07.05.2024 | 20:50
489
SEMIRIB KETAYOTGAN QO‘YLAR YOXUD QO‘SHUG‘IM QO‘SHUQ, TAMOG‘IM TESHUK

Hay, qalaysan, Landavur? “Jadid”ni o‘qub turubsanmu? Tunov kun de, Matqovulning takyaxonasida birovi aytdiki, sani suratingni gazetning orqa sahifasinda urub chiqibdir, dedi. Kapalagim uchib ketubdur! Julqunboy zamonasidan ma’lumdurki, gazetning orqa sahifasinda surating chiqsa, rasvo bo‘ldim deyaver! Yo, vallohu a’lam! Bir kun o‘tti, ikki kun o‘tti… bir hafta ham o‘tti… manga hech kim hech narsa demadi, qutulib qoldim! Mushugim ham oftobshuvoqda yotubdur, birov “pisht” deb aytmag‘on! Va yokim emdi gazetga uradurmu, portalga soladurmu – parvoyi falakmikan? Undoqchangi bo‘lsa, har kuni qiyshaygan suratim urilsa ham na parvoyim bor, Shukur mo‘ylovning bir otim nosvoyichalik manga kayf bermaydur!
Hay, emdi xotirang faromush aylamagan bo‘lsa, manim barmog‘im bosilgan xat birla gazetda urib chiqilg‘on talay tanqid qiling‘onlar o‘zlarini yo gazet o‘qug‘onidan va yokim o‘qumag‘onidan yo‘qotib qo‘ymoqdalar. Ya’nikim, xususiy telekanallardagi reklomlarni urib chiqdukmi? Urib chiqduk! Seriallar deganining ham po‘stagini qoqdukmi? Qoqduk! Mani nervimni o‘ynatib, kayfimni chiqaroturg‘on narsa shulki, vallomatlar yana o‘sha holi vasvasinda davom qiladur, parvo etmaydur! Va yokim manim so‘zumning kuchini nosvoyimning kayfi kesdumukin va yokim alarning terisi qo‘ng‘ir ayuqning terisidek qalinlashib ketdumikan va yokim boshqa biron sababi bordurmikan?
Hay, o‘tgan zamon mashoyixlaridan birovi: “qo‘shug‘im qo‘shuq, tamog‘im teshuk, bir burda non bersang, aytaman qo‘shuq”, debtur. Buning ma’nisini bilurmusan, Landavur? Avval zamonlarda mashshoqlar yelkasinda xaltasini ortmoqlab, qay mo‘ridan tutun ko‘rinsa, o‘shal tomon chopib, to‘y-po‘yga yo‘luqsa, tilla topgan gadoydek suyunushib, raqs tushib ketishganidan xabaring bormidur? Naga shunday bo‘lgan? Va yokim bir shaparak va yokim bir hovuch mayiz-turshak va yokim tanburiga bog‘lab ketilgan bir tutam mato uchun! Naga deganda, mashshoqning topganida xayr-baraka bo‘lmagan. Naga? Naga deganda, ba’zi birovining dahanidan to‘kilgan gap-so‘zda tuturiq bo‘lmagan. Pul desa o‘zini tomdan otib emaklab ketgonlari ham bormidur deb so‘raysanmu, Landovur? Uni man bilmadim, bilgichlar bo‘lsa aytsun, kegin man mulohaza aylay. Hay, tunov kun Matqovulning takyaxonasida virdi zabon qilinubdurki, bu zamona mashshoq-u ashulakashlarining aqchasi ko‘payib, bosar-tusarini bilmay, bir-birining ustiga ot solib, g‘alva-g‘ishavani boshlab yuborayotg‘anlari boshqalarni hayron qoldirmoqdaykan. Ko‘pchilik ularning g‘alva-g‘ishavasi quloqlariga urilsa, bala-baqralarimizning tarbiyasi buzilmasun deb antenna olmaydurg‘on tog‘-u toshlarga ko‘chib ketishmoqdaykan. Ammo bu odamlarning o‘ziga ham hayronsan, biladur, bilib turib nomaqbul ish qiladur – axir, alarning ustidan pul sochib, bardor-bardor qilg‘on o‘zlari-ku? Semuzlikni qo‘y ko‘taradi deganlaridek, oqbilak mashshoqlarda kuch qaydaki, buni ko‘tarsa? Bayt: Vo darig‘, tortib to‘qim, san’atni biznes qildilo, Ustig‘a irg‘ib minib, holini … qildilo! Hay, aytubdurlarki, pul-u meros-u boylik kibi nimarsalar ortida shayton uy quradur ermish. Qutquga soladur ermish! Shu boisidan, o‘tmish zamonlarda ham qozi-yu quzzotlar meros-u boylig-u pul mojarolarini hisob qila-qila, muhosib bo‘lmishlar ermish va shul bahonai sababdan riyoziyot ilm-u amallarini taraqqiy ettirib yubormushlar ermish. Hay, undoqchangi qozi-yu quzzotlar-u mahalla-kuyda Toshpo‘lod tog‘o kibi mardi maydonlar qaydaki, bundoqchangi avboshlarning tanobini tortib qo‘ysalar! Urug‘-qayosh, zardalik tag‘o, pardalik ammalar qaydaki, uydan chiqarmay, qamab koyisalar! Aytsalarki, ho-oy bachalar, bu ne qilg‘ulik, qo‘ling bir qaro mehnat bilan qavarmay, ko‘zing bir zahmat bilan xiralashmay shu el-u yurtning topganini to‘y-hashamlarda misli ko‘zboylog‘ich jaraq-jaraq yulib-yulqub yotibsanmu, emdi alarni ham hurmatu izzatini joyiga qo‘y-da, bachchag‘ar, deydirg‘on! Hay, bunda el-u yurtda ne ayb deydursanmu, Landavur? El-u yurt ham kimni e’zozlashni bilsa, tomog‘im teshuk deydurg‘onlarga ro‘ju qo‘ymasa, alarning ustiga sochadurg‘on, telpagi-yu do‘ppisi ostiga qistiradurg‘on do‘llarlarini ko‘zlarini mo‘ltiratib turg‘on bola-chaqalariga yedirsa, egni yangi kiyim ko‘rmag‘on ahli ayolini kiydursa, ortganiga Julqunboy tag‘olar kitoblarini sotub olib o‘qitsa, jadid amakilar ishini takrorlab, maktablar ochsa, asakasi ketadimi? O‘zi asakalik emasmudursan, ranging paxtadek oqarub, peshonang terchillaydur? Hay, man sanga aytsam, Matqovulning takyaxonasidan ham fayz-u baraka ko‘tarilubdur. Avvalgi mard-u maydon gap-so‘zlardan urvoq ham qolmabdur. Jag‘i kalushdek ochilg‘on xotunlar kibi g‘iybat bisyorlashubdur. Kimning pushti kamaridan kim to‘ralgan-u ul qaysi zan-u diloromidan-u, kimning inisi kim-u, kimning otasi kimdur-u, onasi qaydadur? Evoh, Toshpo‘lod tajang kimning tag‘osi erdi? San shu dodumni girdig‘um xeshing Ne’mat mirshabga mani nomimdan shundoq-shundoq arz-u hol aylab bermaydurmisan? Nima, yozub barmoq bosmasam, mirshabning qilichi qinida zang bog‘lasa ham kipruk qoqmaydurmu? Unda man kettum, man unda “Jadid”dan o‘zga arz-u hol etadurg‘on maskan topolmasman!
Topolmasman-a, topolmasman…
OVSAR
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
114
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
625
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
619



