22.08.2024 | 12:35
298
“YIGʻI BILAN KULMAK ORASIDA…”
Abdulla Qodiriy “tuz haqini ado etmoqni” lozim bilgan Rizo kim edi?
Ushbu iqtibosdan uzindini o‘zbek jadidlik maktabining yirik namoyandasi Abdulla Qodiriyning “Jasorat – ayb emas!” sarlavhali maqolasidan keltirdik. Adibning ushbu maqolasi “Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 1-iyuldagi 191-sonida chop qilingan. Adib maqolaga Julqunboy deb imzo chekkan.

Maqolaga “o‘q tomir” bo‘lgan mavzu – matbuotda so‘z erkinligi. Jadid adib so‘z erkinligini jasoratga mengzar ekan, ayni paytda vaqtli matbuot chiqishlarida shu erkinlik suiiste’mol qilinayotgani, bir-birovga tosh otishlar, vaziyat-u mohiyatni baholashda yo‘l qo‘yilayotgan xatogarchiliklardan achinadi, ammo buni vaqtinchalik tajribasizlik sifatida ko‘rib, ayb hisoblamaydi:
“Hali jahli murakkabga (mutloq nodonlik) qolg‘unimizcha yo‘q. Lekin shunisi bor: Arabiyning ko‘rgan tushlariga, olam misoliga (ya’ni olamning yaratilishi) ishonmak majburiyati bizda yo‘q. Bu ersa nomashru’ (shariatga xilof) bir jasorat bo‘lg‘ani kabi buning bilan bizni hech kimsa ayblay olmas. Yig‘i bilan kulmak orasida mutaraddid (ikkilanmoq) qolmoqning aslo luzumi yo‘q!”
Qodiriy hazratlari o‘sha davr vaqtli matbuotidagi bu tajribasizliklarni alam bilan qayd etarkan o‘zlariga ibrat bo‘ladigan zotlarni sanab o‘tadi:
“Muso Jorulloh, Rizo va Rashid qozilarning ham Ismoilbeklarning qadrlarini, tuz haqlarini lozimicha bilmagan Sharq yigiti ichimizda turmasun demoqchi bo‘laman. Ularning xizmatlarini taqdir etmaguchi majnundir, boshqa emasdir”. (Bu o‘rinda “majnun” so‘zi “aqlsiz” ma’nosida kelgan).
Qarangki, Qodiriy hazratlari jadidlar otasi Ismoil Gʻaspralidan oldin Rizo va Rashid qorilar nomlarini keltiradi.
Xo‘sh, adib tilga olgan, so‘z erkinligi borasida ibrat bo‘ladigan Rizo kim edi?
Adibning 2014-yilda chop qilingan “Tanlangan asarlari”ni nashrga tayyorlagan nevarasi Xondamir Qodiriy kitobdagi maqolalariga izoh qismida qisqartirilib Rizo shaklida keltirilgan shaxs Rizouddin ibn Faxruddin ekanini ko‘rsatgan.
Rizouddin ibn Faxruddin 1859-yilda qadim Tataristonda dunyoga kelgan. Eski maktabda, madrasada, so‘ng qator Sharq mamlakatlari ilm dargohlarida tahsil oladi. Ko‘pgina Sharq hamda Gʻarb tillarini yaxshi bilgan ziyoli Ismoil Gʻasprali boshlagan jadidlik harakatining yalovbardorlaridan biriga aylanadi. Jadidlik harakatining ilk va faol targ‘ibot maydoniga aylangan “Sho‘ro” jurnali tashkilotchisi, uning bosh muharriri bo‘ladi. Bu gazeta Rossiyaning musulmon xalqlari yashaydigan hududlaridan tashqari Turkistonga ham muntazam kelib turgan. Ayni vaqtda Rizouddin ibn Faxruddin qalamiga mansub maqolalar, u kishi yaratgan risolalar Turkistonda chiqayotgan vaqtli nashrlarda chop qilingan. Abdulla Qodiriy shu maqola, risolalarni o‘qiganki, u zotga katta baho bergan. (Eslatib o‘tish o‘rni: “Sho‘ro” jurnalining 240 ta sonida Turkiston hayotiga oid 323 ta maqola, xatlar, badiiy asarlar yoritilgan).
