Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.05.2025 | 09:17

img643

VATAN UNUTMAYDI QAHRAMONLARNI

O‘tgan yili Ozarbayjonga borganimda yurt bo‘ylab sayohatni “Birinchi faxriy xiyobon” va “Ikkinchi faxriy xiyobon”lardan boshlagandik. Ularda Vatani va xalqi tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan mardlar dafn etilgan. Quroldoshlar go‘yo qabristonda ham saf tortib, yelkama-yelka yotardi. Qora va oq marmarlarda harbiy libos kiygan, qo‘lida qurol tutgan qahramonlarning mag‘rur surati yarqiraydi. Har qabr boshida bir bayroq olovdek hilpiraydi. Gul qo‘ydik. Ta’zim qildik. Qaytdik.

Bizda ham shunday fidoyilar o‘tgan. Ammo mustaqillik yillarida mamlakatimiz tinchligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarga atab biror yodgorlik o‘rnatilmaganidan andak o‘ksigan edim o‘shanda. Xayriyatki, orzum ushaldi… Nazarimda, yurtimizga kelgan har bir mehmon safarni poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan Gʻalaba bog‘idagi “Millat fidoyilari”ni ziyorat qilishdan boshlashi kerak. Chunki bugungi nurafshon kunlarga, osuda tunlarga aynan shu qahramonlar tufayli erishdik.

Shu ezgu an’anaga birinchilardan bo‘lib amal qilish maqsadida kuni kecha “Jadid” gazetasi jamoasi bilan o‘sha qutlug‘ maskanga bordik. Uning g‘arbiy darvozasidan kiraverishda mazkur bog‘ boshlig‘i – Shuhrat Yusupovni uchratib qoldik va yangi monumentlar haqidagi savollarni berdik. U kishi muhtasham majmuani bir boshidan sharhlay ketdi: “Hozir biz bog‘ning “Millat fidoyilari” deb nomlangan bo‘limidamiz. Siz ko‘rib turgan mazkur yodgorlik mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining yorqin xotirasiga bag‘ishlangan. Majmuaga qush parvozi balandligidan qarasangiz, O‘zbekiston bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklini ko‘rasiz. Qarshimizda turgan salkam ikki metrli yulduzlarning qirralari o‘ziga xos bitiktosh vazifasini o‘taydi. Har birining yon tarafiga 196 nafar qahramon nomi zarhal harflar bilan yozilgan”.

Bular uyda mushfiq onasi, nuroniy otasi, nazokatli ayoli kutayotgan askar chegarada sobit turgancha osmonga tikilganida ko‘ringan yulduzlardir ehtimol? Har bir ko‘rsatgan jasorati so‘ngida munosib taqdirlanganida yelkasiga yog‘ilgan yulduzlardir balki? Yoki bular bugungi farovon hayotimiz uchun jonini qurbon qilgan va hozir bizga ko‘kdan qarab turgan yulduzlar siymosidir? Kim bilsin…

E’tiborlisi, ularda zamonaviy monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Sizdan birgina nozik harakat kifoya. Har bir jangchining o‘z hikoyasi bor. Hammasi yurt haqida, tinchlik to‘g‘risida. Mardlik nomalarini o‘qirkansiz, bo‘g‘zingizga faxr aralash nimadir tiqiladi. Yoshlana boshlagan ko‘zingizni hamrohlardan olib qochishga tirishasiz. Ammo foydasiz, negaki, ularning ham namchil ko‘zida allaqachon yulduzlar miltiray boshlagan…

– Mazkur majmuaning orqa tomonida… – jaranglagan ovoz ipakdek mayin bo‘lsa-da, tuyqus cho‘chitib yubordi. Gapirayotgan ayol Gʻalaba bog‘i yodgorlik majmuasi yetakchi ilmiy xodimi Barno Isoqova ekan, – ya’ni “oy”ning orqa tarafida mana shunday yorug‘ kunlarimiz uchun kurashgan insonlar timsolini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu haykaltaroshlik kompozitsiyasida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalarda faoliyat olib borgan va shu faxrli yo‘lda halok bo‘lgan xizmatchilar siymosi aks ettirilgan.

Demak, bu – bag‘rida quyosh nurida yal-yal tovlanib oqayotgan ko‘zgusifat sharsharasi bor “oy”ning orqa tomoni… “Oydin tunlar, osoyishta, tiniq tonglar” ortida shu insonlarning zahmatlari yotarkan-da?! Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u deganlari shumikin?

Markazda bir-biriga suyangan, jigargo‘shasi ketgan yo‘lga ko‘z tikkan mehribon ota-ona haykali qad rostlagan. O‘zbekona kiyingan, keksa bo‘lsa-da bardam otaxon yuzidagi allanechuk mahzunlik bilan marhum farzandi ko‘rsatgan jasoratdan g‘ururlanib turibdi. Qo‘yib bersang, hoziroq qurol olib o‘g‘li jon bergan joyga boradi. Eh-he, agar bu haykalga til bitsa bormi, belbog‘ini yana-da mahkam bog‘lab, bir chuqur nafas olardi-da, shunday derdi: “Birgina o‘g‘lim bor edi… Lekin o‘n nafar bo‘lganda ham barchasini Vatan himoyasiga yuborgan bo‘lardim. Albatta, saf boshida o‘zim turaman!”

