10.04.2024 | 21:26
757
VATANPARVARLIK MAVZUSI QANI?

Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishda televideniye, radio va ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Ayniqsa, telekanallar bu borada alohida o‘rin tutadi. Biroq bugun telekanallarimizda vatanparvarlik mavzusiga yetarli darajada murojaat qilinmoqdami? Bu borada ahvol qanday? Shu savollarga javob topish maqsadida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti xodimlari tomonidan o‘zbek telekanallarining Vatan himoyachilari kunidagi dasturlari o‘rganildi. Afsuski, natijalar qoniqarli emas.
“Zo‘r TV” telekanalining bir kunlik dasturlari ro‘yxati 10-12 tani (musiqiy dastur, kino, telenovella, informatsion va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar) tashkil etadi. Xususan, 13-yanvar kuni quyidagi ko‘rsatuvlar efirga berilgan: “Ertalabdan salom”, “Bu kun” (informatsion dastur), “Oshxona qirollari”, “Zinama-zina”, “Nasriddinning choponi”, “Yor-yor”, “Uzlywood” hamda taniqli xonanda O‘lmas Olloberganovning konsert dasturi. Shu kuni to‘rtta badiiy film namoyish etilgan.“Uzlywood” ko‘rsatuvining taqdim etilgan soni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayramona son ekan. Ko‘rsatuv musiqiy-ko‘ngilochar yo‘nalishda bo‘lgani uchun harbiy san’atkorlar ishtirok etishdi. Ko‘rsatuvning nomini ham o‘zbekcha atasa bo‘lardi. Tilimizda qanday go‘zal so‘zlar bor, gibrid nom topishga hech qanday zarurat yo‘q edi, bizningcha. Telekanalda ushbu sanada namoyish etilgan filmlar ham bayramga mos – vatanparvalik ruhidagi filmlar.
Telekanalda har kuni “Saboq” nomli turkum telenovellalar namoyish etiladi. Ushbu telenovellalar telekanalning Yutub kanaliga “Ersiz qolgan opa”, “Qayniukam tegajog‘liq qildi”, “Rossiyada aldanganlar”, “San’atga qarshi ota-ona”, “Qaytib ketgan sovchilar”, “Dushmanlik qilgan dugona”, “Ochko‘z pochcha”, “Bolalarni o‘ldirgan ota” kabi nomlar bilan joylangan bo‘lib, ko‘proq shov-shuvga urg‘u berilgani bilinib turibdi. Biz bunda ijodkorlarni ayblamaymiz, chunki xususiy telekanal aynan shu “ko‘rishlar” soni evaziga ishlaydi. Biroq telenovella ijodkorlari hayot mantig‘idan, millat ma’naviyatidan uzoqlashmagan holda tomoshabinning vaqtini o‘ldiradigan emas, uning vaqtini mazmunli qiladigan mavzularni ko‘tarib chiqishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
“Sevimli” telekanalining bir kunlik dasturlari ro‘yxati 8-10 ta (musiqiy dastur, kino, telenovella, informatsion va ko‘ngilochar) ko‘rsatuvlarni tashkil etadi. 13-14-yanvar kunlaridagi dasturlarda vatanparvarlik ruhi unchalik sezilmadi. Telekanal dasturlari davlat tiliga hurmat, ma’naviyat, tarbiya, axloq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘yintirilishi maqsadga muvofiq. Telekanal dasturidan bir kunda kamida 5 ta badiiy va multiplikatsion filmlar namoyishi o‘rin olgan.
Telekanal ijodkorlari biror-bir ko‘rsatuvni tayyorlayotganda o‘z missiyasini unutib qo‘ymasligi lozim. Zotan, millatning ma’naviy qadriyatlarini hurmat qilish, tomoshabinga har tomonlama foydali telemahsulot tayyorlash bugungi media vakillarining jamiyat oldidagi burchi hisoblanadi.
Nomidayoq o‘z konsepsiyasini tomoshabinga eslatib turadigan “Milliy” telekanalida ko‘rsatuvlar soni biroz kam, asosan filmlar va seriallar efir vaqtini egallagan. 13-yanvar kuni “Bunchalar zo‘rsan”, “Oshga marhamat”, “Otalar so‘zi”, “Millar postda”, “Hindi shou”, “O‘tkir tergov” kabi teleko‘rsatuvlar namoyish etilgan bo‘lsa, 14-yanvar kuni “Bunchalar zo‘rsan”, “O‘tkir tergov”, “Oshga marhamat”, “O‘zbekning so‘zi qiziq”, “M-kokteyl”, “Baxtlimiz”, “Ikkalamiz”, “Gulkaram” kabi ko‘rsatuvlar telekanalning kunlik dasturidan o‘rin olgan. Dasturlarda Vatan himoyachilari kunining shukuhi sezilmadi.
Telekanal dasturidan “Otalar so‘zi”, “Iqror”, “Alhazar” kabi turkum telenovellalar o‘rin olgan bo‘lib, “Otalar so‘zi”da nisbatan toshi og‘irroq mavzular olib chiqiladi. “Iqror”da esa biroz maishiy-ijtimoiy, bo‘rttirilgan, hayot mantig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan mavzular yetakchilik qiladi.
Afsuski, “Milliy” telekanali ham o‘z nomiga yarasha to‘laligicha milliy emas. Ona tiliga hurmat, ma’naviy qadriyatlar, tarbiya, axloq va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga hissa qo‘shadigan biror ko‘rsatuvni alohida e’tirof etish mushkul.
