Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.07.2026 | 11:31

img1090

SO‘Z VA SAHNA XURSHIDI

UZUMINI YEGANLAR…

Turli tantanalarda, nafis majlislarda yoki xilvat xiyobonlarda quyidagi bayt beixtiyor tilga keladi:

“Agar ko‘nglimni shod etsa
o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum
Samarqand-u Buxoroni”.

Albattaki, yaxshi kishilarni hayratga solgan ushbu satrlar muallifini so‘raganlarga Amir Temur Ko‘ragoniy va Hofiz Sheroziy o‘rtasida kechgan iliq mutoyibani eslatgan bo‘lamiz va navbatdagi g‘azalni kamoli ehtirom ila qiroat qilishga tutinamiz:

“Ayo soqiy, sunib joming,
qil ehson yashnasin dillar,
Ko‘rindi avval ishq oson-u,
so‘ngra tushdi mushkullar.”

Undan keyin shoir-u she’r-u shuurning qizg‘in mashvarati boshlanib ketgay. Ammo bu yerda ham har galgidek, uzumini yeb, ha, mayli, boring ana, bog‘ini so‘raymiz-u bog‘boniga hech parvo qilmaymiz… Aslida, g‘oyibona tinglaganingiz ushbu satrlarni o‘zbek tiliga asliyat sifaticha o‘girgan mahoratli tarjimon Xurshid domla bo‘ladilar. Keling, men sizga u kishi haqida eshitib bilganlarimni so‘ylab berayin…

ASLI NASLI

O‘zbek adabiyoti va inja san’ati tarixida shunday ahli qalamlar borki, ularni faqat “shoir” yoki “dramaturg” deb atash kamlik qiladi. Ular butun bir davrni, butun bir ma’naviy muhitni, butun bir avlod taqdirini yelkasida ko‘tarib o‘tgan insonlardir. Ana shunday buyuk siymolarning yetuk vakili, O‘zbekiston milliy musiqali drama teatri asoschilaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Shamsiddin Sharofiddinov 1892-yilning 20-iyunida Toshkentda, bog‘bon oilasida tavallud topgan. Avval madrasa va eski maktabda tahsil oladi.

Otasining vafotidan keyin, 1910-yilda o‘qishni tashlab, Andijonga borib, 1918-yilga qadar tijorat ishlari bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Aynan o‘sha paytlarda dunyodan boxabar bo‘lish maqsadida Qrim, Tatariston va Ozarbayjonda nashr etiladigan gazeta va jurnallar bilan tanishib boradi. 1918-yilning yoz oylarida Toshkentga qaytib, o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qiydi, so‘ngra “Behbudiy” va “Namuna” maktablarida o‘qituvchilik qiladi. Ammo u chinakam Xurshid bo‘lishi uchun uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.

“HOYIB”DAN “XURSHID”GACHA yoxud TAXALLUSLAR TAQDIRI

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi, zahmatkash olim Yusuf Tursunov uzoq yillar davomida Xurshid domlaning qo‘lyozmalarini o‘rganib, uning taxalluslari ijodiy va ruhiy kamolot bilan bevosita bog‘liqligi,  har biri muayyan bir davrdagi ma’naviy holatini ifodalashini aniqlagan.

Shamsiddin Sharofiddinov hali juda yosh, taxminan 12-13 yoshlarida qalam tebratib,  dastlabki she’riy mashqlari ostiga “Hoyib” deya yozishni odat qilgan. Bu so‘z arabiy lisonda  “darvozabon, qo‘riqchi, pardali” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu nom yoshlikka xos nekbinlik va qat’iyat, murosasizlik natijasi bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

Shoirning qizi Rahima Sharofiddinovaning aytishicha, bo‘lajak Xurshid uylariga tez-tez kelib turadigan Kamiy domlaga mashqlaridan birini o‘qib beradi. O‘sha paytning mashhur shoiri bo‘lgan ustoz bu kamtar yigitchaning taxallusidan ajablanib, shunday degan: “Nega endi “Hoyib?” Hali yoshsiz, bo‘tam, yozganlaringiz xo‘p ma’qul. Yaratganga shukrona keltirib, boshqa taxallus tanlangiz…” 

Bu tavsiyadan so‘ng yosh shoir “Shukriy” taxallusini qabul qiladi. Bu orada uning qo‘li mumtoz uslubda yozishga ancha kelishib qolgan, “Ushshoq”, “Chorgoh”, “Segoh” kabi kuylarga moslab yozgan g‘azallari xalq orasida keng tarqalgan edi.

