Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.06.2024 | 12:29

img1020

GAZETA MILLATNING TARJIMONIDIR

Umrning mazmunli fursati (sobiq sovet davrining so‘nggi yillaridan hozirga qadar) Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo‘lyozmalar” bo‘limida, arxivlarda o‘tdi. Manbalar shu qadar mo‘lki, o‘rganilishi, tahlil qilinishi zarurki, unga bir bandaning umri yetmaydi… Har gal gazetalarni varaqlaganda “Sadoyi Farg‘ona” nashri taxlami, klishesi, betakror dizayni, sahifalardagi harflar, maqolalar, bitiklar mag‘zidagi g‘oyalar, ularni qalb qo‘ri bilan yozgan mualliflarning nomlari… qisqasi, qadrdonimizni uchratib qolgandek, yo‘q-yo‘q, undan ham aziz insonimiz bilan ko‘rishgandek bo‘laveramiz.

Gazetaning dastlabki sonidagi bitiklardan iqtibos:

“Gʻazeta har millatning tarjimonidurki, bil­mag‘on narsalarini anga bildirur va ham ul millat­ning muddaosini boshqalarga bildirur” (Ashurali Zohiriy. So‘z boshi // “Sadoyi Far­g‘ona” gazetasi, 1914-yil 3-aprel).

Bolsheviklar hokimiyatni egallagach, “Sadoyi Farg‘ona”ni tanqid qilgan bo‘lsa­lar-da, “bu g‘a­zeta orqasida bir necha yangi qalamlar va tubjoy xalqdan murattiblar (sahifalovchilar) yetishib qoldikim, muni tanisoq, haqiqat­ni tanig‘on bo‘lurmiz”, deya tan oladilar (Bu haqda qarang: Gazetchi. Farg‘onada tubjoy xalq matbuoti // “Farg‘ona” gazetasi, 1924-yil 5-may).

“Gazetchi” taxallusidagi muallifning fikridagi yangi qalamlardan Hamza va Cho‘lponlar bilan birga Ashurali Zohiriyni alohida ta’kid­lash joizdir. Negaki, u Qo‘qonda chiqqan “El bayrog‘i” gazetasiga ham aloqadordir. Bu nashr haqida gapirishdan avval “Sadoyi Farg‘ona”ning to‘xtatilishi xususida fikr.

Abdulla Avloniy yozadi: “Sadoyi Farg‘ona” Xo‘qand shahrida haftada uch marotaba chiqadurg‘on musulmoncha g‘azetadur. Bu g‘azeta 1914-yili Xo‘qanda Obidjon Mahmu­dov muharrirligida chiqdi. U har jihatdan “Sadoyi Turkiston”dek bo‘la olmadi. Qalam ahllari­ni o‘ziga jalb qila olmasdan bora-bora to‘xtab qoldi”.

Mazkur maqolaning ham bolsheviklar siyosati ta’sirida yozilganini e’tiborga olsak, vaziyatni biroz o‘zgacha izohlash mumkin. Holbuki, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining ku­tub­xonada saqlanayotgan taxlamidagi oxirgi, ya’ni 1915-yil 6-iyun (123) sonida muharrir nomidan past­roqda “Дозволено военной сензурой” degan yozuv paydo bo‘lgani, shuningdek, ikkinchi sahifadagi bir yarim ustunning bo‘sh chiqqanligi tahririyat harbiy senzura orqali siquvga olinganini anglata­di. Davr matbuotida senzorlar olib tashlagan maqolaning joyini bo‘sh chiqarish ular­ga nisbatan norozilik hisoblangani tarixiy manbalarda ko‘p bora tilga olingan. Demak, material olib tashlangan, tahririyat xodimlari e’tiroz tariqasida sahifani bo‘sh chiqarishgan, bu esa mus­tamlakachi senzorlarning qahrini keltirgan va gazetaning navbatdagi soni hech bir e’lon­siz chiqmay qolgan.