Shu o‘rinda qiziq bir holatni kuzatamiz. Rizouddin ibn Faxruddin Umumrossiya musulmonlari muftiysi bo‘lishga munosib ko‘rilgan, bu vazifada ishlagan shaxs. Aynan shu sabab bu shaxs siymosida jadidlik harakati va islom dini ulamolari orasida “go‘yo muntazam yuzaga kelgan kelishmovchilik, nizolar” haqidagi cho‘pchaklar pufakdek yorilib ketadi. Fikri ojizimiz, aslida soxta ayblovlarni, “islom ulamolari va jadidlar nizosi”ni sho‘rolar uyushtirmaganmikan, degan gumonlar tomon yetaklaydi.
O‘tgan asrning boshi butun dunyoda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, jug‘rofiy o‘zgarishlar, silkinishlar yuzaga kelgan davr edi. Chor Rusiyasi istibdodini yelkasidan uloqtirmoq, buning uchun mazlum xalqlarni ilm-ma’rifat bilan uyg‘otmoq majburiyatida qolgan jadidlar ming yillik islomiy va sharqona qadriyatlarni o‘zlarida mujassam etgan ahli ulamo bilan birlashsalar, maqsad va orzulari uyg‘un kelsa, ular katta kuchga aylanishardi. Hokimiyatni aldov va kuch bilan qo‘lga kiritgan sovetlarga bu maqbul emasdi. Shu sababdan, sun’iy ravishda bu ikki ijtimoiy kuch orasiga qutqu solinadi, nizoli holatlar uyushtiriladi, oxir-oqibatda yakdil mushtga aylanayotgan kuch – jadidlar va ulamolar birligiga darz yetkaziladi. Sovetlar o‘z maqsadlariga yetadi. (O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari qatag‘onida jadidlar ham, diniy ulamolar ham bir safda o‘limga mahkum qilinib, otish uchun saf tortgan qatorlarda yonma-yon turganlarini ko‘ramiz).
Rizouddin ibn Faxruddin taniqli jadid bo‘laturib, Umumrossiya musulmonlari muftiysi lavozimiga yakdil saylangani, bunga sovetlar ilojsizlikdan izn berganliklari holatining o‘ziyoq “yangilik” (jadidlik) va “eskilik” – qadimchilar o‘rtasida o‘zaro bir-birovni anglash, umummaqsad sari birlashish g‘oyasi borligini ko‘rsatadi. Umumrossiya musulmonlari muftiyati tatar, boshqird, udmurd, Qrim tatarlari, Qafqaz xalqlari va boshqa musulmonlarni birlashtirgan qudratli birlashma edi. Qozonda ilk jadid jurnali tashkil qilgan, unga bosh muharrir bo‘lgan, vaqtli matbuotda “g‘arbcha taraqqiyot g‘oyalari”ni to‘xtovsiz targ‘ib qilayotgan taniqli jadidning muftiy lavozimiga saylanishini shu o‘rinda tasavvurimizga sig‘dirishimiz qiyin kechadi. Sovetlar “johiliyat batqog‘iga botgan” deb zo‘r berib odamlar ongiga singdirayotgan diniy qatlam vakillari nega bir jadidni – “islom diniga qarshi” insonni o‘zlariga rahnamo qilib saylashdi? Faqat saylandi emas, Rizouddin ibn Faxruddin ko‘p yillar bu yuksak lavozimda ishlab, musulmon xalqlari manfaatlarini mustamlakachi hukumat vakillari oldida dadil qo‘ya oldi ham. Va vaqt kelib, sovetlar baribir maqsadlariga erishdilar: muftiy atrofida to‘qilgan yolg‘onlar, tuhmatlar o‘laroq, u vazifasini o‘z ixtiyorisiz tark etishga majbur bo‘ldi va 1937-yil qatag‘oni tegirmoniga tushib ketdi…
Rizouddin ibn Faxruddinning shaxsiyati va ilmiy-ijodiy faoliyati g‘oyatda keng qatlamli. Bu inson bir vaqtning o‘zida tarixchi, manbashunos olim, islomiy ilmlar bilimdoni, muallim, tarjimon, faylasuf va muhaddis edi. U bosh muharrir bo‘lgan “Sho‘ro” jurnali o‘sha vaqtda musulmon olami va turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan, birlamchi aniq manba hisoblangan. Peterburgda Rossiya Fanlar akademiyasi tomonidan chiqarilgan “Мир ислама” jurnali deyarli har sonida “Sho‘ro” jurnali maqolalaridan iqtiboslar keltirgan. Shuningdek, Istanbulda chop qilingan “Turk yurti” jurnali “Sho‘ro” jurnalini Rossiyada chiqadigan musulmonlarning eng yaxshi nashri, deb qayd etgan.
