Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.04.2026 | 11:24

img368

TILNI ASRASH, O‘RGATISH ─ BURCH, HIMOYA ESA MAS’ULIYATDIR

Tomirlarimda tojik qoni oqsa-da, kindik qonim shu muqaddas o‘zbek zaminiga to‘kilgan. Yetti pushtim, ota-bobolarim shu tuproqning suvini ichib, shu havodan nafas olib unib-o‘sgan. Men uchun o‘zbek tili shunchaki yashab turgan davlatimning tili emas, balki qalbimning tug‘yonini, o‘zligimni ifoda etuvchi ikkinchi ona tilim – ma’rifat tilidir. Kezi kelganda o‘zbek tilining taqdiri va kelajagi haqida qayg‘urish men uchun ham farzandlik burchi, ham vijdon amridir.

Til tarbiyasi shunchaki grammatikani o‘rganish emas, u ong va tafakkur vositasi sifatida yosh avlodning dunyoqarashini qay darajada shakllanishida, jamiyatda o‘z o‘rnini belgilab beruvchi eng qudratli mezon hisoblanadi.

“Dunyoda turmoq uchun…”

Bir asrdan ko‘proq davom etgan qaramlik siyosati bevosita millatning ruhi bo‘lgan tilni yo‘q qilishga, uni ikkinchi darajali qilib qo‘yishga qaratilgan edi. O‘z xalqini g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga chog‘langan jadid bobolarimiz til masalasini shunchaki adabiyot emas, balki millatning hayot-mamot dardi darajasiga olib chiqdilar.

Turkiston jadidchiligining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy “Ikki emas, to‘rt til lozim” deya ta’kidlaganida, boshqa tillarni ona tilining o‘rniga emas, balki milliy tilning himoyasi va jahon ilmini o‘zlashtirish uchun o‘rganishni maqsad qilgan edi. Abdulla Qodiriy esa, shunday yozadi: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al.” Adibning ushbu fikri aslida asrlar qa’ridan, xususan, hazrat Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asaridan ildiz oladi. Navoiy o‘zbek (turkiy) tilining boyligini isbotlar ekan, birgina tabiatdagi holatlarni qanchalik aniq ifoda eta olishini misol qilib:

Qushlarning ovoziga nisbatan: shunchaki “sayramoq” emas, balki chug‘urlamoq, xonish qilmoq, sayqallamoq, pitirlamoq.

Suvning harakatiga nisbatan: shildiramoq, jildiramoq, pishqirmoq, mavjlanmoq, sharqiramoq, hayqirmoq kabi sinonimlarni keltirgan.

Abdurauf Fitrat butun qalb isyoni bilan “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va maorif lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur,” deya ilmlarni xalqqa o‘z ona tilida yetkazish zaruratini uqtirdi.

Taassufki, bu yo‘lda qanchadan qancha ziyolilar qatag‘on qilindi, qonlari to‘kildi. Ular yaratgan asarlar bugun millat mayog‘i sifatida qo‘limizda va qalbimizda. Biroq istibdod tuzumining maqsadi faqatgina qalam ahlini jismonan yo‘q qilish bilan cheklanmadi, balki millatning chinakam ruhi bo‘lmish ona tilimizni ham ildizi bilan qo‘porib tashlashga qaratildi. Kitoblar yoqilib, minbarlar tortib olingan o‘sha og‘ir yillarda bu muqaddas merosni asrab qolishdek ulug‘ mas’uliyat jim, ammo mardona kurashgan xalqimizning zimmasiga tushdi. Til rasmiy hayotdan chetlashtirilganda, onalarimiz uni eng xavfsiz maskanda — oila bag‘rida asrab qoldilar va kelajak avlodlarning ongi yemirilishidan saqlab qoldilar.

