26.12.2025 | 12:03
1677
TOGʻLARNI QULASHDAN ASRAGAN ADIB
Chingiz Aytmatov salkam sakson yillik, mazmunan asrga tatigulik umrni yashab o‘tdi. Butun ijodi davomida nainki bugunning, ayni chog‘da ertaning, yaqin kelajakning ham muhim, boshqalar aytishga jur’at eta olmagan muammolarini o‘ziga xos jasorat bilan tadqiq etdi. Muxlislarini bu muammolar to‘g‘risida o‘ylashga, fikr qilishga, xulosa chiqarishga chorladi. Xalqning tilida va dilida turgan, pishib yetilgan, aytmasa bo‘lmaydigan muammolarni jamoatchilik muhokamasiga havola etdi. Uning har bir chiqishi aniq ijtimoiy pozitsiya, tiniq va o‘tkir nuqtayi nazar bilan ajralib turardi. U umrining oxirigacha o‘z so‘zini aytmatovchasiga dangal va oshkora aytib keldi.

Adibning betakror qissalaridagi voqealar asosan qirg‘iz diyorida kechsa-da, ularda bir vaqtlar yagona Turkiston nomi bilan atalgan qadim mintaqaga daxldor umumiylik bor. Adib o‘rtaga qo‘yayotgan muammolar, qirg‘iz-u qozoqqa, o‘zbek-u tojikka, turkman-u qoraqalpoqqa barobar tegishlidir.
Chingiz Aytmatov milliy adabiyot rivojini tog‘ cho‘qqilari qadar yuksaklikka ko‘tara olgan, noyob iste’dodi va ijodiy jasorati bilan dunyoni hayratga sola bilgan adiblar sirasiga kiradi. U adabiyotdagi mafkuraviy bir xillik va mafkuraviy an’anaviylikni kutilmaganda buzib tashladi. O‘quvchisini hamma uchun tanish bo‘lib qolgan ravon, bexatar yo‘llarga emas, chag‘ir toshlardan iborat mashaqqatli so‘qmoqlarga, baland dovonlarga yetakladi. Kitobxonni ortiqcha qiynamaydigan yengil yechimlardan voz kechib, dastlabki hikoyalari, publitsistik maqolalaridayoq hayotda tekis yo‘llar, baxtli intiholar bilan birga qaltis tasodiflar, xavfli burilishlar, boshi berk ko‘chalar, yetib bo‘lmas manzillar ham borligini qayd etdi.
“Biz, adabiyotchilar yangi tarixiy sharoitda yangi muammolarga duch keldik, – deb yozadi adib. – Adabiyotning bugungi vazifasi kechagi o‘tgan kunimizdagi vazifadan, ziyolining jamiyat oldidagi o‘rni va mas’uliyati kechagidan tamomila farq qiladi. Hayot, odamlarning turmush tarzi, o‘y-fikrlari tamomila o‘zgarib ketdi. Hozir, aytishim mumkinki, birgina O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonda emas, butun mintaqada, butun dunyoda o‘ziga xos tozarish jarayoni davom etmoqda. O‘zlikni anglash, o‘zlikka qaytish fasli borayotir. Tamoyillar ham, taomillar ham o‘zgardi. Milliy, umuminsoniy qadriyatlar qaytadan qaddini tiklamoqda. Qurib qolayozgan, ko‘zlari yopib tashlangan buloqlarning ko‘zlari ochilmoqda. Umumbashariy tafakkur ong-shuurimizga singmoqda. Bunday sharoitda adabiyot o‘zgarmay qolishi mumkinmi? Hamon eskicha yozish, kechagi kun yutuqlari bilan qanoatlanib o‘tirish mumkinmi? Mumkin emas! Adabiyot endi chinakamiga xalqchil, millatparvar, ma’naviy taraqqiyotimizning sadoqatli xizmatkori bo‘lishi kerak”.
Chingiz og‘a bu talabga eng avvalo o‘zi amal qildi. Nainki o‘zi, qissa va romanlarining qahramonlari ham xalqqa, el-yurtga xizmat qilishni yuksak insoniy burch deb bildi.
Adib ijodi dunyo miqyosida yuzga yaqin adabiy-badiiy, madaniy-falsafiy mukofotlarga munosib ko‘rilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga binoan, unga “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari topshirilgan. 2019-yili Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sessiyasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Kengashga a’zo mamlakatlarning zamonaviy adabiyot va san’at, tarix va me’morlik sohasida ulkan yutuqlarga erishgan ijodkorlarini rag‘batlantirish maqsadida Kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish taklifini kiritgan edi. Ushbu nufuzli mukofot 2022-yili birinchi marta dunyo birligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovga berildi.
* * *
Chingiz og‘a oramizdan ketdi. Uning vafoti haqidagi xabar tog‘-u dashtlar osha Toshkentga yetib kelganida, vujudim titrab ketgan. Adibni yaqindan bilgan do‘st-qadrdonlari, million-million o‘quvchilari bilan birga yozgan asarlarining qahramonlari ham adib uchun aza tutganday bo‘lgandi o‘shanda.
