘chmas iz bo‘lib qolgan, uning ko‘ngil ko‘zini ochib yuborgandi.

Yashar Qosim: Boku shahri

2024-yil 26-yanvar 5-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614