Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.12.2025 | 12:00

img1430

“MILLATGA XIZMAT ILMSIZ BO‘LMAS…”

Atoqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1899-yilda amalga oshirgan haj safari uning siyosiy tafakkuri o‘zgarishiga olib kelgan muhim bosqichlardan sanaladi. Safar chog‘ida u Istanbul va Qohira kabi musulmon dunyosining yirik ilmiy-madaniy markazlarida bo‘lib, u yerdagi ta’lim muassasalari – maktab va universitetlarning faoliyati bilan tanishadi, zamonaviy pedagogik faoliyatni yaqindan kuzatadi. Shu bilan birga, Turkistonga ilg‘or Yevropa va Sharq tajribasiga asoslangan yangi darsliklar va uslubiy qo‘llanmalarni olib keladi.

Safardan so‘ng Behbudiy Bog‘­chasaroyda Ismoil G‘asprali tomonidan nashr etiladigan “Tarjumon” gazetasiga obuna bo‘ladi. Turli ilmiy va siyosiy adabiyotlarni mutolaa qilishni bosh­laydi. Qisqa fursat ichida jahon siyosiy jarayonlari, zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalardan xabardor bo‘ladi. Jadid harakatining asosiy tamoyillari bilan yaqindan tanishib, ularni Tur­kiston sharoitida tatbiq etishga intiladi. Uning haj safari taassurotlari va dunyo­qarashidagi o‘zgarishlar keyin­chalik o‘lkamizda ma’rifiy islohotchilik harakatining g‘oyaviy va amaliy asoslarini shakllantirishda muhim aha­miyatga ega bo‘ladi.

Behbudiyning asosiy maqsadi Turkiston aholisining og‘ir turmushini isloh etish, xalqni taraqqiyot va ma’rifat yo‘liga olib chiqish edi. Atoqli adib Sadriddin Ayniy xotiralarida yozilishicha: “1901-yillarda, umuman Turkiston, bilxossa, Samarqand butun dunyodan xabarsiz qorong‘u bir zindon kabi edi. Xalq nodon, ulamo mutaassib, hukumat nihoyat darajada g‘addor va zolim, maishati buzuq, axloqi fasod … edi”. Behbudiy mana shunday murak­kab vaziyatda qolgan o‘lkaning najot yo‘lini ta’limda ko‘radi.

Afsuski, uning ta’lim islohotlari ham­da maktablar uchun yozgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari jamiyatning muayyan qatlamlari tomonidan tanqid va qarshilik bilan kutib olinadi. Ayrim mutaassib doiralar “Muxtasar jug‘rofiyai umumiy” nomli geografiya darsligida bayon etilgan Yerning Quyosh atrofida aylanishi va shakli dumaloq ekani haqidagi ilmiy ma’lumotlarni e’tiqodga zid deb baholab, muallifni kofirlikda ayblaydi. Behbudiy bu kabi ayblovlarni vazminlik bilan qabul qilar va “munday din va dunyodan xabarsiz kishilardan yaxshi so‘zlar-da kutmak abasdur”, “munday takfirlarni yolg‘uz men ko‘r­gan emas, balki o‘tgan ulamo va ulug‘ kishilar ham o‘z muosirlarindan shunday hujum va takfirlarni ko‘rib ketganlar”, deya o‘ziga tasalli beradi.

“Favqulodda takfir” va “Bizning hollar va ishlar” maqolalarida Behbudiy Turkiston aholisi orasida jadid maktablari va rus tilini o‘rganishga nisbatan ehtiyotkorlikning sabablarini tahlil qilib, bu holatni musulmonlikdan chiqib qolish xavfi bilan bog‘liq diniy qo‘rquvning natijasi sifatida talqin etadi. U xalqni madaniy taraqqiyotga undaydi va bilim orqali islohotga chaqirib, “Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto, dini islom va millatga xidmat ilmsiz bo‘lmaydur”, deya ta’kid­laydi.

Behbudiyning jurnalistik merosida qiyosiy-tahliliy uslub markaziy o‘rin egallaydi. U Rossiya, Turkiya, Misr kabi mamlakatlarga safarlari chog‘i­da guvoh bo‘lgan ilmiy-madaniy taraqqiyotni Turkistondagi hayot bilan muqoyasalab, jamiyatni isloh etish va yangilash zaruratini ilmiy tahlil qiladi. “Avvalgi musulmonlarda madaniyat” maqolasida esa buyuk o‘tmishimizni yodga olish orqali mavjud inqirozdan chiqishga qaratilgan g‘oyaviy intilishini namoyon etadi.

