Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.09.2025 | 09:15

img964

TURKISTON TARIXINI YOZISH ORZUSI

Tarix milliy o‘zlikni anglash va targ‘ib etish uchun eng muhim vositalardan biri sanaladi. Shu bois XX asrning boshlarida jadidlar orasida Turkiston tarixini yozish masalasi maydonga chiqa boshladi. Bu xonliklarning xonadon tarixidan butunlay farqli o‘laroq, milliy tarix xususiyatiga ega bo‘lishi lozim edi.

Turkiston tarixi yozma loyihasining rejasini Ismoil Gʻasprali “Tarixi jadidiy Turkiston” asarida taqdim etgan edi. “Tarjimon” gazetasida 1905-1906-yillar orasida bosilgan bu asar shunday boshlanadi: “Yunon tarixlarida “Transoksiana,” arab tarixlarida “Movarounnahr”, bizning turkiy tarixlarda “Chig‘atoy eli, “Dashti qipchoq” va hozirgi zamonda “Turkiston viloyati” nomlari bilan tanilgan katta hududning tarixiy voqealari juda ibratlidir” (110-son).

Jadidlar sarkori asari uchun nega aynan Turkistonni tanladi? Balki butun Rusiyadagi turkiylarni, ayniqsa, ular orasida eng baland mavqega ega turkistonliklarni uyg‘otish uning zamonaviy strategiyasi uchun juda muhim faktor bo‘lgani uchundir.

“Tarjimon”dagi chiqishlar besamar ketmadi. Turkiston jadidlari orasida milliy tarixni yozish xususida birinchilardan bo‘lib Hoji Muin so‘z ochdi. 1913-yilda Orenburgda chiqqan “Sho‘ro” jurnaliga “Turkistonning o‘giti va o‘tinchi” nomli qisqa, ammo ma’noli maqola berdi. Bunda Turkistonni inson o‘laroq so‘zlatib shunday yozadi: “Tarix biluvchi odamlarga ma’lumdurki, man burungi zamonda ilm va madaniyat o‘chog‘i bo‘lganim uchun, dunyoning eng ma’mur va mas’ud o‘lkasi edim… Oh! Na bo‘ldiki, so‘ngi bolalarim, manim ustimda bir-birlari ila so‘g‘ishib, mani shul xarobazor holatina keltirdilar. Shul sababdan manimda u parloq madaniyat, ulum, sanoat, rasadxonam yo‘qoldi, bitdi. U noxalaf avlodim-da bir ham-bir ham g‘oyib bo‘lib, mani-da yitdilar.

Sizlardan o‘tinchim shulki, burungi madaniyat va umronim hamda burungi bobolaringiz turklar haqinda ahamiyat berib bir mukammal “Turk Turkiston tarixi” kitobi tasnif qilib kelajak avlod va ahfodimga suyurg‘ol etingiz” (1913-yil, 1-son).

Bu tarix hech bir kimsa tomonidan yozilmagan, lekin turkistonliklarning uyg‘onishi uchun zarur vosita edi. Porloq o‘tmish bilan qoloq bugunni qiyoslash vatandoshlarini ilm-fan, madaniylashmoqqa chaqirish yo‘lidagi jadidlar afzal bilgan strategik usul edi. Bu tarixni kim yozadi – shudir masala?!

Mintaqaga sayohat qilib, ko‘p maqolalar yozgan yosh muxbir Nushiravon Yavushev (1886–1917) 1914-yilda “Sadoyi Turkiston” gazetasida tarix darsligining zaruratini ta’kidlab shunday xulosa qiladi: “Har millat va har qavm, maktablarida o‘zlarining milliy tarixlarini o‘qitmoqdadir… Lekin afsuski bizim Turkistonda bugungacha tarixga ahamiyat berilmadi. Maktablarimiz uchun tarix kitobi (Turkiston tarixi) yozilmadi. Uning uchun bo‘lsa kerak maktablarimizda o‘qigan va o‘qib chiqqan bolalarimizda milliy ruh va milliy hissiyot bo‘lmaydi. Zotan, tarix ahamiyatli bir ilmdir. Tarix millatning joni – ruhiy, moddiy va ma’naviy hayotidir. Mana Turkiston tarixi, buni kim yozar?” (1914-yil, 17-son).

Ushbu ogohlantiruvchi maqolani o‘qigan Hoji Muin darhol gazetaga javob yozadi: “Milliy tariximizni kim yozar, degan savolni o‘qidim. Albatta, biz Turkiston turklari uchun bir mufassal va maktablarimiz uchun bir muxtasar turk va Turkiston tarixi lozimdir. Ammo ushbu xususda tarix yozmoq nihoyatda qiyin va og‘ir bo‘lib, buni yozuvchi kishi, turk, fors, arab va rus tillarida turk va Turkiston haqida yozilgan eski va yangi kitoblarni tadqiq qilib tarix yozsa kerakdir. Hozirgacha yangi tadqiqot bilan shuhrat topgan tarixchi Turkistonda bo‘lmaydi. Bo‘lmagan taqdirda biz bu xizmatni yosh muarriximiz qozonlik muhtaram Ahmad Zaki afandi Validiy janoblarining qalamidan umid etamiz”(1914-yil,23-son).

Bundan o‘n bir kun so‘ngra “Oyina” jurnalida “Turkiston tarixi kerak” nomli imzosiz bir maqola chiqadi. Maqola Hoji Muin fikrlari bilan uyg‘un bo‘lib, unda shunday iqror uchraydi: “To‘g‘risi, tarix yozuvchi kishi turk o‘g‘illaridan hanuz maydonga chiqqani yo‘q. Rus va boshqa ovro‘pali tarixchilar, Turkiston va turklar haqida turkiy, forsiy va arabiy kitoblaridan istifoda qilib asarlar yozmoqdadur. Bizlar ulardan xabarsiz qolmoqdamiz”. Muallif “nihoyatda qiyin ish”da yosh muharrir Ahmad Zaki Validiy afandining qalamidan umid etayotganini yozadi (1914-yil, 38-son).

