Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.06.2025 | 12:31

img590

“RASSOM –  SHAKL VA HOLAT SHOIRIDIR”

O‘zbek Milliy akademik drama teatri bosh rassomi,
O‘zbekiston san’at arbobi Baxtiyor To‘rayev bilan suhbat

– Baxtiyor aka, “rassom” so‘zi juda qadimiy bo‘lib, “dono va chaqqon qo‘l” degan ma’noni anglatar ekan. Buni qarangki, dastlab qushning qanoti tasvirini chizib, so‘ng uni yasab samoga parvoz qilgan Dedal insoniyat tarixida birinchi afsonaviy rassom sifatida qabul qilingan. Siz bir suhbatingizda “O‘zim qurgan imoratda o‘zim ham yashagim keladi”, degan edingiz. Siz Mannon Majidiy nomli teatr hovlisida o‘ynab o‘sgan kattaqo‘rg‘onlik Baxtiyor ismli bolakaydan uzoq yillik mehnat-mashaqqatlar tufayli iste’dodli musavvir, sahna rassomi va rejissyor Baxtiyor To‘rayevga aylandingiz. Ayting-chi, yaratayotgan asar, obraz, eskizlaringizda o‘zingizni, o‘zligingizni his qila olyapsizmi?

– Bolaligimni eslatdingiz… Xayolim o‘sha Kattaqo‘rg‘on teatrining poydevori qurilayotgan paytlarga ketdi. Qumdan kichik imoratlar, uychalar, har xil shaklda bir nimalar yasab o‘tirgan bolakayni esimga tushirdingiz. Rassomligim ham, rejissyorligim ham xayolimdan ko‘tarildi shu daf’ada… Vaqt yugurik, ortga qarasang uning bir zumda o‘tib ketganini ko‘rasan. O‘tgan umringni xayolot dunyosida uzog‘i bilan besh daqiqada yashab o‘ta olasan. Shu juda qisqa vaqt oralig‘ida xayolingdan kechgan manzara butun boshli hayoting manzarasini chizadi…

Savolingizga kelsak, albatta, sahna rassomi ishlagan asari, chizgan surati, yaratgan sahna bezaklarining ichida o‘zi ham yashaydi. Dedal o‘sha qanotning qanday uchishi, qayergacha borishi, qaysi cho‘qqigacha chiqishi mumkinligiga javob topganidan keyin uni chizishga jazm qilganiga ishonchim komil. Shu ma’noda, rassomning har bir chizgan suratini sahnalashtirilgan asarga qiyoslash mumkin. Mening rejissuramning mohiyati ham aslida rassomligimga borib taqaladi.

– Sizni dastlab rassom sifatida taniganmiz. Yodimda bor, 1997-yilda ilk albomingizni chop ettirgandingiz. Undagi suratlarning nomlanishi meni hayratga solgan. Oddiygina guldonga solingan bahor gullarining “Gullayotgan suv” yoki oqqushning yerga inayotgan tasviri “Eriyotgan tong”, tanbur chertayotgan ayol suratining “Sir sozandasi” deb nomlanishi asarni butunlay jonlantirib yuborgan edi. Kartinalaringizga taniqli shoir, do‘stingiz Aziz Said nom berganini aytgan edingiz. Ayting-chi, rassomning shoir va yozuvchilar bilan ijodiy hamkorligi qay darajada muhim?

– Rassom badiiy asar o‘qimasa, keng fikrlaydigan ijodkor bo‘lishi qiyin. Shoirlar ham tasviriy san’at asarlarini “o‘qiy olsalar” nodir fikrlay oluvchi so‘z sohibi bo‘la oladi. Shu bois, o‘ylaymanki, ular bir-birlari bilan chambarchas bog‘liq.

