31.05.2024 | 20:28
1279
BOLALAR ADABIYOTI TO‘G‘RISIDA…
BIR OGʻIZ SO‘Z
XX asrning boshlarida barcha adabiy sohalarda yangilanishlar kuzatildi. Jumladan, matbuot nashrlarida badiiy adabiyotning ijtimoiy, ma’naviy hayotdagi o‘rni, xususan, bolalar adabiyotining qadr-qiymati, tarbiyadagi ta’siri to‘g‘risida ham jiddiy maqolalar nashr bo‘ldi.
“Maorif va o‘qituvchi” jurnalida bosilgan quyidagi maqolada bir asr oldin ko‘tarib chiqilgan bolalar adabiyoti masalasi bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Zero, bolalarning ruhiy-psixologik kayfiyatiga mos asarlar yozish, bolaning tushunchalari, yoshini inobatga olish hamma zamonlar uchun ham muhim. Maqola muallifi “bolalarg‘a asar yozadirg‘onlar avvalo haqiqiy bolaliq” davrini boshidan o‘tkazgan va o‘sha “davrdan qolg‘on jonli sezgilarini tinglamakka majburlar”, degan o‘rinli fikrni o‘rtaga tashlaydi. Adibning badiiy g‘oyasi – “tub o‘yi” qalin metaforalarga o‘ralgan asarlar taqdim etish noo‘rin. Maqola muallifi shu sababdan “7-8 yoshdag‘i bolalarg‘a Fitrat, Cho‘lpon asarlarini bera olmag‘onimiz kabi, buni tahlil etib tub o‘yning nimadan iborat ekanini ham anglata olmaymiz”, deb kuyinib yozadi. Bolalar uchun bola bo‘lib, bolani bilib, ko‘nglini anglab yozish lozim. Shundagina yozilgan asar bola qalbiga ta’sir qiladi; xulqini, adabini, ma’naviy-ruhiy tarbiyasini o‘nglashga yordam beradi. Bolalar adabiyotining bunday ko‘magi bugun har qachongidan ko‘ra muhimroqdir.
K.BAHODIR
Boshqa madaniy millatlarning bolalariday, bizning ham bolalarimiz ma’naviy bir oziqqa muhtojdirlarkim, bu ma’naviy oziq bolalarni turli tomondan tarbiya etaturg‘on bolalar adabiyotidan iboratdir.
Bolalar adabiyotiga boshqa madaniy o‘lkalarda jiddiy ahamiyat berib, kutubxonalar o‘ziga yetarlik asarlar vujudga keltirilgan bo‘lsa-da, taassufki, bizda hali bir dona ham bo‘lsa, bolalar adabiyotidan sanalaturg‘on asarlar vujudga keltirilmagandir. Bu esa bizning bolalarni tarbiya etishda qanday orqada ekanimizni ko‘rsatish uchun ham katta bir dalildir.
Bizda bo‘lg‘on mana shul kamchilikni yo‘qotmoq uchun ishlash har bir tarbiyachining va bolalarni tushungan kishilarning vazifasidir. Shuning uchun men bolalar adabiyotining ahamiyatini va uni tug‘dirish xususida o‘z fikrimni so‘ylab o‘tmakchi bo‘laman.
Bolalar adabiyoti demak, yosh ruhlar va kichik kishilar uchun yozilg‘on asarlarning to‘plami demakdir. Tabiiy bu adabiyotning o‘ziga yarasha bir qiymati bordirkim, u-da yosh ruhlarda maroq, sevinch va har bir narsaga qarshi ularda havas tug‘dirmoqdir.
Bu yo‘l bilan bolalarda birinchidan, boshlang‘ich bir tekshirish uchun yo‘l ochmoq bo‘lsa, ikkinchi tomondan ularni epchil, kular yuzlik, irodalik, qiziq qonli bir jamiyat a’zosi qilib yetishtirmakdir.
Bundan boshqa bolalar adabiyoti fikr, hofiza, iroda, diqqat, zavq, axloq kabi ruhoniy muassasalarni tarbiyalash; bular ustidagi ta’siri va bu ta’sirning mohiyati qimmatli bir quroli bo‘la oladir.