Tilimiz chegarasi-olamimiz chegarasidir

Biroq kurash hali tugagan emas, u bugun avvalgidan-da xatarliroq tus oldi. Shiddatli globallashuv davrida tilimizni asrash — nafaqat hurmat, balki butun jamiyatning ma’naviyatini himoya qilish demakdir. Tarixda tilimizni jismonan yo‘q qilishga urinishgan bo‘lsa, bugungi axborot makonida u “qulaylik” va “zamonaviylik” niqobi ostida ich-ichidan yemirilib bormoqda.

O‘zbek adabiyotining yirik vakili Erkin Vohidov shunday yozgan edi: “O‘z tilida go‘zal va tushunarli so‘zlar turib, o‘zga tilning xunuk va nomunosib so‘zlarini ishlatish — ma’naviy qashshoqlikdan boshqa narsa emas.”

Haqiqatan ham, “tushunarli”, “xo‘p”, “kelishdik” kabi ma’nodor so‘zlarimiz o‘rniga sovuqqon “OK” belgisini ishlatish, kundalik muloqotda o‘rnli-o‘rinsiz xorijiy atamalarni qistirish tafakkurimizning qashshoqlashuvidir. Masalan, bugungi virtual muloqotda yoshlarimiz o‘zining ruhiy holati, quvonchi yoki hayratini ifodalash uchun tilimizdagi o‘nlab jozibador so‘zlar (ajoyib, betakror, maftunkor, hayratlanarli) turganda, bitta yasama “daxshat”, “vau” yoki “klass” kabi so‘zlarni qo‘llashga odatlanib qolishdi.

Taniqli tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov uqtirganidek, bugun yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardagi til buzilishlari shunchaki savodsizlik emas, balki tafakkurning sayozligidan. Avstriyalik mashhur faylasuf va mantiqshunos Lyudvig Vitgenshteyn: “Mening tilimning chegaralari – mening olamimning chegaralaridir”, deb yozgan edi.

Demak, yoshlarimizning lug‘at boyligi qanchalik qisqarib, aralash-quralash jargonlar hisobiga torayib borsa, ularning dunyoqarashi, olamni anglash miqyosi va tahlil qilish qobiliyati ham xuddi shu hajmda bo‘ladi. O‘z his-tuyg‘ularini onasiga yoki do‘stiga to‘liq, chiroyli so‘zlar bilan tushuntirib bera olmagan, ichki kechinmalarini ifodalashga lug‘ati yetmagan avlod osonlikcha tushkunlikka tushadi va begona, buzg‘unchi axborotlar ta’siriga tez beriluvchan bo‘lib qoladi. Ya’ni, tilning yemirilishi bevosita yoshlardagi raqamli immunitetning parchalanishiga olib keladi.

Keng fikrlash uchun, avvalo, keng va boy til maydoni kerak. Tasavvur qiling, faqat qora va oq ranglarni biladigan musavvir hech qachon bahorning tarovatini chizib bera olmaydi. Xuddi shuningdek, so‘z boyligi toraygan inson ham murakkab muammolarga yechim topa olmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni axborot xurujlari va ma’naviy eroziyadan asrab qolish nafaqat tilshunoslarning, balki butun jamiyatning hayot-mamot masalasiga aylanmog‘i lozim. Bu yo‘nalishda faqatgina muammoni dardi hol etish bilan chegaralanmaslik, balki yechimlar uchun aniq va qat’iy qadamlar tashlash vaqti kelgan.

Huquqiy va amaliy maqom yanada mustahkamlanmoqda

Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan muhim qarorlar, xususan, davlatimiz rahbarining PQ-308-sonli qarori aynan tilning jamiyatdagi mavqeini tiklash va uni zamon bilan hamnafas qilishga qaratilgan dadil qadamdir. Biz tilni faqat ko‘cha-kuyda muloqot qilish vositasi darajasida qoldirmay, qat’iy iroda bilan uni chinakam ilm-fan va ta’lim tili sifatida yuksaltirishimiz shart. Mazkur tarixiy hujjat bu borada ikki muhim strategik maqsadni – ilmiy-ma’muriy nufuzni oshirish hamda milliy axborot xavfsizligini ta’minlashni o‘zida muvaffaqiyatli birlashtiradi.

