25.09.2025 | 09:36
1297
VORISLIK MAS’ULIYATI YOXUD QASHQADARYO VILOYATIDAGI YODGORLIKLAR HAQIDA
Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk voha, bu ko‘hna zamindan ko‘plab allomalar, sarkardalar, olim-u fuzalolar yetishib chiqqan. 2700 yillik tarixga ega Qarshi va Shahrisabz shaharlari qadimgi dunyo sivilizatsiyasida alohida o‘rin tutadi.

Amir Temur bobomiz huzuriga Ispaniya qirolligidan elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixoning: “Parijning eng nozik didli zodagonlari ham Oqsaroyni ko‘rganida hayratdan lol qolar edi”, degan so‘zlari ota-bobolarimizning yuksak me’morlik, shaharsozlik madaniyatidan dalolat beradi.
Chindan ham, Qashqadaryo viloyati tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarga boy. Ular yosh avlodni Vatanga sadoqat, o‘tmishga hurmat, ajdodlarga munosib vorislik ruhida tarbiyalashi barobarida hududda turizm rivojiga ham muhim hissa qo‘shadi. Xususan, Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasi, Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn Jarroh, Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy, Kasbi tumanidagi Sulton Mirhaydar, Koson tumanidagi Qusam shayx, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir, Gʻuzor tumanidagi Miri Janda, Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohlari mahalliy va xorijlik sayyohlar e’tiborini tortib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan jami 1468 ta obyekt muhofazaga olingan bo‘lib, shulardan 1197 tasi arxeologiya, 208 tasi arxitektura, 35 tasi haykal va boshqa diqqatga sazovor obyektlardir. Afsuski, har bir hududda e’tibordan chetda qolayotgan, uy-joy qurilishi, g‘isht ishlab chiqarish, dala maydonlarini kengaytirish hisobiga yo‘q bo‘lib ketayotgan tarixiy joylar yo‘q emas.
Yana qaysidir tarixiy binolardan sport zallari, sex yoki boshqa ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanilgan. Ba’zi yodgorliklar xarob ahvolda turibdi, ular deyarli unutilgan. Ayrim joylar holati yaxshi, lekin turizm yo‘nalishlaridan chetda qolgan.
Shu o‘rinda viloyatdagi eng qadimiy arxeologik yodgorlik – Yerqo‘rg‘on haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Vohaning qariyb uch ming yillik tarixini o‘zida mujassam etgan Yerqo‘rg‘on taniqli olim Rustam Sulaymonov tadqiqotlaridan keyin deyarli o‘rganilmayotgan manzilga aylandi. Agar biror sayyohni o‘sha tomonlarga olib borib, mana, vohamizdagi eng qadimgi shaharlardan birining o‘rni, shu joydan topilgan ishonchli arxeologik manbalar asosida Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlaganmiz, desangiz, hayron qolishi aniq. Yastanib yotgan tepaliklarda arxeologik o‘rganishlarni davom ettirish, yangi dalillar topishga ehtiyoj mavjud. Ayni paytda, Yerqo‘rg‘onni kelajakda yuksak texnologiyalar asosida o‘rganish uchun ham o‘z tarixiy o‘rnida saqlab qolish, fermerlarning dala maydonlariga qo‘shilib ketmasligi uchun, avvalo, yodgorlik atrofini aynan hozirgi kunlarda to‘lig‘icha o‘rab olish dolzarb vazifadir.
Xuddi shuningdek, temuriylar sulolasidagi ulug‘ siymo Saroymulkxonim – Bibixonim tavallud topgan maskan Zanjirsaroy yodgorligi ham keng ko‘lamli o‘rganishlarga muhtoj. Muborak tumanida joylashgan ushbu yodgorlik markazidagi mahobatli saroy qoldiqlari ochilib, “ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirilsa, viloyatning turizm salohiyati rivoji uchun katta qadam bo‘lur edi.