“Kinoteatr” telekanalining bayram kunlaridagi dasturlarini ko‘rish davomida ba’zi mulohazalar tug‘ildi. Ikki kunlik dasturlar davomida vatanparvarlik, yurt himoyasi, tinchlikni asrash kabi mavzulardagi kinofilmlar deyarli efir yuzini ko‘rmadi. Faqat 14-yanvar kuni “Sizga maktub” nomli vatanparvarlik ruhidagi milliy film efirga uzatildi. Lekin shu birgina film ham tonggi soat 06.20 da namoyish etildi. Yurtimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Vatan himoyachilari kunida vatanparvarlik haqida birgina milliy filmning aksariyat yurtdoshlarimiz uyquda payti efirga berilishini qanday tushunish mumkin. 14-yanvar kuni “Renessans TV” tomonidan “101-reys”, “Tubanlik”, “Dasturxon TV” tomonidan esa “Tinchlik ortida”, “Vatan ostonasi”, “Afv”, “Baron” kabi vatan himoyasi mavzusidagi milliy filmlarimiz tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Nodavlat kanallar vatanparvarlik mavzusiga shunchalik e’tibor qaratayotgan bir paytda davlat kanali bo‘lgan “Kinoteatr”ning bu borada sustkashligi tushunarsiz holat.
Ikki soat uzluksiz efirga uzatilgan taqinchoqlar reklamasi – “Zargarshop” dasturidan zerikkan tomoshabinga reklama tugashi bilan yana soatlab davom etadigan hind kinosi o‘rniga vatan himoyachilari haqidagi birorta film namoyish qilinsa, adolatdan bo‘lar edi. Lekin bunday bo‘lmadi.
Albatta, bugun xorij kinosiga tomoshabinlar orasida qiziqish katta ekani bor gap. Ular ko‘proq auditoriyani o‘ziga jalb qila oladi. Lekin bayram munosabati bilan milliy bo‘lmasa-da, jahon kinosining vatanparvarlik, vatan himoyasi haqidagi tan olingan mashhur filmlarini ham namoyish etish mumkin edi. Misol uchun, amerikalik mashhur aktyor Mel Gibson ijrosidagi “Sheryurak”, “Vatanparvar” kinofilmlari qaysi millat vakili bo‘lsin, insonda vatanga bo‘lgan hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ularini alanga oldira oladi.
Dam olish kunlari bolalar ertalabdan “Bolajon” yoki “Aqlvoy” telekanallarini tomosha qiladi. Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan dasturlar efirga uzatiladi deb, biz ham ularga hamroh bo‘ldik.
“Men harbiy bo‘laman” deb nomlangan 10 daqiqali harbiylar mashg‘ulotiga bag‘ishlangan dastur efirga uzatildi. Shu orada, boshqa dasturga o‘tish chog‘ida Galavit, Fluimutsil dori vositalari, dudlangan go‘sht mahsulotlari-yu, har besh daqiqada 3 martadan takrorlanadigan “ZIZI” saqich reklamalari bolalar jo‘rligida ketma-ket jaranglayverdi.
“Aqlvoy” kanali ijodkorlari “Oh, bu bolakaylar”, “Teo va Leo”, “Ajabtovur kashfiyot” hamda “Fiksiklar” kabi multiklardan nariga o‘tmaganini ko‘rib o‘ylanib qoldim. O‘zbekistonda yilda bir marotaba bo‘ladigan bayramda bolalarda vatanga muhabbatni tuyg‘usini uyg‘otishga qaratiladigan dasturlarni ko‘rganimizda shu vatanda istiqomat qiluvchi oddiy tomoshabin sifatida bolalarning “Malika Emma”dan ko‘ra mard To‘maris yoki Oybarchin haqida ma’lumotga ega bo‘lishi hamda tasavvuri shakllanishi ma’qul emasmi, deb o‘ylab qoldik. Chunki bolalarimiz televizor tomosha qilganida ana “Shrek” deyishini emas, balki mana bu “Shiroq” deyishini istardik. Bu bolalar ma’naviy xavfsizligi uchun juda muhim omildir.
E’tiborimizni “Kunfu jangchisi” multfilmi tortdi. Sababi, ushbu multfilmda xitoy jang san’ati, madaniyati, milliy qadriyatlari, obidalari aks ettirilgan bo‘lib, ular bolalarimda xitoy madaniyati haqida tasavvurlarni shakllantirayotganiga guvoh bo‘ldim. Shu multiklarga o‘xshab bizning ham farzandimiz o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatani, milliy o‘zligi, milliy qadriyatlari va madaniyati to‘g‘risida ma’lumotlar va taassurotlar bilan kamol topishini istardik. Bu O‘zbekistonning ertangi kuni uchun hayot-mamot masalasidir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, biz hozirdan bolalar qalbida ona-Vatanga muhabbat, Vatan oldidagi burch, mas’uliyat va sadoqat tuyg‘usini tarbiyalashni bir qarashda oddiy tuyulgan narsalardan boshlashimiz lozim. Bejiz Vatan onaga qiyoslanmaydi. Bizning Vatanda qanchalik haqqimiz bo‘lsa, Vatanning ham bizda shunchalik haqqi borligini bolalar qalbiga joylash shartligini unutishga, bir zum ham xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q. Shunday ekan, oynai jahon orqali nima berayotganimizga e’tiborsiz va loqayd qarash ertangi kunimizni boy berish bilan barobardir.
Avazbek SHERMATOV,
Nigora HUSANOVA,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