Chindan ham, o‘sha suratlarimga qadrdon akamiz, iste’dodli shoir Aziz Said nom bergan. O‘zim ham Aziz Said va rahmatli Abduvali Qutbiddin she’rlarini yaxshi ko‘rardim. Chizgan suratlarimga Aziz aka nom berar, men u kishi shuni xohlayaptimi, demak, asarimda nimanidir ko‘rdi, deb quvonardim. Suratlarimni “o‘qiy olgani” uning yutug‘i, u kishining diqqatini jalb qila olganim esa mening muvaffaqiyatim edi. Birgalikda ko‘rgazmalarga qatnardik. Hozir rassomlarning ko‘rgazmalariga shoir va yozuvchilar kelib turishibdi deyishsa, ko‘pam ishonolmayman. Lekin adabiyotga, she’riyatga qiziqadigan rassomlarimiz ko‘p. Shoir va yozuvchilar – so‘z rassomlari, biz esa – shakl va holatlar shoirimiz. Ular bilan dunyoqarashlarimiz uyg‘un. Rassom uchun badiiy ijod namoyandalari bilan hamkorlik judayam muhim. U she’r o‘qimay barkamol asar yaratishi qiyin.

O‘zi umuman turli soha ijodkorlari o‘zaro hamsuhbat bo‘lib turishi kerak. Ijod ahli ko‘zga ko‘rinmaydigan tuyg‘ular olami orqali bir-biriga bog‘liq bo‘ladi.

– Ijodkorni adabiyot shakllantiradi. Siz biror asardan ta’sirlanib sahna tasvirini yaratasizmi yoki teatrda qo‘yilishi kerak bo‘lgan asarni zarurat yuzasidan o‘qib chiqib, keyin chizasizmi?

– Menimcha, yangi asar yaratishga zarurat ijodkorning botinida tug‘iladi. Odam o‘zini majburlab yaxshi asar yaratolmaydi. Lekin iste’dod baribir iste’dod! Ba’zilar, buyurtma bo‘yicha qilingan ijod ijod emas, deyishadi. Men bu fikrga unchalik qo‘shilmayman. Haqiqiy ijodkor mana shunday holatlarda ham o‘z iqtidorini yuzaga chiqara oladi, chunki u hech qachon o‘z vazifasini qo‘l uchida, o‘rtacha saviyada bajarolmaydi.

Sahna rassomi sifatida asarni o‘qiysiz, ma’qul kelsagina uning ustida ishlaysiz. Rassom va rejissyor undan chiqib ketmagan holda o‘z eskizi va ssenariysini yaratadi. Bu, albatta, boshqacha shakl – alohida ssenariy bo‘ladi. Bizning tilda bu rejissyor pozitsiyasi deyiladi. Dramaturg aytmoqchi bo‘lgan fikr, g‘oya orasidan o‘ziga ma’qul bo‘lgan ma’noni bo‘rttirib, sahnada shuning ifodasini shakllantiradi. Bu shakllantirishning ham o‘ziga xos talablari bor. Ustozlarimizdan biri dramaturgning yozgan asarini asl holida sahnaga olib chiqqan rejissyor shunchaki sahnalashtiruvchi bo‘ladi, deb o‘rgatgan. Rejissyor, albatta, yangilik qilishi shart.

– Sizni elga mashhur qilgan ikki san’at turi bor. Biri katta konsertlar uchun sahna dekoratsiyasini yaratish bo‘lsa, ikkinchisi qumda surat chizish…

– Avvalambor, o‘zimni mashhurman deb hisoblamayman. Men oddiy rassomman, kartinalar chizaman, asarlar yarataman. Qumda ijod qilish esa – sevimli mashg‘ulotim.

– Jadid bobolarimiz siymosini qumda chizganingizda ham ramziy ma’no bordek?

– Men jadid ma’rifatparvarlarini ich-ichimdan yaxshi ko‘raman. Ular nafaqat o‘z davrining, balki barcha zamonlarning ilg‘or odamlari bo‘lgan. Millat baxt-saodati yo‘lida jonini qurbon qilgan insonlar edi ular. Jadidlar orzu qilgan zamonlarda, mana, biz yashayapmiz. Bizga esa ular yetishmayapti. Bu ulug‘ insonlarning siymosini chizayotganimda shuni his etdim. Bir urinishda yetti jadid ma’rifatparvarlarining qiyofasini hech qanday montajsiz, yarim soatga qolmay chizishga muvaffaq bo‘ldim. Birinchi urinishdayoq tasvirga olindi. Taniqli adabiyot va san’at namoyandalari bu asarlar haqida iliq fikrlar bildirishdi. Bundan boshim ko‘kka yetdi.