Quyidagi misralar o‘sha mumtoz davrdan meros:

“Shukriy, bu g‘am-la o‘lsam, eting qabrima bino –
Kim, ta’na toshlari-la malomat minorasi”.
(“Daromadi ushshoq”)

E’tiborlisi, yigirma yoshidayoq, ya’ni, 1912-yilda o‘z she’rlarini jamlab, “Devoni Shohidiy”ga tartib bergan. Dastlabki ijodiy namunalari 1914-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston” gazetalari, “Tarjimon”, “Oyina” jurnallari va “Tuhfai Xislat” bayozida “Hoyib” taxallusi bilan e’lon qilingan.

Yusuf Tursunovning ta’kidlashicha, Xurshid domla bir paytning o‘zida g‘azallar uchun alohida, dramalar uchun boshqa, hajviy she’rlar uchun esa yana bir taxallusdan foydalangan. Ayniqsa, “Mushtum” jurnalida bosilgan hajviy she’rlarida “O‘jar”, “Tajang”, “Chayon” kabi taxalluslar qo‘llangan. Bu holat 1920–1930-yillar adabiy muhiti uchun odatiy hol bo‘lib, shoirlar turli uslub va janrlarda o‘zini erkinroq sinab ko‘rish maqsadida ijodiy nomlarini almashtirib turganlar.

Nihoyat, u barcha ijodiy yo‘nalishlarini birlashtiruvchi asosiy taxallusni tanladi: “Xurshid”. Bu “quyosh” degan ma’noni anglatadi.

“Toleying uyg‘ongusi, Xurshid, anga yo‘qdur gumon,
Kim, har qaro tun ortidan chiqqandek oftob”.

DRAMATIK BURILISH NUQTASI

Bu davrda jadidlik g‘oyalari yangi bosqichga ko‘tarilgan, xalq orasida kelajak va mustaqillikka umid ayni avjiga chiqa boshlagandi. Ma’lumki, maorifparvar jadidlar xalqni uyg‘otish, unga yangi fikr va yangi zamon nafasini olib kirish uchun eng ta’sirchan qurol sifatida gazeta, jurnallar va, albatta, teatr san’atini ishga solganlar.

Hali yigirmaga to‘lmagan Shamsiddin ma’rifatparvarlik ruhida “Eskilik va yangilik” degan dastlabki pyesasini yozgan bo‘lsa-da, unga haqiqiy drama maktabi zarur edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, avval Eski shahar xalq maorif bo‘limida xodim, keyin Mannon Uyg‘ur rahbarligidagi teatr truppasida suflyor, “Mushtum” jurnali tahririyatida texnik muharrir bo‘lgan Xurshid o‘zini butunlay yangi soha – dramaturgiyada sinab ko‘ra boshladi. Kutilgan natijalarga erishgach, Andijon viloyat teatri va Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida adabiy emakdosh sifatida faoliyat yuritdi.

Xurshid domla dramaturg sifatida yigirmaga yaqin katta va kichik hajmli pyesalar yaratgan. Ayniqa, Mannon Uyg‘ur truppasi bilan hamkorlik qilgan yillarda “Yomon o‘rtoq”, “Tuganmas boylik”, “Kichik askar”, “Buyuk askar” kabi sahna asarlarini yozgan. “Jadid, qadim” va “Juvonbozlik qurboni” pyesalari uning dramaturg sifatida muayyan tajriba hosil qilganidan darak beradi. Qolaversa, u kishi “Tilak” nomidagi o‘zbek truppasining rejissyori sifatida bir qator spektakllarni sahnalashtirgan.

