Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.05.2024 | 20:14

img746

KATTA HAYOT OSTONASIDA•

Ertaga, 25-may kuni mamlakatimiz bo‘ylab 2023-2024-o‘quv yilining so‘nggi qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi. Bu yil yurtimizdagi 10163 ta maktabda 992 213 nafar o‘quvchi 9 va 11-sinfni bitiradi. Yil bo‘yi maktab ta’lim-tarbiyasini olgan bolalar bir yoshga ulg‘a­yib, yuqori sinfga o‘tishadi va yangi o‘quv yili oldidan kuch yig‘ish uchun yozgi ta’tilga chiqishadi. 11-sinf o‘quvchilari esa, bu yil yozgi ta’tilga emas, o‘zlari ko‘pdan kutgan mustaqil hayot uchun kurashga bel bog‘lashadi. Bolalar yoshi ulg‘ayib borar ekan, ta’lim jarayonida turli fanlardan imtihonlar topshirish bilan birga, hayotning ilk sinovlaridan ham o‘tib borishadi. Yangi do‘stlar orttiradi, dunyoni kashf etishadi. Ammo barcha voqea-hodisalar ichida o‘quvchilar uchun maktabdagi birinchi va so‘nggi qo‘ng‘iroq orasidagi ta’lim jarayoni olamni anglashdagi eng muhim bosqichdir. Aflotun akademiyasida ilk bor chalingan qo‘ng‘iroq hamon dunyoda bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun an’anaviy va unutilmas voqea bo‘lib qolmoqda. Bu yil respublikamiz mak­tablaridagi 11-sinf bitiruvchilari­ning 14 mingdan ortig‘i oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lishadi. Ularning 42 nafari xalqaro fan olim­piadalari g‘olibi, 3 nafar bitiruvchi qiz esa, o‘quvchilik davridayoq Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Bu muvaffaqiyatlarning barchasi maktab o‘quvchilarining hayotda aniq maqsad sari intilayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi qo‘ng‘iroq arafasida barcha maktablarda o‘tgan o‘quv yilida erishilgan natijalar sarhisob qilinadi, ana shunda yangi o‘quv yilida qilinajak ishlar oydinlashadi. Umuman, mamlakatimiz maktabgacha va maktab ta’limi tizimi taraqqiyot yo‘lidan borayotgani shunday kunlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu yil poytaxtimizdagi 341 ta umumta’lim maktabini 79751 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Ularning 45757 nafari 9-sinf, 33994 nafari 11-sinf o‘quvchilaridir. Umum­ta’lim maktablarining 4-sinfini 46469 nafar o‘quvchi yakunlab, 5-sinf­ga o‘tishadi. Agar umumiy ta’limning har uch bosqichi bitiruvchilari soniga qarasangiz, maktab o‘quvchilari soni yildan yilga ortib borayotgani ma’lum bo‘ladi.

Toshkent shahridagi 11-sinf biti­ruv­chilarining 1189 nafari maktabni imtiyozli attestat bilan yakunlab, ular­ning 136 nafari kumush va 1053 nafari oltin medal bilan taqdirlanadi.

Poytaxtlik bitiruvchi o‘quvchilar joriy o‘quv yilida respublika fan olim­piadalarida o‘nga yaqin oltin va kumush medallarni qo‘lga kiri­tishdi. Bundan tashqari, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan fan olimpiadalarida 61 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘lib, muddatidan oldin talaba­lik maqomiga erishdi. Shuningdek, shahar bo‘yicha 3609 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari fanlarni o‘zlashtirish va chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikat olishgan. Demak, ularni ham ishonch bilan talabalar safiga qo‘shish mumkin. Xullas, 11-sinf bitiruvchilarining 10-15 foizi hali so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglamay turib, talaba bo‘lishgan.
“Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, degan edi Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatno­masida. Bu borada Respublika Mak­tabgacha va maktab ta’limi vazir­ligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomo­ni­dan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalardan ko‘ngil to‘ladi. Prezidentimiz ayt­­gani­dek, ular to‘g‘ri yo‘ldan bora­yot­ganiga amin bo‘lamiz. 2023-2024-o‘quv yilida Agentlik tizimidagi maktablar soni 13 taga ko‘payib, jami 205 taga yetdi. Bu yil 14 ta Prezident maktabida 2352 nafar, 9 ta ijod maktabida 1788 nafar, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va mak­tab-internatlarda 66146 nafar, Yangi O‘zbekiston universitetida 655 nafar o‘quvchi-yoshlar ta’lim olishdi. Prezident maktablari­ni 319 nafar, ijod maktablari­ni 263 nafar, ixtisoslashtirilgan maktab­larni 5868 nafar o‘quvchi tamom­lamoqda. Bu o‘quvchilarning mustaqil hayotga ham, ta’limning keyingi bosqichiga ham tayyorligi bizni mamnun etadi. Jumladan, Prezident maktablari bitiruvchilari­ning 67 foizi xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT) sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz ko‘p demak.