Behbudiyning fikricha, mamlakat­larning siyosiy va madaniy qudrati ularda maktab va ma’rifat ishlariga berilgan e’tibor darajasi bilan bevosita bog‘liqdir. “Makotib taraqqiyning bosh­lang‘ichi, madaniyat va saodatning durdonasidur. Har millat eng avval makotibi ibtidoiyasini zamoncha isloh etub, ko‘payturmaguncha taraq­qiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foyda­lanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoye’ va maorif silohi ila qurollanmagan millat esa dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmaydi”, deydi u.

Ayni paytda, Turkiston ahlining bu boradagi loqaydligidan kuyunib, vatan­doshlarini maktab ishiga e’tibor­li bo‘lish va boshlang‘ich maktab­larni ko‘paytirishga chaqiradi: “Tahsili maorifni ibtidoiy qismi muntazam maktablar bo‘lgani uchun endi biz, Turkiston musulmonlarig‘a ibtidoiy mak­tablarni ko‘paytirmoq lozimdur”.

Chor Rossiyasi o‘lkada ta’sis etgan davlat nazoratidagi boshlang‘ich mak­tab­larning ta’lim tizimi hamda rus, arman, yahudiy kabi millatlarga man­sub o‘quvchilarning maktabga maj­buriy qamrab olinganini havas bilan qayd etar ekan, ayni vaqtda turkistonlik shu yoshdagi tengqurlarining ish qidirib korxona va qadoqxonalarda sarson yurgani, 20 tiyindan 1 so‘m­gacha maosh uchun kuniga 12 soat­lab og‘ir mehnat qilayotganini ta’kid­laydi. Jumladan, “Tahsil oyi” nomli maqolasida: “Hamshahar yahud, arma­ni, rus bolalari oppoq kiyinib, qo‘ltuq-qo‘ltuq kitob ila maktablarg‘a ketar ekan, bizning bolalarimiz na uchun kir va yirtiq kiyim, oyoqyalang bir holda eshik-baeshik mehnat axtarur, inson bu holatlarg‘a diqqat ila boqsa, istiqboldan ma’yus o‘lur”, deya iztirob bilan yozadi.

“Omolimiz yoki murodimiz” nomli maqolada turkistonliklarning tinimsiz mehnat qilib, topgan-tutganini to‘y, ma’raka va maishat uchun sarf etish odati qattiq tanqid qilinadi. Bu pullarni bolalarning zamonaviy ta’lim olishi, davlat maktablari yoxud chet el oliygohlarida o‘qishi uchun sarf etish kerakligini aytib: “To‘y va ma’raka aqchasidan bolalarni hukumat maktablarig‘a berilsun va bu aqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorulfunun va dorussanoalarig‘a yuborilib, diniy va dunyoviy va zamoniy odamlar yetishturmoqg‘a sa’y qilinsin”, deya da’vat etadi. Agar xalq o‘z ehtiyojlari uchun zarur mutaxassis-kadrlarni tayyorlamas ekan, o‘zgalar qo‘lida qaram bo‘lishini ta’kidlaydi. “Hatto ikkimiz urushsak, yahudiy va ajnabiy zako‘nchilarg‘a borurmiz, boshimiz og‘risa, ajnabiy do‘xturig‘a borurmiz. Sabab nadurki, o‘zimiz o‘qib, zamoniy odam bo‘lolmaymiz”, deya kuyunadi alloma.

“Samarqand” gazetasining 1913-yil 12-iyul sonida Behbudiyning “Ehtiyoji millat” nomli maqolasi chop etilgan. Unda: “Boshqa millatlarga qaralsa ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur. 50 sana muqaddamgi zamonda, biz turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shari’at va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz… Xulosa, maktabimiz, do‘konimiz, korxonamiz, madrasamiz va har nimarsamizni zamona islohi lozimdur”, degan muhim fikrlar keltirilgan.