Bir tomondan, barcha davlat idoralarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi hamda o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalarning qo‘llab-quvvatlanishi tilimizning davlat boshqaruvi va ilm-fan maydonidagi huquqiy, amaliy maqomini mustahkamlaydi.

Ikkinchi va o‘ta dolzarb tomondan esa, qarorda yosh avlod, xususan, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolajonlar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” kabi qo‘llanmalar hamda o‘zbek tilidagi sifatli zamonaviy animatsion mahsulotlar yaratish vazifasi belgilangani bugungi globallashuv va axborot xurujlari davrida katta ahamiyatga ega. Bolaning kognitiv va psixolingvistik rivojlanishi eng faol kechadigan davrda unga ona tilidagi sog‘lom va jozibador kontentning taqdim etilishi —shunchaki til o‘rgatish jarayoni emas. Bu orqali biz yoshlarimiz ongida turli yot g‘oyalar va buzg‘unchi axborotlarga qarshi mustahkam “raqamli immunitet”ni shakllantiramiz.

Aynan shunday kompleks yondashuv orqaligina biz o‘zbek tilini ham zamonaviy ilmiy tafakkur quroliga, ham kelajak avlod ongini asrovchi mustahkam ma’naviy qalqonga aylantira olamiz.

Eng muhimi, biz raqamli asr tahdidlaridan qochib qutula olmaymiz, aksincha, tilimizni aynan shu texnologiyalar bilan qurollantirishimiz kerak. Davlat qarorlarida alohida ta’kidlanganidek, ona tilimizni zamonaviy axborot texnologiyalari, kommunikatsiyalar va ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlariga faol integratsiya qilishgina uni bugungi global raqobatda saqlab qoladi. Internetda sof o‘zbek tilidagi sifatli kontentlarni ko‘paytirish, tilimizni xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va boy lug‘at zaxiramizni asrab qolish — bu bugungi kunning zamonaviy qahramonligidir.

Shu bilan birga, bu qutlug‘ zaminda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun davlat tilini o‘rganishda qulay sharoitlar yaratilishi hammamizni yagona maqsad yo‘lida yanada jipslashtiradi.

“Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi va g‘ururidir”

 Biz bugun shuni anglab yetishimiz kerakki, tilni asrash shunchaki imlo xatolarini to‘g‘rilash degani emas. Misli ko‘rilmagan axborot urushlari, dunyoqarashlar to‘qnashuvi qizg‘in pallaga kirgan murakkab sharoitda ona tili har qanday jamiyat uchun eng kuchli ma’naviy immunitet va axborot filtridir.

Ayniqsa, farzandlarimiz — hali ongi to‘la shakllanib ulgurmagan yosh avlod bugun har qachongidan ham himoyasizroq. Bobolarimiz ongiga turli shubhali media mahsulotlari kirib kelayotgan bir paytda, ularga o‘zligini, o‘z ohangini tanitish ota-ona sifatidagi eng muhim burchimizdir.

Ikki daryo tutashgan manzilda qanday sokin va qudratli oqim hosil bo‘lsa, aslan tojik bo‘lib, o‘zbek tilini ona tilidek qalbida uyg‘unlashtirgan insonning ham tafakkur sarhadlari shunchalik kengayadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi va g‘ururidir”.

Haqiqatan ham, ruhsiz tana yashay olmaganidek, o‘zligidan uzilgan xalqning kelajagi bo‘lmaydi. Biz dunyo ilmini o‘zlashtirishda davom etamiz, xorijiy tillarni o‘rganamiz, biroq bu o‘zligimizdan kechish hisobiga emas, balki ana shu muqaddas ildizimizni yanada mustahkamlash orqali amalga oshmog‘i shart. Bugungi global maqsadimiz – boy va qadimiy tilimizni zamon bilan hamnafas qilish, globallashuv to‘lqinlari orasida o‘sib kelayotgan yosh avlodning sof milliy ruhiyatini asrashdir.

Shohista YUNUSALIEVA
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img103

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img139