Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.02.2026 | 11:48

img1142

BILIM BO‘LMASA, TARAQQIYOT BO‘LMAYDI

O‘zFA M.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori Karim SULTONOV bilan suhbat

– Domla, bu yil Toshkent zilzilasiga oltmish yil to‘ldi, dunyoni titratgan Turkiyadagi yer silkinishiga ham uch yil bo‘libdi. Institut nomini o‘qiganda, mana shunday voqealar yodga tushadi. Suhbat avvalida muassasa tarixi, shakllanish bosqichlari va bugungi faoliyat yo‘nalishlari bilan gazetxonlarimizni tanishtirib o‘tsangiz.

– Institutimizning ildizi 1943-yilga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilgan davrga borib taqaladi. O‘sha paytda u Matematika va mexanika instituti nomi bilan faoliyat boshlagan. Mexanika va matematika fanlari doimo bir-biriga tayanch bo‘lib kelgan, shu bois institut tarixida bu ikki yo‘nalish uzviy rivojlangan. So‘ngra Mexanika va Hisoblash markazi instituti tashkil qilindi.

Yaqin tarix – 1966-yildagi Toshkent zilzilasidan keyin institutga hozirgi nomi berilgan.

Keyingi yillarda respublikada qurilish sohasi kengaygani sababli, institut faoliyati bino va inshootlar masalalari bilan ham uzviy bog‘landi.

Siz eslagan Toshkent zilzilasidan so‘ng hisoblash markazi alohida Kibernetika institutiga ajratildi, bizning muassasa Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti sifatida qayta tashkil etildi. Asosiy maqsad – O‘zbekistondagi bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligini ilmiy asosda ta’minlash edi.

2014-yilda institut ikkiga bo‘lindi: Mexanika yo‘nalishi Toshkent davlat texnika universitetiga qo‘shildi, seysmik mustahkamlik instituti esa Fanlar akademiyasi tarkibida qoldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi qaroriga asosan, O‘zFA Inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va TDTU qoshidagi Tarmoq mashinashunosligi muammolari ilmiy-tadqiqot markazi bazasida Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti qayta tashkil qilindi.

Mexanika fani butun texnika va qurilishning asosi hisoblanadi. Eng qadimiy ixtiro – g‘ildirak ham mexanika qonunlariga tayangan. Institutimiz ana shu fundamental fan negizida uch asosiy yo‘nalishda ishlaydi: bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi, materiallarning mexanik xossalarini o‘rganish hamda bino-inshootlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash; konstruksiya va mexanizmlarning mustahkamligi, dinamikasi va unumdorligi; suyuqlik va gazlar mexanikasi, gidrotizimlar.

To‘g‘onlar, elektr stansiyalar, turar-joy va sanoat binolarining zilzilaga chidamliligini hisoblash va mustahkamlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarimiz amaliyot bilan chambarchas bog‘langan. 80 yildan ortiq tarixga ega institutimizda ko‘plab zabardast olimlar yetishib chiqqan, yirik ilmiy maktablar shakllangan va bu an’ana davom etmoqda.

– Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar qaysi asosiy yo‘nalishlarda olib borilmoqda?

– Hozir institutimizda uchta asosiy yo‘nalish mavjud.

Birinchisi – bino va inshootlarning mustahkamligi hamda seysmik xavfsizligi yo‘nalishida materiallarning chidami, konstruksiyalarning zilzilaga bardoshi va tayyor binolarni seysmik himoya qilish masalalari o‘rganiladi. Avvalo, g‘isht, beton, armatura kabi qurilish materiallarining uzoq va ishonchli xizmat qilishi tadqiq etiladi. Buning uchun institutda maxsus laboratoriya faoliyat yuritadi.

Shuningdek, qurilgan konstruksiyaning   mustahkamligi – devor, ustun va plitalarning o‘zaro bog‘lanishi, o‘lchamlari nazariy va eksperimental usulda tekshiriladi. Seysmik himoya qurilmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Poydevor bilan bino orasiga o‘rnatiladigan seysmoizolyatsiya moslamalari hamda baland binolar uchun dempferlar zilzila ta’sirini kamaytiradi. Institutimizda bunday qurilmalarning mahalliy namunalarini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borilib, tajribaviy sinovlar o‘tkazilmoqda. So‘nggi yillarda davlat ko‘magi bilan zamonaviy uskunalar, jumladan, AQSHdan seysmik platforma qurilmalari olib kelindi. Bu konstruksiyalarni real sharoitga yaqin holatda sinash imkonini bermoqda.

