Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 16:47

img1286

ISMALOQ

– Isming nima?

– Ismaloq.

– Oting nima? 

– Otquloq. 

(Bolalikdagi aytishuvlardan)

Bolalikda bahorning sevimli taomlaridan biri ismaloq somsa edi. 70-yillarda qishloq­da qisqa muddatli ismaloq terish mavsumi bo‘lar, o‘sha davrda hovlidan, dalalardan biz – bolalar ismaloq terardik, mavsum o‘tgach, barglari qotgan ismaloq­dan somsa qilib bo‘lmasdi. Albatta, multfilm qahramoni dengizchi Papayday ismaloq­xo‘r bo‘lmaganmiz, lekin erta bahorning “ilik uzil­di” kunlarida vitaminga boy ismaloq organizm uchun ayni muddao bo‘lgan. Xo‘sh, nega bu ko‘katning nomi – ismaloq? 

Mahmud Koshg‘ariyning “De­von-u lug‘otit-turk” asarida “ismaloq” so‘zi uchramaydi, ammo bir o‘rinda “devon”da: “bustuli – Rum ismalog‘i, buni yeyiladi”, deb izohlangan (DLT, 1-t., 421-bet. T.1960). Demak, qadimgi turk tillarida ismaloqning bir turiga nisbatan “bustuli” so‘zi qo‘llanilgan.

“Ismaloq” ingliz tilida “spinach”, fransuz tilida “épinard”(talaffuzi: epinag‘), rus tilida “shpinat” deyi­ladi. Fransuz tilining izohli lug‘ati “Le petit Robert”da yozilishicha, “épinard” eski fransuz tilida (XIII asr): “espinarde”, “espinache”, “espinoch” shakllarida yozilgan. “The English etymological dictionary”ga ko‘ra, inglizcha “spi­nach” aynan o‘sha eski fransuzcha “espinache”ga, “espinache” esa kataloncha “espinac”ga (talaffuzi: “espinak”, ispancha: “espinaca”), “espinac” – Andalu­siya arablari tilidagi “isbinâkh”ga, “isbinâkh” esa, o‘z navbatida, forscha “isfanoj” ga borib taqaladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, XI asrda bu ko‘kat turi Andalusiyaga (Musulmon Ispaniyasi, hozirgi Ispaniya janubidagi hudud) arab­lar tomonidan olib kelingan va XII asrda yashagan andalusiyalik olim Ibn al-Avom tomonidan u “sabzavotlarning sardori” (“rais ul-buqul”) deb ta’riflangan ekan. Arablar uni “al-isfanaax” yoki “as-sabanix” deb atagan. Ammo arab tilida to‘rt harfli fe’llar yo‘q, to‘rt va undan ko‘p harfli so‘zlar arab tiliga boshqa tillardan o‘zlashgan hisoblanadi. “As-sabanix” ham to‘rt harfli bo‘lib, bu ham uning arabcha emas, bosh­qa tildan o‘zlashganini tasdiq­laydi. Fransuzcha “Larousse” lug‘atida ismaloqning asil kelib chiqishi Markaziy Osiyo ekanligi, bu o‘simlik dastlab Eron va unga qo‘shni hududlarda madaniy­lashtirilgani aytiladi.  

