09.05.2024 | 19:36
675
VATANPARVAR AVLOD. Uni qanday tarbiyalaymiz?
Hozir yer yuzida kuchli mafkuraviy ziddiyatlar va madaniyatlararo to‘qnashuvlar yuz berayotgani hech kimga sir emas. Globallashuv davrida deyarli barcha mamlakatlar mafkuraviy, ijtimoiy tahdidlar bosimini his qilmoqda. Bugungi kun voqeligi kelajakda insoniyat duch kelishi mumkin bo‘lgan murakkab ijtimoiy va mafkuraviy muammolarning debochasi bo‘lishi mumkinligi tobora ayon bo‘lib bormoqda.

Shunday murakkab sharoitda mafkuraviy va g‘oyaviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlash voyaga yetayotgan yosh avlod vakillarining ertaga barqaror va xavfsiz jamiyatda yashashining eng muhim kafolati bo‘lib qolmoqda. Albatta, bu muhim masala avvalo, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilishiga bog‘liq. Ayniqsa, har tomonlama yetuk, vatanparvar yoshlarni kamolga yetkazishga jiddiy e’tibor qaratish barqaror kelajakni ta’minlashning muhim shartlaridan hisoblanadi. Mashhur yunon faylasufi Aristotelning “Mamlakat taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi” degan so‘zlari zamirida katta ma’no mujassam. Shu bois qadimgi davrlardayoq taniqli mutafakkirlar vatanparvarlik tarbiyasiga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar bitishgan. Yurtimiz tarixiga nazar solsak, donishmand ajdodlarimiz ham Vatan va xalq taqdiri uchun qayg‘urib, bu yo‘lda ibrat va fidoyilik namunasini ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Ma’naviy-axloqiy tarbiyani o‘zlariga mayoq deb bilgan ajdodlarimiz o‘zlarining ilmiy-ma’rifiy asarlarida Vatanni sevish, ota-onaga ehtirom ko‘rsatish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash kabi g‘oyalarni ilgari surishgan. Shu bois bugun vatanparvarlik tarbiyasida ularning merosiga e’tibor qaratilsa, har jihatdan o‘rinli bo‘ladi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bot-bot yoshlarni ilmni qadrlash va unga intilishga da’vat qilayotgani ham bejiz emas. Davlatimiz rahbarining “…o‘qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda”, degan so‘zlari ham ayni paytda ta’limning ahamiyati qay darajada yuqori ekanidan dalolat beradi. Jahondagi ilg‘or jamiyatlar tajribasiga nazar solinsa, ular birinchi navbatda ta’lim va tarbiyani yuksaltirish orqali barqarorlik va taraqqiyotga erishgani ayon bo‘ladi. Bugun insoniyatni o‘ylantirayotgan siyosiy, ijtimoiy va mafkuraviy tahdidlarning ko‘lami va ta’sir doirasi hudud va millat tanlamasligi bilan ajralib turadi. Mazkur xavf-xatarlar birinchi galda yoshlarni o‘z girdobiga tortayotgani, ayniqsa, tashvishlidir. Bunday vaziyatda yoshlarning axloqiy tarbiyasini o‘nglash orqali ma’naviy tanazzulning oldini olish mumkin.
Taniqli fransuz mutafakkiri Jan Jak Russo “Saxovatning eng buyugi – Vatanga bo‘lgan muhabbatdir”, degan edi. Vatanni chin dildan sevish, uning buyukligini to‘liq idrok etish uchun inson ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lishi lozim. Aynan shuning uchun ham yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Hamma gap ushbu hayotiy tamoyilning tizimli ravishda amalga oshirilishiga bog‘liq. Bu ishlar milliy o‘zligimizga tayangan holda, O‘zbekistonda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar hamda jahondagi ilg‘or tajribalar bilan uyg‘un ravishda olib borilsa, natijasi yaxshi bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, bugungi yoshlar ta’lim va axborot olishning eng zamonaviy imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Biroq tanganing orqa tomoni bo‘lganidek, bunday sharoitda ularning turli xil begona g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi ehtimoli yuqori ekanini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Chunki bunday zararli tushunchalar global axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali ommaviy ongga kuchli axboriy va ruhiy bosim o‘tkazmoqda. Bu sharoitda farzandlarimizda turli manbalar orqali uzatilayotgan axborotlarning asl mohiyatini anglash va tegishli xulosalar chiqarish ko‘nikmasini shakllantirish birlamchi vazifa hisoblanadi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizini bolalar va 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil qiladi. Albatta, bu juda katta kuch. Xususan, ularning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga adekvat munosabatini shakllantirish juda muhim. Yaqinda hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlar o‘rtasida yurtga muhabbat, millat manfaatlarini himoya qilish, ma’naviy dunyoqarash, zamonaviy ta’lim-tarbiya, xorijda o‘qish, ishlash va yashash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar bu boradagi mavjud holat haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, ko‘pchilik yoshlar mamlakatimizda yashab, o‘z maqsadlariga erishishning ijobiy va muammoli jihatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda, xorijga chiqishning afzalliklarini ham bayon qilishgan. Aniqroq aytganda, ularning aksariyatida ma’naviy kamolot va vatanparvarlik tuyg‘ulari yetarlicha shakllanmagan. Bunday yigit-qizlarning o‘zga xalqlarning hayot