Ikkinchi yo‘nalish – mashinasozlik mexanikasi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati mashinalarining mustahkamligi, samaradorligini oshirish, ularning mexanizmlari va gidravlik tizimlarini takomillashtirish tadqiq etiladi. Paxta terish texnikalarini mahalliy sharoitga moslashtirish hamda to‘qimachilik dastgohlarida ipning pishiqligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Uchinchi yo‘nalish – suyuqlik va gaz mexanikasi. Suv resurslarini tejash, truboprovodlarda optimal rejimlarni tanlash, gaz yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish masalalari o‘rganiladi. Shuningdek, sanoat korxonalarida havoni changdan tozalovchi qurilmalar yaratilib, amaliyotga joriy etilgan.

Uch yo‘nalishni birlashtirib turadigan umumiy maqsad – mexanika fanining amaliy natijalaridan respublika iqtisodiyoti va aholi xavfsizligi yo‘lida foydalanishdir.

– Institutning binolar loyihalari ekspertizasi bo‘yicha ham alohida vakolati bor ekan. Bu jarayon qanday tashkil etilgan?

– Prezident qarori bilan 12 qavatdan baland, ya’ni to‘rtinchi toifa binolar loyihasi Qurilish vazirligi ekspertizasiga topshirilishidan avval institutimiz ilmiy xulosasidan o‘tishi belgilandi. Bu juda mas’uliyatli vazifa.

Biz avval qurilish maydonining geologik sharoitini asosli to‘g‘ri tanlanganligini o‘rganamiz: tuproq qatlamlari, poydevor o‘rni kabi masalalar tekshiriladi. Keyin loyiha hisob-kitoblari, mustahkamlik talablari va qurilish me’yorlariga mosligi tahlil qilinadi. Bitta loyihaga uch oygacha vaqt beriladi. Institut va tashqi tashkilotlardan jalb etilgan 25-30  nafar mutaxassisdan iborat komissiya har bir hujjatni batafsil ko‘rib chiqadi. Loyihada kamchiliklar bo‘lsa, loyihachilarga yetkaziladi, ular tuzatilib,  qayta kiritiladi. Shu yo‘l bilan bino xavfsizligi maksimal darajada ta’minlanadi. So‘nggi uch yilda institutimiz olimlari tomonidan 700 dan ortiq loyiha ko‘rib chiqildi. Bu ishlarning barchasi aholining hayot xavfsizligi uchun xizmat qiladi.

– Bunday ko‘lamdagi ishlarni o‘z vaqtida bajarish qiyinchilik tug‘dirmaydimi, institutda qancha mutaxassis ishlaydi?

– Men bu dargohda ellik besh yildan buyon ishlayman, tarixini yaxshi bilaman. Avval institutda 450 nafargacha xodim ishlagan. Hozir institutimizda 154 nafar xodim doimiy faoliyat yuritadi, tashqaridan jalb etiladigan mutaxassislar bilan 200 kishiga yaqinlashadi. Asosiy ilmiy maktablar saqlanib qolgan va eng zarur vazifalarni bajarib kelyapmiz. Kadr va imkoniyat masalasida cheklovlar bor, lekin mavjud salohiyat bilan eng dolzarb ishlarni sifatli ado etishga harakat qilamiz. Quvonarlisi, jamoamizning 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Ular zamonaviy bilimga ega, yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtiradi.

Albatta, yuklatilgan vazifalar juda mas’uliyatli. Bino va inshootlar xavfsizligi, seysmik mustahkamlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish, yangi qurilmalarni yaratish – bularning barchasi katta mehnat talab qiladi. Institutda nazariy, eksperimental laboratoriyalar, zamonaviy sinov uskunalari mavjudligi ishlarni sifatli bajarishga yordam bermoqda.

Jamoamiz ahil va ijro intizomi yuqori. Masalan, o‘tgan yili turli davlat tashkilotlaridan kelgan 121 ta topshiriqning barchasi belgilangan muddatda bajarildi. Bu natija institut salohiyati va xodimlarning mas’uliyatini ko‘rsatadi. Biz uchun eng muhim mezon – bajarilgan ishning odamlar xavfsizligiga xizmat qilishidir.

– Institut erishgan yutuqlar haqida faxr bilan gapirdingiz. Sizni qoniqtirmaydigan, hal etilishi zarur muammolar ham bormi?