– Sizning Milliy teatrdagi ustaxonangizda xonanishin ijod qilishingizdan xabardormiz. Hatto dam olishga ham vaqtimni qizg‘anaman, deganingizni eshitganman. Agar musavvir faqat ijod bilan andarmon bo‘lib, atrof-olamdan uzilib qolsa, u ilhomni, hayratni qayerdan oladi?

– Dam olishga vaqtimni qizg‘anaman, deganda nimani nazarda tutganman? Avvalo, bu – men mutlaqo dam olmayman, degani emas. Masalaga qaysi tomondan qarashga, inson o‘ziga nimani birlamchi qilib olishiga bog‘liq bu. Chet davlatlarga sayohatga, tog‘li maskanlarga borish… Kim uchundir shular dam olish. Men esa o‘z ustaxonamda yangi asar yaratayotganimda dam olaman. Menimcha, ijodkor qancha ko‘p yolg‘iz qolsa, jamiyatning ichiga shuncha chuqurroq kiradi. U ko‘pchilikning orasida o‘zidan uzoqlashadi. Ijodkorga sukunat kerak. Yolg‘iz qolish – jamiyatdan uzoqlashish degani emas. Ijodkor o‘zi bilan o‘zi xoli qolsagina, ko‘proq yangilik yaratishi mumkin, men hayratni tabiatdan va tasavvurlarimdan olaman.

– Baxtiyor aka, siz ko‘p qirrali ijodkorsiz. Teatrda bir qancha asarlarni sahnalashtirdingiz. Odamlarda saviya har xil, kayfiyat ham ko‘p narsani belgilaydi. Rejissyor ham doimo olqish eshitavermaydi. Sizning rejissyorlik ishlaringizga san’atshunoslar tomonidan tanqidiy fikrlar bildirilganmi? Nima deb o‘ylaysiz, tanqid ijodkorni tarbiyalaydimi yoki sindiradimi?

– O‘ylab ko‘rsam, ushbu teatrda rassom bo‘lib ishlayotganimga o‘ttiz besh yil to‘lgan bo‘lsa, shu vaqt ichida ijodiy ishlarim haqida jiddiyroq e’tirozlarga duch kelmagan ekanman. Bir gal rahmatli ustozimiz Nabi Rahimov “Fig‘on” spektakliga ishlangan dekoratsiya haqida o‘z fikrini bildirgan. “Eskizlaring juda yaxshi, faqat shu sahna bezagida bittagina chiziq yetishmayotganga o‘xshaydi”, dedi u kishi. Bu spektakl Nodirabegim haqida edi. Shu bois men dekoratsiyada poeziyaning jozibasini ifoda etishga harakat qilganman. O‘zim ham sahnada nimadir yetishmayotganini ich-ichimdan his etsam-da, lekin aynan nima yetishmayotganini anglolmay turgan edim. Nabi akaning tavsiyasi bilan sahnadagi vertikal chiziqlarga birgina gorizontal chiziq qo‘shish orqali dekoratsiyaning mazmuni chuqurlashib, g‘oyasi aniq-tiniq namoyon bo‘ladi. Nabi Rahimov men qidirayotgan kalitni topib bergan edi o‘shanda. San’atshunoslar doimo spektakllarga ishlagan dekoratsiyalarimni ijobiy baholashgan. Rejissyorlik ishlarimda ham shunday, o‘n oltita spektakl sahnalashtirgan bo‘lsam, hali birortayam jiddiy e’tirozga duch kelmaganman.

Tanqid o‘zi nima? U yomonlash degani emas. Tanqid bu – tahlil. Mustahkam pozitsiya bilan ishlagan ijodkor o‘ziga ishonadi. Tanqidni to‘g‘ri qabul qiladi, sinmaydi. Menimcha, uni qanday qabul qilish, avvalo, ijodkorning ruhiyati bilan bog‘liq.