Ma’lumki, Qarshi shahri qadimiy va boy tarixga ega. Shaharda davlat muhofazasiga olingan 25 ta arxitektura yodgorligi mavjud. Bu yerda qadimdan shaharsozlik rivoj topgani, yirik muhandislik inshootlari, bozorlar, bog‘-rog‘lar bo‘lgani manbalardan ma’lum. Ammo ularning hammasi ham bizgacha yetib kelmagan. Saqlanib qolganlari esa Ko‘kgumbaz, Odina jome masjidlari, Bekmir, Qilichbek, Xoja Abdulaziz madrasalari, sardoba, Abu Ubayda ibn Jarroh ziyoratgohi, qadimiy ko‘prik, hammom va yana bir nechta madaniy meros obyektlaridir. Albatta, ularning har biri beqiyos tarixiy ahamiyatga ega. Ammo necha-necha asrlar to‘fonlarida omon qolib, bizgacha yetib kelgan bu madaniy meros obyektlarining aksariyati bugun achinarli ahvolga kelib qolgan.
Masalan, shaharning Haramjo‘y mahallasida joylashgan besh asrlik masjidning tarixiy qismidan birgina xona, uning shift qismi hamda yog‘och eshigi saqlanib qolgan, xolos. Ana shu qismlarning o‘zidayoq binoning takrorlanmas uslub va noyob arxitektura yechimlarga ega bo‘lgani ko‘zga tashlanadi. Masjid me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan bo‘lsa-da, bugungi kunda sifatli ta’mir, e’tibor va qarovga muhtoj. Aks holda, tarixiy obida yaqin yillar ichida yo‘qolib ketishi hech gap emas.
Qarshi shahrining Chaqar mahallasida joylashgan Kulol masjidi esa XVIII asrda bunyod etilgan. Keyingi yillarda bu tarixiy joy ustaxona vazifasini bajargan. Ko‘p yillar davomida e’tiborsiz qolib, o‘ta ta’mirtalab holga kelgan masjid binosi bir tomonga og‘ib qolgan va atrofdagilar uchun ham xavfli holatda turibdi.
Sharifboy madrasasi XVIII asrda pishiq g‘ishtdan barpo etilgan bo‘lib, ikki sotixdan ortiq maydonni egallagan. Hovli sathi juda kichik, to‘rt tomonida 12 ta hujra mavjud. O‘z davrida bu yerdan ko‘plab ziyoli kishilar yetishib chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, sho‘rolar davrida madrasada bir muddat rentgenxona faoliyat yuritgan. Keyin bu joy teri-tanosil kasalliklari bo‘yicha shifoxona filialiga aylantirilgan. Yana bir muddat omborxona vazifasini ham o‘tagan. Tabiiyki, shu yillar davomida tarixiy bino ta’mirtalab holga kelib qolgan.
Madrasa davlat muhofazasiga olinganida, ko‘pchilikda uning ta’mirlanib, me’moriy yodgorlik sifatida asrab-avaylanishi, shahar tarixining uzviy bir bo‘lagi sifatida kelajak avlodlarga ham yetib borishiga ishonch uyg‘ongan edi. Ammo oradan yillar o‘tmoqdaki, bu yerda bino peshtoqiga davlat muhofazasida ekanini anglatuvchi yozuv ilinganidan boshqa ish ko‘zga tashlanmadi. Qarovsiz qolgan tarixiy inshoot esa tobora nurab bormoqda.
Bir necha yil ilgari ommaviy axborot vositalarida Haramjo‘y va Kulol masjidlari 2021-yilgi ta’mirlash dasturiga kiritilgani, Sharifboy madrasasi esa 2022-yil dasturiga kiritilishi haqida e’lon berilgan edi. Afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu yodgorliklar sayyohlarni boshlab borsa bo‘ladigan manzilga aylanmadi.
Haramjo‘y va Chaqar mahallalaridagi ushbu masjidlar hamda Sharifboy madrasasining qadimiy ko‘rinishlarini saqlab qolish, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun arxeologlar va me’morchilik tarixi sohalari mutaxassislaridan iborat respublika guruhi tashkil etish va bu ishlarni ular ishtirokida amalga oshirish zarur.