– Eng katta masalalardan biri – fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlik. Institutimizda har yili o‘nlab ixtiro qilinadi. Masalan, o‘tgan yilning o‘zida 40 ga yaqin yangi ishlanmaga guvohnoma olindi. Ammo ularni amaliy ishlab chiqarishga joriy etish jarayoni sust.

Iqtisodiyotda oltin qoida bor: avval talab bo‘lishi kerak, keyin taklif paydo bo‘ladi. Ishlab chiqarishda ham ilmiy ishlanmalar uchun real talab shakllanishi zarur. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda muhim qadamlar tashlanmoqda. Xususan, maxsus qaror bilan Fanlar akademiyasi va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, maxsus kengashlar tashkil etish belgilandi. Bu jarayon katta mablag‘ talab qiladi. Masalan, yangi texnikani yaratish uchun uch bo‘g‘in zarur: ilmiy tadqiqot, loyihalash instituti va ishlab chiqarish zavodi. Ilm bor, lekin loyihalash va sanoat quvvati yetarli emas. Shu zanjir to‘liq ishlasagina, ixtirolar hayotga tatbiq etiladi. Eng asosiy masala – mexanika fani tajribasiz rivojlana olmaydi. Nazariy hisob-kitoblar muhim, lekin ularni, albatta, tajriba tasdiqlashi kerak. Tajriba esa juda murakkab va qimmat jarayon.

Davlatimiz rahbariga e’tibor uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. To‘rtinchi toifa binolar loyihalarini institutimizda ilmiy ekspertizadan o‘tkazish vazifasi yuklatilgach, buning uchun mablag‘ ajratish mexanizmi ham belgilandi. Har bir loyiha qiymatidan ma’lum foiz institutga yo‘naltirila boshladi. Natijada tajriba bazamizni bosqichma-bosqich kuchaytiryapmiz.

Lekin, baribir, eng katta kamchiligimiz – sinov laboratoriyalarining imkoniyati hali to‘liq yetarli emas. 2024-yilda biz yangi binoga ko‘chib keldik. Unga qadar uch yil ta’mirlash ishlari olib borildi.  So‘nggi ikki yilda davlat ko‘magida ikkita yirik laboratoriya qurilib topshirildi. Bu katta qadam, ammo barcha yo‘nalishlarda to‘laqonli tajriba o‘tkazish uchun bazani yanada kengaytirish zarur.

– Bugungi yoshlarning ilmga qiziqishini qanday baholaysiz?

– Bizga kelayotgan yoshlarning aksariyati ilmni chin dildan tanlayapti. Kamdan kam hollarda kimdir yo‘ldan qaytadi. Ko‘pchiligi  doktoranturani tugatib, dissertatsiya himoya qiladi, doktorlik darajasiga erishib, institutda faoliyatini davom ettiradi.

Hozir yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Ular nafaqat davlat byudjeti hisobidan, turli shartnomalar, grantlar orqali ham mablag‘ jalb qilishi, o‘z mehnati bilan qo‘shimcha daromad topishi mumkin. Demak, bilimli mutaxassis o‘z salohiyati bilan ikki barobar ko‘proq daromad olish imkoniga ega.

Kadr masalasi avval jiddiy muammo edi. Olimlarning maoshi oshirilgach, ilmga qiziqish kuchaydi, yoshlar ko‘proq kela boshladi. Shunga qaramay, hali qilinadigan ishlar bor. Sharoit va imkoniyatlar kengaygani sari institutimiz ham kuchli kadrlar bilan to‘lib borishiga ishonaman.

– Demak, iqtisodiy mustaqillik ham ilm-fan bilan chambarchas bog‘liq, shundaymi?

– Albatta. Davlat mustahkam bo‘lishi uchun ko‘p mahsulot ishlab chiqarishi, hatto eksport qilishi kerak. Iqtisod bo‘lmasa, eng katta tizim ham barbod bo‘ladi. Buni tarix ko‘rsatgan.

Bugun olimlarning mavqeyi oshdi, ilmga munosabat o‘zgardi. Institutimiz jamoasi ham bu mas’uliyatni chuqur his qiladi. Fanda natija faqat ishni chin dildan sevib bajarganda bo‘ladi. Shu ruh bilan ishlayotgan olimlarimiz mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqda.

– Sermazmun suhbat uchun minnatdorlik bildirib qolamiz. Rahmat.

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593