“Xurshid domlaning bu asarlari o‘z davrida juda katta shuhrat qozongan va Alisher Navoiy ijodini xalq orasida ommalashtirishda muhim o‘rin tutgan dramalar bo‘lgan”, – deydi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi bosh xazinaboni Abdurasul Eshonboboyev. – “Bir qiziq fakt bor: mashhur navoiyshunos olim Yoqubjon Is’hoqov (hozirda 92 yoshda) 50-yillarda Farg‘ona davlat pedagogika institutida tahsil olgani, o‘shanda talabalar “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” musiqali dramalarini ko‘rish uchun turnaqator navbat hosil qilgani, hatto bir necha hafta davomida bilet topish ham mushkul bo‘lganini juda yaxshi eslaydi… Mana sizga dramaturgning mahorati!”

Qizig‘i shundaki, bu asarlar tomoshabinlar orasida shuhrat qozonganiga qaramay, adabiy jamoatchik tomonidan tanqidiy munosabat bilan kutib olingan. Shunga qaramasdan, mazkur asarlar yillar davomida sahnadan tushmagan.

Umrini jadidlar hayoti va ijodiy merosini tadqiq etishga bag‘ishlagan fidoyi olimlarimizdan biri – Sirojiddin Ahmadning bu boradagi fikrlariga e’tibor qaratsak: “O‘zbek dramaturgiyasi o‘z vaqtida Ozarbayjon va Usmonli turk dramaturgiyasi bilan uyg‘unlikda shakllangan. Lekin bu uyg‘unlik Turkiston ijodkorlari ulardan ta’sirlangan yoki taqlid qilgan degan ma’noni anglatmaydi. Masalan, “Boy ila xizmatchi”ni olaylik, uning ildizi Ozarbayjon dramaturgiyasiga yaqin bo‘lsa ham, Hamza o‘z iste’dodi orqali maishiy dramani ijtimoiy dramaga aylantirgan. Shu nuqtayi nazardan, garchi Xurshid domlaning “Farhod va Shirin” yoki “Layli va Majnun” asarlari bevosita Navoiy dostonlaridan ilhomlangan bo‘lsa-da, pirovardida xalq hikoyalari, o‘lan va laparlari asosida shakllangan. Masalan, Amir Alisher “Farhod va Shirin”dagi bir epizodda Armanistonni tilga olsa, Xurshid domlada bu yer Mirzacho‘l sifatida talqin qilingan. Bu esa asarlarning milliy manbaga tayanganligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, mahalliy tomoshabinlar uchun asarda maqom, musiqa, xalq qo‘shiqlari va qahramonlarning armonlari, iztiroblari jamlangan bo‘lishi muhim edi. Mana shu me’yorlarga muvofiq, asar 1950-yillarda “Muqimiy” nomli musiqali drama teatrida sahnaga qo‘yilgan. Bu jarayonga To‘xtasin Jalilov kabi Yevropa va rus musiqasini yaxshi bilgan, milliy musiqa bilan uyg‘unlashtira olgan iste’dodli kompozitorlar katta hissa qo‘shgan. Masalan, “Tohir va Zuhra”dagi “Otmagay tong” ariyasi, aslida, rus musiqasi negizida yaratilgan bo‘lsa-da, hissiyot va ruhiyatga ijodiy yondashgan holda to‘liq o‘zbek musiqasiga aylantirilgan. Bu ustalik hind kompozitorlarining amaliy tajribasiga o‘xshashdir. Hammamiz yaxshi biladigan hind filmi “Sangam” (1964) dagi mashhur “Dost dost na raha” qo‘shig‘i ohang jihatdan sovet filmi “Volga-Volga” (1938)dagi asosiy kuy motivlariga juda yaqin, lekin butunlay boshqacha ifodalangan.