Me’morchilikning noyob namunasi bo‘lgan Qarshi hammomi Abdullaxon II davrida, 1592–1593-yillarda qurilgan. Mazkur obida tarhi aniq, puxta, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida. Unda bo‘ylamasiga beshta, eniga uchta xona joylashgan. Xonalar yirik gumbazli (balandligi 5,6 metr) markaziy zal atrofida uyushgan. Hammom doim issiq bo‘lishi uchun yerdan 3 metr pastda qurilgani ham e’tiborga molik. Devorlar suv o‘tkazmaydigan qir qorishmasi bilan suvalgan. Yer osti kanallari ham qir qorishmasida pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Hammomda tagxonadan yoqilgan olov tufayli qizitadigan issiq tosh bo‘lgan. Bel, suyak og‘rig‘iga duchor bo‘lgan kishilar sharqona tabobat usulida davolanish uchun shu issiq tosh ustiga yotgan va shifo topgan.
Ko‘rinib turibdiki, bu tarixiy inshoot o‘z davrining yirik me’morlari tomonidan tayyorlangan mukammal tarh asosida, qurilish sohasi ustalari tomonidan katta mahorat bilan barpo qilingan. Eng muhimi, hammom bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Va, afsuski, bizning davrimizdan nariga o‘tadiganga o‘xshamayapti. Zamonaviy qurilishlar har tomondan qisib kelgani yetmaganday, qadimiy hammom qarovsiz, e’tibordan chet joyga aylanib qolgan.
Qarshi tumanidagi Xoja Shamsiddin Halvoniy mangu qo‘nim topgan manzilgoh ham xarob ahvolda. Bu shaxs Hanafiya ta’limotining ming yillar burun Movarounnahr zaminida keng yoyilishida birinchilardan bo‘lib xizmat qilgan. Manbalarga ko‘ra, u kishi Saraxsiy, Pazdaviy, Zaranjiy singari mashhur olimlarning ustozidir. Ali Pazdaviy mashhur fiqh olimi Najmiddin Umar Nasafiyga, u kishi esa islom fiqhshunosligi namoyandasi, “Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniyga ustozlik qilgan. Bu ham Halvoniy ilmiy salohiyati nechog‘lik, yuqori bo‘lganini tasdiqlaydi. E’tiborlisi, bu yerdagi maqbarada o‘zining tuzilish tarhi bo‘yicha noyob bo‘lgan qadimiy qabr mavjud. Bu qabr qurilishida ishlatilgan mayolikali, o‘ta noyob sirlangan qoplamalar Samarqandning Shohizinda majmuasidagi Qusam ibn Abbos qabri qoplamalari bilan tenglasha oladi.
Qarshi tumanidagi Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as-Sokabadiyoziy qabri, shuningdek, Ko‘chkak mahallasidagi XIII-XIV asrlarda qurilgan to‘rt gumbazli tosh masjidga ham e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunisi qiziqki, musulmon masjidlari qurilishi qariyb o‘n ikki asrdan buyon davom etayotgan va minglab masjidlar qurilgan bo‘lsa-da, to‘rt gumbazli masjidlar me’morchiligi faqatgina Qashqadaryo, xususan, Qarshi vohasi uchun xosdir. Bu kabi to‘rt gumbazli masjidlar namunalari Qarshi tumanining Kahlak, Potron qishloqlarida, Kasbi tumanining Qatag‘on, Pandiron qishloqlarida, Koson shahrida saqlanib qolgan. Lekin Kosondagi XV-XVI asrlarga oid Chorgumbaz masjidi Qarshi shahrining 2700 yillik yubileyi arafasida negadir buzib tashlanib, o‘rniga yangi masjid qurilgan. Islom olamida o‘xshashi yo‘q, o‘ziga xos me’moriy xususiyatlarga ega bo‘lgan bu masjidlar viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun bebaho manbalardir.