Xayol qilaman. Sovuq xabarni eshitgan Tanaboy do‘sti Choroni esladi, “Hamma o‘lib ketadi, hamma, bir kishi qolmaydi. Ishlaganlar, umrini azobda o‘tkazganlar ham, tekintomoqlar, birovning haqidan xazar qilmaydiganlar ham”, deya aravani asta sudrab borayotgan Gulsarini qamchin bilan savalay ketdi, g‘ildirak bir nimaga urilib, arava ag‘darilayozdi”.
Bug‘doy dalalari bo‘ylab jadal borayotgan Jamila Doniyorni quchoqlab yig‘ladi. “Og‘am-ov”, deya o‘krab yubordi, ko‘ksidan og‘riqli faryod otilib chiqdi: “Og‘ajon, meni sizchalik hech kim tushunmadi, faqat siz tushundingiz. O‘zingizni ne-ne malomatlarga qo‘yib bo‘lsa-da, himoya qildingiz. Bilsangiz, bu ishni hatto ota-onam ham qila olmasdi, siz qildingiz. “Jamila qizim, Doniyorga ishon, undan madad ol. U senga sevgi, vafo, ona-yer haqida qo‘shiqlar kuylab bersin. Olis yo‘ldan qo‘rqma, sening yo‘ling baxt yo‘li, sen o‘z baxtingni topishing kerak”, dedingiz. Sizga ishonib yo‘lga chiqqandim, sizdan yana va yana madad olmoqchiydim, nega bunday qildingiz, og‘ajon. Sizsiz yashash men uchun oson deb o‘ylaysizmi?”
Ilyos mashinasini zarb bilan o‘t oldirib yo‘lga tushdi, qayoqqa borishi noma’lum, oyoq-qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmas, tezlikni oshirar, qandaydir ichki bir tuyg‘u uni Asal bilan uchrashgan o‘sha dovon yo‘liga undardi. Qani endi, hammasi ortga qaytsa-yu, mashina tagida turib, Asalning “Kampir emasman”, degan so‘zlarini yana bir marta eshitsa, qilmishlari uchun “Yozuvchi bobo, meni siz kechiring”, deya olsa…
Anchadan beri yig‘lamagan, bir vaqtlar urushdan qochgani deyarli unut bo‘lib ketgan Ismoilning ko‘zlariga kutilmaganda yosh keldi. “Chingiz bobo, ota mehriga to‘ymagan ovuldoshim, men sizdan xafa emasman, buni o‘zingizga ham aytganman, aybimni yuvib, odam bo‘ldim, elga qo‘shildim, sizga aytadigan gaplarim bor edi hali”, deya pichirladi. Uning so‘zlarini o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi.
Saidaning ko‘zlari namlandi, ammo yig‘lamadi. Ichi to‘lib, kimgadir bir nimalar demoqchi bo‘ldi, ammo uyda yolg‘iz o‘zi edi. “O‘shanda… “eri yashiringan qamishzordan chiqib, kir bosgan yuzlaridan ter quyulib, xotiniga yaqinlashib, ikkovi yuzma-yuz bo‘lganida, Ismoil ilgarigi sodda Saidani emas, sochlari oqarib ketgan, yalangbosh, o‘z qarashlariga ega qat’iyatli Saidani ko‘rgan edi”, deb yozgansiz. Chingiz og‘a, siz aslo bo‘rttirmagansiz, men chindan ham tamomila boshqa bir ayolga, boshqa tan-u vujudga aylangan edim. Buning uchun adoqsiz tana-dashnomlarga qoldim, nomim yomonotliqqa chiqdi. Lekin bundan boshqacha yo‘l tutishim mumkin emasdi. Vijdonim buyrug‘ini bajardim va bu fikrimdan hanuz qaytgan emasman. Men sizdan bir umr minnatdorman”.
Sultonmurod hujumga shaylanib turgan bo‘ridan ko‘z uzmay: “Chingiz bobo, meni faqat siz qutqara olasiz, sizdan boshqa suyanchim yo‘q”, demoqchi bo‘ldi, ammo bu fikrini bo‘ri sezib qolishidan cho‘chib, nafasini ichiga yutgancha, raqibiga g‘olibona qarash qilib turaverdi.