Tabiiy buning, so‘ylagan qiymatimizga ega va shul natijalarni bera olishi uchun diqqat qilinadirg‘on nuqtalar bor: eng nozik, eng qiyin nuqtalaridan biri: bolalarning tushunishlariga, ko‘rishlariga, yoshlarig‘a qarab mavzu topmoq, bu mavzuni bolalarcha sezmak, tushunmoq va bolalar tili bilan anglata olmoqdir. Tabiiy har yoshdag‘i bolalarning ruhoniy muassasalari turli bo‘lg‘oniday, ko‘rishlari, tushunishlarida ham oz-ko‘b ayriliq bo‘ladir. Yuqoridag‘i shart mana shuni nazarga olinib qo‘yilg‘ondir. Buning uchun bolalarg‘a asar yozadirg‘onlar avvalo haqiqiy bolaliq davrini o‘tqizib, u davrdan qolg‘on jonli sezgilarini tinglamakka majburlar. Ikkinchidan, bolalar ruhiyati bilan yaqindan tanish, ya’ni tarbiyachi bo‘lish shartdir.
So‘ngra olinadirg‘on mavzu samimiy va axloq bilan bog‘lanishi kerak. Bunday mavzu esa, bolalarning ruhoniy kuchlari ustida jiddiy ta’sirlar qoldiradirg‘on va bu kuchlarning yuqorilanishig‘a sabab bo‘lg‘on ertak, hikoya, masal, topishmoq kabilardir.
Bolalar yaratilishdan boshlab bunday narsalardan zavq olib, bularni juda havas va maroq bilan tinglaydir; tinglagan sari eslari ham fikrlarida bir yangilik ko‘rilar. Mana bu esa boshlang‘ich fikr va uning yuksalishi uchun bir choradir…
Hali fikrlari, sajiyalari (xarakter) tuzilmagan, qarorlashmag‘on bolalarg‘a turli g‘ayritabiiy ko‘rinishlarni ko‘rsatmak, ulardan zavq olishg‘a yo‘l qo‘ymak shu voqiag‘a qatnashuvchi tiplarga taqlid etdirish demakdir. Buning so‘ngra vujudga keltiratirgan natijasi juda qo‘rqinchlidir.
So‘ngra oling‘on mavzudag‘i tub o‘y, tabiiy bolalarning fikrlari, muhokamalari hal qila oladirg‘on bir yo‘sinda bo‘lsin. Chunki 7-8 yoshdag‘i bolalarg‘a Fitrat, Cho‘lpon asarlarini bera olmag‘onimiz kabi, buni tahlil etib tub o‘yning nimadan iborat ekanini ham anglata olmaymiz. Agar bunday yuksak asarlarning tub o‘yig‘a qul etsaq, bolalarning tushunmagan boshlarig‘a kira olmog‘on so‘zlar bilan zehnlarini charchatib, ularni o‘qushdan bezdirgan bo‘lamiz…
Endi oling‘on mavzuni kengaytirish, tub o‘yni anglatish uchun qurol bo‘lg‘on til va uslub tomonig‘a kelsak, bu yerda ham diqqat qilinadirg‘on nuqtalar bor.
Birinchidan, bolalarg‘a yoziladirg‘on bir asarning bolalar tilida bo‘lishi mutlaqo kerak. Faqat bolalarg‘a asar yozuvchilar bu shartni ko‘b vaqt unuturlar. Bolalarg‘a deb yozg‘on asarlarining ichida anglashilmaydirg‘on kinoya, chuqur fikrlar qistirilib qo‘yiladir. Yuqorida buning yaramaslig‘ini so‘ylab o‘tdik.
Bolalarg‘a adabiyot berishdan maqsad ularni quruq mutolaa ham o‘qushg‘a o‘rgatish emas, balki u asarning ichida bo‘lg‘on tub o‘yni anglata olish hamdir: tub o‘yni anglashilishida tilning tushunarliq bo‘lishining katta ta’siri borkim, bu ham bo‘lsa, yozilg‘on asarning mutlaqo bolalar tilida bo‘lishini talab etadir.