Shu jihatlar Xurshid domlaning asarlarini ko‘tarib turgan asosiy xususiyatlar: maqom kuylari va milliy musiqa hissiyotlari. Cho‘lponning yaqin do‘sti va shogirdlaridan biri Abdulla Alaviy “Yer yuzi” jurnalida Xurshid domlaning asarlarini chuqur tahlil qilgan, qaysi nuqtada Navoiydan ilhom olinganini va nimani o‘zlashtirganini sistematik tarzda ochib bergan. Ushbu tahlillar orqali Xurshid domlaning dramalariga zarur bahoni berish mumkin”.

Bugun mazkur asarlar yosh tadqiqotchilar nazaridan ham chetda qolmagan, albatta. Jumladan, Gulruxsor Sherjonovaning “Xurshid dramalarida an’ana va yangilanish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida domlaning yuqorida qalamga olingan sahna asarlari qatorida “Savodsiz boy”, “Temirchining o‘g‘li”, “Orif va Ma’ruf”, “Qora xotin”, “Kichik askar” kabi pyesalari, “Turkiston” tarixiy dramasi, “Qalin”, “Oybonu”, Firdavsiyning “Shohnoma”si asosida yaratilgan “Siyovush qismati” musiqali dramalari, “Kulgu va ko‘z yoshlar” musiqali komediyalari ustida ilmiy izlanishlar olib borilyapti.

MAHORATLI MUTARJIM

Ma’lumki, Xurshid domla 1920-yillarda tarjimonlik bilan ham faol shug‘ullangan. U Ozarbayjon dramaturgi Uzeir Hojibekovning “Arshin mal alan” (1913) musiqali komediyasi va boshqa mashhur asarlarini, shuningdek, Uilyam Shekspirning “Otello” tragediyasini “Qora arab” nomi bilan, Fridrix Shillerning “Qaroqchilar” fojiali dramasini (ozarbayjon tili orqali) o‘zbekchaga o‘girgan.

O‘sha yillarda Mark Tvenning “Shahzoda va tilanchi”,  noma’lum muallifning “Avvali hoy, oxiri voy” asarlarini ozarbayjon tilidan tarjima qilgani ham ma’lum.

1958-yilda Xurshidning Hofiz Sheroziydan qilgan tarjimalari kitob bo‘lib chiqqan. U ilmi badiiy, ilmi aruz, ilmi qofiyani mukammal bilgani uchun vaznni saqlab, sof o‘zbekcha ruhda tarjima qilgan.

“Bu kitobga Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot laureati Shoislom Shomuhamedov so‘z boshi yozgan, – deydi Abdurasul Eshonboboyev. – Xurshid domla mumtoz adabiyotimizning tengsiz bilimdoni edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Hofiz g‘azallarini asliyatga yaqin holda jaranglata olgan. Masalan, forsiyda bundog‘:

“Do‘sh az masjid so‘i mayxona omad piri mo,
Chist, yoroni tariqat, ba’d az in tadbiri mo.”

Endi o‘zbekchasi:

“Keldi masjiddan bu kech mayxona sori pirimiz,
Ne bo‘lur, yo‘ldoshlarim, bundan keyin tadbirimiz?”

Kechirasiz-u, hozirgi tarjimonlarimizning ishida ko‘pincha forscha jumlalar yetakchilik qiladi, fikrlash, ifoda tarzi o‘zbekcha emas.

Yoki Hofizning mashhur bayti:

“Yo Rab, in sham’i dilafro‘z zi koshonai kist?
Joni mo so‘xt, bipursed, ki jononai kist?”

O‘zbekchasi:

“Qaysi uyning sha’midir u, qaysi joyda xonasi,
O‘rtadi jonni, so‘rang, kimning erur jononasi?”