Oradan ikki yil o‘tib vaziyat tug‘ilishi bila­noq, aniqrog‘i 1917-yil Rossiyadagi fev­ral voqealari sabab “Sadoyi Farg‘ona”ning muassisi Obidjon Mahmudov o‘z jamoasi bilan nashr g‘oyalari targ‘ibotini yangi nom bilan davom ettiradi. “Tirik so‘z” deb nomlangan mazkur gazeta maqsadi bitilgan maqolada shunday satrlar borki, undan nafaqat jamoa g‘oyasi­ni, balki “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining yopilishi sabablarini bilib olish mumkin: “…faqir 1914 nchi yildan to 1915-yilg‘acha “Sadoyi Farg‘ona” nom g‘azet birlan millatg‘a xizmat qilg‘on edim, ba’zi muomalot, olam necha xil mone’liklar sabab bo‘lub to‘xtab qolg‘on edi… Xalqni uyg‘otmoq uchun munodi qilmoqni (fikr bermoq ma’nosida – tahr.) o‘zumg‘a lozim bildim, ahvoli zamonag‘a qarab ba’zi puxta joylarda eshitkan va bilgon so‘zlarni g‘azet orqalik bildurub turmoqni zarur fahmlab, ya’ni “Tirik so‘z” g‘azetasini chiqarmoqg‘a majbur bo‘ldum. Muddao g‘azet chiqormoqdan foyda qilish yoki boshqa muddao emas, balki faqirni muddaosi mutafriqa fikr­lik (tarqoq, turli qa­rash­dagi – tahr.) millatlarni fikrlarini jam’ qilish, millat oralaridagi nafsoniyatlarni yo‘q qilish, ishda, fikrda, maslahatda katta-kichiklarni bir-birlarig‘a yaqinlashturush. Gʻa­zeta maslaki birlik va ittifoqlik, din-u dunyoviy ishda taraqqiy qilishni asbobidur…”

“Tirik so‘z”ning necha son chiqqani, qachon va qay tarzda to‘xtagani haqida ma’lumot topa olmadik. Lekin uning birinchi soni 1917-yilning 2-aprelida chiqqani va u “haftada uch marta chiqadurgon adabiy, iqtisodiy, taraqqiy” gazeta ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotni Ali­sher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo‘lyozmalar” bo‘limida qolgan yagona nusxa­sidan bilib oldik. 1917-yil juda murakkab davr bo‘lgani, chor siyosatidan voz kechilgan paytda kutub­xonachilik ishlari ham parokanda bo‘lgan. Shu bois bu davrning gazetalari to‘liq saqlanmagan. Ushbu nashr bilan bir vaqtda Toshkentda chiqqan “Turon” gazetasining besh soni saqlangan, shuningdek, oxirgisida oltinchi son uchun materiallar tayyorligi aytilgan. Ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayevning “O‘zbe­kiston jurnalistikasi tarixi” kitobida “Turon” “ayrim tadqiqotchilarning yozishicha, yigirma son qadar chiqqan”ligi to‘g‘risida ma’lumot bor. Shu bois “Tirik so‘z”ning ham kamida 20 ta soni dunyo yuzini ko‘rgan degan taxminni ilgari suramiz.

Tadqiqot natijalari Farg‘onada matbuot ishi, Obidjon Mahmudov to‘p­lagan jamoaning gazeta chiqarishni to‘xtatmaganini ko‘rsatdi. Bu borada yana Abdulla Avloniyga murojaat qilamiz.

“El bayrog‘i” gazetasi. U 1917-yili Qo‘qon muxtoriyati vaqtida chiqib, shiori “Yashasin Muxtoriyat!” edi. Bo‘lat Soliyev va Ashurali Zohiriylar muharrirlik qilishgan. Qo‘qon muxtoriyati tor-mor qilingach, gazeta ham chiqishdan to‘xtadi”.

Bu fikrda ham biroz xatolik mavjud. “El bayrog‘i” gazetasi 1917-yil 8-sentyabr (1-son)dan chiqa boshlagan. Shunday ekan, Turkiston muxtoriyati e’lon qilinishiga hali vaqt bor. Nashr shiori dastlab “Yashasun qo‘shma xalq jumhuriyati!” bo‘lgan va Turkiston muxto­riyati e’lon qilingach esa “Yashasun Turkiston muxtoriyati” tariqasida o‘zgargan.

“El bayrog‘i” gazetasining 18(1918-yil 26-yanvar)-soni Alisher Navoiy nomidagi kutub­xonada taxlamning so‘nggi soni bo‘lsa-da, uning davom etganligini “Idoradan javob”dan bilib olish mumkin: “Iskubilifda, mar­ka­ziy sho‘ro raisi Mirodil afandig‘a: kela­dur­g‘on numrada bosilur”.