Kasbi tumanidagi Sulton Mirhaydar majmuasidan bir kilometr chamasi shimoli g‘arbda, XVI asrda bunyod etilgan Namozgoh saqlanib qolgan. Bunday inshootlar, odatda, aholi hayit namozlarini o‘qishi uchun shahar tashqarisida bunyod etilgan. Peshtoqi va bir qator gumbazlari mahorat bilan bunyod etilgan bu inshoot ham hozirda tashlandiq ahvolda. Atrofidagi keng maydon yantoqzorga aylangan.
Qarshi tumanidagi Potron qishlog‘ida Yetti tug‘ ota ziyoratgohi mavjud. Bu yerda shajara jihatidan Hazrati Alining o‘g‘illari Hasan va Husaynga borib tutashishi aytiladigan avliyo Mirsayyid Fathulloh va uning avlodlari dafn qilingan. Bugungi kunda ushbu manzil bir qadar obod, biroq ayrim ta’mir ishlariga muhtoj, qolaversa, turistik marshrutdan chetda qolgan.
Qarshi shahriga biror mahalliy yoki xorijlik sayyoh kelsa, uni darhol Shahrisabzga, Oqsaroy majmuasiga olib borishga intilamiz. Vaholanki, Qarshi va uning atrofidagi hududlarda ham turistlar e’tiborini o‘ziga tortadigan me’moriy obidalar bisyor. Deylik, Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy majmuasiga boradigan mehmon yo‘l-yo‘lakay Yetti tug‘ ota, Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohlarida ham bo‘lsa, taassurotlari boyishi aniq.
Kitob tumanidagi qadamjolardan biri – Sohibqiron Amir Temurning piri Shoh Said Ne’matulloh ibn Abdulloh ibn Abdurahmon (1330–1431) nomi bilan bog‘liq. Bu ziyoratgoh tuman markazidan 23 kilometr uzoqlikdagi Mo‘g‘ul qishlog‘ida joylashgan. Said Ne’matulloh islom olamidagi zabardast zotlardan bo‘lib, so‘fiylikning “Ne’matullohiya” yo‘nalishi asoschisidir. Bu ta’limot Naqshbandiya tariqati kabi mashhurdir. Said Ne’matulloh arab va fors tillarida 400 dan ortiq turli masalalar yoritilgan yozishmalar bitgan va ularning 110 tasi bizgacha yetib kelgan. U kishi Mo‘g‘ul qishlog‘ida 6 yil yashagan. Ayni paytda Said Ne’matulloh yashagan joy ziyoratgohga aylantirilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha turizm yo‘nalishlaridan chetda qolib kelmoqda. Sababi, yo‘l ta’mirga muhtoj.
Yana bir bebaho yodgorlik Mirishkor tumanidagi Guliston qishlog‘ida joylashgan Pazdaviylar ziyoratgohidir. Unga olib boruvchi 7 kilometr yo‘l yaroqsiz holga kelgan hamda bu holat sayohatchilar va ziyoratchilar uchun noqulaylikni yuzaga keltiryapti. Guliston qishlog‘i yaqinida o‘rta asrlar yozma manbalarida, xususan, Istahriy, Muqaddasiy, ibn Havqal asarlarida tilga olingan Pazda shahri xarobalari bo‘lgan Ko‘hna Fazli yodgorligi mavjud. Manbalarda Pazda shahri Nasaf shahridan ham katta bo‘lgani tilga olinadi. Shahar mo‘g‘ullar istilosi davrida butkul vayron qilingan va qayta tiklanmagan. Shuning uchun bu shaharning arxeologik relyefi, tarixiy topografiyasi 1319-1320-yildan to hozirga qadar buzilmasdan kelgan va Ko‘hna Fazli yodgorligi Movarounnahrning rivojlangan o‘rta asrlar davri shaharlarini arxeologik jihatdan o‘rganish va arxeologik turizm uchun etalon yodgorlik bo‘la oladi.