Agentlik tizimidagi maktablarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazir­ligi tizimidagi peshqadam ta’lim muassasalari deb aytish mumkin. Hali yurtimizdagi barcha maktablar bosqichma-bosqich Prezident maktablariga aylanishiga ishonchimiz komil.

Shuningdek, Agentlik tasarrufida­gi maktablarda ishga ijodiy yondashuv, noan’anaviy ko‘rik-tan­lov­­­lar o‘quvchilarning ilm olish­ga bo‘l­­gan rag‘batini oshirishga xizmat qilayot­gani kishini mamnun etadi. Jumladan, bu yil o‘quvchilar­ning dasturlash va robototexnikaga bo‘l­gan qiziqishlarini kuchaytirish, yosh­­lar o‘rtasida ushbu yo‘nalishni ommalashtirish maqsadida “ROBO-CODING” olimpiadasi, mate­ma­tika fanidan qizlar olimpiadasi tashkil etildi. Hatto o‘qituvchilar orasida fan olimpiadasi o‘tkazilib, unda yuqori natija qayd etgan 10 nafar o‘qituvchiga Fan kengashiga a’zolik sertifikati topshirildi. Ular mahalliy va xalqaro olimpia­dalarga o‘quvchilarni tayyorlash, tegishli materiallarni ishlab chiqish jarayonlariga, turli nufuz­li tadbirlarga jalb etiladi. Agentlikka qarashli maktab o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 17 ta (2 ta oltin, 5 ta kumush, 10 ta bronza) medalni qo‘lga kiri­tishdi. Xususan, Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan 20-xalqaro Jautikov olimpiadasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Asilbek Sunnatov informatika fanidan oltin medal bilan taqdirlangan ilk o‘zbekistonlik o‘quvchi bo‘ldi. Ushbu fan olimpiadasida bitta kumush va to‘rtta bronza medallar ham qo‘lga kiritildi.

Prezident maktablari bitiruv­chi­larining barchasi muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygoh­larda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lishsa, ijod maktablari bi­ti­ruvchilarining 90 foizi (237 nafari), ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilarining 56 foizi (3286 nafari) xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro va milliy darajadagi sertifi­katlarni qo‘lga kiritishgan. Ijod mak­tab­lari bitiruvchilarining 56 foizi (148 nafari) muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlardan takliflarni qabul qilishgan.

Ta’kidlash joizki, maktab bitiruv­chilarini oliy ta’lim muassasalariga qabul darajasi bundan 20 yil avval bor-yo‘g‘i 10 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 40-45 foizga yetdi. Yoshlar­ning ilm sari yo‘llarini ochish, ularga katta imkoniyatlar yaratish niyatida keyingi yillarda respublikamizda ko‘plab oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi. Qolaversa, bugungi yoshlar Yevropa va Amerikada, butun dunyodagi nufuzli institut va universitetlarda ta’lim olishlari uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimi­dan boshlanadi” degan konsep­tual g‘oyani chuqur anglab yetgan o‘qituvchi-murabbiylarimiz yana bir marrani egalladilar. Mazkur g‘oya asosida yurtimizda maktab ta’limini rivoj­lantirish umummilliy harakatga aylandi, ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish jarayoni esa jadal davom etib, o‘zining ijobiy natijalari­ni bera boshladi.

Humoyun AKBAROV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596