Yana bir e’tiborli tomoni, “Sho‘ro” jurnali 1913-yildan boshlab tatarlar tomonidan “Usmonli harflari” deya nomlangan alifbo asosida chop qilingan. Bu turk dunyosini yagona alifbo orqali birlashtirish uchun qilingan ilk harakat edi. (Yaqinda Bokuda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar uyushmasi yig‘nog‘ida aynan yagona alifboga o‘tish g‘oyasi o‘rtaga tashlanganini eslang!)
Va yana jurnal tatar tilida emas, barcha turkiy xalqlar tushunadigan, tarjimon talab qilmaydigan o‘rta turk tilida chop qilingan.
Boshqa o‘zbek oydinlari kabi Abdulla Qodiriy ham muntazam “Sho‘ro” jurnalini o‘qigan, shuningdek, Rizouddin ibn Faxruddinning boshqa asarlaridan xabardor bo‘lganki, maqolamiz boshida aytilmish ta’rif-e’tirofni keltirgan.
…Yaqinda “Muharrir” nashriyotida Rizouddin ibn Faxruddinning “Shogirdlik odobi” risolasi ko‘p nusxada chop qilindi. Risolani xorazmlik ulamo Ahmadjon eshon Yusupov tatar tilidan mahorat bilan tarjima qilgan.
Muallif kirish qismida yozadi: “Ilm – tiriklikda va oxiratda o‘ziga foydasi tegadigan yoki zarari yetadigan narsalarni bilish demak. Ilm insonlarga xos bir sifatdirki, boshqa sifatlar: botirlik, juvonmardlik, shafqatlilik kabilar ba’zi hayvonlarda ham mavjuddir.
…Ilmlik bo‘lish inson uchun muborak bir ziynat – har bir fazilatning go‘zalidir. Ilm dunyoda qalbi so‘qirlikdan, oxirat azobidan xalos qiluvchi nurdir. Ilm yolg‘izlikda hasratdosh, g‘urbatda sirdosh, do‘stlar huzurida ziynat, dushmanlarga qarshi qurol!”
Yoki jadid bobomizning “Oltinchi vazifa” bo‘limidagi yozmishlariga e’tibor qarating: “Ilm olish niyatida tahsil qiluvchi talaba tirishqoq bo‘lishi lozim. Dunyo moli uchun tirishib harakat qilmasa – topilmaydi. Ijtihodli, ya’ni harakatchan kishilar maqsadlariga erishadilar, barcha berk eshiklar ijtihodlilar uchun ochiladi”.
Va yana: “Odam bolasi uchun ilm olish vaqti beshikdan to qabrgachadir. Ya’ni, hech kim hech bir vaqtda ilmdan behojat emas”.
Yoki: “Maktab va madrasalar, ularda tahsil oluvchi talabalar uchun nizomlar zamonaga muvofiq, davrning qo‘lloviga binoan bilimli insonlar tarafidan tartibga solinadi. Nizomlar sababidan oz mashaqqat bilan ko‘p foyda olinadi, har kimning haq-huquqi muhofaza qilinadi, negizlari ham mustahkamlanadi. Shuning uchun talaba shogird bo‘lgan kishi maktab nizomlariga xuddi podshohga itoat qilgandek itoat qilishlari shart!”
Umuman aytganda, Rizouddin ibn Faxruddinning ushbu risolasida bo‘lg‘usi talaba oldiga qo‘ygan o‘n beshta vazifaning birortasini ham vaqt shamollari uchirib ketmagan – barchasi hamon dolzarb, hamon amaliyotda bo‘lishi zarurki, bu jadidlar o‘rtaga tashlagan g‘oya, maqsadlar eskirmasligini, bugungi kunda ham g‘oyat asqatishini bildiradi.
Jadid allomaning ilm olish borasida ahli tolib oldiga qo‘ygan talablari, nasihatlari, luzumlarini vaqt eskirtmagan – xuddi davrlar taloto‘pidan omon chiqib, bugun ikkinchi umrini boshlagan jadidlik harakati kabi.
Hali bu kabi vaqt eskirtmagan asarlar qancha – ular hujjatgohlarda, bir asr ilgari chop qilingan jurnal va gazetalarning sarg‘aygan sahifalarida o‘zlarining “ikkinchi umr”larini kutib yotishibdi.
Qodiriy bobomiz aytmish: “Yig‘i va kulmak orasi”dan allaqachon chiqdik. Armonlar – yig‘ilar ortda qoldi, oldimizda baxtimizdan kulmak, quvonmoq onlari turibdi.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