Qolaversa, shu yilning 19-fevrali (Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi)gacha yana uch haftadan ziyod vaqt bor. Gazetaning haftada ikki marta chiqishini nazarda tutsak, uning jami 24 ta son chiqqanini chamalash mumkin.

Xulosa qilib aytganda gazetaning muas­sis-u muharrirlari, nomi o‘zgaradi, lekin bu jamoalarda har doim bog‘lovchi mehvar vazifasi­ni millat fidoyisi Ashurali Zohiriy bajarib turadi. Xalqlarga erkinlik berish, barchani o‘qitish, ozodlik g‘oyasiga sodiq qolgan bu jamoaning gazeta sahifalarida muhrlagan maqolalari fik­rimizga dalildir.

Bolsheviklar hokimiyatga o‘rnashgach “El bayrog‘i”ni “Mehnat bayrog‘i”ga (“Hurriyat”ni “Kambag‘allar tovushi”ga) o‘zgartirishgan. “Meh­nat bayrog‘i” mas’ul muharriri Ibrohim Rashid ekanligi, shiori bolshevikcha “Birla­shing, butun dunyo mehnatkashlari!” bo‘lishidan qat’iy nazar bunda Ashurali Zohiriyning ishtiroki ham aniqlandi (Ashurali Zohiriy. Yana imlo atrofida // “Mehnat bayrog‘i” gazetasi, 1921-yil 10-mart). Maqolada eski muammo ko‘tarilgan bo‘lib, muallif: “To‘g‘risini ayt­gan­da imlomiz hali ham bir yo‘lg‘a qo‘yilmag‘on”ligidan shikoyat qiladi va o‘z taklif ham­­da mulohazalarini bildiradi.

1917-yil fevral voqealaridan keyin chop etilgan “Tirik so‘z” (1917-yil 2-aprel), “El bayrog‘i” (1917-yil 8-sentyabr)dan “Mehnat bayrog‘i”gacha bo‘lgan davrda chop etilgan gazetalar xronologiyasida ketma-ketlik mavjud, ya’ni biri yopilsa, ikkinchisi ochilgan.

“Mehnat bayrog‘i” 1921-yil may oyi­dan “Far­g‘ona” deya o‘zgartiriladi. Biz uning 1921-yilning 29-may sonini o‘rganganimizda tahri­riyat manzili “Mehnat bayrog‘i” gazetasi manzili bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi: “Ho‘qandda 25-oktyabr ko‘chasi xonai matbuot”. Shiori biroz o‘zgargan: “Birlashing, butun dunyo mehnatkashlari! Yashasun Sharqda obodliq!” 1924-yil 29-noyabr (227) soniga kelib Sharq­ning obodligi masalasi kun tartibidan tushi­rilgan ko‘rinadi: “Birlashingiz butun dunyo yo‘q­sul­lari”.

“Yangi Farg‘ona” gazetasi (1926-yil 1-yanvar (489)dagi 1-sonidagi sanoqqa ko‘ra haqiqatan ham u “Farg‘ona”ning davomi. Manzil ham o‘sha: “Ho‘qandda 25-oktyabr ko‘chasi, xonai matbuot”.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, 1926-yil­­dan sovet jurnalistikasining ikkinchi bos­qi­­chi boshlanib, 1938-yilda senzuraning rasman o‘r­natilishi bilan tugaydi. Bunda bol­she­viklar partiyasining OAVga ta’siri kucha­­yib borishi kuzatiladi. Mavjud hokimiyat mat­buot va radio rahbarlariga “mehnat­kash­larni kommunistik ruhda tarbiya­lash, partiya an’ana­larini xalq­qa singdirish” vazifasini yuk­lay­dilar. Biz “Farg‘ona”ning “Yangi Far­g‘ona”­ga aylangani sababini shunda ko‘ra­miz.

Eng asosiysi, bu nashrlarning bosh­lanish nuqtasi “El bayrog‘i” emas, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi ekanligidadir. Buni yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar, jamoa, birlashtiruvchi va bog‘lovchi g‘oya bilan asoslashga harakat qildik.

Xulosa shulki, jadid bobolarimiz mehnati, ularning o‘z g‘oyalari uchun qurbon bo‘lishgani har qanday soxtalashtirilgan tarixni tiklash uchun katta asosdir.

Halim SAIDOV,

O‘zJOKU professori, filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605