Mana shu shaharda kamolga yetib, “Islomning faxri” degan sharafli nomni olgan, umrining katta qismini Samarqandda o‘tkazgan ulug‘ alloma Pazdaviy (1010–1089) Hanafiyya mazhabining yirik fiqhshunos olimi bo‘lib, islom huquqshunosligi bo‘yicha yozgan asarlari qo‘lyozmalari Berlin, London, Parij, Dehli, Sankt-Peterburg, Qohira, Tunis, Istanbul kabi shaharlarda saqlanadi. Shunday buyuk alloma nomi bilan bog‘liq ziyoratgoh birgina yo‘l ta’miri tufayli e’tibordan chetda qolayotgani achinarli holat.
Ma’lumki, XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida G‘uzor bekligi Buxoro amirligi tasarrufidagi rivojlangan ma’muriy birliklardan bo‘lgan. G‘uzor bekligining asosiy qo‘rg‘oni G‘uzordaryo sohilidagi tepalikda joylashgan. Bu yerda bekning yashash joyi, boshqaruv idorasi va boshqa zarur muassasalar bo‘lgan. Hozir bu tepalik va imoratlardan xarobalar qolgan, xolos.
XIX asr ikkinchi yarmida G‘uzor begi Abdumalik to‘ra tomonidan qo‘rg‘ondan biroz quyida yozgi chorbog‘ va uning yonida uy barpo etilgan. Shu yerlik keksalarning aytishicha, asosiy qo‘rg‘ondan yozgi chorbog‘ga olib keladigan yerosti yo‘li ham bo‘lgan. Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, bu yo‘l hali ham bor. Faqat uning kirish qismlariga tuproq to‘lib yopilib qolgan. Bekning uyi arxitektura jihatidan muhim tarixiy qiymatga ega. Lekin bino e’tiborsiz, qarovsiz holda.
G‘uzor shahrining Xo‘jaguzar mahallasi hududidagi yo‘l bo‘yida gavjum savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan. Ularning qatorida hududdagi tadbirkorlardan biri ancha yildan buyon omborxona, do‘kon sifatida foydalanib kelayotgan yana bir bino bor. Usti gumbaz shaklida yopilgan ushbu bino va uning yonidagi minorani ko‘rgan kishi darhol bu ikki binoning tarixiy obida ekanligini anglaydi.
Manbalarda keltirilishicha, Buxoro amiri Shohmurod G‘uzor bekligida masjid va madrasa qurdirgan. Taxminlarga ko‘ra, amir qurdirgan masjid xuddi shu hududda bo‘lgan va mazkur obixona (tahorat olinadigan joy) va azon minorasi ham uning yonida barpo etilgan. Mustaqillikdan so‘ng har ikki obida davlat muhofazasiga olingan. Biroq bu ularni talafotlarsiz saqlash, kelajak avlodlargacha yetkazib berish kafolatini bermaydi. Chunki har ikki obida ta’mirga, qarovga, nazoratga muhtoj. Obixonadan savdo do‘koni sifatida foydalanilganini qanday izohlasa bo‘ladi? Tarixiy minorani ham qo‘shni xonadonlarning qurilishlari har tomondan qurshab olmoqda.
Obixona va minoradan o‘tib, biroz janubda ikki qavatli Avg‘onbog‘ madrasasi joylashgan. Bu bino G‘uzor bekligining so‘nggi yillarida, aniqrog‘i, 1913-yilda barpo etilgan. Madrasaning birinchi qavat sahni atrofida to‘rtburchak shaklda 24 ta hujra joylashgan, ikkinchi qavatga chiqish uchun zinapoyalar bor. Ikkinchi qavatda 7 ta hujra joylashgan. Har bir hujra tepasida alohida an’anaviy past gumbazlar bor.
Avg‘onbog‘ madrasasi ham davlat muhofazasiga olingan. Hukumatning 2013-yil 1-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan (ayni paytda kuchini yo‘qotgan) mazkur madrasani ham restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Buning uchun turli manbalar hisobidan 100 ming dollar ekvivalentida mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu ishlar amalga oshmagan, natijada ko‘p yillar davomida ushbu obida ham chiqindixonaga aylanib qolgan. Keyinchalik ushbu madrasaga tadbirkorlik subyekti vaqtincha egalik qilib, kelin-kuyovlar aylanadigan va suratga tushadigan joyga aylantirilgan.