– “Qumda sevgi jilolari” deb nomlangan asaringiz o‘zbek teatrida yangilik bo‘ldi, deyishadi…

– Taniqli kompozitor Sultonali Rahmatov musiqasi ostida qumda spektakl namoyish etganmiz. Liberetto muallifi Laziz Rahmatov bilan birgalikda butun syujetni musiqa, aktyorlar va qumdagi voqealar tasviriga singdirdik. Asar Milliy teatrimiz sahnasida yurtimizga kelgan xorijiy mehmonlarga namoyish etildi. Bundan tashqari, ushbu teatrda ilk bor absurd janrida ham polyak dramaturgi Slovomir Mrojak qalamiga mansub “Chegara ustidagi uy” asari asosida shu nomda spektakl sahnalashtirdim. U ham yaxshi baholandi. Taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov ham bu asar haqida juda iliq fikrlar bildirgan edi.

Men boshqa rejissyorlar bilan ham hamkorlikda ishlashni yaxshi ko‘raman. Ayni vaqtda Jizzax viloyati teatrida iqtidorli yosh rejissyor Shohrux Yo‘ldoshev bilan ijodiy hamkorlikda ishlayapmiz. Ochig‘i, Shohrux bilan ijodiy tandemimiz menga zavq beryapti. Uning erkin va o‘ziga xos fikrlashi menga juda yoqadi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, sahna rassomi rejissyorni “yondira olishi” kerak. Ustozlarimiz bizga shunday o‘git berishgan. Rejissyor aktyor uchun sahnadan pozitsiya izlaydi, rassom esa shakl axtaradi. Stsenografiya, ya’ni sahna dekoratsiyasi san’atining ham bir qancha janrlari bor. Qachonki rassom asar va janrni uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lib, shu orqali rejissyorning ko‘ngliga cho‘g‘ tashlasagina yaxshi spektakl yuzaga keladi.

 – Milliy teatrda 1991-yildan buyon bosh rassom sifatida faoliyat ko‘rsatyapsiz. Shu yillar ichida san’at bilan bog‘liq siz anglagan haqiqat nima? Barcha sohalarga zamonaviy texnologiyalar shitob bilan kirib borayotgan bir paytda san’atning yashab qolishiga ishonasizmi?

– Bu juda dolzarb mavzu. Hayotimiz butkul texnikalashib, kompyuterlashib ketayotgan hozirgi zamonda robot-odamlar ham jamiyatga kirib keldi. Dunyo o‘zgarib borayotganini ko‘rib turibmiz. Lekin bir narsani unutmaslik kerak, har qanday “aqlli” texnika, sun’iy intellekt va “qudratli” robotlar ham insonning o‘zligini belgilaydigan kechinma va tuyg‘ularga ega bo‘lolmaydi. Shu ma’noda, haqiqiy san’atning o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Chunki his-tuyg‘ular – ilohiy ne’mat. Robot va texnikalarni esa odam yaratyapti. Shuning o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi, nazarimda.

Mana, muayyan bir manzara tasvirini rassom uzoq vaqt va kuch sarflab matoga chizadi. Fotosuratchi o‘sha manzarani bir lahzada “chiq” etkizib rasmga tushiradi-qo‘yadi. Lekin e’tibor bergan bo‘lsangiz, fotoapparatda tushirilgan surat harakatsiz, qotib turadi. Musavvir chizgan suratdan esa hayot nafasi gurkirab turadi, u sizga ming xil ma’nolarni “so‘zlaydi”. “Mona Liza” kartinasi aynan shuning uchun ham necha asrlardan buyon o‘z qadri va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

– Baxtiyor aka, siz kutgan savolni berolmagan bo‘lishim mumkin. Anglashimcha, yana aytadigan gaplaringiz borday…

– Odatda, o‘zgalarning savol berishini kutib o‘tirmasdan o‘zimga o‘zim savol beraman. Bu savollarga chizgan kartinalarim, spektakllarga ishlagan dekoratsiyalarim orqali javob berishga intilaman…

