20.07.2024 | 17:20
648
TARBIYANING VAQTI QACHON?
Bugungi globallashuv davrida o‘zining asl qiyofasini asrab qolish, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berib, ularni haqiqiy shaxs sifatida voyaga yetkazish insoniyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Har bir xalq o‘z farzandiga odob-axloq o‘rgatish va ma’naviy barkamol inson sifatida kamolga yetkazishda, avvalo, ajdodlaridan meros bo‘lgan an’ana va qadriyatlarga, o‘ziga xos usul va vositalarga suyanishi tabiiy.

Biroq hozirgi zamonaviy dunyoda aksariyat yosh onalar bola tarbiyasida milliy an’analar va zamonaviy usullarning qay biriga tayanishni bilmay arosatda qolgani ham sir emas. Xalqimizda “bola uch yoshgacha podshoh” degan naql bor. Azaldan ota-bobolarimiz jajji go‘daklarni qattiq koyimaslikka, uning har qanday istaklarini bajarishga jiddiy e’tibor qaratgan. Ammo bunday hayotiy tajriba hozirgi kun talablariga qanchalik mos keladi? Yaponiyalik elektronika muhandisi, “Sony” kompaniyasi asoschilaridan biri, bolalar tarbiyasi bo‘yicha mustaqil tadqiqotlar o‘tkazgan Masaru Ibuka ushbu masalaga yangicha yondashadi. Uning “Uchdan keyin kech” nomli kitobida hayotiy, ta’limiy ko‘nikmalarni o‘rgatishga kirishish uchun bolaning ma’lum yoshga yetishini kutib o‘tirish – vaqtni boy berish bilan barobar ekanligi ta’kidlanadi.
ERTA RIVOJLANTIRISH
Muallifning yozishicha, dastlab uni yaponiyalik aksariyat yoshlarning o‘z hayotidan qoniqmasligi, o‘zini baxtsiz his qilishi jiddiy o‘ylantirib qo‘ygan. Shu bois Masaru Ibuka maktab va bog‘cha yoshidagi bolalarning hayotini o‘rgana boshlaydi. Nihoyat, olim insonning hayotda o‘z o‘rnini topishi, kelgusida baxtiyor yoki g‘amgin umr kechirishi uning bolalik chog‘lariga, ya’ni aynan uch yoshgacha bo‘lgan davriga bog‘liq ekanligini aniqlaydi. Masaru Ibuka uzoq yillik kuzatuv va tajribalari natijasida 1969-yilda Yaponiya Erta rivojlanish uyushmasini tashkil qiladi. Shu asosda ko‘plab xorijlik olimlar bilan turli tajribalar olib borish va o‘zaro fikr almashish orqali farzand tarbiyasi bo‘yicha an’anaviy yondashuvlar noto‘g‘ri, degan xulosaga keladi.
Ibukaning ta’kidlashicha, barcha bolalar tug‘ilganidayoq noyob qobiliyat egasi bo‘ladi. U endigina dunyo yuzini ko‘rgan chaqaloqlarga ham atrofidagi muhitning ta’siri juda katta ekanligi haqida mulohaza yuritib, bolalarning erta rivojlanishida qo‘l keladigan oddiy va tushunarli usullarni taklif qiladi. Kattalar mashaqqat bilan egallaydigan ko‘nikmalarni bolalar oddiy o‘yinlar yordamida ham o‘zlashtirib olishi mumkinligini hayotiy tajribalar orqali isbotlaydi. Bu jarayonda bolani qimmat ta’lim muassalarida o‘qitish emas, balki onaning u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi, birga shug‘ullanishi, dildan suhbatlashishi eng muhim omil ekanligini qayd etadi.
Yapon mutaxassisi erta ta’lim deganda raqamlar va har xil ma’lumotlar vositasida majburiy ravishda go‘dakni aqliy rivojlantirishni nazarda tutmaydi. Olim turli o‘yinlar yordamida bolani aqliy jihatdan kamolga yetkazish, kitob o‘qib berish, musiqa tinglashiga sharoit yaratish va ko‘proq erkalash yordamida unga dunyoni tanitish zarurligini ta’kidlaydi.
Odatda onalar farzandlari haqida hamma narsani bilaman deb o‘ylaydi. Aslida esa ular o‘z go‘dagining imkoniyat va qobiliyati borasida deyarli tasavvurga ega emas. Ular dilbandi ulg‘ayib, aqlini tanigandan keyingina unga nimalarnidir o‘rgatishga harakat qiladi. Biroq zamonaviy tadqiqotlarga ko‘ra, inson miyasidagi hujayralarning 70-80 foizi u uch yoshga to‘lguniga qadar rivojlanib ulgurar ekan.
Ibuka bolalarga yoqimli musiqa eshittirish, skripka chalish va xorijiy tillarni o‘rgatishni azbaroyi uning kelajakda san’atkor yoki diplomat bo‘lib yetishishi uchun emas, balki iste’dodini kashf qilish, imkoniyatlarini rivojlantirish uchun amalga oshirish zarurligini uqtiradi.