Muallif mazkur gazetaning o‘sha yili 30-iyulda chop etilgan “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” maqolasida mavzuni davom ettirib: “Xulosa, har millatni ulamosi, ahli qalami millat uchun so‘ylar, yozar va xavoiji milliya va zamoniyani o‘z millat mansubasiga bildirarlar. Zamona ag‘niyolari o‘z millatlarini zamoniycha kerakligi yo‘linda oqcha sarf etarlar, masalan, yangi usulda zamonaviy maktablar bino etib, zamoniycha odam tayyorlamoq uchun harakat etarlar”, deb yozadi va yangi usuldagi maktablarni rivojlantirish, ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil qilish, ma’rifat orqali yoshlarni turli nomaqbul ishlar va noto‘g‘ri yo‘llardan asrash jamiyat, millat taraqqiyoti uchun g‘oyat muhimligini ta’kidlaydi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘tmish madaniy merosiga alohida ahamiyat qaratadi. Jumladan, “Oyina” jurnali­ning 1914-yilgi 38-sonida e’lon qilin­gan “Turkiston tarixi kerak” nomli maqolasida shunday fikrlarni bildiradi: “Millat tarixini, Turkistonda o‘tgan bobolarimizni ijtimoiy hayoti, qaysi yo‘l bilan taraqqiy etganini va madaniyatini bilish uchun “Turkiston tarixi” bor bo‘lganda, tarixiy xatoliklarni bilib ibrat olgan bo‘lar edik. Bu qiyin masala bo‘lib, bunda yosh muarriximiz muhtaram Ahmad Zakiy Validiy afandidan umid qilmoqdamiz”.

U o‘tmish ajdodlar tarixi, merosi, madaniyati va ma’rifatini o‘rganish milliy o‘zlikni anglash, yoshlar tarbiyasi, millat saviyasini oshirishda muhim omil ekaniga urg‘u beradi. “Moziy istiqbolning tarozisidir” maqolasida ham insonning kamol topishi va jamiyatni boshqarishida o‘tmish merosi, tarix fanining o‘rni beqiyosligini alohida ta’kidlab o‘tadi.

Keng tafakkurli adib “Tarix va jug‘rofiya” maqolasida mutaassib shaxs­lar­ning qotib qolgan dunyo­qarashi hukmronlik qilgan davrlarda bu fanlar bid’at va gunoh hisoblanganini ta’kidlaydi. Tarix va jug‘rofiyaning muhim­ligi, bu ikki fanning jadid maktablarida bugun yoki kecha kashf etilmagani, balki jamiyat hayotida qadimdan mavjud bo‘lib kelganini isbotlab beradi. Yangi davr odamlari va yoshlari mana shu fanlarni mukammal o‘rganishlari zarurligini aytadi.

Behbudiy tabiiy va ijtimoiy fan­lar­ni “aqlli ilmlar” deb nomlaydi. Xalqlar, mamlakatlar va islom tarixini bilmay turib, oddiy musulmon fuqarosidan tortib davlat arbobi, ruhoniy va ulamo, olim-u fuzalolargacha ma’rifatli bo‘la olishi aslo mumkin emasligiga ishora qiladi: “Dunyoga ishonmoq uchun, komil va odil bo‘lmoq uchun tarixni o‘qumoq va bilmoq kerak. Podsho-yu vazir, hukumat odamlari va siyosiy kishilar uchun tarix o‘qumoq kerak… Past qolgan va yo taraqqiy qilgan xalqlarni, jahongir bo‘lgan davlat yo nopadid bo‘lgan hukumatlarni bilmoq uchun tarix o‘qumoq kerak”.

Behbudiy yoshlarga zamonaviy ta’lim berish, maktab hamda universitet­larda o‘qitish masalasini umummilliy ma’rifiy harakat darajasiga ko‘tarishga intilib, bu jarayonga jamiyatning faol qatlamlarini jalb etishni maqsad qilgan. Boy tabaqani maktablar tashkil etishga, ulamolarni va’z-nasihat orqali ma’naviy targ‘ibotga, savodli kishilarni yoshlarga ta’lim berishga chaqirgan. Bu borada ibratli faoliyat ko‘rsatayotganlarni e’tirof etib, ularni jamiyat uchun namuna sifatida tilga olgan. Chunonchi, “Millat vazifasi” nomli maqolasida Xiva xoni Muhammad Rahimxonning xalqni ilm-ma’rifatga chorlash haqidagi farmonini ijobiy baholab, uni ma’rifatparvarlik namunasi sifatida olqishlaydi.

“Bas, shu hollarni mulohaza qilub, bir biz, musulmonlar hamma ittifoq birlan nashri ilm va xizmat etmak jumlamizg‘a lozimdir. Har mo‘min bu vazifani ado qilmakda mushtarakdirlar. Hamma birimiz oxira muovanat qilub, kim mol ila, kim hol ila, kim qil-u qol ila, til o‘lsun va jon ila ijtihod qilmoq jumla mo‘minning vazifalari va burchlaridir”, deydi Behbudiy.

Bir so‘z bilan aytganda, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuksak o‘rin tutgan atoqli siymolardan biri, ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz, ta’lim va tarbiyamiz jonkuyari bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning ibratli hayoti va faoliyati xalqimiz tarixining shonli sahifalarini tashkil etadi.

Shahzod ISLOMOV,
Abdumalik TO‘YCHIBOYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605