Rossiyaga esa bu ko‘kat ancha kech – XVIII asrda kirib keladi. Dastlab u rus zodagonlari dasturxonida Olmoniyadan kelgan tanqis taom sifatida paydo bo‘lib, nomi ham olmoncha – “shpinat” (“spinat”) deyiladi. “Etimologi­ches­kiy slovar russkogo yazika” lug‘ati muallifi M.Fasmerga ko‘ra, olmoncha “spinat” o‘z navbatida o‘rta lotin tilidagi “srīnaseus” so‘zidan kelib chiqqan. “Lotincha “srīnaseus” fors tilidan o‘zlashgan, deb ko‘p marta izohlangan” (“srīnaseus, kotoroye neodnokratno tolkovali kak preobrazovaniye pers. slova”), – deb yozadi M.Fasmer. Ya’ni, M.Fasmer va boshqa ba’zi tilshunoslar lotincha “srīnaseus”ning forscha “isfanoj”dan o‘zlashganiga biroz shubha bilan qaraydi. Ismaloq­ning Ovro‘podagi nomlari fors­cha emas, balki lotincha “spina” (umurtqa pog‘onasi, orqa) o‘zagiga borib taqaladi, degan qa­rash ham mavjud (Lotincha ilmiy nomlanishi: “spinacia oleracea”). Ammo ko‘pchilik mutaxassislar o‘rta lotin tiliga ham bu so‘z forschadan o‘tgan, faqat Ispaniya orqali emas, X asrda O‘rta Yer dengizi hududi xalqlari, xususan, arab­lar (sarasinlar) va ovro‘polik­lar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘rta lotin tiliga o‘zlashgan deb hisoblaydi. 

Hozirgi tojik tilida ismaloq – “ispanoq, ispanog‘, isfanoҷ” shakl­larida yoziladi va talaffuz qilinadi (Russko-tadjikskiy slovar. Moskva. 1985.1221-bet). To­ji­­kis­­tonlik tadqiqotchi G.Mirsaminova forscha “isfanoj”ning arxaik ko‘rinishi “isfanoq” bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi. Ammo eski fors tilida “q” tovushi bo‘lmaganligi, “q” tovushi mavjud so‘zlar fors tiliga arab yo turk tillari­dan o‘zlashgan so‘zlar bo‘lganligi uchun bu fikrni qo‘llab bo‘lmaydi, ehtimol, bu so‘zning arxaik ko‘ri­nishida “isfanoq”dagi “q” o‘rnida “-k”, “-g‘”, “-x” tovushlariga yaqin tovush bo‘lgandir. Ismaloqning fors­cha shakliga sanskritcha shu ma’no­­dagi “paalak”ning aloqasi bor-yo‘qligi haqida ma’lumot yo‘q.

Ismaloqning forscha so‘z ekan­­ligini quvvatlovchi yana bir ma’lumot – xitoy tilida qadimdan uning “fors ko‘kati” deb aytilishi hamdir.

Afsuski, “ismaloq” so‘zi Navoiy asarlarida yoki “Boburnoma”da uchramaydi. Eng ko‘hna turk tili lug‘atlaridan biri bo‘lmish “Ko­deks Kumanikus”da “ismaloq” – “ispanaq” shaklida qayd etilgan. Shu o‘rinda kumanlar haqida ikki og‘iz so‘z: ma’lumki, kumanlar deb o‘rta asrlarda ovro‘poliklar tomonidan Qrim yarim orolida yashagan qipchoqlar, umuman, turkiy qavmlar, bugungi Qrim tatarlari ajdodlariga nisbatan aytil­­gan. “Kodeks Kumanikus”, ya’ni “Kuman tili lug‘ati” XIV asrda kumanlarning tilini o‘rga­nish maqsadida italyan va olmon missio­ner­lari tomonidan tuzilgan. Kuman tilidagi “ispanaq” usmonli turkchasidagi “ispanak” va ko‘pgina bolqon xalqlari tillaridagi nomlar bilan mushtarak (bulgorcha: “spanak”; serb: spanaћ; alban: spinaq va hk.). 

Alqissa, ushbu so‘z qaysi tilda ilk bor paydo bo‘lganligidan qat’i nazar, yuqorida ko‘rganimizdek, etimologik jihatdan bir manbaga borib taqaladi. Asrlardan buyon ota-bobolarimiz bu ko‘katni “ismaloq” deb biladi, tilimizga bu nom shu shaklda o‘rnash­gan. Fransuzcha lug‘atda ham qayd etilganidek, bu ko‘katning ham vatani Markaziy Osiyo, demakki, uning ilk nomi ham shu hududlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Abduvohid HAYIT

“Jadid” gazetasi 2024-yil 29-mart 14-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599