G‘uzor tumanining Cho‘g‘urtma mahallasidagi Xo‘ja Abulays jome masjidi va boshqa tarixiy manzilgohlar ham chuqur o‘rganilishi va rekonstruktsiya qilinishi zarur. Bu yerda arablar kirib kelgan davrlarda qad rostlagan masjid hamda undan avvalgi davrlarda mavjud bo‘lgan zardushtiylik ibodatxonalari o‘rni borligi e’tiborga molik.
Vohaning qadimgi me’morchiligida sardobalar alohida o‘rin tutgan. Geografik joylashuvi, tabiati va relyefiga ko‘ra qor-yomg‘irdan, anhor-ariq va yerosti suvlaridan to‘ldirilgan sardobalar tarixi IX-X asrlarga borib taqaladi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Movarounnahrda 44 ta sardoba mavjud bo‘lsa, ularning 29 tasi Qarshi cho‘lida joylashgan. Ammo bugungi kunda Qarshi sardobasi sayyohlarga namoyish etiladigan emas, go‘yo yashirib qo‘yilgan manzilday, “bormi-bor” qabilida turibdi. Muborak, Kasbi tumanlaridagi ko‘hna sardobalar esa yemirilib, yo‘qlik sari yuz tutmoqda. Ularni qayta ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, sayyohlik yo‘nalishlari bilan bog‘liq loyihalarga kiritish darkor.
Nishon tumanida ham tarixi uzoq asrlarga borib tutashadigan yodgorliklar talaygina. Jumladan, Otquduq qishlog‘ida joylashgan, XIV asrga oid Nayman ota maqbarasi bilan bog‘liq dalillar ahamiyatli. Bu yerda junaydiya tariqati asoschisi, 910-yilda vafot etgan Junayd Bag‘dodiy qabrtoshi mavjudligi qiziq. Tarixdan ma’lumki, mutasavvuf alloma Bag‘dodda yashagan va o‘sha yerda dafn qilingan. Junayd Bag‘dodiyni Alisher Navoiy, Shayx Shibliy yuksak e’tirof etishgan. Amir Temur Qarshi shahriga Abu Ubayda ibn Jarroh xokini keltirgani kabi Junayd Bag‘dodiy xokini ham keltirgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar bor. Nima bo‘lganda ham, alloma bilan bog‘liq joy ziyoratgohga aylantirilsa, sayyohlar oqimi ko‘payishi, shubhasiz.
“Qashqadaryo so‘fiylik maktabi asoschisi” deya ta’rif beriladigan Abu Turob Naxshabiy (806–887) abadiy qo‘nim topgan manzil ham Nishon tumanida bo‘lishi mumkin. Manbalarda alloma Basrada vafot etgani aytiladi, biroq Nishon tumanida uning ismi keltirilgan qabrtosh topilgan. Demak, bu borada ham o‘rganishlar olib borish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Dehqonobod tumanidagi Oqrabot mahallasida muhim strategik makon vazifasini bajargan ko‘hna qal’a xarobalari saqlanib qolgan. Mazkur xarobalar bundan 2300-yil avval yurtimizga bostirib kirgan Aleksandr Makedonskiy nomi bilan bog‘liq, deb hisoblanadi. Aytishlaricha, Markaziy Osiyoga yurish qilgan Makedonskiy Dehqonobodda qishlagan bo‘lishi mumkin, shuning uchun o‘zi va askarlari uchun grek uslubidagi qal’a barpo ettirgan. Aslida, bu asossiz rivoyat emas. Chunki Surxondaryo viloyatida Makedon kanali bor, Afg‘oniston bilan chegarada esa Aleksandr Makedonskiy qurdirgan qal’a xarobalari saqlanib qolgan. Demak, Dehqonobodda yunon-makedon qo‘shinlari bo‘lgani ehtimoldan uzoq emas. Bugungi kunda ushbu qal’a cho‘kkan va ma’lum qismigina yer ustida qolgan. Makedonskiy qal’asi deya taxmin qilinayotgan maskan to‘liq o‘rganilmagan. Ammo bu yer O‘zbekistonning qadim madaniyat beshiklaridan bo‘lganiga shubha yo‘q.