tarziga havas qilishi, chet davlatlardagi real vaziyatdan bexabarligi, milliy g‘urur, azaliy an’ana va qadriyatlarimiz haqidagi tasavvuri ancha yuzaki ekani ayon bo‘ldi. Katta hayotga kirib kelayotgan ba’zi yoshlarning dunyoqarashida “ommaviy madaniyat” va ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri yaqqol seziladi. Moddiyatni ma’naviyatdan ustun qo‘yish holati ham jiddiy muammo hisoblanadi. Chunki bu hol ta’lim va tarbiyaning samaradorligiga, millat va jamiyatning uzviy rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Ertangi kunimiz egalarining ongi va qalbida sog‘lom ma’naviy dunyoqarashni shakllantirmasdan turib, mutaraqqiy jamiyat barpo etish imkonsizdir. Demak, bugun yoshlarni ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash barchaning – davlat, millat, jamiyat, mahallaning umumiy vazifasiga aylanmog‘i kerak. Shu orqali ularda yurtimiz ravnaqi, xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash borasida shaxsiy mas’uliyat hissini shakllantirish lozim. Bu jarayonda yigit-qizlarimizning O‘zbekiston rivojiga xizmat qiladigan g‘oya va tashabbuslari, innovatsion yondashuvlari hamda takliflariga e’tibor qaratib, ularni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati beqiyos. Avvalo, yoshlarni vatanparvar insonlar sifatida kamol toptirish, ularda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, milliy g‘urur, xalq manfaatlarini himoya qilish tuyg‘ularini kuchaytirishni umummilliy harakatga aylantirish lozim. Umumta’lim muassasalari va ma’naviyat maskanlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona huquqiy baza yaratish zarur. Shuningdek, yoshlarni ana shunday ruhda tarbiyalashga mas’ul bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlash va ularning doimiy malakasini oshirib borish imkonini beradigan samarali tizim yaratish kerak. Ta’lim muassasalari, ma’naviyat markazlari, davlat va jamoat tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini zamonaviy talab va standartlar asosida shakllantirishning ham ahamiyati beqiyos. O‘z navbatida, vatanparvarlik tarbiyasiga oid innovatsion yondashuvlar, ilg‘or o‘quv-uslubiy qo‘llanma va ishlanmalar, adabiyotlar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan targ‘ibot materiallari, doimiy yangilab boriladigan internet kontentlarini yaratishga ham jiddiy ahamiyat qaratilishi zarur. Zamonaviy media maydonida azaliy qadriyatlarimiz, ilmiy-ma’rifiy merosimiz namunalari hamda milliy ma’naviyatimiz yutuqlarini keng yoritib borish ham ijobiy natijalar berishi, shubhasiz. Yoshlarda mustaqil fikrlash, mas’uliyat, bag‘rikenglik, tadbirkorlik, barcha sohalarda innovatsion yondashuvga intilish, mehnatsevarlik singari ko‘nikmalarni shakllantirishning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish haqida ham jiddiy bosh qotirish lozim. Ular ongida yurtimizda kechayotgan islohotlarga daxldorlik, davlat ramzlari, buyuk tarixiy shaxslar va zamon qahramoni kabi ijtimoiy atributlarga nisbatan yuksak ehtirom hissini shakllantirish ham vatanparvarlik tarbiyasining eng muhim jihatlari sirasiga kiradi. Shuningdek, xotin-qizlar, uyushmagan yoshlar, xorijdagi vatandoshlar, iqtidorli yigit-qizlar bilan ishlashda eng ta’sirchan, samarali usullardan unumli foydalanish joiz. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish davlat va jamiyat barqarorligi va milliy xavfsizlikning muhim shartlaridan hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, kindik qoni tomgan muqaddas zaminni chin dildan sevadigan, har qanday vaziyatda ham uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga tayyor bo‘lgan avlodni voyaga yetkazish barchamizdan juda katta mas’uliyat va safarbarlikni taqozo qiladi. Bunday vazifalarni amalga oshirish orqali bilimdon va shijoatli avlodni tarbiyalash mumkin, kelgusida ularning innovatsion g‘oyalarini davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalariga joriy qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida chet davlatlardagi tegishli muassasa va uyushmalar, xalqaro aql markazlari bilan hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish ham yaxshi samara berishi shubhasiz. Atoqli ma’rifatparvar alloma Abdurauf Fitratning “Bu dunyo – kurash maydonidir. Bu kurashning quroli sog‘lom jism-u tan, o‘tkir aql va yaxshi xulqdir”, degan ibratli so‘zlari bugungi kun voqeligiga ham to‘liq mos keladi. Ayni vaqtda Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun chuqur bilim va malakaga ega, axloqan yetuk yoshlarga ehtiyoj juda yuqori. Zotan, yoshlikni shiddat bilan oqayotgan tizginsiz daryoga qiyoslash mumkin. U o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, o‘zanidan toshib chiqib, atrof-javonibni vayron qilishi, agar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, borgan joyini obod etib, bog‘-u bo‘stonga aylantirishi mumkin. Shu ma’noda, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar sohibi bo‘lgan chinakam vatanparvar yoshlarni kamol toptirishning ahamiyati beqiyosdir.
Sarvarjon GʻAFUROV, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