Hofiz she’riyatini o‘zbek tilida to‘liq jaranglatish uchun katta adabiy mahorat talab etiladi. Yana bir muhim jihatga diqqat qilish kerak: kitobda matnning bir tomoni forscha asl shaklda berilgan bo‘lib, u Abdulqodir Murodiy domlaning dastxatlari va xatlari asosida husnixat bilan ko‘chirilgan, yonida esa o‘zbekcha tarjimasi joylashtirilgan. Bu esa o‘sha davr adabiy-ilmiy an’anasi bilan uzviy bog‘liq holatdir.

OTA IZINI QIZ BOSDI

Xurshid domla 1949–1960-yillarda Til va adabiyot instituti qoshidagi Adabiyot muzeyida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. Bu davrda u o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari Munis Xorazmiyning g‘azallari, Muhammad Rizo Ogahiyning “Ta’vizu-l-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devonini, Durbekning “Yusuf va Zulayho”sini nashrga tayyorlagan. 

Taqdirni qarangki, domlaning qizi – Rahima Sharafiddinova 1962-yildan beri O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida faoliyat yuritib, otasining shaxsiy arxivini saqlash, tadqiq qilish va nashr etish bilan shug‘ullanmoqda. Yaqinda Otabek Jo‘raboyev bilan hamkorlikda “Ta’vizu-l-oshiqin” asarini qayta nashrga tayyorladi. Aytish mumkinki, bu tanqidiy matn asosida ishlangan mukammal nashr bo‘lgan.

Kamina qulingiz ushbu muxtasar matnning ba’zi joylarini Rahima ayaning bevosita guvohligi va yordamiga tayanib yozdi. Gohida mayin va hazin ovoz bilan padari buzrukvorining muborak qalamidan to‘kilgan satrlar ila “Chorgoh”, “Giryon”, “Bayot”, “Ushshoq”, “Segoh”, “Dugoh”, “Suvora” kabi kuylarga solarak aytilgan qo‘shiqlarni qo‘yib berishimni so‘radi. Zumda so‘ralgan ohangni topib beraman-u, bu haqir borlig‘imga xo‘p afsus yeyman… Sababi, qo‘shiqning ilk nag‘malaridanoq ayaning dardnok ko‘zlarida yiltir-yiltir yoshlar aylana boshlaydi. Kuy avjida yig‘i ham qiyomiga yetib qoladi. Qo‘sha-qo‘sha nevara, chevarali ayol beixtiyor otali damlarini xotirlay boshlaydi: “Har yili kuzda toklarni ko‘mardik. Otam rahmatli chilvir yasab, beliga bog‘lab olgancha navdalarni ehtiyotkorlik bilan ko‘tarardi. Radioda yangrayotgan qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, ishga berilib ketganidan yon-atrofida qiy-chuvlashib yurganimizni sezmay qolardi. Otam hech qachon bizga qattiq gapirmasdi. Hatto ayvonda ijod qilib o‘tirganlarida bo‘yinlariga osilsak ham, qog‘ozlarini olib o‘ynasak ham indamay jilmayib qo‘yardi. Ayniqsa, qishda tancha ustiga Navoiy bobomizning “Xazoyin ul-maoniy” kitoblarini qo‘yib rosa qiroat bilan o‘qirdilar. Biz – bir uy bola-baqra to‘polon qilganimizda onam rahmatli otamga qarab: “Indamasdan ishlaysiz-a, hay desangiz bo‘lmaydimi?” deb kuyinardi.  Otam esa mayin jilmayib: “Qo‘yaver, shularni ovozini eshitib tursam, menga ilhom keladi”,  derdilar… O‘sha paytlarga qaytgim keladi. Sog‘inaman otamni…”

Radio: “Qo‘yma meni yig‘latib”. Sayyora Haqnazarova va Muhammadjon Karimovlar ijro etadi.

“Shukriy, yiqilmoq istasa garduni falak,
Ohim sharorasidan aylangiz anga sutun”.

XULOSA QILIB AYTGANDA…

Aziz mushtariy, yo‘q demasangiz, xulosani Sizga qoldirsak…

Shahriyor SHAVKAT tayyorladi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599