Shunda ham yonidagi onaxon bir sapchib tushardi. Ammo erining o‘tkir nigohidan uyalib, yana shu holatiga qaytadi. Hozir u bir qo‘li bilan katta, qalin, oq ro‘molining bir chetidan omonat ushlagan, bir qo‘lida harbiy libos… Mahzun, xomush, dilgir – shu bo‘yoqdagi barcha so‘zlar birlashsa, mushtipar onaizorning qiyofasiga yaqinlashadi. Ularning ortidagi devorda gardishi bir tishlangan non (unga uzoqroq tikilsangiz, qulog‘ingizga “Oy borib, omon qaytsin” degan ovoz eshitilgandek bo‘ladi), o‘qilgan-o‘qilmagan, rangin va rangsiz xatlar, Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi quyoshdor arslon, beshik – yurtsevar, tinchliksevar avlod ulg‘ayadigan ezgu niyat beshigi hamda mangu o‘chmas umid chirog‘i bor. Ikki yonda esa biz odatda xotira xiyobonlarida uchratadigan ma’naviyat va ma’rifat ustuni tasvirlangan.

– Mehrob oldidagi milliy uslubdagi ikki ustun, milliy g‘oya va muqaddaslikka suyangan davlat tayanchi ramzi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yerdagi har bir siymoda haqiqat o‘z aksini topgan, – deydi “Shon-sharaf” davlat muzeyi kuzatuvchisi Nigora Hamroyeva, – Qurol-yarog‘ deysizmi, texnika deysizmi, askarlar kiyimi, yuz tuzilishi, hatto gavdalari ham o‘sha davrda qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday ishlangan. Ona haykalining chap orqa tomonidagi beshik vatanparvar, jasur farzandlar tarbiyalangan muqaddas uy muhitini ifodalaydi. Otaning ort tomonidagi yig‘ilgan ko‘rpa-to‘shaklar har bir ota-ona farzandining kelajagi haqidagi orzu-umidini anglatadi.

Uning so‘zini Barno Isoqova davom ettirdi: “Misol uchun, Mudofaa vazirligi uchun ajratilgan bo‘limni olaylik. Birinchisi – harbiy uchuvchi, katta leytenant Shermuhammad Ashirov. Qarang, yuzida viqor, tezlik va mas’uliyat tuyg‘usi. 2000-yilda Mi-8 vertolyotida Surxondaryoda terrorchilarga qarshi kurashda dvigatelga shikast yetishi natijasida qahramonlarcha halok bo‘lgan. Uchuvchining yonida o‘qchi kichik serjant Yunus Oxunov, taktik nimcha kiygan, hujumga shay. Markazda – serjant Ulug‘bek Barnoyev, formasidagi emblema, kamar, yuzidagi shijoat, ishonch va qat’iyat u haqida ma’lumot berib turibdi. Uning yonida snayper, leytenant Sayyor Sa’dinov yelkasiga avtomat osib olgan, lekin pozitsiyasi sokin va mustahkam. Yuzidagi vazminlik, ko‘zidagi kuzatuvchanlikka e’tibor bering. Sa’dinovning yonidagi jangchi – feldsher serjant Qahramonjon Madolimov, uning yuzida jasorat, shu bilan birga shifokorlarga xos rahmdillik aks etgan. Qo‘lida tez tibbiy yordam sumkasi. U yarador safdoshini yelkalagancha, bir qo‘lida qurol bilan jang qilgan. Quroldoshlariga tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida o‘zi ham o‘q yomg‘iri ostida qoladi. Fon qismidagi tog‘lar – davlatimiz mustahkamligi va tabiiy himoyasi. Samolyotlar, vertolyotlar va tanklar – zamonaviy harbiy-texnik salohiyatni ifodalaydi”.

Ko‘nglimizda cheksiz iftixor-u alam bilan keyingi bo‘limga yuzlanamiz. Unda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tasvirlangan. Bir qo‘lida bola ko‘targancha olislarga tikilib turgan, niqobdagi maxsus xizmat xodimini tanidim. U Suriyadagi urush o‘chog‘ida qiyin ahvolda qolgan, ota-onasidan ayrilgan bolalarni olib kelishga qaratilgan “Mehr operatsiyasi”da faol ishtirok etgan mard o‘g‘lonlar safida bor edi. Ular bilan bir qatorda ikki nafar prokuratura xodimi, tizim emblemasi, sudyalar, adolat tarozisi ishlangan.