Yuqorida nomlari keltirilgan obyektlar tushunarli, ularning barpo etilganiga uzoq davr o‘tgan, ammo yaqin yillarda qad rostlagan yodgorliklar ham kishini o‘ylantiradi. Bugungi kunda Qarshi shahrida 6 ta monumental san’at yodgorligi davlat ro‘yxatiga olingan. Ularning 4 tasi mustaqillik davrida barpo etilgan bo‘lsa, Kat mahallasidagi Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilariga o‘rnatilgan yodgorlik hamda Xo‘jaxiyol mahallasida joylashgan “Shuhrat qo‘rg‘oni” 1980-yillarda qad rostlagan.
Aytish joiz, ushbu monumental yodgorliklar ichida “Shuhrat qo‘rg‘oni” maydon jihatidan ham, turistik salohiyati jihatidan ham eng yiriklaridan hisoblanadi. Atrofi obodonlashtirilgan bo‘lsa-da, qo‘rg‘on va unga tutash xonalar bo‘m-bo‘sh turibdi. Bu yerda Ikkinchi Jahon urushi va frontorti bilan bog‘liq ko‘rgazmalar, muzey faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tadbirlar o‘tkazish mumkin. Yon-atrofda davom etayotgan qurilishlar shiddati ushbu qo‘rg‘onni yaqin yillar ichida yo‘qotib yuborishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Yuqorida keltirilgan bir nechta yodgorliklarning o‘ziyoq voha tarixi naqadar uzoq asrlarga tutashi, bu yerda ne-ne buyuk zotlar mangu orom olayotganidan darak beradi. Bu yodgorliklarni belgilangan talablar asosida saqlash, ta’mirlash kim uchundir ortiqcha muammo, xarajat manbayi sifatida ko‘rinishi mumkin. Ammo ularning tarixiy qiymatini bilganlar uchun bu katta boylik.
Hududlarda mas’ullar goh u goh bu obidani ta’mirlash bo‘yicha yillik dasturlarga kiritish bilan ovora. Ammo dasturga kiritilgani bilan amaliy ish qilinmasa, bari bekor. Milliy madaniyatimiz, xalqimizning qadimiy tarixidan so‘zlaydigan noyob yodgorliklarni asrash, o‘rganish, tadqiq etish va avlodlarga yetkazish kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda tarixiy obidalar bu qadar o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi kerak. Shunga ko‘ra, mahalliy hokimliklar boshchiligida tarixiy yodgorliklar qayta o‘rganilib, bugungi ahvoliga qarab tegishli chora-tadbirlar belgilanishi zarur.
Viloyat madaniy meros boshqarmasida vohadagi barcha tarixiy yodgorliklar, qo‘rg‘on-u qasrlar, madrasa-yu masjidlardan tortib, hali o‘rganilmagan tepaliklargacha bo‘lgan umumiy ma’lumotlar bazasi bor. Ammo aynan tarixiy yodgorliklar, ularning bugungi kundagi holati haqida ma’lumot beruvchi sayt yoki ijtimoiy tarmoqda biror kanal yo‘q. Biror tarixiy inshoot buzilib yoki yo‘q bo‘lib ketayotgan bo‘lsa, bu borada kimga murojaat qilish kerak – bu bo‘yicha ham savollar yetarli.
Tarixiy yodgorliklarni tadqiq etish, ta’mirlash, bu yerda zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali ko‘hna manzilgohlarning asl qiyofasini yaratish va sayyohlar oqimini hosil qilish mumkin. Bu esa, hududga har yili minglab sayyohlar tashrifi, daromad manbayi deganidir. Faqat buning uchun astoydil harakat qilish talab etiladi.
Bekzod SAYFIYEV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
119
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
630
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
624