TARIXIY TAJRIBA
Qadimdan insonga noyob qobiliyat Yaratgan tomonidan in’om etiladi, degan qarash shakllangan. Motsartning uch yoshida pianino chalgani, Jon Styuart Mill aynan shu yoshida lotin tilidagi mumtoz adabiyotlarni o‘qiy olgani haqida eshitganimizda, “ular tug‘ma daho bo‘lishgan” degan xulosaga kelamiz. Ammo Motsartning tarjimai holida aytilishicha, uning otasi faylasuf olim sanalsa-da, musiqaga mehri o‘zgacha bo‘lgan. Padari fortepyanoda ijro etgan musiqalarni tinglab ulg‘aygan Motsart ilk yoshlaridanoq notalarni yod olgan. To‘rt yoshidan katta-katta musiqiy asarlarni qiyinchiliksiz ijro eta boshlagan, besh yoshida esa o‘zining ilk musiqiy kompozitsiyasini yaratgan.
Bunday hayotiy misollar chindan ham barcha go‘daklar o‘ziga xos qobiliyat sohibi sifatida dunyoga kelishidan guvohlik beradi. Kelajakda ularning ana shu salohiyatining yuzaga chiqish-chiqmasligi esa ota-onalar e’tibori va tarbiyasiga bog‘liq.
Bugungi kunda aksariyat ota-onalar ikki-uch yosh oralig‘idagi farzandlari bilan munosabatga kirishish va ularni tarbiyalashda qator muammolarga duch kelishmoqda. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, bu davr – bolaning o‘z “men”iga ega bo‘lishi, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasining shakllanishi, tuyg‘ularini ochiqcha ifodalashi, qiziquvchanligi, kashfiyotlar qilishga intilishi namoyon bo‘ladigan, kattalarning mehr-muhabbatiga tashna bo‘lgan muhim palla hisoblanadi. Bu paytda ularning yuqoridagi kabi xohish-istaklarini e’tiborsiz qoldirmaslik lozim.
IBN SINO O‘GITI
Ulug‘ mutafakkir Abu Ali ibn Sino ham “Tadbiri manzil” risolasida farzand tarbiyasida ilm va axloq uyg‘unligi masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Allomaning nazdida shaxs tabiatiga ijobiy fazilat va odatlarni singdirish qanchalik mushkul bo‘lsa, uning fe’liga singib ketgan salbiy odatlarga barham berish ham shunchalik murakkab ishdir.
Ibn Sino farzandlarga barvaqt tarbiya berishning ahamiyati haqida shunday yozadi: “Bolaga uning tana bo‘g‘inlari barqaror bo‘lgan, tili to‘g‘ri va ravon gapirish, quloqlari o‘zgalarning so‘zlarini tinglash va qabul qilish darajasiga yetgan paytdan boshlab ilm va axloq-odob asoslarini o‘rgatishga kirishish lozim”. Bundan ko‘rinadiki, ajdodlarimiz ham erta tarbiyani yoqlashgan. Ota-bobolarimizning bolani behuda koyimaslik, unga bosim o‘tkazmaslik haqidagi hayotiy taomillari ham aslida go‘dakning jur’atsiz, qo‘rqoq bo‘lib ulg‘ayishining oldini olish va ruhiyatiga ozor yetkazmaslikni nazarda tutadi.
BOQIY MEROS
Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy tarbiyaga e’tiborsizlikning oqibatlari haqida kuyunchaklik bilan shunday yozgan edi: “Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o‘g‘rilar, giyohvandlar va nashavandlar… kecha tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir”. Darhaqiqat, ota-onaning farzandiga qoldirishi mumkin bo‘lgan eng katta merosi bu – munosib tarbiyadir.
Bola tarbiyasiga esa, asosan ona mas’ul hisoblanadi. Bunday ulkan mas’uliyat ayolni ilm va izlanishlar sari chorlashi lozim. Axir, yosh avlodning kelajagi uning aql-zakovatiga bog‘liq. Afsuski, ko‘pchilik onalarning bilimsizligi va farzand tarbiyasiga e’tiborsizligi tufayli ham jamiyatimizda jinoyatga, zo‘ravonlikka moyil bolalar soni kamaymayapti.
Ona – misoli bir ko‘zgu. Uning har bir xatti-harakati yoki og‘zidan chiqqan yaxshi-yomon so‘zini farzandi aynan takrorlashga intiladi. Xalqimizning “qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naqli ham tarbiya qay darajada nozik masala hisoblanishini ko‘rsatib turibdi.
Xullas, farzand tarbiyasidek mas’uliyatli ishga qanchalik erta kirishsak, natijasi ham ko‘ngildagidek bo‘ladi. Zero, farzandga vaqtida berilgan tarbiyaning ahamiyati unga o‘z vaqtida tutilgan taomdan afzalroqdir.
Vasila HABIBULLAYEVA
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