Shu payt Gʻalaba bog‘i yodgorlik majmuasi boshlig‘i Shuhrat Yusupov Davlat Bojxona qo‘mitasining to‘rt nafar xodimini tanishtira ketdi: “O‘ng tarafdagi pilotka kiygan ayol podpolkovnik Malika Qoryog‘diyeva – Bojxona tizimidagi ilk xodima hisoblanadi, yonidagi starshina Saidakbar Najimov, 1991-yil Surxondaryo Bojxona boshqarmasida ko‘chma bojxona posti kichik inspektori lavozimida xizmat qilgan. 1992-yil 25-avgust kuni qonunbuzarlarga qarshi kurashish vaqtida qurolli hujum oqibatida halok bo‘lgan. Oxiridagi katta serjant Akmal O‘rinboyev esa boshqalardan farqli ravishda xizmat iti tasmasini ushlab turgan holda tasvirlangan. U 2021-yil iyulda vafot etgan. Xizmati davomida 60 dan ortiq guruh (400 dan ziyod kinologlar)ga instruktorlik qilgan.

Gap-gap bilan bo‘lib, “oy”ning deymizmi, “yoy”ning deymizmi, ishqilib, bir chekkasiga borib qolibmiz. Tag‘in markazdagi “Ota-ona” siymosiga qaytdim. Har bir qahramonning taqdiri xayolda qayta varaqlandi. Shunday qilib, o‘ng tomoniga o‘tamiz. Mutaxassislar aytmoqchi “balandligi  5,2 metr, eni  42 metr bo‘lgan barelyef kompozitsiyaning bu qismi Ichki ishlar xodimlari tasviri bilan boshlanadi. Chap tomonda polkovnik Bahodir Hoshimov mardonavor ko‘rinishda, nigohlari jiddiy. U 2000-yil 22-avgust kuni Izboskan tumanida qurollangan terrorchilarga qarshi guruh rahbari sifatida maxsus operatsiya vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan. Uning yonida sapyor maxsus pirotexnik himoya kiyimida tasvirlangan. Yon tomonidagi qurol ushlagan askarning egnida o‘q o‘tkazmaydigan kamzul. To‘rtinchi askar obrazining qo‘lida himoya qalqoni, yuzida niqob, ko‘ksida o‘q o‘tkazmaydigan zirhi bor. Beshinchisi patrul post xizmati xodimi, o‘z xizmat burchini bajarishga shay holda aks ettirilgan. Orqa tomonda baland tog‘lar va harbiy mashinalar ko‘rinishi jangovar muhit va yengil, ammo kuchli atmosferani ko‘rsatib beradi. Ular kiyimlari va uskunalari yuqori darajada himoyalangan va har qanday jangovar vazifani bajarishga tayyor.

Keyingi bo‘limda Milliy Gvardiyaning to‘rt nafar askari gavdalangan. Boshidagilar – III darajali serjant Husniddin Suyarov hamda oddiy askar Hazrat Suyunov 2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen ofatda fuqarolarni qutqarish vaqtida halok bo‘lgan.

Navbatdagi kompozitsiya Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari. Uning yonidagi ikki askar jangovar ko‘rinishda. Bu yerda Prezident xavfsizligini ta’minlash uchun barcha harbiy kuchlarning mustahkam birligi tasvirlangan. Orqa fonda Yangi O‘zbekiston bog‘idagi Mustaqillik Stellasi va Oliy Majlis binosi aks etgan.

Keyingi haykallar Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarini ifodalaydi. Birinchisi oddiy askar Abdurahmon Azimxo‘jayev moʻtabar onaxonga yordam bermoqda. U 2021-yil 7-iyunda Toshkentning Bo‘rijar kanalida cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib, o‘zi cho‘kib ketgan. Uning yonida oddiy askar Otabek Sultonov yosh qizaloqni qo‘lida ko‘tarib, uni xavfsiz joyga olib bormoqda. Ammo… 2021-yil xizmat vaqtida jangovar vazifani bajarish mobaynida kuyish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ularning yonidagi ikki askar: biri g‘avvos libosida, suv ostidagi favqulodda vaziyatga yordam berish uchun tayyor, ikkinchisi esa gaz niqobida, kimyoviy va gazli tahdidlarga qarshi himoya sifatida ko‘rsatilgan. Bu sahna favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari mas’uliyati va ko‘makka muhtojlarga yordam ko‘rsatish istagini ifodalaydi.

Eh-he, bu jasur o‘g‘lonlar haqida doston yozaman desangiz, uzunligi to‘qqiz sarjin, qalinligi yetti quloch, og‘irligi o‘n to‘rt botmonlik kitob bo‘ladi. Har biri Go‘ro‘g‘li, har biri Alpomish, har biri Kuntug‘mish, har biri Rustamxon! Gapni qisqa qilib, ishga kirishaverish kerak. Vatan osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrash uchun ko‘ksi qalqon bo‘lgan jasur o‘g‘lonlar haqida qahramonlik dostonlari, millat ruhini uyg‘otadigan badiiy-hujjatli filmlar, yoshlarni shijoatli qiladigan, ijtimoiy tarmoqlarda tinmay aylanib turadigan roliklar, to‘ybop nag‘malardan charchagan aholini yaqin o‘tmish, bugun va kelajak haqida mulohaza qilishga undaydigan jarangdor va mazmunli qo‘shiqlar yaratish fursati yetdi! Nima dedingiz, aziz yurtdosh, qadrli ijodkor?

Shahriyor SHAVKAT

“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604