To‘lg‘onoy to‘lg‘onib ketdi. Dala boshiga kelib unsiz yig‘ladi: “Dalam, ona-yerim, odam joniga qachon to‘yasan? Urushda halok bo‘lgan qanchadan qancha azamat ovuldoshlar kammidi? Suvonqulim, Qosimim, Maysalbegim, Jaynog‘im kammidi? Bu yorug‘ olamda qabriston bo‘lmagan bir joy qolmadi-ku, axir. Chingiz bolam otasining qabrini endi topganida bu nima ko‘rgulik…”
Baliqday suzib borayotgan Nurg‘ozining pala-partish harakatlaridan Issiqko‘l junbushga keldi, shovqin ko‘tarib, qirg‘oqlariga qayta-qayta bosh urdi, ammo bolaning umidbaxsh so‘zlarini tinglab, o‘zini bosdi: “Chingiz bobo, men Nurg‘oziman, cho‘kib ketganim yo‘q, suzishni yaxshi o‘rganib oldim, bo‘yim cho‘zildi, oq kemaga yetib borib, otamni topganimdan keyin, ikkovimiz sizni mehmonga chaqiramiz. Kelavering, birgalashib suzamiz. Suzishni bilmasangiz, sizga o‘zim o‘rgataman…”
Mo‘min chol “uh” dedi-yu, behollanib yangi kesilgan qarag‘ay to‘nkasiga munkayibgina o‘tirdi, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashganday bo‘ldi, O‘rozqulga bir nima demoqchi edi, ammo uni hech qachon bunday notavon holda ko‘rmagani uchunmi, boshini quyi soldi. O‘tov ichiga kirib ketgan O‘rozqulning dag‘al ovozi qulog‘iga chalindi: “Shunday odamdan judo bo‘ldikmi, shunday odamdan-a?”
Avdiy Kallistratov xomush bo‘lib qoldi, yonida hech kim yo‘q, o‘zi eshitadigan darajada qon qotib qolgan lablarini arang harakatga keltirib, g‘o‘ldiradi: “Bu dunyo fikrlilar uchun emas, fikrlilar uchun emas…”
Kamon o‘qi ko‘ksiga qadalgan Onaning ruhi bezovtalandi: “Chingiz bolam, meni-ku, o‘z farzandim tanimadi, Do‘nanboyim tanimadi, qavmlaring seni ham tanishmadimi, nega avaylashmadi, sen ularga nima yomonlik qilgan eding-a, bolam?”
Filofey mangu bo‘shliq ichra suzib yurarkan, uni olamga mashhur qilgan qalam sohibining ruhi o‘zi tomon yaqinlashayotganini sezib, Yerdan kelgan bu qayg‘uli xabarga ajablanmadi, aksincha, ko‘ngli bir muncha xotirjam tortdi. Negaki, vaqti kelib, jamiki tug‘ilmish ruhobodda qo‘nim topadi.
Arsen Samanchin xuddi bir qorindan talashib tushgan inisidan ayrilganday iztirobga tushdi, o‘ziga o‘zi gapira boshladi: “Og‘ajon, odamlar pul, boylik deya bu dunyoda mavjud jamiki axloqsizliklarga qo‘shilgan, tog‘lar-u daryolarni ham sotib yuborishga tayyor, din-u diyonatni unutgan, dard-g‘ami bir nimani o‘marish, g‘amlash bo‘lib turgan bir paytda sizsiz biz nima ham qila olardik – buni o‘ylamabsiz-da. Bunday ketishda osmondagi noyob qushlar, o‘rmonlardagi hayvonlar ham omon qolmaydi. Odamzot yirtqich terisini kiyim sifatiga egniga solar ekan, o‘sha o‘zi qurbon qilgan hayvondan farqi qolmaydi-ku. Nega buni anglamaydilar?”. Xayol qilaman. Xayollarim satrlarga aylanadi:
Bugun boshi egildi,
Olatog‘im, lolangning,
Nahot yo‘qotib qo‘yding
Tog‘day jo‘mard bolangni?!
Chingizim-ay, bovurim,
Ko‘kka o‘rlar hovurim.
Bizni tashlab ketdingmi,
Aytar so‘zingni aytib,
Murodingga yetdingmi?
O‘zbegim deb suyarding,
O‘z elingday ko‘rarding.
Ikki el orasida
Ko‘prik bo‘lib turarding.
Adolatning quyoshi
Otmay turgan tunlarda,
Do‘st-u dushman birlashgan
Malomatli kunlarda
Minbar uzra yangradi
Jasoratli so‘zlaring,
O‘sha kunlar dardimiz
Sening ham bo‘ldi darding.
Ovozimni sozlayin,
Mening aytarim tayin −
Boshing ko‘tar, To‘lg‘anoy,
Qaddingni tut, Jamila,
Ishq olamin yoritding
Muhabbating shami-la.
Hayot shunday yaralgan −
Yashab bo‘lmaydi yovsiz.
Chingizga tosh otdilar
Do‘st-u dushman ayovsiz.
Yer ekan-da, to‘ymaydi
O‘z bolasin joniga,
Qirg‘izimning Chingizi
Ketdi Manas yoniga.
Yig‘la, qo‘biz, dutorim,
Ko‘zingni yoshlab yig‘la,
So‘ndi bir so‘zga chechan,
To‘shingga mushtlab yig‘la,
Yig‘la, ey, turkiy dunyo,
Ko‘kda ma’yus oy, yig‘la,
Do‘lomonning qo‘lida
Qolgan qonli yoy, yig‘la!
Hamma bu og‘ir yo‘qotishni o‘zicha qabul qilar, vido qo‘shiqlari bir-biriga ulanib borar, “Ota Beyit”da mangu qo‘nim topgan adib esa yelkalarini Olatog‘ga tirab, qirg‘iz diyorining oq sallali purviqor cho‘qqilarini qulashdan saqlab yotardi…
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
85
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
600
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
598