Bunday bo‘lg‘onda yozg‘uvchilarning bolalar bilan gaplasha olishg‘a iqtidori sezgilari bilan tanish bo‘lishlari kerak. Tabiiy bu iqtidor, bu tanishmaliq bolalar bilan yaqinda ko‘rishish; ularning ruhini tekshirish bilan bo‘ladir. Mana shunday holda bolalarg‘a yozg‘on asarlarda muvaffaqiyatni ko‘rish mumkin.
Bundan keyin, bolalarg‘a tantanali uslub bilan yozilg‘on asarlarni berish yaramaydir. Bolalarg‘a beriladirgan asarlarning sodda, ixcham jumlalar va so‘zlar bilan yozilishi shart, chunki ularning ruhlariga sodda, ixcham narsalar yoqadir. Va tilining ochilishida, ochiq-oydin so‘zga o‘rgatishda muhim foydasi bor.
Asarning o‘zi ham istar sochma, istar tizma uslubda yozilg‘on bo‘lsa bo‘lsin, hajmi kichik, ixcham bo‘lishi shart, chunki uzun so‘zlar bolalarning o‘ynoq ruhlarini tezdan charchatadir.
Bundan boshqa, tizma asarlar to‘g‘risida bir qadar to‘xtab o‘tish kerak. Tizma asarlarning hofiza ustida katta ta’siri bor. Sochma asarlarni esda saqlash qiyin bo‘lg‘oni holda, tizmalarning eng uzunlarini ham tezda yod qilish, esga olish mumkin. Chunki she’rlarning bor qiymati ham hofizani tarbiya qilishidadir.
Faqat bolalarg‘a yozilg‘on she’rlarning yuqorida so‘ylanganidek, og‘ir so‘zlar, og‘ir vazn bilan yozilg‘on qismi bu qiymatga ega bo‘la olmaydir. So‘zda qanday ixchamlikka rioya qilinsa, vaznda ham shunday ixchamlik bo‘lsin… She’rda ohang masalasi ham muhimdir. She’r qancha ohangli bo‘lsa, shuncha o‘qulishi onson va zeriktirmaydirgan bo‘ladir.
Bundan keyin kitobcha shaklida bo‘ladirg‘on asarlarning texnikasi ham muhimdir. Kitobning boshqa jihatiga qanday ahamiyat bilan qaralsa, texnikasiga ham shunday diqqat bilan qarash kerak.
Kitob qancha nafis bo‘lsa, uning ta’siri o‘shal darajada jonli bo‘ladir. To‘g‘risi, kitob nafis qog‘ozda, yirik harflar bilan va asarning mavzuig‘a oid jonli rasmlar bilan bezatilmagi kerak. Rasmlarning bolalar maroq va havasini uyg‘otishdag‘i ro‘li ma’lum. Bundan boshqa rasmning, tub o‘yining ochilishidag‘i ko‘magi juda kattadir. Bu xususda rus o‘rtoqlarimiz bizga o‘rnak bo‘la oladirlar.
Xulosa: kitob, kerak ichki tuzilishicha, kerak tashqi tuzilishicha yuqorida so‘ylangan bir-iki qoidag‘a muvofiq tuzilsin. Bu qoidalarning tashqarisidag‘i kitoblarning na pedagogik, didaktika, na-da ruhiyat nuqtalaridan bir qiymatga ega bo‘la olmaslig‘i aniqdir. Bu xayolda kitoblarni bolalar qo‘lig‘a berishdan ham tortinish lozim.
Bu kungacha tiriltirilmagi kerak bo‘lg‘on bolalar adabiyoti haqida shu fikrlarni aytish bilan, bolalar bilan maroqlang‘on, ularni suygan shoir va adiblarimizning e’tiborlarini shu nuqtalarg‘a jalb qilamiz.
ALIM
“Maorif va o‘qituvchi” jurnalining 1926-yil 2-sonidan olindi.
Sohiba KARIMOVA nashrga tayyorladi.
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