Bu imzosiz maqola hozirgacha Behbudiyga oid, deb hisoblanmoqda. Lekin bu maqolaning mazmuni Hoji Muinning “Sadoyi Turkiston”ga bergan maqolasi bilan tamoman ayni bo‘lganligiga ko‘ra muallifi Hoji Muin bo‘lsa kerak, degan qarashimiz bor. Chunki “Tarjimon” gazetasining1914-yil 15-iyunda bosilgan Odessa xabarlari ichida: “Oyina” jurnali muharriri Mufti Xo‘ja Mahmud Behbudiy janoblari bugunlarda Odessadan o‘tib Istanbulga yo‘llandi”, degan xabar beriladi. Demak, Yavushevning maqolasi chiqqan vaqtda safarda bo‘lgan Behbudiyda u maqolani o‘qib, javob yozish imkoni bormidi? O‘sha vaqtda betob bo‘lgan alloma Istanbulda davolanish uchun yo‘lga chiqadi. Ammo qanday bo‘lsa ham Turkiston tarixi xususida uning Hoji Muin bilan bir xil fikrda bo‘lgani ochiqdir.

Ikki oy keyin “Sadoyi Turkiston” gazetasining taniqli tatar muharrirlaridan Abdurauf Muzaffarzoda milliy tarix xususida shunday yozadi: “Endi bizga ham o‘zimizning bobolarimizni xalqimizga tanitmoq va maktablarimizda milliy tarix darslari o‘qitmoq zamoni keldi. Shoyad bu masalaga ahamiyat beruvchilar yo‘q emasdir. Lekin milliy tarix demoq ila na sababdandir xotirga bir navi ma’yusiyat kela boshlaydir. Bu holga yo‘l ochadurgan narsa, bu to‘g‘rida ulamomizning hanuz sukut qilib turishlari va o‘zlarida bo‘lgan umidli nazarlarini ko‘rsata olmaganlaridir” (1914-yil, 39-son).

Bu mavzu 1915-yil avvalida yana Hoji Muin tomonidan “Milliy tarix haqinda” sarlavhali juda qiziq maqolada ko‘tariladi. “Oyina”da bosilgan materialda olim va adib avvalgi masalalarga bir karra qaytib, kelgusidagi ishlarni rejalashtirishda muhim savollarga e’tibor qaratadi. Bu savollar shundaydir:

1. Bobolarimiz hijriy birinchi asr oxirida Islom diniga kirmishlar. Ular arablarning zo‘rlashi bilanmi, yo‘qsa, o‘z ixtiyorlari bilanmi musulmon bo‘libdir?
2. Islom qabulidan ilgari Turkiston xalqlari qaysi dinda edi?
3. Turkistonning johiliyat zamonidan qolgan rasm va odatlaridan ba’zisi bugungi musulmonlarda ham bormi?
4. Islomiyatdan avval turkistoniylar qaysi tilda so‘ylashardilar? Ularning umumiy tillari qaysi til edi? Adabiyotlari na holda edi? Darajayi madaniyalari na tariqa edi?
5. Islomiyatdan muqaddam umum turkistoniylar jinsiyat yuzasidan qaysi millatga mansub edilar?
6. Hozirgi Turkiston musulmonlarining barchasi turkmi? (Yo boshqa, qay jinsdandir?)
7. Arablarning istilosidan beri hozirgacha Turkiston musulmonlari necha podshohga tabaalik etmishlar?
8. Amir Temurning ul qadar g‘alaba va jahongirligiga nima sabab bo‘ldi? Va oxirda hukumatining munqariz bo‘lib ketganiga sabab nadir?
9. Amir Temur davrida ulum va maorif va adabiyot na kayfiyatda edi?
10. Turk tarixida lozimincha istifoda etmoq uchun qaysi asarlarni mutolaa etmoq kerak?

Bu savollarga qaraganda Hoji Muin Turkiston tarixini eng eski zamondan boshlab yozishni taklif qilmoqdadir. Islomiyatdan avvalgi tarixga qiziqish esa Is’hoqxon To‘ra Ibratning “Tarixi Farg‘ona” asarida ham paydo bo‘lgan edi.

Ayni 1915-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da bosh muharrir muovini sifatida ishlagan Mullo Olim Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston” (Toshkent, 1915) nomli asari nashr qilindi. Bu asar xonliklar zamonidan qolgan voqeanoma uslubi bilan tayyorlangan, eng ko‘p Qo‘qon xonligi, undan keyin Buxoro va Xiva xonliklarining siyosiy tarixidan bahs qiladi. Toshkentning Rusiya davlatiga taslimining ellik yilligiga bag‘ishlangan bu asarda turkistonliklarning milliy hissiyotini topish juda qiyin. Hoji Muinlar orzu qilgan Turkiston tarixidan uzoq bu asar haqida professor E.Allvort shunday yozadi: “Jadidlar ularning zamondoshi bo‘lgan bu tarixchi va uning asariga hech ahamiyat bermadi”.

Bundan keyin ham Turkiston tarixi yozma loyihasi davom etadi. Afsuski, bunga sovet repressiyasi katta to‘siq bo‘ldi. Bu jarayondan chiqqan yagona asar Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onga oid “Bugungi Turkiston va yaqin moziysi” (Misr, 1929–1939) bo‘lsa kerak.

Hisao KOMATSU,
professor, jadidshunos olim (Yaponiya)

Bahodir KARIM tayyorladi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img112

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img622

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img617