Chindan ham, sizga beradigan savolim bor: nega aksariyat yozuvchi va shoirlar madaniyat, san’at sohasidagi muammolar haqida bong urishadi-yu, o‘zlari teatrga kelishmaydi? Biz ular yozgan asarlarni o‘qiymiz, xo‘sh, nega ular bizning asarlarimizni ko‘rmaydilar? Masalan, men Alisher Navoiy hazratlarining “Hayrat ul-abror” asarini sahnalashtirdim. Teatrimiz tarixida bu asarga ikki marta qo‘l urilgan. Keyin negadir qo‘yilmay qolib ketgan. Xullas, “Xamsa”dagi eng katta doston yana sahna yuzini ko‘rdi, lekin men kutgan adiblar, olimlar yana o‘zini aziz qildi. Holbuki men ularning asar haqidagi qimmatli fikrlari, jo‘yali tanqid va takliflaridan umidvor edim. O‘z davrida jadid bobolarimiz ham avvalo, teatr san’atini rivojlantirishga harakat qilganini bilasiz. Ijodkorlarimiz ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lgan teatrlarni unutib qo‘yishmayaptimi? 

Nazarimda, teatrga qiziqishning pasayib ketishida hurmatli ziyolilarimizning ham ma’lum darajada aybi bor. Dramaturg asar yozgani, rejissyor uni sahnalashtirgani bilan teatr san’ati rivojlanib qolmaydi. Ziyolilar sahna asarlarini sinchkovlik bilan tomosha qilib, ularning yutuq va kamchiliklari haqida fikr bildirishsa, ushbu san’atning daraja va saviyasini ko‘tarish uchun astoydil jon kuydirishsa, ayni muddao bo‘lardi. 

Mayli, siz mening savollarimga javob berishga urinmang. Undan ko‘ra, teatrga keling. Sahnalashtirilayotgan spektakllarni ko‘ring, ularning yutuq va kamchiliklari haqida mushohada yuriting. Nuqsonlari haqida matbuotda, internetda o‘z fikringizni baralla aytishdan tortinmang. Tomoshabinlar orasida ziyoli qatlami qancha ko‘paysa, rejissyorda ham mas’uliyat hissi ortadi, spektakllarni ularning darajasida sahnalashtirishga harakat qiladi. Ana shunda bachkana, oldi-qochdi “sahna tomoshalari”dan xalos bo‘lamiz. Ma’naviy yuksak spektakllar ko‘payadi.

– Siz nafaqat san’atda, balki hayotda ham baxtiyor va ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladigan insonsiz. Suhbatimiz nihoyasida oilangiz va shogirdlaringiz haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsangiz.

– Shogirdlarim bisyor. Ularning ko‘pchiligi allaqachon ustoz maqomiga yetgan. Yosh shogirdlarim ham bor. Hammasi o‘z farzandimday bo‘lib qolgan. O‘ylaymanki, ularga faqat chizishda emas, fikrlashdayam ustozlik qildim.

Bilasizmi, ustoz shogirdiga aql o‘rgatishi shart emas. Shunchaki uning ko‘z o‘ngida o‘z ijodini davom ettirishi lozim. Shogird ana shu jarayonda ko‘p narsalarni o‘rganadi. Ustoz-shogirdlik tushunchasining mohiyati ham shu aslida. Shogird ustozining saboqlarini so‘zsiz, vositasiz olish uquviga ega bo‘lishi kerak.

Oilamga kelsak, bir qizim va ikki o‘g‘lim bor. Uchalasi ham san’at yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Ikkala o‘g‘lim ham rassom, o‘zim bilan birga ishlaydi. Qizim Turkiyada musiqa yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tugatdi. Turmush o‘rtog‘im filolog. Juda kitobxon. Onam adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, hozir to‘qson yoshda bo‘lsa-da, haligacha adabiyotga ixlosi baland.

Bir so‘z bilan aytganda, baxtli oilamiz. Aslida bu dunyoda hamma odamlar baxtli. Menimcha, baxtni boricha tushunish, berganicha qabul qilish kerak.

Muhayyo RUSTAM qizi suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img109

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img619

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img615